Til – odamlarga Yaratgan ato etgan benazir inʼom, insonlarning ming yillar davomida oʻzaro munosabatlarida sayqallanib kelgan javohir.
Til qonun-qoidalariga toʻliq rioya etishni farz deb bilgan koʻplab ziyolilar nutqida oʻzbekcha bayonning naqadar jozibadorligini teran his etib, OAV va zamonaviy badiiy adabiyot namunalarida chuqur maʼno-mohiyatga ega goʻzal ibora, ifoda va jumlalarga duch kelasiz.
Zotan, maʼnaviyati past insonlargina ona tilining qadr-qimmatini bilmaydi. Lison meʼyorlariga, qonun-qoidalariga rioya qilmay, bu javohirni sochib yuboradi. Mutolaa barobarida, televizor tomosha qila turib ham gohida oʻzbek adabiy tilining nozik jihatlariga bir oz loqaydlik sezsangiz koʻnglingiz xira tortadi. Bayon tarzi goʻyo bekamu-koʻst, ravon. Lekin notiq oʻzbek adabiy tilining xazinasidan – bebaho lugʻaviy boyligidan toʻgʻri foydalanyaptimi?
Endigina sanʼat olamiga kirib kelayotgan yosh qizaloq haqida namoyish ketyapti. Boshlovchi matnni oʻqiydi: “Sanʼatga iqtidori boʻlgani uchun…”
Iqtidor, salohiyat, qobiliyat kabi soʻzlar maʼno jihatdan bir-biriga yaqin, shuningdek, har birining oʻz oʻrni bor – har soʻzning joyi, har nuqtaning maqomi boʻladi. Iqtidor – bu qudrat. Taraqqiy etgan davlatni iqtidorli deymiz. Yuragida olov bolajonda esa biron sohaga qiziqish, ishtiyoq, isteʼdod, zavq, shavq, ragʻbat, layoqat, mayl, havas, intilish va joʻshqinlik boʻlishi tabiiy.
Dunyoda mavjud bir necha ming til ichida oʻzbek tili eng boy tillardan biri ekanligi ayni haqiqat. Shunday ekan, soʻzlashdan oldin soʻz xazinamizga bir nazar solsak, nima haqda gap borayotganini hisobga olgan holda eng kerakli soʻzlarni qoʻllasak, fikrimizni teranroq ifoda etgan boʻlamiz.
“Goʻshakni beraman”, deydi uy telefonida emas, mobil vositasida gaplashayotgan film qahramoni. Yoki u:
“Bemavrid bezovta qilmadimmi?” – soʻraydi, “Bemahalda bezovta qilmadimmi?” yoxud “Bemavrid qoʻngʻiroq qildim chogʻi” deb uzr bildirish oʻrniga.
“Chakagingni yum”dagi mantiqqa ham eʼtibor qarating. “Chakak” ogʻiz emas, pastki jagʻ-ku? Gapira-gapira charchaganni “chakagi tushdi” deymiz.
“Halokat joyiga yetib bordi”. “Avtohalokat” oʻrnida qisqacha – “halokat”? Aslida, “avtohalokat” ham avtoavariyani toʻliq ifodalamaydi. Chunki “halokat” bu – fojiali oʻlim. Avtoavariyada esa odam oʻlmasligi mumkin. “Avtofalokat” desak balki toʻgʻriroqdir.
Tildagi gʻalizliklar, nooʻrin iboralar, ayniqsa, reklama roliklarida koʻproq uchraydi: “Dilxush navo”, “Zabardast ijro…”
Shakl jimjimador, maʼno-chi? Fikr mohiyatan boʻsh boʻlsa, nutqqa ortiqcha ohanjama qoʻshib gapirishdan foyda yoʻq.
