Bir sadolar kelar jim-jim kurtakdan

 VATAN JIM TURADI

 

Vatan jim turadi, ammo u haqda

Togʻdan tushib kelgan tosh soʻz aytadi.

Bir sadolar kelar jim-jim kurtakdan,

Osmondan kelgan quyosh soʻz aytadi.

 

Vatan jim turadi, bayrogʻi yonib

Boshidagi tugʻi aytadi soʻzni.

Moziylardan kelib – chir-chir aylanib,

Momomning urchugʻi aytadi soʻzni.

Vatan jim turadi. Sabolarining

Naylarga qoʻshilib boʻzlari koʻpdir.

Saraton. Dashtdagi bobolarimning

Pastak chaylalarin soʻzlari koʻpdir.

 

Yerda bunday goʻzal yer yoʻq, oy yoʻq deb

Koʻnglim bir oydinlik yuqtirib turar.

“Yotmoqqa bundan-da issiq joy yoʻq” deb,

Onamning mozori uqtirib turar.

 

Vatan jim turadi…

 

OʻZBEKNING

 

Uzun tunlar oylardanam uyalgan,

Ayollari tolsa sevilib tolgan.

Qora koʻzi bor yurakka ishq solgan,

Togʻlardagi jayronidir Oʻzbekning.

 

Oybarchini – bor Barchindir, ertakmas,

Alpomishdan tugʻ olmagan erkakmas.

Doʻst yukiga yelka tutib, togʻi past,

Hama olam hayronidir Oʻzbekning.

 

Uylarida gʻichirlaydi hamon sinch,

Nodirasi mozorida yotsin tinch.

Har bolasi to soʻnggi dam – yukingich,

U bir Kaʼba – vayronidir Oʻzbekning.

 

Bilmam Alloh gul berganmi, xas bergan,

Ne boʻlsa ham dilin sarxush, mast bergan.

Nodiraga kaniz boʻlib sas bergan

Halimasi, biyronidir Oʻzbekning.

 

TOMOQ QIRISHI

 

Ota kelganini doim qishu yoz

Tomoq qirishidan bilar edilar.

Bola-yu kattalar chiqardi peshvoz,

Barsday yurishidan bilar edilar.

 

Endi u yoʻlbars yoʻq, tortmasdan sergak

Bemalol oʻtirar, uyda ayol – oy.

Erkak shunday boʻlsa, kelganda erkak

Ayol tipirchilab topmay qolsa joy…

 

Bu ayol oldinam bemalol edi,

Uddalay olmadi erga shamlikni.

Qabul qilolmadi erkakning didi

Ayoldagi bu tur xotirjamlikni.

 

Ayol endi hushyor, qulogʻi ovda

Yigʻlab eslar erin har bir kirishin.

Endi tushlarini qilar bezovta

Shovqin. Va erkakning tomoq qirishi.

 

 

BATAMOM UYGʻONSAM…

 

Turayotgan qushga

Oʻxshayman juda,

Qushlarga oʻxshayman

Uygʻonayotgan.

Baʼzi tomirlarim

Hali uyquda,

Baʼzi tomirlarda

Qonlarim qotgan.

 

Xas-xashaklar bilan

Sudralib yurib,

Oʻqlik orzusida

Ketib borar yoy.

Oʻzim-cha nelardur

Gʻudranib yurib,

Guldayin umrimni

Bermoqdaman boy.

 

Oʻzimcha kimningdir

Gʻamini yedim,

Kimningdir kuniga

Yuribman yarab.

Batamom uygʻonib

Ololsam edi,

Uchib ketarmidim

Koʻklarga qarab.

 

ENDI KET

 

Endi ket!

Kutdirding, yomon kutdirding,

Hijron azobini shavq-la yutdirding.

Yiqildim. Boshimda ustuvor turding,

Endi ket!

 

Hijron yoʻllarida sochildi zarim,

Kutdim – ishqim yarim, umidim yarim.

Bir-bir sinib bitdi qobirgʻalarim,

Endi ket!

 

Endi ket, shavkatu shon ortiqchadir,

Chanqab qulagach, ummon ortiqchadir.

Tilanib toʻkilgach, non ortiqchadir,

Endi ket!

 

Endi ket, boshqaga dilingni yorgin,

Alvido, koʻnglimda na gina, na kin.

Endi kimga borsang vaqtida borgin,

Endi…

Ket!

 

OSMON YAQIN KELAR

 

Osmon yaqin kelar,

Judayam yaqin,

Qarichlab yetasan

Ololsang chama.

Bir kuni chaqnaydi

Ulugʻvor chaqin,

Bolaga aylanib

Qoladi hamma.

 

Buguncha kattasiz

Xafahol, zada

Yuribsiz sir tutib

Dil, qaʼringizni.

Quyuq tuman bosgan

Har bir lahzada,

Bir-birovga quyib

Zaharingizni.

 

Ammo, aziz odam,

Bechora odam!

To yerning ostiga

Ketmasdan kirib,

Dunyoda behishtiy

Un ham borligin

Goʻdakka aylanib

Shodon, qiyqirib

Bir-birin quchoqlar

Kun ham borligin

 

Unutma!

Osmon yaqin kelar

Judayam yaqin…

 

 

KUTISH

 

Ballada

Bilmam toʻgʻrimidi va yoki xato,

Oʻgʻilchasin uch kun kutdirdi ota.

 

Uch kun unga umid bogʻladi yetim,

Uch kun kir yengiga yigʻladi yetim.

 

Keyin ota kutdi. Uch yillab kutdi.

Koʻzi yoshdan xira, gʻiltillab kutdi.

 

Chiqib kunshuvoqqa, tom orqasiga,

Sogʻinchlarin ekdi tomorqasiga.

 

Keyin… oʻttiz yillab koʻzi yoʻl oʻydi,

Keyin koʻrmay qoldi. Koʻziyam toʻydi.

 

Soʻng… timirskilanib chiqdi soʻriga,

Oʻldi. Shu yuk bilan ketdi goʻriga.

 

Soʻng…

U ham umr boʻyi boʻlganmidi xit –

Ular-chun uv tortdi hovlidagi it.

 

 

MAJNUNTOL

 

Majnuntol, ey, egib shox

Sen kimlarga sir aytding.

Baridan boʻldim ogoh,

Oʻn aytdingmi, bir aytding.

 

Siringni suvga solma,

Bargingdan gʻam arisin.

Bir siringni ololmay

Yosh dunyolar qarisin.

 

Sen ham koʻzin yoshini

Hech kim koʻrmas bir naysan.

Faqat ishqing yashirib

Mendek yigʻlayolmaysan.

 

HAYF

 

Essiz, zilol daryolar

Biz qonib ichmasak hayf.

Essiz moviy maʼvolar,

Biz qonib uchmasak hayf.

 

Irmoq pastlab, qiyalab

Ketsa, uchqur togʻ, essiz.

Koʻrmay oʻtsa biyalar

Uchqur argʻumoq, essiz!

 

Dunyosiga oʻt ketsin,

Dunyosiga ertak hayf.

Unda koʻngli ayolsiz

Ketayotgan erkak hayf.

 

Halima XUDOYBERDIYEVA

 

“Yoshlik”, 2015 yil 4-son

https://saviya.uz/ijod/nazm/bir-sadolar-kelar-jim-jim-kurtakdan/

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Старые
Новые Популярные
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x