Bir kun ishq yoʻlida Majnun boʻlar tol

 * * *

Toʻxtadim manzilga hali yetmasdan,

Mening dardu tushim ichidan pishdi.

Katta boʻlib qoldim.

Endi qoʻrqmasdan –

Yaqinda qoʻlingdan olaman ishni.

Yomgʻiru qorlarni ber menga qoʻyib,

Sen esa xumordan chiqquncha oʻyna.

Faqat Sen ham dunyo tarafda boʻlib,

Meni shamollarga silkitib qoʻyma.

 

* * *

Oʻrganib ketganman.

Bu holat tanish –

Faqat yetmay qolar baʼzan toqatim.

O, nima qilardi boʻlmasa shu ish,

Ikki soat oldin pishgan ovqatim?

Shamollar koʻchamdan yugurib oʻtdi,

Hovliga qaradi menga achinib.

Azizim, umrimning yarmidan koʻpi

Sening yoʻllaringga ketdi sochilib.

Sen yana kechikding.

Bilaman, ish koʻp,

Koʻzimdan oʻtasan horgʻin holingda.

– Kutyapman, boshimda yulduzlar toʻp-toʻp,

Oyni orqalagan osmon yonimda.

* * *

Tirikmanmi oʻzi?

Bormanmi yo yoʻq?

Oʻzimni suyashga yetishmas holim.

Yonar vujudimda boshdan oyoq oʻt,

Qayerga qochishni bilmaydi jonim.

Qaygadir yoʻqolgan koʻksimdagi taft –

Nimaki ish boʻlsa – qoʻl silkir qoʻlim.

Koʻzimda goʻyoki osmon ham bir kaft,

Zamin ham koʻrinar bir siqim boʻlib.

 

* * *

Chiroqlar goh yonib, goh oʻchib chiqdi,

Bedor tun toʻlgʻondi.

Shamolda xatar.

Yulduzlar bir uxlab, bir choʻchib chiqdi,

Qoʻrquvdan yugurib chiqdi daraxtlar.

Tonggacha tinmasdan taraqladi tom,

Chinqirdi qaydadir quzgʻunu jinlar.

Nihollar hushidan ketdi batamom –

Jonidan umidin uzdi uzumlar.

Yoʻllar koʻlmaklarda yiqildi toyib,

Yomgʻirda shalabbo boʻldi chiroqlar.

Dalli-devonaday sochini yoyib –

Kuz kabi koʻrsatdi oʻzini bogʻlar.

Koʻzlarga kelmadi adashgan uyqu,

Deraza charsillar, darvoza ixrar.

Tutib ketmasin deb dunyoni qoʻrquv,

Dardini ichiga yutdi baliqlar.

 

* * *

Holi nima kechar mensiz uyimning,

Kitoblar… Suratlar… Jigar rang daftar…

Meni topolmasdan tentib, kuyinib,

Ortimdan koʻchaga chiqadi gaplar.

Mensiz hushdan ketar daraxtu borliq,

Shamol kimning titib oʻynar sochidan?

Men ketsam, tun oʻlib qoladi aniq,

Men ketsam, oy oʻlib qolar ochidan.

 

* * *

Bir kun ishq yoʻlida Majnun boʻlar tol,

Hayqirar yuragi toʻkilib, toʻlib.

Uni yiqitolmas hech qanday shamol,

Osmonda yashar u xayolga choʻmib.

Na ariq, na koʻprik urolar yoʻldan,

Bejavob qoldirar savollarini.

Bilmas u. Oqqushlar oʻgʻirlab qoʻygan –

Layli daraxtlarning xayollarini.

 

* * *

Hali muzdan tushmasidan yer,

Izgʻib yurganida izgʻirin.

Koʻchalarga chiqmay ulus, el,

Daraxtlarning ochilar siri.

Hali sovuq ketmay tanidan,

Koʻtarilmay turib qad-basti,

Boʻrtib chiqqan kurtaklaridan –

Uyaladi olcha daraxti.

 

* * *

Oʻtirganday hayot darsida,

Shamollarning chiqmas unlari.

Derazamning roʻparasida –

Xira tortib qolar tunlari.

Qoʻl silkidi… ketdi… tong otmay –

Minib olib koʻkning boʻyniga.

Tunda yana qushlar tap tortmay –

Daraxtlarning kirar qoʻyniga.

 

* * *

Butun yer yuzini tashladi sochib,

Qoʻrquvdan kalima kelmas yodiga.

Oʻzini yoʻqotib, shamoldan qochib,

Daraxtlar yopishar qush qanotiga.

Qayga uchib ketgan osmonning hushi,

Aljirab tortadi ipaklarini.

Qorongʻu tunlarga qoqilib tushib,

Shamol yirtib qoʻyar shippaklarini.

 

* * *

Ishon, Seni xafa qilmayman boshqa,

Kech boʻlsa ham chiqdim. Qop-qora adir.

