(Ernest Seton Tompsonni oʻqib)
Sevgining tilsimi koʻp, siri koʻp…
Qoʻshiqdan
…Lobo – kuch-qudratda tengsiz edi teng toʻshlar aro. Kurrumpo vodiysida sanalardi boʻrilarning sardori sara. Tun mahali uv tortganda tahlikaga tushar edi butun borliq – chorva ahli, sigir-buzoq, echki-uloq… hatto, jimib qolar edi har qandayin boʻribosar it. Ehtiyot shart, shaqildoqlar chalinardi, oʻqlar uzilardi qoramtir osmonga besamar. Tong yorishgach, soʻng maʼlum boʻlardi, suruvda sodir etilganin dahshatli qirgʻin-u, ortda qolgan qonli izlar guvohin.
“Boʻri degan – befarosat, doimo och, yeb ketaverar duch kelganin, oʻlimtik, harom qotgan har qanday hayvon soʻngagin – loshin!” Bu aqida aslo toʻgʻri kelmas, Lobo va bosqinchi galasin feʼl-atvoriga. Qoʻyib berishsa ular mayliga. Hazar qilishardi, choʻpon yoki ovchi soʻygan va qopqon uchun qoʻyilgan – inson hidi kelib turgan har qandayin molning toʻshidan. Hatto, taʼblar tortmasdi, jirkanishib qari hoʻkiz yoki kasalga chalingan sigir goʻshtidan.
Xullas, nafslarin tiyishardi, har qandayin “xushxoʻr” taomdan. Faqatgina yeyishardi, ov mahali oʻzlari tutgan, soʻng tilka-pora qilingan, sogʻlom va baquvvat buzoqning hali qaynoq, qoni silqib turgan joyidan…
Ushoq molni-ku ovlashmasdi oriyat uchun. Ammo, baʼzan boʻgʻizlashardi hurkak va ovsar qoʻylarning bira toʻla ellik-yuzin, shunchaki ermakka, tishlarin oʻtkirlab, qayroqqa ishqab turmoq uchun.
* * *
Sara sardor sanalsa-da, koʻp mahluqni ergashtirib yurmasdi, ortidan Lobo. Toʻdada boʻlardi, bor-yoʻgʻi – besh-olti boʻri. Biroq, sardor sinovidan oʻtgan, hammasi hayvonning zoʻri.
Yoʻl boshlardi doimo oldinda Lobo. Ortidan ergashardi qolgan maxluqot. Bunday kezda, toʻdada bor edi muayyan azaliy odat. Oʻlja hidin tuyib yoxud shoshqaloqlikda – Lobodan bir qadam oldinga oʻtsa, biror-bir sherik, yaʼnikim aʼzo. Darhol unga tayin boʻlar edi, albat, munosib jazo. Jarohat topardi boyaqishning badani, misoli arining nashtar nishidan, sardorning olmos yangligʻ keskir tishidan.
Gʻazabi tosh, qahri qattiq edi Loboning. Toʻdada qoida, intizom – barcha boʻri uchun edi, birdek barobar. Shu boisdan Loboga sherik tutinmoqlik, sanalardi koʻp dushvor.
* * *
Bardosh barham topdi. Pichoq borib yetdi suyakka. Kelgan edi elning qahri. Shu bois Lobo va uning talonchi toʻdasin mahv etishga chogʻlandi butun Kurrumpo ahli.
Boʻri izi muhrlangan soʻqmoqlarga tashlandi ogʻuli xoʻrak – qonli dasturxon. Har qadamga qoʻyildi qopqon – pistirma pinhon.
Ovchilar-chi?! Ergashtirib tozi itlarin, koʻtarishib zoʻr shovqin-suron. Qoʻllarida qurol-yarogʻ, aslaha-sopqon. Hamma xursand, hamma shod. Goʻyoki endi qochib qutulolmas, ulardan hattoki – sichqon!
* * *
Lobo esa qattol va anchayin quv. Ayyorlikda hattoki, ajaldan abjir. Sezgirlik bobida ip esholmas uning tulki mugʻombir. Hayvonmas, misoli ongli maxluqot. Qismat bilan bahs boylashmoq, goʻyo bagʻishlardi lazzat, farogʻat. Shoshmasdi, har qadamni oʻylab bosardi, qilgancha sabr. Inson hiylasiga qarshi ishlatib tadbir:… Zaharli xoʻrakni hidlab, soʻng bir chetidan avaylab tishlab, katta yoʻl ustiga qoʻyardi uyub. Mazax qilganday soʻng “Ovchi taomi”ning ustiga ketardi siyib…
Ayyor edi Lobo… Eh-h, keraklicha quv! Shu bois edi boʻriga begona qoʻrquv. Qoʻrquv esa tugʻdirardi qalbda sirli mavhumot. Afsonaga aylangandi allaqachon Loboning nomi. Bu mahluq goʻyo – gunohlar uchun yuborilgan, taqdir “inʼomi”!
