BOʻGʻMA ILONLAR (Boinae) soxta oyoklilar oilasiga mansub ilonlar kenja oilasi. Hoz. ilonlar orasida eng yiriklari shu oilaga kiradi. Uz. 0,5 m dan 11 m gacha. Boshqa ilonlardan koʻz kosasi ustidagi suyagining boʻlmasligi b-n farq qiladi. 16 urugʻi, 38 turi maʼlum. Jan. Amerika, Jan. Gʻarbiy va Shim. Amerika, Afrika, Madagaskar o. lari, Markaziy va Gʻarbiy Osiyo, Malayya arxipelagida tarqalgan. Daryo va koʻllar sohili yaqinidagi oʻrmon va chakalakzorlarda yashaydi. Faqat sharq boʻgʻma iloni (Eryx tartricus) va qum boʻgʻma iloni (Eryx miliaris) ochiq choʻl va dashtlarda, eng yirik ilon — anakonda suvda hayot kechiradi. Boʻgʻma ilonlar zaharsiz. Ogʻzi katta ochiladi, muskullari kuchli, dumi qisqa, oʻpkasi ikkita. Boʻgʻma ilonlar tungi hayvon, koʻzlari kechasi koʻrishga yaxshi moslashgan. Oʻljasini poylab kulcha boʻlib oladi. Oʻljani sezgan Boʻgʻma ilonlar boshini koʻtarib, tilini tez-tez chiqara boshlaydi, yoʻlidagi narsalarni tili b-n paypaslab oʻljasiga tomon oʻrmalab keladi. Oʻljasiga yaqinlashgach dumi va tanasini yigʻishtirib, yana kulcha boʻlib oladi. Soʻngra ogʻzini katta ochib oʻljaga tashlanadi va tanasini halqa qilib uni oʻraydi. Ilon oʻldirilgan oʻljani boshidan boshlab astasekin yuta boshlaydi. Oshqozonga tushgan ovqat 3—4 kun davomida hazm boʻladi. Bu davrda qimir etmasdan yotadi. Boʻgʻma ilonlar ovqatsiz bir necha oy yashay oladi. Boʻgʻma ilonlar tirik tugʻadi. Koʻpchilik turlari daraxtlarda va nam joylarda hayot kechiradi. Boʻgʻma ilonlar asosan umurtqali hayvonlar bilan oziqlanadi. Yirik Boʻgʻma ilonlar kiyik va toʻngʻizlarni yutishi mumkin. Mayda qum Boʻgʻma ilonlar kalamush va sichqonlarni tutib yeydi. Asl Boʻgʻma ilonlar Constrictor urugʻiga kiradi. Asl Boʻgʻma ilonlarning yagona turi oddiy boʻgʻma ilon, yaʼni boa. B. i., odatda, odamga hujum qilmaydi. Ularning yogʻ va goʻshti ovqatga ishlatiladi. Terisi jomadon, sumka va poyabzal tikishda qoʻllaniladi. Ayrim Boʻgʻma ilonlardan sichqon, kalamush kabi ombor zararkunandalarini qirishda foydalaniladi. 8 turi va kenja turlari Xalqaro Qizil kitobga kiritilgan.
Подписаться
авторизуйтесь
0 комментариев
Старые