Til jamiyat barobarida taraqqiy etadi. Ayrim soʻzlar oʻz maʼnosini oʻzgartirishi mumkin. Masalan, ming yilcha muqaddam “dehqon” soʻzi “qishloq sohibi”, “davlatmand” maʼnosini, “mehnat” esa “azob-mashaqqat” maʼnosini ifodalar edi. Bu ikki soʻzning bugungi maʼnosi hammamizga maʼlum… Yangi ifoda-iboralarning yaratilishi ham tabiiy holat. Lekin har kimning ham oʻzicha bir nima “yaratishidan”, duch kelgan soʻzdan yangi maʼno axtarishidan til rivojlanmaydi, aksincha, xarob boʻladi.
Navo “dilxush” boʻladimi?
”Dilni xush etuvchi navo” maʼnosi bu yerda yoʻq.
Qoʻli baland (uzun), hukmi ravo shaxs bu – zabardast (aksi zerdast). Majozan buyuk shaxslarni, ulugʻ shoiru yozuvchilarni zabardast deyish mumkin.
”Jonli efir” deymiz va yozamiz. Ruschasi “jivoy” yo “pryamoy efir”, inglizchasi “layve”. Boshqa tillarga bu iboralar qanday tushgan bilmadik, lekin oʻzbekchada “toʻgʻridan-toʻgʻri…” yoxud “toʻgʻridan-toʻgʻri translyatsiya” (olib eshittirish yo koʻrsatish) deb yozish mantiqan durust.
Moʻjazbayonlik yaxshi, biroq undan til tabiatidagi nazokat shikast koʻrmasligi kerak.
Yoxud “jonli ijro”dan “bevosita ijro” sahihroqdir.
Sport sharhlovchilarining ayrim soʻzlaridan ensangiz qotadi. Xorij futbol jamoalarining bir uchrashuvida shov-shuvli yirik hisob qayd etilgan. “Magʻlub etdi” oʻrniga “tor-mor keltirdi” deydi sharhlovchi tantanali ohangda. “Oʻzbek tilining izohli lugʻati”dagi “tor-mor” soʻziga qarayman: qaqshatqich zarba bilan yoʻq qilmoq, mahv etmoq…
“Falon komanda falon komandani sinovdan oʻtkazdi”.
Ikki jamoa kuch sinashdi, biri ikkinchisini imtihon qilmaydi. Oʻyin ikkala jamoa uchun bir xil sinov maydoni emasmi?”Falon komanda (ustunligi bilinayotgan jamoa) falon komandani oʻz nazoratiga oldi”.
Sharhlovchi “nazoratga olish” zamiridagi maʼnoni bilib gapiryaptimi yoki bilmay?
“Gol muallifi” degan iborani koʻp eshitamiz. Hujumchi toʻpni bexato darvozaga yoʻllab navbatdagi golni oʻz hisobiga yozdirishi mumkin. Muallif (taʼlif etish)lik esa ijod ahliga daxldor soʻz. Gol urgan jamoadoshiga koʻmak berganni “hammuallif” deb boʻladimi?
Oʻzbek tilidagi latofat va balogʻat boshqa mamlakat sharhlovchilariga taqlid oqibatida qoʻllangan shu yangligʻ soʻzma-soʻz va zoʻrma-zoʻraki baʼzi tarjimalarni xushlamaydi.
Boshlovchi yo film qahramonlari tomonidan maʼnodosh soʻzlarning bemavrid takrorlanishi ham bayon husnini buzadi. “Menimcha, kelganingizga ancha boʻlgan, shekilli”.
Bir soʻzning qayta takrorlanishi-chi: “Endi hammasini hal qiluvchi savol hal qiladi”.
”Ular sohil boʻyidagi joyni ham egallamoqchi”. “Chirchiq daryosi qirgʻogʻidagi sohilda…”
Deylik, bu ayrim muallif yoxud film qahramonlari tilidagi yarim-yorti jumlalar. Badiiy adabiyotdagi yanglishlar-chi?