Ayni paytda, kundan-kunga borardi oshib, Lobo boshi uchun tikilgan xun – mukofot puli…
* * *
Merganlikda mohir edi texasslik ovchi Tennerey. Son-sanogʻi yoʻq edi otgan hayvon-parrandasin… Eh-hey! Bexato urardi koʻkda charx urgan sorning koʻzidan. Vahshat silqib turardi koʻz qarashidan, qahru qurum bosgan yuzidan. Shunday sayyod edi Tennerey. Ammo, shafqat anqo edi uning qalbida. Ovchilik qilardi zavq-shavq uchun emas, bilʼaks faqat boylik vajidan. “Katta mukofot” sasin tuygach, bormoq boʻldi shu sabab oʻlja izidan. Amin edi: bu gal ham omad unga yor, borar yoʻli silliq va ravon.
Ana… Qurol-aslaha osgan, besh boʻribosar izmida, otin boshin burdi ovchi Tennerey Texassdan uzoq Kurrumpo vodiysi tomon.
* * *
Yana hamma xursand, xurram, yana hamma shod. Chunki, kelmoqda, kimsan – Tennerey! Axir, unga teng kelib boʻlmas. Qani endi Lobo?! Oʻsha qoʻlga tushmas – koʻzga koʻrinmas?!
Boyaqish boʻri! Kurrumpo vodiysida edi hayvonning zoʻri. Nahot endi Lobo… Jasadi ustida yangrar soʻnggi soʻz – “Alvido”! Ha, Tennereyga axir teng kelib boʻlmas. Afsungar boʻrini mahv etish, ehtimol boshqaning qoʻlidan kelmas?! Fursat yetgan qoʻrinadi beshak, beomon. Lobo endi qolmaydi omon. Bosh terisi osiladi egar qoshiga. Qargʻa-quzgʻun toʻyar boʻldi boʻri loshiga…
* * *
…Sahro tongi. Chor tarafdan taralmoqda goʻyo izdihom bongi. Qontalash qarash-la quyosh, yotogʻidan ohista koʻtaradi bosh. Tannerey ketmoqda magʻrur va shodon. Niyati Lobo atalmish maxluqqa bermaslik omon. Sarkash saman soʻliq chaynar. Oldda esa yoʻl boshlar besh boʻribosar. Bahaybatlikda har biri ayiq misoli. Nomiga monand maxluqot uchun goʻyo ajal timsoli.
Saman hamon soʻliq chaynar. Sayyod vujudida esa kuch-gʻayrat qaynar. Ortda qolar jarlik, qizgʻaldoqli qiru adir, suv toʻla soylik. Ovchining xayolida gʻujgʻon oʻynar, koʻkdan tushib kelayotgan behisob boylik.
Ana itlar vovillashdi, izlar olindi. Bu yaxshilik debochasi sanaladi, odatda ovda.
Tennerey-chi?! Oʻlja yaqin qolganin his qilib tuydi. Miltigʻin mehrla silab, soʻng tepkisin koʻtarib qoʻydi.
Lobo esa… U ham axir, anoyi emas. “Quv, ayyor…” nomini bejiz olganmas. Xavfni sezib, ohista oʻrnidan turdi. Havoda hid olgach, boshini maʼnoli burdi. Qolganlar kutib turdi sardor “imosin”. Barbod etish uchun tezda ovchi va itlar yagʻmosin. Itoat etishib Lobo “soʻziga”. Dastlab, birrov koʻrinishdi itlar koʻziga. Besh tomonga tarqab ketdi soʻng beshovlon boʻri. Sardor kabi bari makkor – hayvonning zoʻri.
Kutilgandek hiyla berdi ish. Shu sabab ovchi va itlarga keldi koʻp tashvish. Besh boʻribosar, oqibat ne boʻlishin bilmay, boʻrilar izidan ketdi, hovliqqancha sarosar.
Lobo qoldi yolgʻiz, faqat Tennereyning yakkash oʻziga. Bundayin toledan koʻngli boʻlib shod. Hech narsa koʻrinmay koʻziga. Ovchi ot jilovin qoʻygancha ozod. Tirik tutmoq ilinjida qoʻliga lasso (sirtmogʻin) oldi. Yuragi hapriqqancha goh yugurib, goh emaklab ketayotgan Lobo izidan ot soldi.
