Bir koshona sirlari

(Ikki parda, toʻrt koʻrinish, muqaddima va xotimadan iborat drama)

 

Ishtirok etuvchilar:

S a r v a r — Qaddi-qomati kelishgan, koʻrkam yigit, 35 yoshlarda. Xotini orqasida omadi kelib, millioner boʻlgan. Lekin boylikka hirs qoʻymagan, samimiy inson.

D i l o r a — Sarvarning xotini. 37—38 yoshlarda. Lekin ancha yosh koʻrinadi. Koʻhlik juvon. Uddaburon, shaddod va yengiltak. Bir yigʻlab, bir kuladigan ayol.

M ye h r i n i s o  a ya — Sarvarning onasi. 70 yoshlarda. Nihoyatda pokiza, shirinsuxan, mehribon, soddadil ayol,

Darveshali — Sarvarning qoʻshnisi. Mashhur jarroh. Darveshtabiat, qaysar, toʻgʻrisoʻz odam. 48—50 yoshlarda.

G u l n o z a — Uning xotini va shogirdi. 26—27 yoshlarda. Nozik-nihol, muloyim, suluv, shirinzabon juvon.

B oʻ r s i q — Sarvarning oʻng qoʻli. Asl ismi Boʻrivoy. Lekin uni hech kim Boʻrivoy demaydi. Boʻrsiq deb chaqirishadi. Yum-yumaloq, xomsemiz, ayyor odam. 40 yoshlarda.

Domla-imom, xizmatkorlar, soqchilar, vrach va hamshiralar.

Voqea shu kunlarda boʻlib oʻtadi.

 

MUQADDIMA

 

Sahna berk. Parda koʻtarilmagan. Lekin parda ortida yarim kavkazcha, yarim Yevropacha, yarim oʻzbekcha shoʻx kuy, ashula, kulgi, qarsaklar yangraydi. Parda ochiladi.

Bahor. Dala. Qandaydir goʻzal oʻtloq. Chetroqdagi stolda har xil yemish va ichimliklar. Toʻrt-beshta yigit davra qurib, chapak chalmoqda, davrada Dilora har xil nagʻmalar qilib raqsga tushmoqda. Uning kayfi baland. Bir chekkada, qoʻli koʻksida Sarvar qovogʻini uyib turibdi. Xotinining qiligʻidan ensasi qotgan. Qoʻshiq:

 

Tum-taka-tumni chalvoramiz,

Dilyaxonni olvoramiz,

Dilyaxon oʻtl tugʻsa,

Tum-taka-tumni chalvoramiz.

 

JOʻR OVOZLAR: Voydod!

Kulgi, qiyqiriq. Yosh, xushqad bir yigit, ikki qoʻlida ikki qadah bilan Diloraga yaqinlashadi.

Y i g i t. Jon opajon. Biz Gʻaribga ham bir nazar tashlang!

D i l o r a (oʻynashda davom etadi, mastona kuladi). Nari tur! Nega men senga opa boʻlarkanman? Hali oʻn gulimdan bir gulim ochilmagan, onasi oʻpmagan jononni opa deysan, tirmizak!

Y i g i t. Binavat! Dilyaxon! Bu yolgʻon dunyoga kepmanki, shaydoyingizman! Bir ishva, Dilyaxon, bir ishva biz Gʻaribga!

D i l o r a (xoxolab kuladi). Dilyaxonni bir ishvasi ming dollar turadi. Kuchingiz yetadimi, yigitcha!

Y i g i t. Ming dollar? Mana Sizga ming dollar! (Kissasidan bir dasta pul olib, Diloraning boshidan sochadi. Qiyqiriq, qarsaklar. Havodagi dollarni tutaman deb qoqishib ketadi. Yigitcha uni ushlab qoladi).

D i l o r a (mastona). Mard yigit ekansan, ke, bir oʻpib qoʻyay. (Yengilgina oʻpadi. Yana qiyqiriq, kulgi.)

D i l o r a. Sarvarjon! Sarvar aka! Yigʻishtirib oling. Hammasi yuztalik ekan dollari.

Sarvar shitob bilan yurib kelib Diloraning yuziga bir shapati uradi.

D i l o r a (dodlab). Nima qilyapsiz, gunohim nima mening?

Y i g i t. Azizlar! Bu qanaqa qiliq? Shunday goʻzalga musht koʻtarish!

S a r v a r. Men faqat goʻzallar emas, senday xezlarni ham bir urishda jahannamga joʻnattanman.

(Uradi. Yigit gandiraklab borib yiqiladi).

S a r v a r. (Diloraga). Bundan keyin basharangni koʻrmay sening! (Chiqadi.)

D i l o r a. Sarvar aka! Jonginam. (Orqasidan yuguradi, qoqilib yiqiladi. Yigitlar ushlab qolishadi.)

 

Birinchi parda

 

BIRINCHI KOʻRINISH

 

Sahna toʻrida ikki qavatli koʻrkam koshona. Chap yonda did bilan qurilgan bir qavatli bino. Unda Mehriniso aya, oshpaz va xizmatkorlar turadilar. Oʻng tomondagi devorning bir yonida qoʻsh qavatli temir darvoza, darvoza yonida qafasdekkina soqchixona. Oʻrtada atrofi gulzor, shinam shiypon. Endigina moʻralagan oftob gulzorni yashnatib yuborgan. Oʻng tomondagi uydan yoshi yetmishlarga borib qolgan, nihoyatda orasta kiyingan, istarasi issiqqina kampir — Mehriniso aya chiqadi. Aya shiypondagi qumgʻonlardan birini olib, gullarga suv sepa boshlaydi. Darrov soqchixona eshigi ochilib, toʻpponcha taqqan yosh yigit otilib chiqadi va kampirning qoʻlidagi idishga yopishadi.

S o q ch i. Hoy, hoy, xolajon. Qoʻying bu ishingizni. Gullarga suv sepib, hovli supiradiganlar son mingta-ku.

A ya. Qoʻyaver, bolam. Shu ishni qilsam koʻnglim yoziladi, orom olaman.

S o q ch i. (Qumgʻonga yopishib.) Siz-ku orom olasiz, ammo oʻgʻlingiz koʻrib qolsa bormi, mana boʻtimizga (dumbasini shapatilaydi) shundoq tepadilarki, toʻppa-toʻgʻri asfalasofilinga ravona boʻlamiz, ayajon.

(Darvoza koʻngʻirogʻi jiringlaydi).

S o q ch i. (Tirqishdan moʻralab.) Yana anov nozanin. Doʻxtir qoʻshningiz. Namuncha tong otmasdan yoʻrgʻalaydigan boʻp qoldi bu sanam? Xoʻjayin jigaridan urdiyov bu malakni.

A ya. Qayoqdagi gaplarni gapiravermay eshikni och, bolam. Davleniyamni oʻlchagani keladi bu qizim. (Gulnozani koʻrib.) Keldingmi, Gulnoza qizim. Boʻyginangdan onaginang oʻrgilsin, qoqindiq, kela qol.

G u l n o z a. Kechagi ukolimning taʼsirini bilib ketay degandim, xolajon.

A ya. Voy tilginangga shakar, qizginam. Sen kelsang bormi, davleniyam oʻlgur ham shataloq otib qochib qoladi…

G u l n o z a. (kuladi). Chindan ham bugun chehrangiz tiniq. Yaxshi uxlab, yaxshi tushlar koʻrganga oʻxshaysiz, xolajon. (yniga oʻtiradi.)

