Biz nimani oziqlantiryapmiz?

Bemor boʻlishning bir yaxshi tomoni bor – oʻylashga, mushohada qilishga vaqtingiz bemalol boʻlar ekan. Maʼlumki, odamzod tana va ruh (jon)dan iborat boʻladi.

Olimlar oʻlim toʻshagida yotgan turli yoshdagi olti ming odamni tekshirib koʻrib shunday xulosaga kelgan: bemorning joni uzilgan payti murda 0,04 gramm yengillasharkan. Demak, jonning ogʻirligi 0,04 gramm kelarkan. Shunisi qiziqki, yangi tugʻilgan chaqaloq oʻladimi, 90 yoshli chol oʻladimi, ogʻirligi bir xil – 0,04 gramm. Demak, ruh qarimaydigan, tanaga boʻysunmaydigan, alohida yaralgan substansiya ekan. Oʻylab koʻrsam, butun jamiyat ana shu substansiya uchun ishlar ekan. Ogʻir va yengil sanoat, transport, qurilish, oziq-ovqat sanoati, bichish-tikish, sartaroshxona va goʻzallik salonlari, restoranlar, poliklinikayu kasalxonalar tanamizga xizmat qilar ekan. Bularning hech biri ruhimizga kerak emas!

Qimmatbaho xorij mashinalarini minamiz, 80-90 kilo keladigan goʻshtimizni u yoqdan-bu yoqqa olib borish uchun kerak, ruhimizga keragi yoʻq – u uchib yuradi. Sovuq yeganimiz uchun kiyinamiz, ruh esa sovuq ham yemaydi, isib ham ketmaydi. Tanamiz uchun qor-yomgʻirdan toʻsadigan bir boshpana kerak, ruh uchun mutlaqo keragi yoʻq. Ruhga tilla taqinchoqlar ham kerak emas. Hatto armiya ham tanamizga xizmat qiladi – u yer-bu yerimizga oʻq tegishidan, tanamiz portlab ketishidan asraydi.

Xoʻsh, ruhimizga nima xizmat qiladi? Ruhning “oziqa”si nima? Qoʻsha-qoʻsha naqshinkor imoratlar, yaltir-yultir kiyim-kechak, duru gavhar kerak boʻlmasa, unda ruh uchun nima kerak?

Ruhimiz u qadar injiq emas. Uning “non”i – Allohning kalomiyu adabiyot va sanʼat.

Shu payt xayol surishning beliga tepib, hamshira kelib qoldi:

 – Kapilnitsa olami-iz!..

Ignadan ilma-teshik boʻlib ketgan bilagimga yana igna tiqib chiqib ketdi.

Bular tagʻin tanamni davolashyapti…

 

Sharof BOSHBEKOV

 

od-press.uz

https://saviya.uz/hayot/nigoh/biz-nimani-oziqlantiryapmiz/

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Старые
Новые Популярные
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x