…Aniq esimda bor: yetmish toʻqqizinchi yilning kuzi edi.
Oʻqishga kirolmasdan, tuman gazetasida korrektor boʻlib ishlab yurardim. Gazeta odatda haftasiga uch marta chiqardi, ammo paxta mavsumi ketayotganligi sababli har kuni chop etilardi. Tahririyat qishloqdan yigirma chaqirim uzoqda, bosmaxona naq ellik chaqirim naridagi viloyat markazida. U paytlari harflar qoʻrgʻoshinga quyilardi; har kuni kechqurun yetti-sakkizgacha xuddi zavod ishchilariday qop-qora moyga belanib, sahifa oʻqiymiz, keyin telefonda raykomdagilar bilan bir amallab bogʻlanamiz-u, baqirib-chaqirgan koʻyi xoʻjaliklar qancha foiz paxta topshirgani haqidagi qimmatli maʼlumotni olamiz… Xullas, kechki oʻn-oʻn birlarda yoʻlovchi mashinalarga yalina-yalina tuman markaziga, tahririyat binosiga kelib olamiz-da, oʻsha yerda yotib qolamiz. Ertalabdan esa hammasi boshidan boshlanadi.
Shunday kunlarning birida akam armiyadan qaytdi.
Barnauldan.
Yuqori sinflarda oʻqigan chogʻlari juda urf boʻlib ketgan pochasi yarim quloch “klyosh” shimda koʻchaning changini supurib yuradigan, tor koʻylagining choʻntagiga bir dona atirgul solib oladigan olifta akam maktabning “zoʻravon”laridan biri edi: boks bilan shugʻullanardi, Guliston degan shaharda birinchi oʻrinni olib qaytgandi, shungami, uncha-muncha muallimlar ham undan sal hayiqib turishardi. Menga barmogʻining uchini tekizish u yoqda tursin, sal ola qaragan bolaning-ku, bira toʻla shoʻri qurirdi: chapdast akamning zalvorli mushtidan qutulib qolish uchun yo yerga kirib ketish kerak edi, yo osmonga uchib.
Oʻzining baholari haminqadar boʻlgani holda akam mening yaxshi oʻqishimni istardi. Kimyo fanidan viloyatda birinchi oʻrinni olganimda-ku, eldan burun chopib kelib, uydagilardan suyunchi soʻrab turgan ham shu akam boʻladi.
Endi u paytlar… hammayoq paxta, paxta. Otamiz brigadir. Erta koʻklamdan to kech kuzgacha dalada boʻlishga, hatto qishda yaxob suvi qoʻyishga ham chiqishga toʻgʻri kelardi. Ammo akam meni bunaqangi ishlardan ayardi. Otamning koʻzini shamgʻalat qilgan koʻyi uyga yo maktabga yuborardi: “Sen oʻqi”. Otamning taʼbiri bilan aytganda, akamning “eshshakday kuchi bor” edi, shu sababli u kishiga ikki odamning oʻrniga ishlash choʻt emasdi. Yodimda, akam bas boylashib olti kishi uch kunga moʻljallab turgan ishni yakka oʻzi bir kunda bajarib tashlagandi. Kuz mahali hovlimizga olib kelingan tonna-tonna yeryongʻoqni terib olish uchun koʻmaklashishga chiqqan kezlarim akam qoʻlimdagi togʻorani olar va atay qovogʻini uygan koʻyi uyga ishora qilardi: “Sen borib kitobingga qara…”
Xuddi shu akam yettinchi yo sakkizinchi sinfda oʻqib yurgan chogʻlarim, oʻzi kechqurun arzon odekolonga burkanib, derazadan oshib tushgancha – otamiz bunaqa masalalarda qattiqqoʻl edi – kinoga joʻnab qolish oldidan mening sinfdosh qizlarga 8-mart otkritkalarini yozayotganimni koʻrib qolgani mahal allanechuk ogʻrinib: “Sen oʻqi. Bunaqa ishlar bilan boshingni qotirma”, degandi…
Akam Oltoy oʻlkasida xizmat qilib yuribdi-yu, bir xatida meni – uydagilar jurnalni yuborishgan boʻlsa kerak – “Gulxan”da chiqqan narsam bilan tabriklabdi. Yana bir xatida esa oʻzimning rayon gazetasida chiqqan toʻrtligimni oʻzimga koʻchirib yozib yuboribdi, maqtab qoʻyishniyam unutmabdi.