A ya. E-e… yaxshi uyqu qayoqda deysan, doʻxtir qizim. Oʻgʻlim bilan kelinim orasidan ola mushuk oʻtiptiki, halovat yoʻq uyimizda. Bolajonim farzandlarini jonidan yaxshi koʻradi, sogʻinadi, kelinim tushmagur, ularni opqochgani-opqochgan. Oʻgʻlim oʻz yogʻida oʻzi qovuriladi. Onaizor, buni koʻrib men qovurilaman. Kelin yen-giltak boʻlsa qiyin ekan.

G u l n o z a. Hozirgi yoshlarning hammasiyam shu.

A ya. Yoshlar deysan. Mana sen unaqa emassan-ku. Bir qoshiq suv bilan yutib yuboradigan suqsurdekkina kelinchaksan. Unaqa emassan-ku sen.

G u l n o z a. (Kuladi.) Erim meni boshdan qattiq ushlagan-da, xolajon.

A ya. Sarvarjonim ham anoyi emas. Qaysi bir ziyofatga borganlarida, kelinim bor boʻlgur, ichib olib, yigitlarga shilqimlik qilgan ekan, shartta haydab yubordi… Mana, oxiri nima boʻldi. Bolajonim ichmas edi, ichadigan boʻldi. Koʻrinishidan alpqomat boʻlsayam, bolaligidan yuragi nochor, qoʻrqayapman.

G u l n o z a. Koʻp kuyinavermang, xolajon, hammasi oʻrniga tushadi.

A ya. Iloyim aytganing kelsin. Ering ikkovingni tunu kun duo qilaman. Xudo senlarga qoʻchqorday oʻgʻil bersin, deb.

G u l n o z a. (Qotib kuladi.) Qiz boʻlsayam mayli edi, xolajon. Yuring, koʻrib qoʻyay sizni.

(Ichkariga kirib ketishadi. Koshonaning zinasida Sarvar koʻrinadi. Yosh, xushqad, xushsurat, egnida sportchilar kiyimi. U shiyponga oʻtib, tugmachani bosadi. Hammayoq jarang-jurung boʻlib ketadi. Darhol har tomondan bir nechta chapdast yigitlar yugurib chiqishadi.)

B i r i n ch i  y i g i t. Amringizga muntazirmiz, sarvari aʼzam.

I k k i n ch i  y i g i t. Nonushta tayyor, koʻngillari nimani istaydi, xoʻjayin?

S a r v a r. Jigarkabob. Shampan.

B i r i n ch i  y i g i t. Bir daqiqa. Darhol yest qilamiz.

(Ketadi.)

S a r v a r. Anov Boʻrsiqvoy qayda? Peshin boʻldi, haliyam inida hurrak otib, qornini silab yotibdimi, boqibegʻam.

I k k i n ch i  y i g i t. Hozir oyogʻidan sudrab chiqaman. (Ketadi.) (Sarvar esnaydi, qoʻllarini yozib, badantarbiya qilgan boʻladi. Zinada Boʻrsiq koʻrinadi, pak-pakana, qorni tarvuzday.)

B oʻ r s i q. Biz xoʻroz oʻtmasdan turib, amringizni kutib yotibmiz, xoʻjayin.

S a r v a r. Nima balo, tungi ziyofatda soʻyilgan qoʻyni dumbasi bilan yamlamay yutganmisan, qorning homilador xotinning qorniday qappayib qopti. Xa-xa-xa. Biru nol, kaminani foydasiga. (Sharaqlatib qoʻl urishtirishadi.)

B oʻ r s i q. Koʻp kulavermang, hikmat koʻp bu qorinda, xoʻjayin. Xizmatingiz bilan qaysiki vazirlikka bormay, ne-ne arkoni davlatlar bu qorinni koʻrib, sakrab turib taʼzim bajo keltirishadi.

S a r v a r. (Soqchiga hazilomuz.) Pichogʻing bilan shartta yor qornini. Koʻraylik, qanaqa hikmat bor ekan buning qornida. (Kulgi. Xizmatkor yigit belidan bir gaz pichoq sugʻurib oladi.)

B oʻ r s i q. (Qornini doʻppaytirib.) Yor. Yoraver. Ichi toʻla dollar. Sidirib olasan. (Kulgi.)

B oʻ r s i q. Kul, kulaver. Xoʻjayinning xizmatlarini ammangning buzogʻi bajaradi. Amiratdan kelgan bir eshalon molni sen landovur opchiqasan bojxonadan.

S a r v a r. Nima balo, birorta tomogʻi teshik yoʻqmi, bojxonada?

B oʻ r s i q. Bor edi. Hammasining dumini tugishdi-ku. Gazit oʻqimaysizda, bexabarsiz dunyodan.

S a r v a r. U kuni topib kelgan aferist ogʻayning qayda? Yo uniyam dumi tugildimi?

B oʻ r s i q. Yoʻ-yoʻq, amal kursiga oʻtirayapti u. Biroq ishi yurishmayapti.

S a r v a r. Ishi yurishmasa, darhol aloqani uz u bilan. Ishga olmasimdan turib, yoʻldan urding meni. Men unaqa pora-mora bilan ish qiladigan iprindi-siprindi tadbirkor emasman. Ter nomerini. Ter deyapman senga. Qoʻrqsang, oʻzim gaplashaman u shumshik bilan.

B oʻ r s i q. Jon xoʻjayin. Qattiq gapirmang. (Boʻrsiq kissasidan uyali telefonini olib teradi. Shivirlab.) Oʻzlari…

S a r v a r. Bu men, akosi, tanidilarmi? Tanigan boʻlsangiz tunov kuni olgan qarzlaringizni qaytarib bering, akosi. Ha, shu bugun (quloq soladi.) Nima, nima? Kerakli odamlarning ogʻizlariga tiqqanman? Vaziyat oʻzgarib qoldi? Menga qarang, akosi. Men vaziyat-paziyatlaringizni bilmayman. Qulogʻingizga quyib qoʻying. Oʻsha kuni Boʻrsiqvoyning uyida bergan vaʼdalaringiz, bir diplomat pulni bitta-bitta sanab olganlaringiz — hammasi kinoga olingan. Gʻiring desangiz, kassetani kerakli joylarga uzataman…

B oʻ r s i q. (hayratlanib.) Qanaqa kino? Qanaqa kasseta? Hech nima boʻlmagan edi-ku.

S a r v a r. Ishing nima? Bilib qoʻy: bu aferistlar shoxida yursa, kamina bargida yuraman. Oʻziyam ishtonini bulgʻab qoʻydi-yov, ogʻayning. (Telefonni Boʻrsiqqa otadi, Boʻrsiq arang tutib oladi.)

B oʻ r s i q. Shu ishingiz chakki boʻldi-da, xoʻjayin. Kerakli odam edi.

S a r v a r. Kerakli odam emish. Boshda, ishga olayotganda aytgan edim-ku senga, men bunaqa qalangʻi-qasangʻi aferistlar bilan ishlamayman deb. Basharasi yoqmagan edi uning. Umrida qorni toʻymagan shumshik mushukka oʻxshaydi. Boshqa topshiriqlarim nima boʻlayapti?

B oʻ r s i q. Qaysi birini aytyapsiz? Agar konvertatsiya boʻlsa, oʻpkamni qoʻltiqlab bankma-bank yugurib yuribman, xoʻjayin.

