Bir oilaning barbod boʻlishi oʻnlab muammolarning boshlanishidir

Oʻquvchilarimdan biri darslarga kelmay qoʻydi. Telefon orqali u bilan bogʻlanishga ham imkon boʻlmadi. Hatto uyiga daraklab borganimizda uni topolmadik.

U yosh boʻlishiga qaramay allaqachon oila qurganini bilardim. U oilasining taʼminoti uchun oʻqishdan keyin qayerdadir ishlardi. Soʻrab-surishtirishlardan soʻng u shu kunlarda ishga ham bormayotgani maʼlum boʻldi. Kollejning yuqori sinf oʻquvchisi, esli-hushli yigit qayerlarda yurgani meni tashvishga sola boshladi. Ishxonasi va uyidagilarga men bilan tezroq bogʻlanishi haqida xabar qoldirdim.

Oradan ikki kun oʻtgach, ish vaqtim tugab endi uyga ketmoqchi boʻlib turganimda oʻsha oʻquvchim xonamga kirib keldi. Koʻrinishi bir ahvol. Yuz-koʻzi qizargan. Oldin uni oʻtirishga taklif qilib, hol-ahvol soʻradim. Hayotida nimalar sodir boʻlayotganini yotigʻi bilan surishtira boshladim. U biroz jim turdi-da, soʻng oilasida boʻlayotgan koʻngilsiz voqealarni aytib, mendan maslahat soʻradi…

Ota-onasi vafot etgandan keyin qarindoshlari uylantirib qoʻygan ekan. “Oʻzim koʻngil qoʻygan qizga uylansam, bir umr baxtli boʻlaman, deb oʻylagan edim”, dedi u koʻzidagi yoshni yashirishga harakat qilib. Xullas, bir xonadonning erka-tantiq qizi erining topganini yelga sovurib, bolalarga ham yaxshi qaramay, hayotini faqat oʻyin-kulgi bilan oʻtkazib kelayotgan ekan. “Umr yoʻldoshi tanlashda juda qattiq adashgan ekanman, ustoz, mana endi azobini tortyapman. Agar oʻrtada farzand boʻlmaganda bunday ayol bilan bir kun ham yashamagan boʻlardim”, degan gaplari mening ham koʻnglimni qiymaladi. Shunda bildimki, biz pedogoglar har bir oʻquvchiga faqat taʼlim berarkanmizu uning kelajagi uchun eng muhim boʻlgan hayotiy masalalarni oʻrgatishga ahamiyat bermas ekanmiz. Masalan, kun boʻyi oʻqishda boʻlgan oʻsmir yoshlar uchun turmush qurish, oila sabogʻi yoki baxtli va mustahkam oila yoʻriqlari haqida deyarli hech narsa oʻrgatilmas ekan. Shuning oqibatida oila qurish mahaliga yetgan yigit-qizlar oʻzini bola hisoblab, hayotning zalvorli imtihonlari oldida ilojsiz qolaveradi. Bu holat oxir-oqibatda bir oilaning barbod boʻlishi bilan nihoya topadi. Oilaning barbod boʻlishi esa muammoning yechimi emas, aksincha, boshlanishidir.

Hayotda yoshlar xuddi oʻzlari kabi umr yoʻldosh tanlashga intilishadi. Lekin xuddi mana shu narsa ularning tajribasizliklari orqali biroz notoʻgʻri xulosa chiqarishiga sabab boʻladi. Ikki yorti – bir butun, degan maqol bor. Bundan maqsad shuki, turli qarama-qarshi xususiyatlarga ega boʻlgan ikki inson bir-birining xato-kamchiliklarini tuzatib, aybini yopib yashaydi. Biri jahldor boʻlsa, ikkinchisi muloyim, biri serzarda boʻlsa, boshqasi ogʻir-bosiq, biri uquvsiz boʻlsa, yana biri tajribaliroq boʻlishi talab etiladi. Yaʼni, erkak va ayol ikkalasi birgalikda bir butunni tashkil qiladi. Masalan, bir varaq qogʻozni istalgan shaklda yirtib, ikkiga ajratib koʻring. Agar qogʻoz teng yirtilmasa, bir boʻlagi ikkinchisidan kattaroq boʻlishi shubhasiz. Endi oʻylab koʻring-chi, shu katta boʻlak erkakni anglatadimi yo ayolni?

Erkak har jihatdan ayoldan ustun boʻlishi shart. Bu ustunlik, ayniqsa, nasabi, boʻyi, yoshi, bilimi, boyligi kabilarda ham boʻlishi zarur. Aks holda u oila ustuni boʻlishga yaramaydi. Erkak qanchalik goʻzal axloqli, ogʻir-bosiq, aqlli, bilim va tajribali, salobatli, farosatli va uquvli boʻlsa, ayoli bilan shuncha baxtli yashay oladi. Shu bilan birga, erkak ayolning huda-behuda gʻishavalarini, erkalik va injiqliklarini-da koʻtara oladigan darajada feʼli keng boʻlishi talab etiladi. Ayol kishi oʻzini, farzandlar va oilani turli tomonlarga boshlashi, shubhasiz. Erkak esa butun oilani faqatgina toʻgʻri yoʻlga va adolatga boshlashga masʼul.

Afsuski, turmush qurgandan keyin oilada nima birlamchi oʻrinda turishi kerakligi bugun turmush qurayotgan yoshlarga maʼlum emas. Shuning uchun bugun faqatgina hoyu havaslar ilinjida qurilayotgan va koʻp oʻtmay suvkoʻpikday bir zumda yoʻq boʻlib ketayotgan oilalar yoʻq emas.

Oʻquvchi darslarga qatnashishi va uni yaxshi oʻzlashtirishi uchun birinchi navbatda u yashayotgan muhit barqaror boʻlishi zarur ekan. Agar oilada har kuni janjalu koʻngilsizliklar boʻlib tursa, oʻquvchining oʻzi qanchalik harakat qilsa ham darslarni muntazam oʻzlashtirolmaydi. Oʻquvchi darsga kelmayotgani sababini odatda, biz faqat uning oʻzidan qidiramiz. Uning taʼlim dargohida olgan bilimi oilasi farovonligiga ham xizmat qiladimi, degan savol bugun kun tartibiga qoʻyilishi zarur. Farzandlarimiz oila nimaligiyu uni idora qilish qanday boʻlishini maktab davridayoq tushunib-anglab borsagina ertaga oʻzi oila qurganda olgan bilimiga tayanib baxtiyor hayot kechira olishi mumkin. Toʻgʻri, har bir farzandga oilada ota-ona beradigan yoʻl-yoʻriq birinchi oʻrinda turadi. Shu bilan birga, ustoz-murabbiylar ham bu masalaga befarq qarashga haqli emasligini yana bir karra tushunib yetdim. Oila hamma bir yoqadan bosh chiqarib himoya qilinadigan muqaddas qoʻrgʻon ekanini esdan chiqarishning oqibati xatarli boʻlishi tayin ekan.

 

Dilrabo BOBOJONOVA,

Urganch politexnika va kompyuter texnologiyalari kasb-hunar kolleji oʻqituvchisi

 

od-press.uz

https://saviya.uz/hayot/nigoh/bir-oilaning-barbod-bolishi-onlab-muammolarning-boshlanishidir/

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Старые
Новые Популярные
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x