Birinchi parta

Tandirning hovuri oz boʻlsa-da tarqasin deb Qumri paxsa osha qoʻshni uy ayvoniga moʻraladi. Kovushini oyogʻiga ildirayotgan ayolga koʻzi tushib:

– Orzigul, hoy Orzigul! – deya qoʻl silkitdi, ust-boshini toʻgʻriladi, roʻmoli uchiga yuzini artdi. Qoʻshnisi yetib kelganida esa paxsa ustiga boʻz xaltachani qoʻyiboq:

– Oʻzimizning bogʻdan, – dedi.

– Nima ekan bu? – Orzigul xaltachani silkib koʻrsa, shiqir-shiqir tovush keldi.

– Oʻzimizning bogʻdan, dedim-ku, oʻrgilay, zardoliqoqi. Shu desangiz, maslahatingiz kerak.

– Qoqisiz ham qulogʻim sizda.

– Oʻrtanchimiz qoʻlingizda oʻqiydigan, bilasiz. Ertaga parta tanlashga borisharkan, shunga… joyni oldinroqdan bersangiz deb…

– Oldinroq deganingiz qayer, uchinchimi-toʻrtinchimi?

– Oldinroq, oʻrgilay…

– Ikkinchimi? – garchi Orzigul qoʻshni ayolning shamasini tushunayotgan esa-da, diqqatini oshirdi.

– Iloji boʻlsa, yana biroz…

– Shunday demaysizmi, qoʻshni. Nima, orqa qatordan ilon chiqibdimi?

– Hazil qilasiz-da, Orzigul. Oʻgʻlim yaxshi oʻqisa, deyman.

– Orqaroqda yaxshi oʻqimas ekanmi?

– Gap unda emas! – Qumri paxsaga yaqinlab, oʻng-soʻliga qaragach, shivirlashga oʻtdi. – Anavi Shokir oqsoqolning toʻngʻichi bor-ku – Maqsad, oʻshaning oʻgʻli diplomat boʻlib ketibdi. Ingliz tili oʻqituvchisiga borib uchrasam: “Koʻz oʻngimda, birinchi partada oʻtirardi”, deydi. Oʻshanga…

– Shokir oqsoqolning qizlari ham bor, Qumri. Lutfiyasi – yurist, Mohirasi – tarjimon. Ikkaloviyam oʻzimda oʻqigan, toʻrtinchi partada oʻtirishardi. Otanazar bogʻbonning nabirasi bor-ku, Doston – tunov kuni doktorlik ishini xorijda yoqlab kelgan-chi, birinchi sinfdan to toʻqqizni tugatgunicha eng soʻnggi partada oʻtirgan.

– Shundaylikka shundayku-ya, birinchi baribir birinchi-da!

Shu dam Qumrining non yopayotgani yodiga tushib, gaplari qiyildi.

– Hovuri tarqamasin, oʻrgilay, maslahatga haliroq oʻtaman, – Qumri zuvalani yoyib, tikochlab, xamirni rapida yuziga qoʻydi-da, suv sepgach, yelkasigacha tandirga kirib, tap etib urdi. Xaltachadagi qoqlar paxsa ustida qolib ketdi.

Peshinga borib oʻn-oʻn besh uy nari-berisi Saragul momo muallimni yoʻqlab keldi.

– Orzigul, nabiram senga tushibdi – ismi Jamila.

– Shunday, momo.

– Nabiram orqada oʻtirmasa degandim, yashil taxtang koʻrinmaydi. Koʻrinmagandan soʻng oʻqishiyam tuzuk boʻlmaydi, qizim.

– Yomonsiz, momo, koʻp narsani bilasiz. Lekin… yashil taxtaning tagida oʻtirish shunchalik muhimmi?