S a r v a r. Konvertatsiyani qoʻyib tur. Oʻzim shugʻullanaman. Koʻrib turibman — qoʻlingdan kelmaydi. Aytgan edim-ku: men uchun hayot-mamot masala — farzandlarim taqdiri deb. Bu ish nima boʻlyapti? Oʻzing aytgan eding-ku, tomogʻi teshik yuristni topdim deb.

B oʻ r s i q. Topgan edim. Ammo-lekin ayollar yili boʻldi-ku bu yil.

S a r v a r. (hayron). Ayollar yili boʻlsa nima boʻpti?

B oʻ r s i q. Nima boʻlardi? Ayollar dastidan teshik-teshikka kirib ketdiku erkak zoti. Xotiningiz Diloraxonning tili bir qarich boʻldi-ku.

S a r v a r. Xotinim emas u. Taloq qilganman uni. Uch taloq. Farzandlarim kerak menga, farzandlarim.

B oʻ r s i q. Uch taloq tugul, ming taloq qilsangiz ham sud ajrim qilmaganmi hali? Qilmagan. Ayollar yilida poraga sotilib, erkaklar foydasiga hal qilasanmi ishni deb, Diloraxon shunaqa oʻyin koʻrsatyaptiki, kiradigan teshik topolmay qopti tomogʻi teshik sudya. Sichqonning ini…

S a r v a r (boʻshashib.) Ming tanga de?

B oʻ r s i q. Ming tanga emish. Ming dollar deng, xoʻjayin. Xotiningiz yuristga hozir miyangni qatigʻini chiqaraman deb, stulni otgan ekan, u bechora stolining tagiga kirib ketibdi. Oʻxshayaptimi?

S a r v a r. Tushunmadim gapingga.

B oʻ r s i q. Xotiningizga oʻxshayaptimi deyapman. Nimasiga tushunmaysiz?

S a r v a r. Buyogʻi nima boʻladi endi? Shu arzimagan ishning uddasidan chiqolmasang, nimaga ishga oldim sen qorinvoyni. Nimaga toʻlayapman jaraq-jaraq pullarni.

B oʻ r s i q. Hali oqlaymiz non-tuzingizni. Ammo-lekin… Bir qoshiq qonimdan kechsangiz sizga aytadigan bir gapim bor, xoʻjayin. Menga qarang, jon ogʻayni. Nima qilasiz shu xotin bilan ajrashib? Axir insof bilan aytganda sizniyam, meniyam odam qilgan shu xotin-ku? Kim edik bizlar? Men oʻzingiz aytgan iprindi bir pattachi edim, bozorkom qildi. Siz tachka haydab yurgan bir yigitcha edingiz. Rost, juda kelishgan, ketvorgan yigitcha edingiz. Shu xotin sabab, millioner boʻldingiz. Lekin uyam qanaqa juvon edi? Butun shahar uning supermarket doʻkoniga mol olgani emas, husni-jamolini tamosha qilgani kelardi. Hozir ham koʻchada yursa, ne-ne erkaklar qayrilib qaraydi. Shahzodaning ishqi baqaga tushibdi, deganlaridek…

S a r v a r (shartta yoqasidan oladi.) Nima demoqchisan, shaytonni yoʻldan urgan iblis? Dilora shahzoda, sen qurbaqa eding, demoqchimisan?

B oʻ r s i q. Yoʻ-yoʻq. Siz ham zoʻr ekansiz, tachkachidan shu darajaga yetdingiz. Kimsan, Sarvar biznesmen, degan nom chiqardingiz. Mana bunaqa koshonalar qurdingiz.

S a r v a r. Kecha aytdim-ku senga. Mening shaxsiy ishlarimga aralashma deb… Shampan qani? Jigar kavob qayda?

B oʻ r s i q. Jon xoʻjayin. Qoʻying shu ichkilikni. Kechasi yuragingiz yomon boʻlib, oʻtakamni yorib yubordingiz-ku axir.

S a r v a r. Ichkilikdan emas, farzandlarimni sogʻinganimdan darz ketyapti yuragim? Hoy, kim bor? Hamma oʻlib qoldimi bu laʼnati koshonada?

(Ichkaridan. «Shoʻttamiz, shoʻttamiz», degan ovozlar eshitildi, soʻng bir yigit barkashlarda kabob va shampan olib chiqadi.)

Quy. Toʻldirib quy. Bu qorinvoyga ham.

B oʻ r s i q. Yoʻ-yoʻq. Bilasiz-ku, ogʻzimga ham olmayman, xoʻjayin.

S a r v a r. Bilaman. Bir shoir aytgan ekan: otadiganlardan yomonlik chiqmas ekan, otmaydiganlardan chiqar ekan hamma yomonlik, degan ekan. (Ust-ustiga ikki qadah otadi.)

B oʻ r s i q. Oling, olavering. Xizmatkorda zabon yoʻq. Boshimizni egib turaveramiz. Ammo… egilgan boshni qilich kesmas, degan ekan bir mashoyix.

S a r v a r (hazilomuz.) Qilich hayf sen pattachining ahmoq boshingga. (Birdan boʻshashib oʻzini kresloga tashlaydi.) Jon doʻstim. Bir balo qil bu ishni. Xohlasang «Mersedesim»ni ol. Istasang, «Volvam»ni. Ammo bir balo qilib, toʻgʻrilab ber, bu ishni. Oʻgʻilcham meni qamchilab, eshshak qilib minganida, qizalogʻim polga choʻkkalatib tuya qilib oʻynaganida, mendan baxtiyor inson yoʻq edi bu dunyoda. Gapimga ishon, doʻstim. Boʻrsiqvoy. Boʻrsiqqinam. Kechalari tushlarimga kiradi farzandlarim. Ular ham meni yoʻqlashar emish. Yoʻqlab, yigʻlashar emish. Toʻgʻrisini aytsam, hozirgacha pushaymon qilaman bu xotinning tuzogʻiga ilinganimdan. Xotinning marhamati bilan boyvachcha boʻldi, degan umrbod oʻchmas tamgʻani peshonamga bosib, boyvachcha boʻlish nima kerak edi menga? Undan koʻra och qornim, tinch qulogʻim deb, tachkamni sudrab yuraversam boʻlmasmidi, ogʻayni? (Darvoza qoʻngʻirogʻi qattiq jiringlaydi. Temir eshikda Dilora koʻrinadi. U yoʻlini toʻsgan qorovulni itarib yuborib ichkariga kiradi).

B oʻ r s i q. (Shivirlab.) Hizirni yoʻqlasak ham boʻlarkan. Ana keldilar, sizni boyvachcha qilgan xonimcha.

D i l o r a. (Qorovulga.) Daf boʻl, hezalak. Yo meni tanimadingmi, muttaham?

S a r v a r. (Shivirlab.) Men quyon boʻldim, oʻzing gaplashaver, Boʻrsiq.

D i l o r a. Toʻxta. Sarvar. Kimdan, qayoqqa qochyapsan? Oʻz xotining, Olloh qovushtirgan jufti halolingdan qochasanmi?

(Sarvar quloqlarini berkitib, kresloga choʻkadi. Boʻrsiq Dilora tomon pildiraydi.)

B oʻ r s i q. Keling, Diloraxon. Eson-omonmilar? Kayflari chogʻmi?

