Boʻlingan tanga

O. Henri

 

Men idorada ishlardim. Odatda Nyu-York hayoti haqida kichik hikoyalar yozardim.

Bir kuni har doimgiday oʻz idoramda ish bilan mashgʻul boʻlib turganimda xonamga Tripp kirib keldi. Men Trippning aniq qayerda ishlashini bilmasam-da, lekin uning juda ham kambagʻal ekanligini bilardim. Trippning koʻrinishi juda nimjon, nosogʻlom, yuzi esa dokadek oppoq edi. U mening oldimga qachon kelmasin, viski ichish uchun bir dollar soʻrashini bilardim.

Bu safar Tripp avvalgilarga nisbatan ancha gʻamgin koʻrindi.

“Xoʻsh, Tripp, qalaysan, ishlaring yaxshimi?” – dedim men. “Bir dollaringiz bormi, janob Chalmers? – deb soʻradi Tripp. Sizga hikoyangiz uchun yaxshi bir gʻoya kerakmi? Menda ajoyib bir gʻoya bor. Bu sizga bir yoki ikki dollarga tushadi, xolos”.

“Qanday hikoya, nima haqida”, – deya qiziqib soʻradim men.

“Bir qiz haqida. Juda ham goʻzal, sohibjamol bir qiz haqida. U yigirma yildan beri kichkinagina bir qishloqda yashaydi, u hech qachon Nyu-York shahrini koʻrmagan ekan. Men uni koʻchada uchratib qoldim. Men koʻchani kesib oʻtayotganimda u mendan Jorj Braunni qayerdan topishi mumkinligini soʻradi. U fermadan boshqa hech qayerni koʻrmaganini va kichkinagina qishloqdan kelganini aytdi. Men Nyu-Yorkdek katta shaharda adashib qolishidan qoʻrqib, u bilan suhbatlashishga qaror qildim. U menga kelasi haftada fermer yigitga turmushga chiqayotganini, lekin hozir bir necha yil ilgari qishloqdan shaharga pul topish uchun joʻnab ketgan Jorj Braunni izlab kelganligini taʼkidladi. Chunki Jorj Braun qishloqqa qaytib bormagan. Biroq, Ada – uning ismi Ada – fermer yigitga turmushga chiqishidan avval Jorj Braunni topib, u bilan suhbatlashishini istaydi. Ha, aftidan uning koʻnglida hali ham Jorj Braunga nisbatan iliqlik borga oʻxshaydi. Shuning uchun ham u Nyu-York shahriga kelgan. Men uning bitta oʻzini yolgʻiz tashlab qoʻya olmayman. U menga bor pulini ishlatib boʻlganligini va bundan keyin nima qilishini, qayerga borishini bilolmayotganligini aytdi. Shuning uchun men uni pansionga olib borib, oʻsha yerda qoldirdim. Uni koʻrgani men bilan birga borishingni istayman”.

“Nima deb aljirayapsan, Tripp, – dedim men. – Men rostdan ham hikoya uchun yaxshi bir gʻoyang bor deb oʻylabman”.

“Unday dema, seni ishontirib aytamanki, bu voqeadan ajoyib bir hikoya yaratsa boʻladi, – dedi Tripp. – Sen qiz va chin muhabbatni goʻzal, maftunkor qilib tasvirlab yaxshigina bir hikoya yozishing mumkin. Axir bu qoʻlingdan keladi-ku, qolaversa bu senga faqatgina toʻrt dollarga tushadi”.

“Qanday qilib bu menga toʻrt dollarga tushishi mumkin?” – deb soʻradim men.

“Juda oddiy. Bir dollar pansionning egasi uchun, – javob qildi Tripp, – va ikki dollar qizning qaytib ketishi uchun, yoʻl kirasi uchun. Shu xolos”.

“Toʻrtinchi dollar-chi?” – deb soʻradim men.

“Ha, bir dollar menga, – dedi Tripp, – viski uchun. Xoʻsh, berasanmi?”

Garchi bu vaziyatda hech nima qilib boʻlmasa-da, men oʻzimga Tripp uchun bir dollar bermaslikka vaʼda berdim. Goʻyo dunyodagi hech bir narsa meni bu qarorimdan qaytarolmasdi. Shundan soʻng garchi jahlim chiqqan boʻlsa-da, men Trippga hamroh boʻldim. Tripp haq ekan, u qiz juda ham goʻzal edi. Xonaga kirganimizda biz Adani bir kursida, yigʻlab oʻtirgan holatda uchratdik. U menga hammasini aytib berdi.

U Jorj Braun haqida gapirar ekan, koʻzlaridan dur donalaridek shashqator yosh oqardi. Bu vaziyatda nima ham qila olardim? Axir men Jorj Braun emasdim.

“Jorj va men, – deya davom etdi u, – bir-birimizni juda ham sevardik. U oʻn toʻqqiz yoshida, bundan olti yil avval qishloqni tashlab Nyu-Yorkka pul topgani ketgan edi. U men uchun albatta qishloqqa qaytib kelishini aytgandi. Lekin oʻshandan beri men undan hech qanday xat-xabar olmadim. Biz ajrashgan oʻsha paytda, ikkimiz tangani ikki boʻlakka boʻlib, bir boʻlagini men va ikkinchi boʻlagini u olgandi. Qoʻlimizda tanganing ikki qismini ushlab, bir-birimizga hamisha sodiq boʻlishimizni va hamisha bir-birimizni sevishga ahdlashgan edik. Unga biror narsa boʻlganiga ishongim kelmayapti. Men uni bu yerga izlab kelganim gʻirt ahmoqlik-a? Men hech qachon Nyu-Yorkni bunchalik katta deb oʻylamagandim”.

Shundan soʻng biz ikkovimiz Ada bilan omadsiz Jorjni izlashni toʻxtatib, uyiga qaytishini qanchalik muhim ekanligi xususida suhbatlashdik.

Men pansion egasiga bir dollar toʻladim va shundan soʻng biz uchchovimiz uni tark etdik.

Biz Adani kuzatish uchun temir yoʻl bekatiga keldik. Men Ada uchun chipta va qizil atirguldan guldasta sotib oldim. Biz u bilan xayrlashdik va u oʻz qishlogʻiga joʻnab ketdi. Tripp odatdagiga nisbatan ancha gʻamgin va baxtsiz koʻrinardi.

“Bu voqeani hikoya qilib yoza olasanmi” – deb soʻradi u mendan.

“Bu kichkinagina bir sarguzasht-da, hech bir qiziqarli narsaning oʻzi yoʻq, lekin biz Adaga yordam berdik. Kel, buni unutmaylik”, – dedim.

Men Tripp viski ichishi uchun pul berishni istamadim.

Avtobus bekati tomon ketayotib, Tripp oʻzining parshonini yechdi va men u yerda arzongina bir kumush zanjirni koʻrdim. Nimadir zanjirda osilib turardi. Bu boʻlakka boʻlingan tanganing yarim qismi edi.

“Nima?” – dedim men, unga hayrat bilan tikilib. “Ha” – deb javob qildi u, – mening haqiqiy ismim Jorj Braun. Lekin bundan nima foyda?”

Shundan soʻng men bir ogʻiz soʻzsiz karmonimdan Trippning viskisi uchun bir dollar oldim-da, uning qoʻliga tutqazdim.

 

Ingliz tilidan Bobur Nazarmuhammedov tarjimasi

https://saviya.uz/ijod/nasr/bolingan-tanga/

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Старые
Новые Популярные
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x