VATAN UCHUN
Menga oʻzga yurt navosin kuylayvermay,
Oʻz elingning bir maqolin soʻyla, doʻstim.
Oʻz baxtingni oʻzga yurtdan izlayvermay,
Oʻz yurtingning istiqbolin oʻyla, doʻstim!
Biz yonmasak, kim yonadir Vatan uchun,
Koʻzga uyqu begonadir Vatan uchun.
Aziz boshin dorga tikkan Sarbadordek –
Mardlar mudom mardonadir Vatan uchun.
Gul ekmasang, bogʻlar boʻston boʻlarmidi,
Jon chekmasang, Hurlik oʻzi kelarmidi.
Dil bermasang ona yurting togʻ – toshiga,
Bu olamda boshing osmon boʻlarmidi?!
Intilmasang, tole oʻzi kelmas, axir,
Peshona ter koʻrmagan yer, yermas axir.
Baxt qasrini gar oʻzimiz qurmas esak,
Birov buni aslo qarzga bermas, axir.
Mayli rangi-roʻyim soʻlsin shu yurt uchun.
Paymonam ham toʻlsa-toʻlsin shu yurt uchun,
Menga ona yurtim sogʻ-omon boʻlsa bas,
Aziz jonim sadqa boʻlsin shu yurt uchun,
Biz yonmasak, kim yonadir Vatan uchun,
Dilga qoʻrquv begonadir Vatan uchun.
Yurtim deya yonib-kuying, yurtdoshlarim,
Mardlar mudom mardonadir Vatan uchun.
ShUKRONA
Koʻkda quyosh jilmayib dutorin chalib tursa,
Gulzoringda rayhonlar iforin sochib tursa,
Ona yurtim kundan-kun chiroyin ochib tursa,
Bu kunlarga shukrona aytmay boʻlurmi, doʻstim!
Ayvoningda yangrasa qaldirgʻochlar navosi,
Tinchlik deya qoʻl ochgan bobolarning duosi,
Niyat qilsang, ushalsa dilingni muddaosi,
Bu kunlarga shukrona aytmay boʻlurmi, doʻstim!
Farzandlaring dunyoni lol-hayron aylab tursa,
Madhimiz keng maydonlar uzra jaranglab tursa,
Oʻzbek elim mehrini keng jahon anglab tursa,
Bu kunlarga shukrona aytmay boʻlurmi, doʻstim!
Doʻstu yorlaring har kun holing soʻrogʻlab kelsa,
Oʻgʻlonim, deya xalqing dildan ardogʻlab kelsa.
Orzuyu umidlaring koʻnglingni chogʻlab kelsa,
Bu kunlarga shukrona aytmay boʻlurmi, doʻstim!
Shunday hur diyoring bor, sevgil, tavof aylagil,
Ona xalqing mehriga mehring javob aylagil,
Ey, Zikrillo, qalbingni elga oftob aylagil,
Bu kunlarga shukrona aytmay boʻlurmi, doʻstim!
Yaxshilik qiloLmasang
Omonatdur olamda sogʻligu omonlik ham,
Gʻanimatdir odamga doʻstligu yoronlik ham,
Har kimga nasib etmas yoʻllari ravonlik ham.
Yaxshilik qilolmasang, qilmagil yomonlik ham.
Doʻst koʻnglini nogahon ranjitib qoʻyma zinhor,
Yaralangan qush misol qalblar chekmasin ozor.
Oʻylamasdan oʻq uzmas sayyodi kamonlik ham,
Yaxshilik qilolmasang, qilmagil yomonlik ham.
Insonga bergan qadr yaxshilikdir yaxshilik,
Asli insonlik nadur, qilmasang bir yaxshilik?
Tegirmonda teng erur bugʻdoyu somonlik ham,
Yaxshilik qilolmasang, qilmagil yomonlik ham.
Derlar: Yaxshi oshin yer, yomon esa boshini,
Yoʻlingga mayoq ayla Ezgulik quyoshini.
Shunda yarashgay bizga sohibi zamonlik ham,
Yaxshilik qilolmasang, qilmagil yomonlik ham.
BUXORO SOGʻINCHI
Qoʻmsab qolsam aziz ona makonimni,
Kindik qonim tomgan nurli jahonimni,
Bir ajib his chulgʻab shirin bu jonimni,
Bir qush boʻlib uchib borgum Buxoromga.
Sogʻinchlardan sigʻmay qolsam dunyolarga,
Arzim aytib tong yulduzi – Zuhrolarga,
Bahorlarni boshlab choʻlu sahrolarga,
Daryolarni kechib borgum Buxoromga.
Qudrat olib qadim-qadim navolardan,
Bogʻ oralab hur-hur esgan sabolardan,
Minoralar uzra boqib samolardan,
Hilol boʻlib suzib borgum Buxoromga.
Yuragimni armonlar tark etarmikin,
Nigohlarim murodiga yetarmikin,
Yer yuzini marjon tutib ketarmikin,
Sogʻinchlarim tizib borgum Buxoromga.
OʻChMAS BOTIRLAR YODI…
Daryoga qoʻshilgan har bitta irmoq,
Daryo toʻlqiniga shiddat bergaydir.
Xazonga aylangan har bitta yaproq,
Daraxt ildiziga quvvat bergaydir.
Chinordek Vatanim, daryo – Vatanim,
Unutmagil aslo irmoqlaringni.
Sening gullamogʻing, yashnashing uchun
Oʻzin fido qilgan yaproqlaringni.
Har kimda ham yetmas, axir, matonat,
Koʻksini oʻqlarga qalqon qilmoqqa.
Har qalbda topilmas jurʼat, jasorat –
Vatan uchun oʻzin qurbon qilmoqqa.
Vatanim, sen uchun qalblar bedordir,
Mangu asragaymiz gulbogʻlaringni.
Toki, quchogʻingda mardlaring bordir,
Yovlar toptay olmas tuproqlaringni!
NURATOJON
Chanqab kelsam sahrodan
Suvlar tutding kaftingda.
Ming asrlik tarixning
Zalvori bor kiftingda.
Nuratojon, Nurato,
Nurlaringdan oʻrgilay.
Baliqqa kon chashmayu
Durlaringdan oʻrgilay.
Koʻkdan yetti qaroqchi
Maftun boqar husningga.
Boʻlib goʻyoki soqchi
Jamolingga, vaslingga.
Qirq ustunli masjiting –
Nuru iymon qalʼasi.
Bagʻrida ajdodlarning
Ming asrlik naʼrasi.
Sen – nurlar makonisan,
Obi hayot maskani.
Yetti iqlim kelgaydir
Poying tavof etgani.
Kezib obod bagʻringda,
Nur indi yuragimga.
Nur ila qanot berding
Orzuyu tilagimga.
Men ham qalblarga endi
Ezgulik ulasharman.
Shunda sen kabi mangu
Yuraklarda yasharman.
Nuratojon, Nurato
Nurlaringdan oʻrgilay.
Baliqqa kon chashmayu
Durlaringdan oʻrgilay.
Zikrilla NEʼMAT
“Yoshlik”, 2011 yil, 11-12-son
https://saviya.uz/ijod/nazm/biz-yonmasak-kim-yonadir-vatan-uchun/