Darvoqe, adabiy til barobarida badiiy til mavjud. Maʼlum qolip va meʼyorga solingan adabiy tilga qaraganda badiiy tilning imkoniyatlari keng. Personaj mahalliy shevada gapirishi mumkin – qahramonlar tilida mahalliy sheva ishlatiladi. Shuning uchun ham badiiy tilning adabiy tildan boy boʻlishi tabiiy. Lekin badiiy tilning ham “yozilmagan qonuni”, meʼyori bor-ku? Til, donolarimiz taʼbiri bilan aytganda – qin ichidagi xanjar. Chigʻanoq ichidagi gavhar. Asar personaji yoxud intervyu beruvchi shaxsning “nisbatan ozodligi”ni tushunish mumkin, lekin adib yo jurnalistni-chi? U soʻzni badiiy adabiyot yo matbuot sahifalari-yu, ekranga olib chiqishdan oldin obdon oʻylashi, har gap ortidagi maʼno haqida mulohaza yuritishi, sanoqsiz kalimalar ichidan eng keraklisini topgandagina “qurol” yo “gavhar”ini namoyish etishga haqli emasmi? “Men soʻzni tonnalab olib, grammlab sotaman” degan edi atoqli adibimiz Abdulla Qahhor.
Endi badiiy adabiyotdagi ayrim bemavrid takrorlarga eʼtibor qarating: “Uning atrofida girdikapalak boʻldi”. “oʻazabdan Toshmatning afti basharasi qizarib ketdi”. “Podshohning makrli nayrangbozligini qattiq qoraladi”.
Yuqoridagi, sohil va boʻy (qirgʻoq) bir-biriga sinonim boʻlgani kabi, “atrof”ning maʼnodoshi – “gird”, “makr”niki murodifi – “nayrang”. Aft va bashara ham bir maʼnoni ifodalaydigan ikki soʻz boʻlib, bir-birini toʻldirmaydi, balki takrorlaydi.
Kelib chiqishi boshqa tillarga daxldor soʻz va ifodalarda asl maʼnoga befarqlik koʻproq uchraydi. “Bolaxonaga chiqdi”. Boloxona – xona ustidagi xona. Bolaxona-chi? Bir harf – birgina tovush belgisining notoʻgʻri qoʻllanishi butun maʼnoni oʻzgartirib yuborishiga guvoh boʻlyapmiz.
Sheva tilni boyitadi, xalq ogʻzaki ijodi adabiy tilning bebaho manba va sarchashmalaridan biri ekanligi barchamizga maʼlum. Lekin Zamaxshariy, Qoshgʻariy, Navoiy, Bobur kabi daholar tiliga, ular qoldirgan bebaho maʼnaviy merosga hurmati baland inson mahalliy til, dialekt bilan gʻoyat ehtiyotkor munosabatda boʻladi.
“Sayl (sayil), sayilgoh” emas, sayr (sayrgoh) boʻladi, deb yozibdi kuyinchak bir gazetxon. Isboti bilan. Yaxshi-kuya, lekin adabiy til dasturi (imlosi)da “sayr” barobarida saylga ham oʻrin berilgan boʻlsa, adib yo umuman qalam ahli nima qilsin?
“Sayil joyi soʻlim bogʻ edi”, degan misra koʻpchilikka tanish. Til dasturi belgilagan chegaradan chiqmagan shoirda nima ayb?
“Zimdan tamagirlik qilayotganlar ham yoʻq emas”.
Mumtoz adabiyotimizning lugʻat boyligida tama (aslida tamaʼ, birovdan bir narsa kutish, ochkoʻzlik) soʻzi bor, tamaʼkorlik bor, lekin tamagir, tamagirlikni uchratmaysiz. Yaʼni “tamagirlik” “tamaʼkorlik”ning buzilgan shakli. Kelib chiqishi arabcha boʻlgan tama(‘)ning maʼnosi birovdan bir narsa kutish, hirs, ochkoʻzlik boʻlsa, gir (giriftan) forscha soʻz boʻlib, ol (olmoq) maʼnosini bildiradi. Tama qilmoq mumkin, ammo mantiqiy nuqtai nazardan tamani qoʻlga olib boʻlmaydi, tamagirlik poraxoʻrlik maʼnosini bildirmaydi. “Tamagirlik” oʻrnida”tamakorlik” yozish maqsadga muvofiq.