D i l o r a. Boʻrsiq boʻlsang ham ilonday avraysan-a, burgaga tuzoq qoʻygan loʻttivoz? Qayoqqa chopyapsan, qorningni larzon-larzon qilib.

B oʻ r s i q. Koʻrib turibsiz-ku, sizga peshvoz chiqdim-ku, opajon?

D i l o r a. Mengami yo kissangni dollarga toʻldirib, anov poraxoʻr yuristtingga shoshayapsanmi?

B oʻ r s i q. Yoʻ-yoʻq, opajon. (Shivirlab.) Kamina hech qachon sizga qarshi ish qilgan emasman. Sizni yaxshiligingizni unutgan odam koʻr boʻladi, opajon, koʻzi oqib tushadi.

(Boʻrsiq chetlab-chetlab boradi-da, birdan shataloq otib oʻzini darvozaga uradi.)

D i l o r a. Ha, yer yutgur, shumtaka. Meni ilonday avrab, quyon boʻlishini qarang buni.

S a r v a r. (Soqchiga.) Nega kiritding bu sayroqini. Opchiqib tashla koʻchaga.

S o q ch i. Menga qarang, opajon…

D i l o r a. Yaqinlashma menga. Toʻpponchangni qiningdan sugʻurib olib, peshonangdan qarsillatib otaman. (Sarvarga.) Ha, nega kirmas ekanman. Behayomanmi, shallaqimanmi — ikki farzandingni onasiman. Tuqqan onasiman. Mengayam quy shampaningdan. (Ichadi, tahdid bilan.) Yodingda boʻlsin: agar men topgan dollarlar bilan anovi sotqin yuristning ogʻzini moylab oʻz foydangga hukm chiqartiradigan boʻlsang… Meni tuqqan farzandlarimdan judo qiladigan boʻlsang…

S a r v a r. Xoʻsh, xoʻsh. Nima qilasan?

D i l o r a. Oʻsha kuniyoq oʻzimga ham, farzandlarimning ust-boshiga ham benzin sepib, oʻt qoʻyvoraman.

S a r v a r. (Orqasiga tisarilib.) Sen… Aqlingdan ozib, jinni boʻp qolmadingmi mabodo?

D i l o r a. Jinni boʻlsam… sen jinni qilding meni. Oʻsha kecha mendan qutulish uchun oborgansan anov haromi joʻralaring davrasiga. Ichirib, mast qilib, oʻzing pinhona juftakni urib qolgansan.

S a r v a r. Oʻsha kecha qilgan behayo-besharm qiliqlaring yodingdan chiqibdi. Iprindi-siprindi gʻanimlarimga qoshlaringni uchirib, koʻzlaringni suzib, shahvoniy muqomlar qilganing, mast-alast oʻpishganlaring — hammasi esingdan chiqibdi sening.

D i l o r a. Nima boʻlsayam oʻzing boshlab bording-ku oʻsha kechaga. Bunaqa ekan, nega obording oʻsha nopok mayxonaga. Sinamoq maqsadidami?

S a r v a r. Yoʻq. Men seni sinamoq emas, raqiblarimning koʻzini oʻynatmoq niyatida oborgan edim. Mana koʻrib qoʻyinglar, qanday muloyim, qanday odobli, men uchun jonini fido qiladigan umr yoʻldoshim bor, koʻrib qoʻyinglar, nomardlar, demoq maqsadida, iftixor qilmoq niyatida oborgan edim seni. Sen boʻlsang…

D i l o r a. (yolvorib.) Jon Sarvarjon. Akajonim mening. Oʻsha kecha erkalik qilsam qilgandirman, yengillik qilgan boʻlsam qilgandirman. Lekin, tepamda xudo, biror it tekkani yoʻq jismimga. Jismim ham pok, vijdonim ham (birdan sizlashga oʻtib), Sarvar aka. Jonim, jonginam. Koʻzimni ochib koʻrgan jufti halolim. Agar gunoh qilgan boʻlsam kechiring men baxtiqaroni (yigʻlaydi.) Kechiring. Xohlasangiz, tiz choʻkib oyoqlaringizni oʻpaman.

(Sarvar uni ushlab qoladi.)

S a r v a r. Yoʻq, singan koʻzani qayta tuzatib boʻlmas, Dilora. Tuzatganda ham yamogʻi qoladi uning. Undan koʻra, ayt: mendan nima kerak senga? Uy desang uy, pul desang pul, mashina desang mashina — hammasini muhayyo qilib berdim. Tagʻin nima kerak?

D i l o r a. Siz. Siz keraksiz, Sarvar aka. Siz. Sizsiz yorugʻ dunyo qorongʻu menga, jonim. Jonginam, haydamang meni.

S a r v a r. (Sarosimada suv tutadi.) Dilora… oʻzingni bos. Odamlar koʻrsa nima deydi.

D i l o r a. Koʻrishsa koʻrishaversin. Shu xonangizdan bitta-yu bitta hujra bersangiz boʻldi. Bolajonlarim bilan kelib turay. Mayli, boshqa xotin oling. Men xizmatlaringizni qilay. Choʻri boʻlay, malay boʻlay. Faqat haydamang. Sizni koʻrib yurish bahridan judo qilmang, men baxtiqaroni.

(Yana tiz choʻkmoqchi boʻladi. Sarvar yana ushlab qoladi.)

S a r v a r. Bas qil, Dilora. Art koʻz yoshingni. Jonimga tegdi bu dodi-faryoding.

D i l o r a. E, xudo. Gunohim nima men shoʻrlikning. Gunohim — kuni kecha doʻkonimda tachka haydab yurgan bu goʻrsoʻxtani yaxshi koʻrib qolganimmi? Gunohim — gulday yoshligim, bu koʻrkam goʻzalligim, doʻkonim, bor bisotimni bir kulib boqishimga zor boʻlib, bosgan izimni oʻpib yurgan bu goʻrsoʻxtaga inʼom qilganimmi? Gunohim nima mening?

S a r v a r. (Hamiyati koʻzgʻab.) Mening tillalarim-chi? Dadam rahmatli bergan, bobomdan qolgan tillalar…

D i l o r a. Topgan oʻn tillangni yuzimga solmoqchimisan? Oʻn tillangni ming tilla qilib bergan kim? Mana shu yomon Dilora.

S a r v a r. (Koʻngli boʻshab.) Dilora. Quy endi. Qiynavording-ku odamni. (Soqchiga.) Opangni opchiqib, mashinada olib borib qoʻy, uka.

(Soqchi Diloraning qoʻltigʻidan oladi.)

S o q ch i. Yuring, opajon. Yura qoling, mashina tayyor.

D i l o r a (Sarvarga.) Haydayapsanmi? Itday quvayapsanmi? Ollo qovushtirgan jufti halolingni (yana telbalanib.) Mayli, quv. Hayda. Haqorat qil. Faqat boyagi gapim yodingdan chiqmasin. Mabodo, farzandlarimizni mendan tortib oladigan boʻlsang… uchchovimizning ham kulimizni olasan. Jismimizni emas, kulimizni dafn etasan.

S a r v a r. (Toqati toq.) Buni daf qil dedim senga. (Soqchi Dilorani sudraydi. Dilora unsiz yigʻlagancha unga boʻysinib, qoqilib-surilib orqasidan yura boshlaydi-yu, ayaning xonasidan chiqqan Gulnozani koʻrib, yulqinib soqchining qoʻlidan chiqadi.)