Lobo… Ayyorlik bobida senga tahsin, senga shon! Qarang, qanchalik urinmasin ovchiga boʻlmas hech nishon.
Qolgan boʻrilar-chi? Qanday tarqalishgan boʻlsa, shunday qayta qovushib. Goʻyo, Lobo “chizib bergan chiziqda” atay topishib… Itlarni yolgʻizlatib bir-biridan. Gʻajib tashlashdi soʻng, goʻshtlarini ajratishib teridan…
Oqshom choʻkdi. Qorongʻilik chor atrofga gʻuborin toʻkdi. Besamar tugadi, nihoyat shikor. Tennereyga oʻshal kun dunyo keldi tor. Loboni quvlab, ot qoʻyib har yon. Boʻldi koʻp yomon. Zoʻriqishdan toliqib, til tortmay sarkash saman berdi jon.
Tolei bor ekan, quroli qoʻlda. Aks holda, oʻzin ham jasadi qolardi oʻshal tunda – kimsasiz choʻlda.
* * *
Ibtidosi boʻlgan kabi, boʻlar har qismatning intihosi ham. Alalxusus, tez fursatda qissamiz ham topadi barham…
Lobo! Boʻysunmas boʻri. Nega bugun boshing egik? Nahot, dunyo senga keldi tor? Nega oyga boqib “uv-v” tortasan, olmayin hech tin. Qayda qoldi magʻrurliging, bugun nega qoʻshigʻing bunchalar mahzun?!
Shunday… Siru sinoatni oshkor etsak, endi yashirmay. Yoshi bir joyga yetganda Lobo. Ajabo! Muhabbatga boʻlgandi asir. Keksargan qalb koʻzin sevgi qilgandi basir.
Oqsiyna… Mahbubasi, muhabbati edi ana shu yosh, durkun, urgʻochi boʻri. Boʻriki, boʻrilar ichida tanho boʻrivash. Hayvonlar ichida boʻlib zoʻr talash. Qonli muhoraba, boʻgʻish-boʻgʻizlashlar tez topib yakun. Barcha boʻrilardan alhol Lobo kelgandi ustun. Omad kulib boqqan edi yana sardorga. Keksaygan boʻlsa-da, muhabbatga tashna, gʻayrati zoʻr haddorga.
Boshin egdi Oqsiyna, gʻolib chiqqach Lobo “sevgi jangi”da. Iltifot oʻrnida soʻng, makrla koʻz-koʻz qildi qaddi-qomatin. Tana tusi tovlanardi kulrang baxmal rangida. Faqat siynasida marjon yangligʻ – oq moʻyna. Ovoz mayin, kiprik uzun, koʻzlar suzuk… Shunday mohitobon maxluq edi Oqsiyna!
Ha, goʻzal edi Oqsiyna… Bu borada barcha taʼrif, barcha maqtov unga mos. Biroq, afsus… Feʼl-atvor ham aynan, aksar goʻzallarga xos: oʻyinqaroq, tantiq edi va bir oz erkaroq. Azaldan maʼlum, bundayin feʼl-atvor, mahbubga keltirar hali koʻp firoq.
Ana, toʻda ovga otlandi. Oshiqib, shoshib, bosh boʻlib bormoqda Lobo… Uzr, bu gal teskari tomonga esibdi sabo. Eng oldda, oʻynoqlab bormoqda edi Oqsiyna! Ajabo! “Boʻysunmas”ning nega yoʻli toʻsilmas?! Qayerda qoldi, qahri qattiq yoʻlboshchi Lobo?! Nechun unga qilinmas pand-nasihat va achchiq gina?!
Toʻgʻri, Lobo boshliq. Ayni paytda qudratli va dahshatli mahluq. Biroq, bu oʻrinda aytish, balki, nojoiz. Yashirmoq ne hojat. Sevgi sarhadida sardor qolgandi ojiz.
Har gal jazm etar Lobo boʻrivashin jazolamoqqa. Ammo, alhol, bu ne hol! Ishva-yu gʻamza, shoʻx va shodon nigoh qarshisida yakkash oʻzin solar edi qiynoqqa…
Lobo – jununsifat, ayrilib aql, idrok va esdan. Sevgi ustun keldi gʻurur, oriyat va nomusdan. Oqibat buzildi toʻdada tartib-intizom. Barham topdi “sardorlik”, azaliy nizom.