Akam armiyadan ancha ulgʻayib, vazmin, jiddiy boʻlib qaytgandi.
Qishlogʻimiz kattagina, qarindosh-urugʻlar ham yetarli. Ular navbatma-navbat akamni ichkilikbozlik tonggacha davom etadigan “choy”ga chaqira boshlashdi. Akamning esa nimagadir bunaqangi ziyofatlarga borgisi kelmasdi…
Vaqt oʻtmoqda edi. Men oʻz tashvishlarim bilan band edim. Shungami, bir kuni kechqurun akam “Barnaulga qaytib ketmoqchiman…” deb shivirlab qolganida bu xabar menga yoz osmonida chaqnagan chaqinday taʼsir qildi. Axir…
Bu niyat uydagilarning ham qulogʻiga yetib borgan ekan, zich yopilgan eshiklar ortida ancha-muncha qattiq-qurum gaplar boʻlib oʻtdi.
Akam boʻlsa ahdidan qaytay demasdi. Nuqul “Barnaul, Barnaul…” Baribir hech chiday olmadi shekilli, bir kuni yarim tunda akam shosha-pisha men bilan xayrlashdi-yu, “Qaydasan, Barnaul!” deya yoʻlga tushdi. Qoʻlimdan kelgani – choʻntagimdagi arzimagan maoshimni qoʻliga tutish boʻldi.
Akamni poytaxtdagi temir yoʻl vokzalidan arang qaytarib olib kelishdi…
Oraga qarindosh-urugʻlar tushishdi, yaqinlar, bunaqa payti koʻpayib qoladigan “xolis” tanish-bilishlar. Nasihat, iltimos, doʻq-poʻpisa, koʻz yoshlar, musht doʻlaytirishlar… Aloha, koʻplashib yigitning “shoxini qayirishdi”…
Oradan bir yildan koʻproq vaqt oʻtib akam uylandi. Keyin el qatori turmushning tuganmas tashvishlariga boshi bilan shoʻngʻib ketdi. Bola-chaqali boʻldi, uy sotib oldi.
Oxiri yaxshi tugagan narsa baribir yaxshi-da.
Balki bu voqea mening esimdan ham chiqib ketardi. Ammo men oʻsha paytlari “Anoyining jaydari olmasi” degan hikoyani oʻqib qoldim…
“… Bir Barnaulga borib kelay deyapman. Tomoshaga. Xizmat qilgan joylarim, sogʻinibman”… Bu axir akamning gaplari-ku.
Hikoya meni larzaga soldi. Ancha paytgacha oʻzimga kelolmay yurdim.
Yursam ham, tursam ham oʻylanaman: bu hikoyani yozgan yozuvchi qachon bizning uyga kelgan, qachon boʻlib oʻtgan gap-soʻzlardan xabar topgan… Shodi garang – qishlogʻimizdagi soqov Bara-bara bilan qachon uchrashgan…
Falakning gardishi bilan keyingi yilning yoz faslida talabalar qurilish otryadi safida Barnaulda boʻldim.
Men Oltoy oʻlkasida avvallari turkiy qavmlar yashaganiniyu, yozuvchi Shukshin tugʻilganini bilardim, xolos. Endi esa…
Shahar yaqinidagi oʻrmonda, palatkada, vagonda yashadik, yoʻl qurdik.
Har shanba-yakshanba Barnaulga kelaman. Shaharni qadamlab oʻlchayman hisob. Meni bir savol qiynardi: Ramazonni, akamni bu shaharning nimasi oʻziga tortgan? Nimasi?..