D i l o r a. Ha-a… Gulnozaxon. Nega bu dargohga serqatnov boʻp qoldilar desam… Bilaman, hammasini bilaman. He, yuzing qursin. Lochinday ering turib, mening jufti halolim bilan don olishgani uyalmaysanmi, behayo.

(Gulnoza kaftlari bilan yuzini yashirganicha turgan joyida tosh qotadi).

S a r v a r. (Soqchiga baqiradi.) Men senga nima dedim. Yoʻqot, bu iflosni.

D i l o r a. Xudoga soldim sen qiltiriqni, ikkalovingni ham xudoga soldim.

(Soqchi yigʻlagan Dilorani qoʻlidan tortib olib chiqib ketadi. Gulnoza hamon kaftlari bilan yuzini yashirganicha darvoza tomon yuradi. Sarvar tez borib uning yoʻlini toʻsadi.)

S a r v a r. Gulnozaxon. Koʻnglingizga olmang, uning gaplarini. Koʻrib turibsiz-ku, telbalanib qolgan u.

G u l n o z a. (Sekin.) Meni qoʻyib yuboring, Sarvar aka. (Birdan oʻksib, unsiz titrab yigʻlaydi.) Qaysi gunohlarim uchun bu haqorat, bu malomat, bu boʻhton.

S a r v a r. Iltimos, yigʻlamang, Gulnozaxon. Siz shunday… pokiza insonsizki, sizga hech bir tuhmat, hech bir boʻhton yopishmaydi. Yuqmaydi, sizga…

G u l n o z a. Rahmat. Men boray.

S a r v a r. Iltimos qilaman, xafa boʻlmang. Mendan… Xafa boʻlmang…

G u l n o z a. Sizdan nega xafa boʻlay. Men oʻzimdan xafaman. Bu gaplardan keyin, men endi bu uyga, xolamlarning oldiga qanday kelaman? Qaysi yuz bilan kelaman.

S a r v a r. Yoʻ-oʻq. Siz oyimlarning bitta-yu bitta suyanchigʻisiz, ovunchigʻisiz. Faqat oyimlar emas… men… mening ham…

G u l n o z a. Qoʻying, bu gaplarni…

S a r v a r. Yoʻq, rost, meni qoʻrqitmang. Yuragimni sanchitmang…

G u l n o z a. Yuragingiz sanchisa… Erimga — Darveshali akamlarga koʻrining. Bilasiz, u kishi katta jarroh…

S a r v a r. Bilaman. Eringiz ulugʻ jarroh. Ammo mening yuragimni hech bir jarroh davolay olmaydi. Yuragimni bittayu bitta doʻxtir davolay oladi, u ham boʻlsa…

G u l n o z a. Iltimos: bu yogʻiga oʻtmang. Shu gapda toʻxtang…

S a r v a r. Nega? Dilimdagi rozimni aytib qolay…

G u l n o z a. Qoʻying, bilaman, hammasini bilaman. Faqat siz ham shuni bilib qoʻyingki, siz oʻylagan reja hech qachon, hech qachon roʻyobga chiqmaydi.

(Sarvarning yonidan oʻtib, darvoza tomon yoʻnaldi. Sarvar bir-bir bosib, shiyponga chiqadi va yuragini silaganicha oʻrindiqqa suyanadi. Uydan Mehriniso aya chiqadi.)

A ya. Birov keldimi, bolam. Qulogʻimga shovqin-suron, baqir-chaqir kirganday boʻldi. (Yoniga oʻtiradi.) Nega yuragingni changallaysan. Ogʻriyaptimi?

S a r v a r. Oyijon… Oyijonginam. Ayting-chi, meni nega tugʻdingiz?

A ya. Bu nima deganing, bolajonim. Seni menga xudo bergan ekanki, tugʻdim-da…

S a r v a r. Xudo bergan boʻlsayam… tugʻmasangiz boʻlarkan, oyijon.

(Onasining tizzasiga boshini koʻyadi.)

 

P a r d a

 

 

Ikkinchi parda

 

IKKINCHI KOʻRINISH

 

Chogʻroqqina hovli. Hovlining toʻrida bir tup oʻrik. Oʻrik shoxiga argʻimchoq osilgan. Sadarayhon va atirgullar ekilgan gulzor oʻrtasida doʻngalak stol, stol atrofida toʻrtta kreslo. Stolda dori-darmon va jarrohlik uskunalari solingan quticha, quticha yonida telefon, bir-ikki shisha «Toshkent» suvi. Parda ochilganda stol atrofida asabiy aylanib yurgan Darveshalini koʻramiz. Uning sochlari darveshona toʻzgʻigan, egnidagi oq xalatni bir yechadi, bir kiyadi. Telefon jiringlaydi.

D a r v ye sh a l i. (Goʻshakni olib.) Labbay. Ha, men (kuloq soladi, dagʻallik bilan.) Namuncha vahima qilasanlar. Yuragida emas u odamning dardi. Hamma koʻrsatmalarni berib ketdim-ku kecha. Oʻzing operatsiya qilsang ham boʻlaverardi. Yo soqoling koʻksingga tushgandayam assistent boʻlib yuraverasanmi? Nima deding? Chap oyogʻingiz bilan turganmisiz? Yoʻq, oʻng oyogʻim bilan turganman… Xotinimni yoʻqotib qoʻydim. Nega kulasan? Xotiningni yoʻqotsang, sen mendan ham battar boʻlarding… Nima, nima? Koʻcha toʻla xotin. Boshqasiga uylanardim? Sen uylanaver, oʻsha, koʻcha toʻla xotinlarga. Nima deding. Hazillashdim? Kelib-kelib domlang bilan hazillashasanmi, ablah. Bunaqa hazil uchun yumshoq joyingga tepib haydab yuboraman kafedramdan. Yoʻq, xotinim topilmaguncha ishga bormayman. Aytib qoʻy bosh vrachga. (Eshikdan kirgan Gulnozani koʻrib.) E, mana topildi. Yarim soatlarda borib qolaman. (Goʻshakni «shaq» etib koʻyadi.)

G u l n o z a. Kechirasiz, Darveshali aka. Sizga aytmay ketuvdim. Ozgina hayallab qoldim.

D a r v ye sh a l i. Ozgina emish. Bir soat boʻldi: ikki koʻzim eshikda. (Dagʻdagʻa bilan.) Men senga necha marta aytdim. Oyogʻingga yiqilguday boʻlib yalinib-yolvordim. Xudoning qahriga yoʻliqqan bu xonadonga qadam bosma, dedim. Sabab bunaqa… gapimga bepisand boʻp qolding, Gulnoz?

G u l n o z a. Axir men ham vrachman. Odamlarning ogʻirini yengil qiladigan insonmanmi? Bemehr bir maxluq emasman-ku axir.

D a r v ye sh a l i. Men-chi. Men ham odamlarga oʻxshab, xotinimning qoʻlidan bir piyola choy ichib ketishga haqqim bormi yo… yaxshisi, ogʻzimni tikib qoʻya qol, tinch boʻlasan.

G u l n o z a. Choyingizni damlab, yaxshi koʻrgan shirguruchingizgacha pishirib, stolga qoʻyib ketgan edim-ku…

D a r v ye sh a l i. (kesatib.) Goʻyo bilmayman. Sensiz tomogʻimdan choy tugul, bol ham oʻtmasligini bilmaysan goʻyo.

