Bir yuz oʻn toʻrt yoshli baxtli momo

 hayot albomini varaqlaganda…

 

Poshsha momoni Qilchinoq qishlogʻida hamma yaxshi koʻradi. Bir asrdan ortiq yashab, hayotning achchiq-chuchugini tatigan momoning oldiga maslahat soʻrab keluvchilar bisyor.

Sababi, momoning bergan har bir oʻgiti umr yoʻllarida orttirgan saboqlari, xulosalari mahsulidir. Bu oʻgitlar oʻrni kelsa, toʻgʻri yoʻldan adashib ketayotgan yoshlarning hayotini iziga tushirib yuborgan, axir.

Poshsha momo Yusupova Qoraqalpogʻistonning Ellikqalʼa tumanida Qilchinoq qishlogʻida yashaydi. Tabarruk momo umrining oz emas, koʻp emas 114 yilini qarshi olmoqda. Olti nafar farzandni tarbilab voyaga yetkazdi, yuz nafardan ziyod chevara, yuz nafarga yaqin evara va oʻttizga yaqin duboralarning rohat-farogʻatini koʻrib, baxtli hayot kechirmoqda. Onaxon hamon tetik. Qoʻliga hassa tutmagan, soʻzlari burro-burro, koʻzlari ravshan.

Onaxon davlatimiz eʼtibori va gʻamxoʻrligida: “Shuhrat” medali bilan taqdirlangan.

Sakson yoshli oʻgʻli Doʻstjon otaning gaplariga qaraganda, Poshsha momo biror marta sogʻligʻidan shikoyat qilib, shifoxonaga bormagan, hatto shamollash nimaligini bilmaydi. Bunday uzoq va sogʻlom yashashining sirini u tinimsiz mehnat va harakatda, sogʻlom fikrlash va qalb pokligida, deb hisoblaydi.

Momoning suhbatini olish oson boʻlmadi, sariq muqovali qalin foto albomdagi suratlarni ochgachgina, xotiralar jonlandi…

 

Suratda boshiga doʻppi kiygan, ikki oʻrim sochini orqasiga tashlagan xushroʻy qizning yonida qoramagʻizdan kelgan uzun boʻyli yigit turibdi…

 

 – Oʻshanda men oʻn yettida, Kenja bobong yigirma yoshda edi, – gap boshladi Poshsha momo. – Bobongning uyi yaqinidan daryo oʻtardi. Har kuni unga suv olgani borardim. Bir kuni chelagimni suvga toʻldirayotib, oyogʻim sirgʻanib, daryoga yiqildim. Shiddat bilan oqayotgan daryo meni qirgʻoqdan uzoqlarga olib ketdi. Oʻzimga kelsam, tepamda onam yigʻlayotir. Odamlar toʻplanibdi. Bobong tepamda tirjayib turibdi. Onam meni qutqargan qahramon oʻsha ekanini aytdi… Bahorda ikkimiz Nukusga kino koʻrgani borgandik. Bu surat oʻsha yoshlik xotiralardan esdalik.

 

Momo xayolga choʻmgancha, yana bir suratni qoʻliga oldi. Sakson yildan ortiq saqlangan suratning chetlari yirtilib, buklanib qolgan. Unda Kenja bobo bilan Poshsha momo olti nafar farzandi qurshovida.

 

 – Surat hayotimizning eng shirin onlaridan esdalik. Uch oʻgʻil, uch qizning ota-onasi boʻldik, – momo qadrli narsasini koʻrgandek, suratni silab oʻtirdi. – U paytlar zamon talatoʻplarga toʻla edi. Ammo biz boriga shukr qilib, mehnatdan qochmay bolalarga halol luqma yedirib tarbiyaladik.

… Bir kuni uyda yeyishga hech vaqo qolmadi, bolalarning qorni och. Doʻstjon yigʻlayvergach, qoʻshnimning uyiga borib, bugʻdoy soʻradim. Bobong buni bilgach, “men farzandlarimga oʻz mehnatim bilan luqma yediraman, darrov qaytarib olib borib ber”, deya uydan chiqib ketdi-yu, oqshom bir qopchada un koʻtarib keldi. Bilsam, u qoʻshni qishloqqa borib, birovning xizmatini qilib, un topib kelgan ekan. Turmushda yaxshi-yomon kunlar koʻp boʻladi. Agar hayot silliq boʻlganda edi, inson yorugʻlikning qadriga yetmay qoʻyardi yoki shukronalik nima ekanini bilmay oʻtib ketardi. Oʻsha paytlar ajrashish degani isnoddan ham ogʻir koʻrgilik hisoblanardi. Hozir turmush qurib, ajrashib ketayotgan yoshlar haqida eshitsam, qalbim soʻtilib ketadi. Arzimagan sabablar bilan oila degan muqaddas dargohni buzish nahot oson boʻlsa?! Oilani muqaddas bilib, bobong bilan uzoq va mazmunli hayot kechirdik. Oʻylashimcha, u kishi meni qiyin kunlarda yonida boʻlib, bir-birimizni tushunib yashaganimiz, hech yuziga tik qarab soʻzini boʻlmaganim va bolalarimizga mehribon ona boʻlganim uchun ham yaxshi koʻrardi.

 

Momo tandirdan non uzayapti. Rasmda onasiga kulib qarab turgan qizcha ham bor.

 

 – Onam uy ishlarini tindirib qiladigan ayol, – deydi 74 yoshni qarshilagan, maktabda bir necha yillar dars bergan, oʻsha suratdagi jajji qizaloq Roʻzigul Kenjayeva. – Qoʻlidan kelmaydigan hunari yoʻq. Ovqatining taʼmini totgan mehmon uydan ketolmasdi. Onamning non yopayotgan chogʻlarini intiq kutardim. Boisi shirali bulbul ovozida qoʻshiq aytardilar. Men chinor orqasiga yashirinib, tinglardim. Onam kuylaganda butun tabiat uygʻonib, yanada goʻzal boʻlib ketardi. Onamning bu qobiliyatini mendan boshqa hech kim bilmasdi.

Albomga ulkan surat yopishtirilgan. Unda Poshsha momo besh yuzga yaqin chevara, evara, duboralari bilan rasmga tushgan. Agar rasmga sinchiklab nazar tashlasak, ayrimlarning rasmga sigʻmay qolganini koʻramiz.

 

Qumar BEGNIYAZOVA,

Nukus tumani

 

“Oila davrasida” gazetasidan olindi.

https://saviya.uz/hayot/nigoh/bir-yuz-on-tort-yoshli-baxtli-momo/

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Старые
Новые Популярные
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x