Ikki oydan koʻproq vaqt shu savolga javob topolmay qiynaldim. Nihoyat… nihoyat nimanidir tushunganganday boʻldim. Oʻziyam tilla topgan gadoyday hayajonlanib ketdim…
Men oʻzimning mitti “kashfiyotim”ni birov bilan sirlashib oʻtirmadim, qizgʻandim. Uni koʻnglimning tubiga joylab qoʻydim.
Erkin Aʼzamning boshqa yozganlariniyam yotib olib oʻqiyverdim…
Baribir “Chantrimore” yuragimni boshqacha oʻrtab yuborgan ekan. “Boʻldi, boshqa oʻqimayman…” deyman-u, lekin… Axiyri “Biz boʻlmagan joylarda” (“Izlaganing ne edi…”) deb nomlangan hikoya yozibgina bu azobdan salgina qutulganday boʻldim. Erkin aka “Anoyi…”da taʼkidlaganiday, baʼzi oʻrinlar oshiribroq yuborildi, illo “Bu ish qurgʻur oʻzi shunaqa, shunday qilmasa boʻlmaydi”. Sarlavhaning tagiga esa katta-katta harflarda “Erkin Aʼzamga” deb qoʻydim. Ammo mashqimni bunaqa eskartma bilan chop etishga jurʼat etolmadim. Shuning uchun hikoya ancha payt javonda yotdi. Nihoyat jurnalda eʼlon qilish imkoniyati tugʻilganida esa bagʻishlovimni olib tashladim: “kim edim zotan”…
Taqdirning inoyatini qarangki, oradan oʻn yil chamasi vaqt oʻtganidan keyin hech kimga bildirmasdangina bizning uyga kelib-ketgan “tirik Erkin Aʼzam” bilan uchrashish nasib etdi…
Bu hayot ekan, biz oʻquvchilik-talabalik davrimizda, u-bu narsalar mashq qila boshlagan kezlarimizda salkam avliyo hisoblab yurgan, kitoblarini qoʻldan qoʻymay, navbatda turib oʻqigan, oʻzimizcha millat vijdoni sanab yurgan yozuvchilarning ayrimlari bilan yaqindan tanishish asnosida, ming afsuski, hafsalamiz pir boʻldi. Zero, manfaat ilinjida kimnidir maqtaydigan, kimnidir esa tanqid qiladigan, “tanqiddan tuban” ekanligi shundaygina koʻrinib turgan “asar”larga sovun pufagiday shishirilgan soʻzboshiyu taqrizlar yozib beradigan, muallifning mashqiga emas, ism-sharifiga qaraydigan, oʻz nomini, oʻz soʻzini sotadigan qalamkash bilan toʻqnash kelish, uni kuzatib oʻtirish koʻngilda tuzalishi ogʻir asorat qoldirarkan.
Ming shukrki, oʻtgan yillar ichida Erkin akaga nisbatan boʻlgan ixlosimga gard ham yuqmadi (Bu yogʻiga ham koʻngil toʻq: har qalay, oltmishga kirgan odamning endi “aynimasligi” aniq). Ming shukrki, adabiyotimizga halol xizmat qilayotgan Erkin Aʼzam singari Shaxslar bor. Ular ijod qilishayapti, adabiyot yashayapti, demak, Choʻlpon aytganiday, millat yashayapti.
Men aslida Erkin akaning qissalari haqida toʻlib-toshib yozmoqchi edim. Ammo tomchida Quyosh aks etadi-ku, degan oʻyda birgina hikoya bilan cheklandim.
Bilaman, Erkin Aʼzam mendan boshqa ham minglab, yuz minglab, millionlab oʻquvchilarining xonadonlariga kirib kelgan, ularning tashvish-quvonchlari, dardlari, dil iztiroblarini asarlariga koʻchirgan. Erkin akaning yozganlarida oʻzimizni koʻrishimizning sababi ham shunda boʻlsa kerak. Buyam yozuvchining baxti-da. Shunday baxtga erishgan odamga havas qilmay boʻladimi?..
Abduqayum Yoʻldoshev
“Yoshlik”, 2010 yil, 12-son
https://saviya.uz/ijod/publitsistika/bizning-uyga-kelgan-yozuvchi/