Bir osmon yulduzni koʻtarib boshga –

Sening yoʻllaringda turibman, axir.

Jonim, bugun ishing tugaydimi kech,

Qorning och emasmi,

Omonmi joning?

Itlar izgʻib yurar.

O, menga bu kech,

Aytgani shumidi Xudoning?..

 

* * *

Yana quyuqlashdi qorongʻu osmon,

Koʻrib boʻlmay qoldi narigi betni.

Koʻz oldimda butun dunyo zimiston,

Shu baland uying ham koʻrinmay ketdi.

Shamol gandiraklar. Tongga bor qancha

Xazonlar oʻziga kelolmas hanuz.

Daraxtlar yer chizar. Endi yozgacha

Bogʻlarda adashib qolib ketar kuz.

Oy chiqdi. Dosh berarmikin asabing?

Yop-yorugʻ kunlardan borday nom-nishon,

Qayga borishini unutgan kabi,

Oy sening tomingda turar parishon.

 

* * *

Yoʻq, yoʻq!

Xafamasman u qadar,

Boʻldi. Dunyo koʻrsatdi borin.

Hayot, Sen ham boʻlmasang agar –

Mening nima kechardi holim?

Chang koʻchadan chopib oʻtar ot,

Sudraladi shamol etagi.

Seni yutib olishga, Hayot –

Bir piyola suv ham yetadi…

 

* * *

Yigʻlagim keladi eslagan paytim,

Mening gʻamlarimni yemagan vaqtning –

Koʻziga koʻrinmay orqaga qaytdim,

Koʻngliga qush sigʻmay turgan daraxtning.

Sendan umidimni uzgandim tamom,

Yashardim hovuchlab dardmand yurakni.

Hayot, yoqtirmayman oʻshandan buyon –

Bizning oʻrtamizga tushgan yoʻlakni.

* * *

Olchadan uzilgan soʻnggi barg kabi,

Diqqatingni tortmas holim. Unutman.

Goʻyo qoʻshnimizning hovlisidagi

Olma daraxtidan tushgan qurtman.

Havo oʻrnida ham charx urar xazon,

Jon oro kirmaydi.

Shamol boʻlmas el.

Bugun ne koʻylarga solar bu osmon,

Erta ne koʻylarga solar qaro yer.

 

 

ShAMOL

 

Suvdan kirgan oʻtdanmi,

Tirnar oʻzini otib.

Uydan chiqib ketganmi

Es-hushini yoʻqotib.

Yomon koʻrmasdim rosti,

Bu shamolning zarblarin.

Yerga tushgan gilosning

Poʻst tashladi lablari…

 

* * *

Kelib qolar qaydandir shoshib,

Ostin-ustun qilib qorlarni.

Shamol yomon haddidan oshib –

Uyqusini buzar bogʻlarning.

Bosar nozik nihollarni gʻam,

Yoqmas gʻarblik qushlarning xulqi.

Bahor eshik qoqishi bilan

Yeru koʻkning ochilar qulfi.

 

* * *

Dunyo ulkan kemaday suzar,

Togʻ yonboshda tovlanar yal-yal.

Joy talashib qolar yulduzlar –

Oy osmonda toʻlishgan mahal.

Yoʻl izmiga tushar yoʻllarning,

Yulduzlarga toʻlar yer shari,

Qoʻrqib ketgan oʻychan gullarning

Uchib ketar kapalaklari.

 

* * *

Sovuq shamol yuzga urildi,

Roʻparamda mulzam tortdi kuz.

Hayot!

Ortga burilmasdim. U –

Yoʻl soʻngida turibdi hanuz.

Oyoqlarim adashdi yoʻldan

Shuncha yoʻlni bosib oʻtganda,

Men bormasam,

Oʻzim bormasam –

Yoʻlda qolib ketadiganday.

 

* * *

Oʻzimni pishirdim olovlaringda,

Juda uzoq yillar… Sekin… Shoshmadim.

Muzaffar ruhimning bejon tanimdan

Kuygan joylarini olib tashladim.

Bir kun kelib qolsam Sening yodingga,

Kechir, tanimasang, koʻrib chiroyim,

Shuncha kutib-kutib Sening oldingga –

Tirik borolmasam, Xudoyim.

 

* * *

Goʻyo, yoʻqday ziyoni,

Yer yuzini timdalar.

Oshkor qilib dunyoni

Silkinadi pardalar.

Mulzam tortadi tunlar –

Bu bir shamol oʻyini.

Derazadagi gullar

Egib olar boʻynini.

Tunlar oʻynar pardani,

Yulduzlar chiqar izdan.

Oyning ketmagan hali

Ona suti ogʻzidan.

 

Xosiyat RUSTAMOVA

 

“Yoshlik”, 2014 yil 2-son

https://saviya.uz/ijod/nazm/bir-kun-ishq-yolida-majnun-bolar-tol/

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Старые
Новые Популярные
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x