Bir siqim tuproq

…Ular qishloqdan chiqib borayotib Mamarasul boboning uyi oldiga yetganda Oʻrinboy ot tizginini tortib, toʻxtamoqchi boʻldi-yu, yana chilvirni siltab jonivorni yurishga undadi. Mamarasul boboning uyi hamma qatori pastqamgina boʻlsa-da, deyarli tun boʻyi chiroqlari yonib turardi. Qishloqda faqat shu odamgina biroz savodli boʻlib, oʻqish-yozishni bilardi. Shuning uchun doim vertolyotda kelgan rus ovchilari uning uyiga qoʻnishardi. Yoshi ulugʻ boʻlsa-da, u ovchilar bilan rus tilida qiynalmay gaplasha olar, qayerlarda ov qilish kerakligini yaxshi tushunardi. U hammaga Koʻkyolning uyasi yaqiniga bormaslikni va unga ziyon-zahmat yetkazmaslikni tayinlab uqtirardi.

– Ota, osmonga qarang, – dedi Doʻsmat kutilmaganda oʻrtadagi sukunatni buzib.

– Qaradim, xoʻsh nima boʻpti? – dedi Oʻrinboy beparvogina.

– Anavi yulduzlarni koʻryapsizmi? Ular doim bizning uyimiz ustida turishardi. Endi boʻlsa, biz bilan birga ergashib ketyapti.

Bu gap Oʻrinboyni biroz sergak torttirdi, chogʻi, u osmonga uzoq tikilib qoldi. Soʻng oʻgʻliga:

– Doʻsmat, bilsang, bu sening yulduzlaring. Ular doim sen bilan birga yuradi. Ularning orasida otangning, enangning va onangning ham yulduzlari bor. Ular seni doim kuzatib turishadi. Biz qishlogʻimizdan ketayotganimiz bilan bu osmon ostidan chiqib keta olmaymiz.

– Siz bularni qayerdan bilasiz?

Doʻsmatning savoli javobsiz qoldi. Oʻrinboy yoʻlga termulganicha yana xayol ummonida suza boshladi. Balki u bolasining soʻzlarini eshitmagandir, balki javob berishni istamagandir. Nima boʻlganda ham u churq etmadi. Koʻp oʻtmay bola pinakka ketdi. Bu damda ular soʻqmoq yoʻlga tushib olishdi. Oʻrinboyning yuragini qiynayotgan narsa battar avj oldi. U oilasining bir aʼzosidan ayrilgani uchun qishlogʻini, ona zaminini tashlab ketayotganini, endi oʻziga biroz qiyin boʻlishini koʻnglidan oʻtkazib, goho nimalarnidir oʻzicha gʻudranib qoʻyardi. Qani, u hali bu yerlarning bir siqim tuprogʻiga zor boʻlishini bilganida!

Ular tong yorishgan chogʻda tugʻilib oʻsgan joyini tark etib ulgurdi. Bu yogʻi endi batamom boshqa yerlar. Endi qayerdan qoʻnim topish kerakligi toʻgʻrisida oʻylash kerak. Albatta, ovchi uchun togʻli joy qulay. Aksiga olib bu atrofdagilarning barchasi Oʻrinboyni yaxshi taniydi. Ota-bola bir emas, bir necha kun yoʻl yurib, qorli choʻqqilar bagʻridagi bir qishloqqa kirib borishdi. U yerliklar bilan tanishgach, ovul qariyalarining izniga koʻra yangicha hayot boshlashdi. Bu yerliklar biroz qoʻpol boʻlsalar-da, Oʻrinboyga koʻmak qoʻlini choʻzishdi. Oradan unchalik koʻp vaqt oʻtmasdanoq Oʻrinboy ovuldagilar eʼtiborini qozona boshladi. Axir u mohir ovchi, qoʻli gul usta va polvon ham edi. Shu bois endi bu qishloqdagi nomdor ovchiyu polvonlarning peshonalari tirisha boshladi. Ular yerning asl egalari kimlar ekanligini bildirib qoʻyish uchun tinmay ovga chiqar, har gal katta-katta oʻlja bilan qaytishardi. Bir safardagi ovning tuzukkina janjalga aylanishiga sal qoldi.

