,,Biz bilgan va bilmagan Bobur’’ mavzuida maqola.
,,Bobur-biz uchun tom ma’nodagi buyuk madaniyat, oliy darajadagi sharqona odob va axloq timsolidir’’.
I.Karimov.
O’z vatanidan yiroqda, yurt sog’inchi, vatan ishqi bilan yongan, o’z ona vatanini dushmanlardan himoya qilish uchun mardonavor kurashgan, dovyurak, buyuk sarkarda, davlat arbobi, is’tedodli shoir, Boburiylar sulolasining asoschisi, Temuriy shahzoda Zahiriddin Muhammad Bobur tarix zarvaraqlarida boy ma’naviy va madaniy merosi bilan salmoqli o’rin tutadi. Davlat arbobi va ko’p vaqtini janglarda o’tkazgan, sarkarda sifatida, ijtimoiy faoliyatining eng qizg’in davrida ham, shaxsiy hayoti va faoliyati nihoyatda, murakkab va xatarli sharoitlarda qolgan chog’larida ham Bobur ijodiy ishga vaqt topa bilgan, ilm, san’at va ijod ahlini o’z atrofiga to’plab, homiylik qilgan, ularni rag’batlantirgan.
O’zbek xalqi boy tarixiy o’tmishga, ulkan millliy merosga ega. Shunday oltin merosimizning biri bobokalonimiz Zahiriddin Muhammad Bobur yaratgan shoh asar- ,,Boburnoma’’dir. ,,Boburnoma’’ asari- o’zbek, nafaqat jahon adabiyotning noyob yodgorligi, memuar tarixiy asar. Asarda 1494-1529- yillarda Markaziy Osiyo, Afg’oniston va Hindistonda sodir bo’lgan tarixiy-siyosiy voqealar yilma-yil o’ta aniqlik bilan bayon qilingan bo’lib, ular muallif hayoti va siyosiy faoliyati bilan bevosita bog’liqdir. ,,Boburnoma’’ asari o’zida bayon qilingan voqealar jarayoniga ko’ra, 3 qismga: Boburning Movaraunnahr- 1494-1504-yillar; Afg’oniston-1504-1524-yillar; Hindiston-1524-1530-yillardagi hukmdorlik davrlariga bo’linadi. ,,Boburnoma’’da keltirilgan barcha ma’lumotlar, xususan, Farg’ona, Toshkent, Samarqand, Hisor, Chag’oniyon va Shimoliy Afg’onistonning XV asr 80-90-yillari va XVI asr birinchi choragidagi siyosiy ahvoliga doir xabarlar o’zining batafsilligi va aniqligi bilan boshqa adabiyotlardan tubdan farq qiladi.
Asarda ijtimoiy-tabiiy fanlar, tarix, falsafa, fiqh, din ta’limoti, tilshunoslik, jug’rofiya, tabiatshunoslik, madaniyatshunoslik, dehqonchilik, bog’dorchilik va boshqa sohalarga oid aniq va hali ham o’z ahamiyatini yo’qotmagan ma’lumotlar, ilmiy asoslangan xulosalar keltirilgan. Asarda Boburning bevosita o’zi lashkarboshi sifatida qatnashgan bir-necha jang manzaralari mahorat bilan berilgan.
Bobur Hindistonda juda oz muddat atigi to’rt yilu sakkiz oy (1526-1530 yillar) bo’lgan. Hindiston tabiati, uning ajoyibotlari, ko’rkamliklari, shuningdek, kamchilik va nuqsonlari haqida ,,Boburnoma’’da ta’riflab bergan. Boburning Hindistonga kelishi natijasida jamiyat taraqqiyotidagi ayrim o’zgarishlar (masalan, eri vafot etgan ayolning birga tiriklayin ko’milishi kabi ) sodir bo’lganini, yangiliklar kiritilganini ko’rish mumkin. Zero, Hind davlat arbobi J.Neru shunday degan edi: ,, Boburning Hindistonga kelishi tufayli Hindistonda buyuk o’zgarishlar sodir bo’ldi, me’morchilikda va madaniyatda, boshqa sohalarda yangicha taraqqiyot yuz berdi’’ ( J.Neru ,,Hindistonning ochilishi’’, ,,Jahon tarixiga bir nazar’’).