G u l n o z a. Bilaman. Nima qilay? Ular qoʻshni-ku axir. Xolamlarning ahvoli ogʻir. Qon bosimi juda baland. Ilinib turibdi. Oʻgʻillari Sarvar akamlar ham millioner boʻlsalar ham, shoʻrpeshona: baxtsiz bir odam…

D a r v ye sh a l i. Ha, balli. Hamma balo mana shundan boshlanadi. Avval shoʻrpeshona deb, peshonalarini silagilaring keladi, keyin boshlarini koʻkraklaringga bosib, yupatgilaring…

G u l n o z a. Sizga nima boʻldi, Darveshali aka? Yo yomon tush koʻrdingizmi bugun?

D a r v ye sh a l i. (kuloq solmay). U xaromi boyvachcha boʻlsa… oʻz xotini turib, birovlarning xotiniga tuzoq qoʻyadi, don sepadi. Uning soxta koʻz yoshidan koʻngillaring buzilib…

G u l n o z a. Darveshali aka (koʻlini oladi.) Xayol-parast Darveshakam mening.

D a r v ye sh a l i. (Qoʻlini siltab tashlaydi.) Baxtsiz emish. Yo uni baxtsiz qilgan menmi? Kim unga el qatori yashash oʻrniga, hammadan zoʻr boʻlaman, hammaning koʻzini oʻynataman, deb uch qavatli koshona qur degan kim? Gulday xotini turib, boshqalarning yosh xotinlariga koʻz olaytir degan kim? Menmi?

G u l n o z a. (Toqati toq boʻlib.) Qoʻying-e. Rashk degan ham evi bilan-da…

D a r v ye sh a l i. Rashk — muhabbatning azaliy yoʻldoshi, degan ulugʻ bir shoir. Rashk qilishga haqqim bor. Zags qogʻozimni yoʻqotganim haq. (Koʻkragiga urib). Boʻynimga tumor qilib osib qoʻyibman uni. Turibdi. Agar bu koshonadan oyogʻingni uzmasang, temir qafas yasatib, seni unga tiqib, kalitini choʻntagimga solib yuraman. Oʻtirasan, qafasda och bedanaday koʻzlaring moʻltirab.

G u l n o z a. (Kuladi.) Mayli, oʻtiraveraman. Don sepib, suv berib tursangiz boʻldi…

D a r v ye sh a l i. Mushukka oʻyin, sichqonga oʻlim.

G u l n o z a. (qattiqroq kuladi). Siz sichqon, men mushuk boʻldimmi endi. Qoʻying endi, Darveshali aka. Otellolar zamoni oʻtgan. Oʻtmagan boʻlsayam men toʻyimizda hadya qilgan roʻmolchangizni yoʻqotmaganman. Hanuz koʻkragimda asrab yuribman. (Koʻkragidan roʻmolcha chiqarib, kulganicha erining yuzi oldida silkitadi.)

(Darveshali roʻmolchani yulib olmoqchi boʻladi).

D a r v ye sh a l i. Ber buyoqqa. Sandiqqa solib qoʻyaman. Yoʻqotib qoʻysang yoki anovi loʻttiboz millionerning tuzogʻiga ilinib, meni tark etsang…

G u l n o z a. (Yolvorib.) Domlajon. Bas qiling bu eski plastinkangizni. Oʻzgartiring kassetangizni. Boshqasini qoʻying.

D a r v ye sh a l i. Yoʻq, eshitasan mana shu eski kassetamni. Oxirigacha eshitasan. Agar mabodo pul hovliqtirib yuborgan bu millionerning xushomadlariga, sandiq-sandiq dollarlariga uchib, uni deydigan boʻlsang bormi?

G u l n o z a. (Erkalanib.) Nima qilasiz? Aytavering, nima qilasiz?

D a r v ye sh a l i. Ha, bilib qoʻy: Men Junun… xuddi Laylisidan ayrilgan Majnundek tarki dunyo qilaman, boshimni olib, togʻlarga chiqib ketaman. Gʻorlarni makon qilaman. Gunohga botib qolgan bu diyo-natsiz insonlar bilan emas, sherlar va qoplonlar bilan oshno boʻlaman.

G u l n o z a. (Chapak chalib.) Hazrati Navoiy boʻp keting-e?

D a r v ye sh a l i. Kul, kulaver men Darveshdan. Bilaman. Endilikda senlar uchun sariq chaqaga aylandi muhabbat rozi. Televizor ekranlari sevgi tugʻyonlarini emas, har qadamda bir-biriga xiyonat qilgan, maʼshuqlar, bir-birini pichoqlagan qotillarga toʻlib ketdi. Ekranlarda shularni koʻrgilaring keladi, shularni eshitgilaring keladi sen yoshlar. Hanuz sevgi rozlariga inonib yurgan xayolparast biz darveshlar esa, masxarabozlarga aylandik senlar uchun.

G u l n o z a. Xudo haqqi, kulyapganim yoʻq. Jon qulogʻim bilan eshityapman gaplaringizni. Ota-onangiz bekorga Darveshali deb nom qoʻymagan ekan sizga. Rashkingiz kelganda chindan ham shoir boʻp ketasiz. Shoirlarni darveshlarga yaqin deydilar. Darveshlarga esa Olloning nazari tushgan emish. Nima qilay. Men ham sizga shu darveshligingiz uchun mehr qoʻyganman, desam inonmasangiz nima qilay? Jarrohsiz. Gaplarimga ishonmasangiz yuragimni yorib koʻring axir.

D a r v ye sh a l i. (Betoqat qoʻl silkitib.) Bilib qoʻy. Ismim Darveshali boʻlsa ham, devona emas edim men. Meni Darvesh qilgan sen. Yodingdan chiqmasin: Men seni… xuddi dengizdan javohir qidirgan gʻavvoslardek, necha yil qidirib, sochlarimga qirov qoʻnganda arang topib olgan edim.

G u l n o z a. (Kulgidan toʻxtab.) Men-chi?! Men ham sizga bekorga shogird tushmaganman. Siz hayotdan umidini uzgan bechora insonlarga qaytadan jon ato qilgan paytlaringizda… Oʻzingiz bilmaysiz, kechalari oʻpib chiqardim bu sehrgar qoʻllaringizni. Toʻxtang. Gapimni boʻlman. Siz meni hech narsani bilmaysan deysiz. Oʻzingiz ham hech narsani bilmaysiz. Yoshgina qiz, men toʻrtinchi kursni tugatib, birinchi bor dongʻi ketgan kafedrangizga oyoq qoʻyganimda, sizday sochiga qirov qoʻygan badjahl domlani sevib qolaman deb… (yuzini kafti bilan yashiradi)

D a r v ye sh a l i. Mayli. Uyogʻiga oʻtmay qoʻya qol. Bilaman, hammasini bilaman, azizim. Faqat… manov joyga, bu notinch oilaga qoʻshni boʻp qolganimizdan qoʻrqaman. Axir sezib yuribman. Oʻgʻirlik, qalloblik bilan topgan pullarimga dunyoni sotib olaman degan bu millionerlar…

(Gulnoz kaftini uning ogʻziga bosadi.)

Boʻldi, boʻldi. Bas qildim bu gaplarimni.