Ovchilar qishloqdan ancha olislab, baland choʻqqilar sari oʻrlab borardi. Ularning koʻnglida birgina narsa – oldimizdan qanday oʻlja chiqadi, degan oʻy kechardi. Qalin butazor tugagach, u yogʻi toshloq, baʼzi-baʼzi yerlardagina archa borligini aytmaganda, cheksiz dara. Hozir yaxshi bir tozi it boʻlganda bormi, atrofni bir zumda aylanib chiqardi. Huv ana, olis-olisdagi xarsang ustiga qotmador bir togʻ echkisi sakrab chiqdi. Ana, sizga oʻlja! Ovchi uchun bundan ortigʻi kerak emas.

Merganlarning qoni gupirib ketdi, shekilli, harakatlar tezlashdi. Jismu tanlarida qandaydir bir gʻayritabiiy kuch paydo boʻlib, oʻzlarini shaxd bilan panaga olishdi. Ular oʻljaga yaqin qolganda, birdan togʻlar uzra gumburlab ketma-ket oʻq ovozi yangradi. Koʻz ochib yumguncha magʻrur turgan togʻ echkisi toshdan-toshga urilib, pasga qulay boshladi. Hayron boʻlgan ovchilar bir-biriga qarab qolishdi. Kim u, qanday qilib va qayerdan otdi, deganday bir-birlariga tikilishdi.

– Ana, Oʻrinboy otgan ekan, – dedi Arsen shoshib oʻlja tomon borayotgan merganni koʻrsatib.

– E, ha-a! Hali u bizning oʻljani urib tushiradigan boʻlib qoldimi? – deya sheriklari yuragiga oʻt tashladi Rustam. – Endi u bilan ochiqchasiga gaplashib olish kerak. Toki, bizning yoʻlimizdan chiqmasin. Bu orada Oʻrinboy oʻljani boʻgʻziga pichoq tortib oʻlgurdi.

– Hoy, sen kelgindi, oʻzingni kim deb oʻylayapsan? – dedi gʻazabini yashirolmay Rustam. – Nega bizning ortimizdan ergashib yuribsan? Bir oʻzing yurishdan choʻchisang, ovuldan qoʻshilmasmiding bizga?

– Nimalar deyapsan, Rustam? – vajohat bilan javob qaytardi Oʻrinboy. – Yuragim qoʻrquv nimaligini bilmaydi. Men oyoq-qoʻli ikkitadan ortiq boʻlmasa bas, odam zotidan choʻchimayman. Qolaversa, sening ortingdan ergashganim yoʻq. Bilsang, koʻkyollar yolgʻiz yuradi. Men ham…

– Sen oʻz yeringda shunday boʻlgandirsan, – soʻzga qoʻshildi Sobit. – Bu yerlar bizga tegishli. Bilsang, bu joylarning har qarichi biz uchun qadrli, biz uchun tanish, shuni bilib qoʻy. Senga: “Mayli oramizda yashasang, yashayver”, deyishimiz bilganingni qil, deganimiz emas. Ov qilsang, bizdan ortganini ovlaysan, boʻlmasa, chappagingni chalib, uyingda bolangga qara.

Oʻrinboy hozir tortishish befoydaligini tushundi. Biroq u: “Mana, senlarga shu kerak boʻlsa, olinglar”, deydigan ahmoqlardanmas. Yerlik merganlar ham anoyilardan emas. Birovning oʻljasini ham tortib olishmaydi. Bu ovchi uchun isnod. Ular oʻz oʻljasini ovlashga chiqqan, birovning nasibasini sadaqaday olishga emas. Yerlik ovchilar Oʻrinboyga bir-bir yovqarash qilganlaridan soʻng yurib ketishdi.

Qosh qoraymasdan Oʻrinboy ham qishloqqa kirib keldi-yu, goʻshtdan keragicha qozonga soldi. Ovul qariyalariga qoʻshib oʻzini darada qarshilagan ovchilarni ham ziyofatga chaqirdi. Bu murosaga kelishning eng toʻgʻri yoʻli edi. Chaqirganlarning deyarli barchasi kelishdi. Faqat ovchilardan darak yoʻq. Oʻrinboy ularni bir-bir qaytadan chaqirishga otlandi. Ularning hammasi Rustamning uyida toʻplanishgan ekan, u ham aynan shu yerga bordi.

– Qani yuringlar, bir-birimizdan arazlashmaylik, – dedi Oʻrinboy.

– Biz ovchilarmiz arazchilar emas, – javob qildi Arsen. – Sal shoshmasang, oʻzimiz ham borardik. Ha mayli, ketdik.

Barchalari birgalashib yoʻlga tushishdi. Yoʻl-yoʻlakay ular togʻda boʻlib oʻtgan voqeani qariyalar bilmay qoʻya qolishini Oʻrinboyga tushuntirishdi. Ovchilar yigʻinidan soʻng qurol ushlaganlar bir-biriga qasdlashsa yomon boʻlishini ham yodga olishdi.