Bu haqida ,,Boburnoma’’da ham Bobur qurulishlarida yuzlab kishilar mehnat qilganligi aytilgan: ,, Nechukkim, ,,Zafarnoma’’da Temurning Masjidi Sangan imoratini qilurda Mulla Sharif mubolag’a bila bitibdurlarkim, Azar va Fors, Hindiston va yana o’zga sangtaroshlardan mening imoratlarimda har kunda olti yuz sakson kishi ish qilurlar edi, yana Ogra(Agra), Sehrida va Biyonada va Dilpurda bir ming to’rt yuz to’qson bir sangtarosh har kunda mening imoratlarimda ish qilurlar edi’’ ( Bobur ,, Boburnoma’’ Toshkent 1993-yil, 292-bet).
Shuningdek, Boburning ,,Boburnoma’’ asari shaharlar etnogenizi va etnografiyasiga oid ma’lumotlar ham g’oyat qimmatli va qadrlidi. Masalan,
,,Andijon aholisining asosiy qismi turkiylardir. Andijonda va uning bozorlarida turkcha bilmaydigan kishining o’zi yo’qdir. Xalqning tili adabiy tilga yaqindir.
Isfaraning barcha aholisi sortlardir. Ular forscha gaplashadilar.
G’azna shahri aholisi ko’chmanchi xalq va afg’onlardir. Qobul va uning atroflarida o’n bir, o’n ikki tilda gaplashadilar’’ ( Bobur ,,Boburnoma Toshkent 1993-yil ).
Asarda Bobur buyuk olimlar, yozuvchilar, shoirlar va rassomlar ijodiga tan berib, ,, Boburnoma’’ da ularni ko’klarga ko’tarib maqtagan. Masalan, A.Navoiy, A,Jomiy, M.Ulug’bek….
Shuningdek, muallifning muayyan tarixiy shaxslar bilan o’zaro dushmanlik qilgan Temuriy shahzodalar- Umarshayx, Sulton Ahmad, Sulton Mahmud, Boysung’or Mirzo, Sulton Husayn va boshqalar xulq-atvori, tabiati xususida bildirgan fikr-mulohazalari bilan ham ahamiyatlidir.
Buyuk tarixiy siymo sifatida Boburning shaxsi Yevropa va AQSH sharqshunos-tarixchilari diqqat-e’tiborini o’ziga jalb qilgan. ,,Boburnoma’’ni ingliz tiliga tarjima qilgan Eduard Holden avvalo, Boburning mashhur Yuley Sezar bilan qiyoslashni lozim topadi: ,,Bobur fe’l-atvoriga ko’ra, Sezarga qaraganda, sevishga arzigulikdir. Uning manglayiga yuksak fazilatli inson deb bitib qo’yilgan’’.
Zahiriddin Muhammad Boburning bolalik va o’spirinlik yillari haqida roman yozgan Uilyam Erskin Boburni Osiyo podshohlariga qiyosan shunday ta’riflaydi: ,,Sahovati, mardligi, ilm-fanga, san’atga muhabbati va ular bilan muvaffaqiyatli shug’ullanishi jihatidan Osiyodagi podshohlar ichida Boburga teng keladigan birorta podshoh topilmaydi’’. ,Boburnoma’’ asari Bobur merosining gultoji. Zahiriddin Muhammad Boburning ,,Boburnoma’’asarining yaratilishi jahonshumul ahamiyatga molik manba sanaladi. Chunki, bu obida to’rt marta fors tiliga, to’rt marta ingliz tiliga tarjima qilinib, birgina forsiy qo’lyozmalarning juda ko’p tarqalganligi, o’n uch qo’lyozmaga ko’plab mo’jaz rasmlar bilan ziynatlanganligi, asl matnning sakkiz marta chop etilishi, o’ndan ziyod inglizcha qisqa nashrlar yuqoridagi fikr isboti uchun kifoyadir.
,,Tarixga murajaat qilgan ekanmiz, bu xalq xotirasi ekanligini nazarda tutishimiz kerak. Xotirasiz barkamol kishi bo’lmaganidek, o’z tarixini bilmagan xalqning kelajagi ham bo’lmaydi’’( I.Karimov ,,Asarlar’’).
Zahiriddin Muhammad Boburning ,,Boburnoma’’ asarini o’rganish chog’ida shuni anglab yetdimki, biz yoshlar shunday ulkan adabiy merosimiz borligi bilan, buyuk ajdodlarimizning avlodlari ekanligimiz bilan faxrlanishimiz kerak. Bobur shaxsiyatidagi qat’iylik, dovyuraklik, vatanga muhabbat, mag’rurlik, bilimdonlik, iste’dodlik kabi oxiri tuganmas bo’lgan fazilatlarini o’z qiyofamizda kashf etaylik!