G u l n o z a. Yaxshi, men ham shu bugundan boshlab, oyogʻimni tiyganim boʻlsin. Faqat… kampirga rahmim keladi. U kishi xuddi mening marhum oyimlarga oʻxshaydilar. Biram muloyim, biram mehribonki. Bilasizmi, u kishi bugun nima dedilar. Xudoyim senlarga qoʻchqorday oʻgʻil bersin, deb duo qildilar.

D a r v ye sh a l i. Sen nima deding?

G u l n o z a. Men qiz boʻlsayam mayli, dedim.

D a r v ye sh a l i. Ke, shu gaping uchun argʻamchida bir uchiray seni.

(Shartta koʻtarib, argʻamchiga chiqaradi-da, shiddat bilan uchira boshlaydi)

G u l n o z a. Toʻxtang, toʻxtang. Oʻlaman. Qornimdagi qizchayam tushib qoladi hozir.

D a r v ye sh a l i. (Argʻamchini shartta toʻxtatib.) Rostdanmi? Qizcha borligi rostmi qorningda? Ke, qorningga quloq solib koʻray. (Tiz choʻkadi.)

G u l n o z a. (Erkalanib.) E, boring-e. Uyatsiz. (Shu payt koʻcha eshik taqillab, hovliga Dilora kiradi. Boshiga roʻmol oʻragan, oʻziyam allaqanday boʻshashgan, jurʼatsiz).

D a r v ye sh a l i. Sizga nima kerak bu uyda?

D i l o r a. Kechirasiz, Darveshali aka. Men… men Gulnozaxonga keldim. Gulnozaxon, jon singlim, kechiring men baxtiqaroni (gandiraklab borib oyogʻiga yiqiladi). Men Sizni behuda-besabab haqorat qildim. Xudo shohid: boya nimalar deganimni oʻzim ham bilmayman.

D a r v ye sh a l i. Bu qanaqa qiliq? Turing oʻrningizdan. Turing. (Darveshali bilan Gulnoza Dilorani koʻtarib toʻqima kresloga oʻtkazadilar. Gulnoza suv tutadi.)

G u l n o z a. Iching. Oʻzingizni bosing.

D i l o r a. Men aqli-hushimdan ayrilib jinni boʻp qoldim, singilginam. Erimga nimalar degan boʻlsam degandirman. Biroq siz… sizni besabab tahqirladim, kechiring men shoʻrpeshonani. Kechiring.

D a r v ye sh a l i. Eringiz bilan urishasizmi, yumdalashasizmi — bilganingizni qiling. Ammo bizni, mening xotinimni tinch qoʻying.

D i l o r a. (Yigʻlamsirab.) Derveshali aka. Siz bunaqa diydasi qattiq odam emas edingiz-ku. Siz odamlarga malham beradigan doʻxtirsiz-ku axir. Gulnozaxon, Siz nima indamaysiz? Xohlasangiz… boya qilgan malomatlarim uchun etagingizga tiz choʻkib oyoqlaringizni oʻpaman. (Yana tiz choʻkmoqchi boʻladi).

G u l n o z a. (Uni toʻxtatib.) Yoʻq-yoʻq, kechirdim, hammasini kechirdim.

D i l o r a. Sizlardan boshqa dardimni eshitadigan bir musulmon yoʻq bu dunyoda. Na iymon qoldi, na insof qoldi bu insonlarda. Uni odam qilgan kim edi. Men yomon uni odam qatoriga qoʻshgan. Mening doʻkonimga kelguncha kim edi u. Tachka haydab yurgan yalangoyoq bir gado edi. Bor bisotim, doʻkonim, yoshligim, husni-jamolim — barini hadya qildim. Oxiri nima boʻldi. (Yigʻlaydi).

D a r v ye sh a l i. Shundoq ekan, shukr qiling bunaqa loʻttivozdan qutulganingizga.

D i l o r a. Shukur qiling? Aytish oson buni. Sevsam, yaxshi koʻrsam uni… nima qilay.

D a r v ye sh a l i. Sevsam. Tilingizga olmang bu muqaddas, pokiza soʻzni. Harom qilasiz bu soʻzni.

G u l n o z a. (Erini chetga tortib.) Qoʻying, koʻrib turibsiz-ku shoʻrlikning ahvolini.

D i l o r a. Boshda bunday emas edi u, Darveshali aka. Insofli edi, diyonatli edi. Pul yoʻldan urdi uni. Endi pul sochib, farzandlarimdan judo qilmoqchi meni.

D a r v ye sh a l i. (Qutidan dori olib.) Iching buni. Hech kim sizdan bolalaringizni tortib ololmaydi. Qonun siz tomonda. Oʻzingizni bosing.

D i l o r a. Qonun deysiz. Kimning choʻntagi qappayib tursa oʻsha tomonda qonun… Men jinni boʻp qoldim, aqlimdan ozyapman…

D a r v ye sh a l i. Endi tushundingizmi bu haqiqatni. Boshingiz devorga borib tekkanda aqlingiz kirdimi? Kecha qayerda edingiz?..

G u l n o z a. (Erini chetga tortib.) Qoʻying. Oʻlganning ustiga chiqib tepmoqchimisiz? Oʻtiring, opajon (toʻqima kresloga oʻtkdzadi). Oʻzingizni bosing. Hamma narsa yaxshi boʻp ketadi. Hal boʻlmaydigan narsa yoʻq bu dunyoda. Oʻzingizni bosing. (Koʻcha eshik taraqlab ochilib, roʻmoli bir tomonga ogʻib, sochlari toʻzgʻigan Mehriniso aya koʻrinadi.)

M ye h r i  a ya. Bolam, Darveshali. Gulnoza qizim. Bolajonim yiqilib qoldi. Nafasi yetmay yuragini changallab yotipti.

D a r v ye sh a l i. (Qovogʻinni yib.) «Tez yordam»ni chaqirish kerak edi, xolajon.

A ya. Tez yordaming bor boʻlsin, oʻgʻlim. Bomdodda chaqirsangiz xuftonda arang keladi, jon bolam. Tezroq boʻlaqoling. Nafasi yetmay boʻgʻilib yotipti, bolajonim.

G u l n o z a. Domlajon! (Sal chetga tortib shivirlaydi). Chiqmasangiz boʻlmaydi, domlajon. Yon qoʻshni — jon qoʻshnimiz. Mahalla-koʻy eshitsa nima deydi?

D a r v ye sh a l i. Xoʻp. Chiqaman. Lekin namuncha titraysan? Toʻlgʻanasan? Mening yuragim tutib qolgandayam munchalik ranging oʻchmas edi-ku!

G u l n o z a. Ustoz…

D a r v ye sh a l i. Boʻldi, ketdik. Jarrohlik qutichamni ol!

D i l o r a. Voy oʻlmasam.

D a r v ye sh a l i. Xoʻp, yuring, aya.

G u l n o z a. (Hayajonda.) Dorilaringizni olasizmi?

D a r v ye sh a l i. Ol. Har ehtimolga qarshi jarrohlik narsalar solingan chamadonimni ham ol. Ha, aytmoqchi, klinikaga telefon qil. Bugungi operatsiyamni ertaga qoldirishsin. Assistentlarim bilan hamshiralar bu yoqqa kelishsin. Ketdik, xolajon.

(Gulnoza ichkariga otiladi.)

(Mehriniso aya, ogʻib ketgan oppoq roʻmolini tuzata-tuzata Darveshalining ketidan pildiraydi.)

A ya. Baraka top, jon bolam. Xudo senlarni bizga qoʻshni qilganiga ming qatla shukur, ming qatla shukur.