Ayni Navroʻz kunida uni yoqtirmaydigan odamlar uning gilamiga chiqib, shu yerlik polvonlar bilan kuch sinashishini, kurashda yutsa, ovulda yashab qolishini, yutqazsa, bu yerlardan ketishi kerakligini shart qilib qoʻyishi kimning xayoliga kelibdi.

Oʻsha kuni ovul odamlari topganini oʻrtaga qoʻyishdi. Milliy oʻyinlar avjida. Bir tarafda yosh bolalar oshiq otishsa, bir tarafda polvonlar kurash tushardi. Sal narida esa odamlar otlarini poygaga hozirlardi. Oʻtirganlar davraga chiqqan har bir polvonga kuch-quvvat bagʻishlash uchun qiy-chuv koʻtarib, polvonlarni qoʻllashardi.

“Qani endi Oʻrinboy, sen ham oʻzingni koʻrsat, Senga shuncha mahal birov bir narsa degani yoʻq. Endi sen ham oʻzingni shu yerda yashashga loyiqligingni isbotlashing kerak”, deya bir guruh oʻtirganlar undan kurash tushishni soʻradi. Shart shunday: “Yutsang shu yerda yashaysan, boʻlmasa…” Soʻz oʻqdan ham yomon, deganlari rost ekan. Oʻrinboy ichidan nimadir chirt etib uzilganday boʻlib, butun vujudini alam oʻrtadi. Kutilmagan gap yuragini qoʻrdek kuydirdi chogʻi, u shahd bilan davraga chiqdi. Qarshisida qotmador alp polvon. Uni yiqitish qiyinligini oʻtirganlar yaxshi bilardi. Kurash boshlandi, biri-biridan mohir polvonlar uloq olishishdi. Shu orada nima boʻldi-yu, Oʻrinboyning tizzalari qaltirab, madori qocha boshladi. Biroq u buni raqibiga sezdirmaslikka urindi. Kutilmaganda “Ota” degan boʻgʻiq ovoz eshitildi. Bu Oʻrinboyning oʻgʻli Doʻsmat edi. Butun vujudi madorsizlanib borayotgan polvon bu siniq hayqiriqdan tengsiz kuch oldi. Nima boʻldi, qanday qilib shunday alp polvon yiqildi, oʻtirganlar buni anglolmay qoldi. Oʻrinboy shu ovulda yashash imkoniyatini yutib oldi. Ammo boyagi davradagilar: “Mayli, sen bizning ovulga aʼzo boʻlishga loyiq ekanligingni isbotlading, oʻgʻlingchi? U ham oʻzini koʻrsatsin”, deyishdi. Atrofda “Axir u hali boʻgʻini qotmagan bola boʻlsa, qoʻlidan nima ham kelardi?”, degan norozi hayqiriqlar yangradi. Qariyalar ham shunday degandek bosh chayqashdi. Biroq Doʻsmatning ot minishini yaxshi biladigan boyagi davradagilar uni: “Poygada gʻolib boʻlsa, otasi bilan shu yerda qoladi, boʻlmasa…” deya turib olishdi.

Boshqa chora yoʻqligini anglagan Oʻrinboy otiga sakrab mindi-da, jonivorga achchiq-achchiq qamchi tortib, boshini soy tomon burdi. Oʻtirganlar hayron, u nega lom-lim demay u yoqqa ketyapti? Sababi hech kimga ayon emasdi. Koʻzlari alam yoshiga toʻlgan polvon otni shunday savalab borardiki, ot keragidan ortiq tezlikda soy tomon shoʻngʻirdi. Koʻzdan panaroq joyga oʻtgach, u otdan sakrab tushdi. Jonivorning boshini quchoqlagancha, manglayidan suyib, yollarini siladi. Ayrimlardan olislayotgan oqibatni odamdan emas ongsiz, zabonsiz otdan axtarib pichirlay boshladi. “Endi bor umidim sendan, jonivorim. Boʻgʻini boʻsh qargʻaday bola senga, Seni esa Oʻziga topshirmoqchiman, tulporim. Meni masxara qilma, qanotim…” deya pichirlab yolvora ketdi. Qattiq pishqirib olgan ot esa, Oʻrinboyning yengil silkinayotgan yelkasini asta-asta qimtilab, bardam boʻl, degandek yuzidan hidlashga tushdi. Bundan Oʻrinboyning koʻngli toʻldi chogʻi, yana egarga oʻtirib, otni oʻtovlar tarafga burdi-da, sagʻrasiga qamchi urdi. Ana endi otning yugurishini koʻring. Hamma sabrsizlik bilan poyga boshlanishini kutmoqda.