“Jannatmakon” deymiz diyorimiz toʻgʻrisida soʻz ketsa. Haqiqatan makonimiz jannatga oʻxshash, lekin “jannatmakon”ning mumtoz adabiyotimizda “joyi jannatda boʻlgur”, “rahmatli” maʼnosida qoʻllanganini ham yodda tutishimiz kerak. Shu bois “jannatmakon” oʻrnida “jannatmonand” qoʻllanilsa biron eʼtirozga sabab qolmaydi.
Til – bobolar merosi. Undagi har soʻz va ifodani asrab-avaylash, asl holda saqlash, undan toʻgʻri foydalanish burchimiz emasmi? Ming yillar davomida bobolarimiz qoʻllagan soʻzlarni “didimizga mos oʻzgartirsak” yoxud adabiy til darvozasini shevaga ochib bersak, qandoq boʻlarkin?
“Jonon”ni “janon” deb (jon boʻladimi yoki jan?) bobolar gʻazalini buzamiz xirgoyi qilayotib.
Jonon aslida kim ekanligini baʼzilar bilmaydi. Mahbuba deb oʻylaydi, xolos. Jonon bu – Tangri taolo. Masalan, qanday tilaging bor, deb soʻrardilar oʻlim toʻshagida yotgan odamdan. Javob berardiki, menda jonon vaslidan boʻlak qanday tilagim boʻlishi mumkin? “Jonon”ni janon deb talaffuz qilish – Olloh nomini notoʻgʻri tilga olishdir.
”Tiri afgʻonim” oʻrnida “tiru afgʻonim” deymiz mashhur “Hech kima maʼlum emas…”ni kuylayotib.
“Oynai jahon”da hofiz kuylayapti:
Sensan sevarim, xoh inon, xoh inonma…
Titrda esa – “ho inon, ho inonma…”
Boshqa bir ashuladagi titrda ham xatolik:”doʻsti xiyonat qilgan oshiq” quyidagi xalq maqolini qistirib oʻtyapti:
Oʻzingdan chiqqan baloga,
Qayga borasan davoga?
Davo boʻladimi yo daʼvo? “Oʻzingdan chiqqan balo” kasal emaski, davolangani olib borsang. Daʼvo boʻladi!
Mustaqillik oʻzbek xalqiga oʻzligini qaytardi. Shu makonda umrguzaronlik qilayotgan xalq ona tili millat ruhi ekanligini, tilimiz zaminida ildiz otgan “begona oʻtlar”-u, “xas-xashak”lardan tozalash ishi muhim burchi ekanligini angladi.
Istiqlol oʻzbek tili ravnaqi uchun ham yorqin yoʻl ochib berdi. Shu bilan birga istiqlolga qadar soʻnggi yuz yillik oʻzbek adabiy tili uchun murakkab bir davr boʻlgani hech kimga sir emas. Bugun soʻz sanʼatining jilolanishiga toʻsiq boʻlayotgan ayrim holatlar, shaklbozlik hamda taqlidchilik esa oʻsha murakkab davrning kasridir.
Tarix qatlarida turkiyzabon xalqning teran va mustahkam ildizi bor ekan, shunga munosib aytar soʻzi ham boʻlgan. Bugungi kunda ham uning biror soʻzi nishonda adashmagani uchun qadri, sofligi, maqomini koʻtarish yoʻlida masʼullik hissi bilan yashamogʻimiz lozim.
Oʻzbek adabiy tili tabiatiga yot bitta-yarimta choʻltoq va soxta iborayu ifodalardan voz kechib, asl va maʼnodor soʻzlardangina foydalansak, lugʻat boyligimiz shodasi ipga tizilgan durdonalar majmuidan tarkib topsa-yu, bizdan kelasi avlodga haqiqiy marvaridlar meros qolsa, nur ustiga nur boʻlardi.
Muhammad ShODIY
“Hurriyat”dan olindi.
https://saviya.uz/hayot/nigoh/biror-soz-nishonda-adashmasin/