* * *
Koʻza kunda emas, sinar ekan kunida. Axir, ovchi degan payt poylaydi, bu paytda, qasos olmoq xunida.
Mana ular, toʻr oʻrnida yoyib makkorlikning matosin. Kutishmoqda pistirmada – Oqsiynaning beboshligin va galdagi xatosin.
Rutubatli edi oʻshal tun. Birdan qora bulut bosdi, qopladi qurum va tutun. Oqsiyna va Lobo… boʻlib hamma yogʻi shilta, shalabbo… Pisand etmas zulumotni. Oʻynashardi, quvlashardi, biri-birin suyib, erkalab.
Ehtiyot neligin, odamzot kimligin – unutdi ular. Turgan gap, bunday kez – qora qismat ustingdan kular. Ana… Sevgidan mast, masrur, devona. Oq moʻynasi siynasida yarashiqli Oqsiyna… Soʻnggi bor shamoldek oldinga uchdi. Oh, bu ne sitam, bu ne koʻrgulik?! Ogoh etib ulgurmasdan Lobo. Boʻrivash noxos, “temir tuzoq”qa tushdi.
Hayqiriq oʻrladi, yangradi havoga behisob koʻp oʻq. Goʻyo, qilingandek poʻpisa, qilingandek doʻq. Ola-tasir boʻlib ketdi har tomon. Ana, bu yoqqa yugurgilab kelishmoqda, choʻpon-choʻliq, qurollangan ovchi, barcha – olomon.
Qochib qoldi qoʻrqib, fursatida boʻrilar. Bunday kezda, “toʻrt oyoqli” jonzot qoʻlidan axir, ne kelar?!
Faqat Lobo… Aylab jon fido. Mahbubasi uchun, hatto, bandi boʻlmoqqa tayyor. Koʻz oʻngida faryod solar Oqsiyna… Oh! Oh-nolasi yurakka sanchadi xanjar.
Lobo… Qaydan keldi senga bunday kuch-qudrat? Nahot, sevgida bor shunday siru sinoat?! Oʻkirigi buzib, jumla-jahonni. Parchalab tashladi boʻrivashin band aylagan temir qopqonni.
Sukutda qotdi, bir zum barcha choʻpon-choʻliq, ahli ovchilar. Bunaqasin hali hech kim koʻrmagan, bunaqa jasorat kamdan-kam boʻlar.
Biroq, hozir “sukut saqlansa”, soʻng boʻlmasmikin kech? Qirilgan qoʻra, boʻgʻizlangan buqa, sigir-buzoq, qoʻy-echkining… xunini kim toʻlar?!
…Havoda jarangladi qahri – qattol oʻq. Nishon biroq, yanglish boʻldi, Loboga emas, shundoq ham yaralangan Oqsiyna “moʻynasi”ga borib sanchilgandi yonib turgan choʻgʻ.
Lobo titrab ketdi. Siynasidan silqib sizganicha qon. Bagʻrida soʻnggi bor tantiqlanib, soʻnggi bor koʻz suzib… Oqsiynasi bergan edi jon!
Sukunatda qolgan edi sahro, choʻlu qir. Tong yorishib, toʻxtagandi yogʻishdan yomgʻir.
Lobo… Ajab hol?! Quturib, tashlanmoq oʻrniga, boʻlib bemajol. Boʻysungandek taqdir xohish-royiga. Vidolashmoq istagida, ohista choʻkdi. Oqsiynasin poyiga…
Ovchilar-chi, halqa misol qurshab olishdi. Qoʻrquv, hadik tark etmagan edi hamon ular jismini. Soʻng ehtiyot shart – sirtmoq solishib, sudrab ketishdi, Loboning jonsiz tanasin…
Hamma xursand edi, kulishib, yayrashib shodon. Axir, endi qoʻrquv yoʻq, osoyishta sahro, dala-dasht, yobon. Ammo, hech kim oʻylamasdi: kuch-qudratda tengsiz, boʻysunmas boʻri, tengsiz “qahramon”. Soʻnggi yoʻlga nega bunday otlandi oson?!
Javob esa juda joʻn va qilsak bayon: sevgisidan, oʻz juftidan ajraganda, har qanday mavjudot, nafaqat inson, avval kuchdan ketib, soʻng yuragi yorilib berar ekan jon!
Ha, sevgida bordir ajib siru sinoat. Ibrat boʻlsin bu borada sizga ushbu rivoyat.
Muhammad OCHIL
“Yoshlik”, 2012 yil, 10-son
https://saviya.uz/ijod/nasr/bori-haqida-ballada-yoxud-loboning-muhabbati/