Nihoyat otlarni bir qator qilib safga tizishdi. Doʻsmat ham ot tizginini dadil tutib turardi. Oʻtirganlar qiy-chuv solishar, bu nafaqat chavandozlarga, balki otlarga ham oʻzgacha kuch bagʻishlardi. Bosh hakam qoʻlidagi baliqning koʻzidek yaltiragan piston bilan oʻqlangan toʻpponchadan “tars” degan tovush chiqarishi bilan otlar chang-toʻzon koʻtarib olgʻa intilishdi. Chavandozlar otga ustma-ust qamchi tortib, uzangi bilan jonivorlar biqinini ayovsiz ura boshladilar. Oldinda qaysi biri ketdi, buni hech kim payqamay qoldi. Olomonning tovushi borgan sari avj oldi. Yosh bolalar tepalik tomon yugurishdi. U yerdan otlar aniqroq koʻrinardi. Oʻrinboyning yuragi bugun ilk bor qoʻrquvni his qildi. Uning aʼzoyi badanini ter bosib, shoʻrlik bir poygachi otlar toʻdasiga, bir osmonga qarardi. Shoʻrlikning harakatidan uning Yaratgandan oʻtinib iltijo qilayotganini, ojiz va xokisor bolasining jonini Oʻzigina saqlashga qodirligini va, albatta, tulporni ham tuyoqdan toydirmaslikni soʻrab yolvorayotganini anglash qiyin emasdi. Poygachi otlar marra sari tobora yaqinlashib kelishardi. Faqat birgina ot toʻdadan ancha oʻzib ketgandi. “Ana kelishyapti!” degan hayqiriqlar eshitila boshladi. Birdan kimdir oldindagi otning ustida odam yoʻq. Egasiz ot kelayapti, deganda Oʻrinboyning sochlari tikka turib ketdi. U bir qarashda oʻz otini tanidi-yu, beixtiyor: “Doʻsmat qayerda yiqildi?”, “Qaysi otning oyoqlari ostida qoldi?” degan xayollar iskanjasiga oʻraldi…

Vodarigʻ, nega biz shundaymiz? Nima uchun faqat kuchlilargina yashashi kerak? Qachongacha yer talashamiz? Ey, odam bolasi, ota-onang, qarindoshlaring qayon ketganini nega fikr qilmaysan? Bir kuni oʻsha choʻbin ot senga ham yetadi va sen ham tuproq bilan qorishib yoʻq boʻlasan. Vaqt esa yeldek oʻtaveradi. Shunga oʻxshash ogʻriqli savollar achchiq javoblar Oʻrinboyning qalbini oʻrtab turgan damda odamlar: “Otangga balli! Doʻsmat birinchi keldi, u gʻolib boʻldi!” deya baqirishganda Oʻrinboy oʻzini batamom yoʻqotdi va yugurib kelayotgan otlar tomon otildi. Chindan ham Doʻsmat mingan tulpor oldiga ot tushirmay marrani birinchi kesib oʻtdi. Va u ham gʻolib boʻlib, ota-bola shu yerda umr kechira boshladi. Oradan ancha vaqt oʻtdi, buni ular payqamay qolishdi.

Yillar oʻz hukmini oʻtkazib, Oʻrinboy chol boʻldi. Endi uning yuragida tugʻilgan tuproqqa tashnalik orta boshladi. Aniqrogʻi, u umri tugab borayotganini angladi. Oʻzi yer tishlatgan jonivorlar endi uning tushlariga kirib, doim uni quvlaydigan boʻlib qoldi.

– Mening safarim qaridi, – dedi Oʻrinboy kunlarning birida ulgʻayib qolgan oʻgʻliga. – Vafotimdan keyin oʻzim tugʻilgan tuproqqqa bor, u yerliklarga otashin salomimni yetkaz. Mening vafotimni ayt va qaytar chogʻingda oʻsha yerning bir siqim tuprogʻidan olib kelib qabrim ustiga soch. Men ham ona tuproq taftini his qilib yotay, rishtalarni uzma. Bu Oʻrinboyning soʻnggi vasiyati boʻldi.

 

Yunusbek ABDIYEV

 

“Hurriyat”dan olindi.

https://saviya.uz/ijod/nasr/bir-siqim-tuproq/

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Старые
Новые Популярные
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x