– Tagida oʻtirmasin, koʻrinsin! – Saragul momo gapniyam saralab aytardi. – Kemani bilasan-a, Orzigul, yelkanli kemani! U dengiz toʻlqinlarini qanday kesib oʻtishiniyam bilasanmi? Oldi uchli boʻlgani uchun. Birinchi qator ham kemaning oldiday gap. Jamilamning bilimi zoʻr boʻlsa, har qanday toʻlqinni kesib oʻtsa deyman…

– Siz aytayotgan kemaning yelkaniyam bor, momo, langariyam yoʻq emas, – Orzigul bir piyola choy uzatarkan, Saragul momo xiyol oʻyga toldi. Choyini ichdi-da, oʻrnidan qoʻzgʻaldi. Eshikka yetmay, toʻxtadi. Nim qayrilib:

– Yelkan boʻlsa, yelkan-da! – dedi. – Muhimi, toʻlqinlarni kesib oʻtishda nafi tegsin!

Shomga yaqin boʻsagʻa tomondan taqa-tuq tovush keldi. Rais otidan tushib, jonivorni jilovidan ushlab turardi.

– Koʻpam vaqtingni olmayman. Kenjamning uli oldinroqda oʻtirsa, yaxshiroq oʻqisa, degandik…

– Hurmatingiz bor, Mardon ota, – Orzigul ot jilovini qoʻyib yubormay ushlab turganidan raisning shoshayotganini fahmladi-da, ichkarilab, patnisda non ola chiqdi. – Eshitishimcha, partasiz oʻqigan ekansiz, ota? – dedi-da, patnisni raisga uzatdi.

– Shunday, qizim, shunday! – Mardon ota tasdiq maʼnosida bosh irgʻab, nondan ushatib oldi. Muallimning nima demoqchi ekanini ilgʻab, ziyod soʻz qilmay, uzangiga oyoq soldi. Jonivor uch-toʻrt tuyoq otmasi “dr-r-r-r” deb suvluqni oʻziga tortib, toʻxtatdi.

– Partasiz ham yozib-chizganmiz, qizim, partasiz ham! – deya otini chuh-chuhladi.

Bu orada Qumri qoʻlida boʻz xaltacha va ikkita non bilan kirib keldi:

– Orzigul, shuginani unutib qoldiribsiz. Chin koʻngildan, oʻrgilay. Boya gapimiz chala qoluvdi…

– Tugamovdi deng!

– Hm-m, oʻrgilay. Koʻrmaysizmi, Nazar ustaning oʻgʻliyam zoʻr arxitektor boʻlib yetishibdi. Soʻrab bildim, uyam birinchi partada oʻtirgan ekan.

– Oʻlmang, Qumri, bor boʻling! – Orzigul jilmayib choy quydi. – Yuring, sizga bir nima koʻrsataman.

Qumrining piyoladagi choyni ichishgayam sabri yetmay, qoʻshnisiga ergashdi.

– Mana bularni koʻrayapsizmi? – muallim hovli oʻrtasidagi daraxtlarga ishora qildi. – Boʻy tortib boravergani sayin, oʻylarim koʻpayadi, qoʻshni, oʻylarim. Qarang, ular oʻz yaproqlarini quyoshga tutayotganday tuyulmayaptimi sizga?! Hov anavi daraxt, oldinroqdagi, uning yonidagi – barchasi… Partalar ham shunday. Birinchi boʻladimi, ikkinchimi yoki oxirgi – farqi yoʻq, bagʻriga olgan oʻquvchisini ulgʻaytiradi. Kimgadir sabab, kimgadir bahona bu partalar. Aslida, hammasi oʻzimizga bogʻliq. Mana masalan, siz!

– Menmi, oʻrgilay?! – Qumri gapning qayoqqa qarab borayotganini tushunmay, shoshib qoldi.

– Hm-m, oʻrgilay, oʻzingiz nechanchi partada oʻtirgansiz?

Qumri koʻzlarini chirt yumib, eslashga urindi: ana, oq fartuk va oppoq lentalarda sinfxonaga kirib keldi, dugonalari bilan soʻrashdi, orqa qatorlarda toʻxtamadi, yurib boraverdi. Xayolida oʻzini boshqarishga harchand urinmasin, doskaga yaqinlab qoldi. Sumkasidan qiyiqcha olib, birinchi partaning changini artayotganida koʻzlarini ochdi…

 

Akmal MUROD

https://saviya.uz/ijod/nasr/birinchi-parta/

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Старые
Новые Популярные
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x