D i l o r a. (Boshini changallab.) Voy xudoyim. Men nima qilaman endi. (Ichkaridan oq xalat, oq qalpoq kiyib Gulnoza chiqadi. Qoʻlida chamadoncha, koʻcha tomon otiladi. Dilora uning orqasidan ergashadi.) Gulnoza. Jon singlim.

G u l n o z a. Yoʻ-yoʻq. Siz chiqa koʻrmang. Sizni koʻrib yuragi battar boʻlishi mumkin.

(Chiqadi.)

D i l o r a. Men-chi. Men bu yerda undan burun oʻlib qolaman-ku.

(Orqasidan chopadi.)

 

P a r d a

 

 

UCHINCHI KRINISH

 

Tanish hovli, tanish koshona. Hovli, xuddi oʻlik chiqqandek, ogʻir sukutda. Bir-ikkta oq xalat, oq qalpoq kiygan ayol-erkak, biri kirib, biri chiqib turadi. Hovlida allaqanday tahlikali holat hukmron.

Koshona oldida, qoʻlida uyali telefon tutib Boʻrsiq oʻtiribdi. Oʻrtadagi shiyponga yozilgan koʻrpachada qoʻsh yostiqqa suyanib, Mehriniso aya oʻtiripti, uning yonidagi kresloda boshi egik Dilora. Mehriniso aya oʻrnidan turmoqchi boʻlib, yostiqdan boshini koʻtaradi.

D i l o r a. Qimirlamang, oyijon, qimirlamang. Doʻxtir aytganlar, oʻrnidan turmasin, deganlar. Nima kerak? Suv beraymi, oyijon?

A ya (shikasta tovushda). Suving ham bor boʻlsin. Ichkaridan xabar yoʻqmi?

D i l o r a. Boʻp qolar, oyijon. Xudo xohlasa yaxshi xabar boʻp qolar. Sabr qiling, oyijon.

A ya. Oʻzing kechirgaysan, e parvardigor. Qanday sabr qilay? U yoqda bolajonimning koʻkragini yorishayotgan boʻlsa, bu yoqda. Hoy, qizginam-ey, qizginam-yey. Nimalar qilib qoʻyding, qizginam-ey. Yeganing oldingda, yemaganing orqangda edi. Egningda, amriqolik kiyimlar, tagingda amriqolik mashinalar. Tagʻin nima yetmasdi senga, qizginam?

D i l o r a (tuyqisdan avvalgi holatiga kelib). Nega yongan yuragimni battar yondirasiz, oyijon? Nega hamma aybni menga toʻnkaysiz-u, oʻgʻlingiz boshimga solgan savdolarni koʻrmaysiz? Mendan qutulish maqsadida arzandangiz nimalar qilmadi? Mast-alas joʻralarining davrasiga tashlab, oʻzi gumdon boʻldi-yu, ertasiga tuhmat, barcha malomatlarni men shoʻrlikni boshiga yogʻdirdi.

A ya. Mayli, bolam, mayli. Uyogʻiga oʻtmay qoʻya qol. Usiz ham ne holda yotibman… (yostiqqa suyanadi).

D i l o r a. Kechiring, oyijon. Achchiq ustida nima deganimni ham bilmay qoldim. Hamma ayb men yuzi qaroda. Kechiring, noshukur qizingizni…

A ya. Men kechirdim nima-yu, kechirmadim nima, yaratgan egam kechirgay barchamizni.

D i l o r a (yigʻlamsirab). Men ham Ollohdan shuni tilayman. Iloyo, oʻgʻlingiz shifo topsin. Ayttaningizni qilaman. Kelin emas, choʻringiz boʻlaman, oyijon.

A ya. Seni choʻri qilib nima qilay, bolam? Sen ikkoving murosaga kelib, yarashib ketsalaring, men ham qariganimda tinchgina oʻlardim, qizginam.

(Darvoza qoʻngʻirogʻi jiringlaydi. Hovliga qoʻllarida quticha, ikki odam kiradi. Soqchidan: Bemor q/ayoqda, deb soʻrashadi. Soqchi qoʻli bilan koshonani koʻrsatadi. Boʻrsiq apil-tapil oʻrnidan turadi.)

B oʻ r s i q. Bu yoqqa, bu yoqqa marhamat qilsinlar. Qadamlariga hasanot.

K ye l g a n l a r d a n  b i r i. Operatsiya boshlandimi?

B oʻ r s i q. Boshlandi, boshlandi. Marhamat, oʻzim yoʻl koʻrsataman (ichkariga kirib ketadilar).

A ya (besaranjom). Tagʻin birbvlar kelishdimi? Kimlar ekan bular?

D i l o r a. Kim boʻlardi. Doʻxtirlar-da. Toshkentda qaysiki katta doʻxtir boʻlsa hammasi shoʻtta. Oʻlikni tiriltiradigan professorlar bular.

A ya. Tufe de. Bandasining joni Ollohning qoʻlida.

D i l o r a (bepisand). Oʻgʻlingiz ham osonlikcha jon taslim qiladiganlardan emas. Yigitmisan yigit, oʻgʻlingiz. Biz qanday topishganimizni bilmaysiz, oyijon (yashnab, tobora yayrab). Ikkimiz ham yosh edik. Men yosh boʻlsam ham olov edim, shayton edim.

A ya. Shayton haliyam.

D i l o r a (kinoyani sezmay krladi). Ot bozorida doʻkonim boʻlardi. Hamma doʻkondorlar oshiqu beqaror edilar menga. Oʻgʻlingiz boʻlsa qoʻlimda yuk tashirdi. Kichkina tachkasi boʻlardi. Tachka haydasa ham oʻzi xoʻp kelishgan yigitcha edi-yu… Lekin, meni kechirasiz, oyijon, ogʻzidagi oshini eplab icholmaydigan lapashang edi (kuladi). Bir kun, yovvoshdan yoʻgʻon deganlaridek, landovur oʻgʻlingiz deng…Nikolay poshshoning bitta oltin tangasini qoʻynidan chiqarib koʻrsatsa boʻladimi! Qayoqdan olding, desam, dadam berdilar, bobom rahmatlik nabiramga deb atagan ekanlar, dedi.

A ya. Ha, dadasi rahmatlik, oʻlim toʻshagida yostigʻining tagidan olib bergan edi. Bir tanga emas, oʻn tanga edi…

D i l o r a. Rost, rost. Ertasiga qolgan toʻqqiztasiniyam opkep berdi. Men ularni aylantirib-aylantirib bir oy ichida bir chemodan pul qildim.

A ya. Ha, esimda. Bolajonim oʻshanda bir oy yoʻq boʻp ketgandi. Men boʻlsam erim rahmatlikka, yosh bolaning qoʻliga oltin tutqazib, bolajonimning boshiga yetdingiz deb, shoʻrlikni adoyi tamom qilgandim.

D i l o r a (shirin esdaliklardan entikib). O, oyijon, oyijon. Siz nimani ham bilasiz… Qanaqa totli, qanaqa goʻzal boshlangandi bizning turmushimiz. Endi eslasam… Bu dunyoga kelib koʻrgan eng shirin, eng baxtiyor damlarim ekan oʻsha damlar. Oʻgʻlingiz bamisoli gijinglab, depsingan toychoq edi u mahalda. Kechasi bilan uyqu bermasdi. Dod, oʻlaman desam ham, qoʻyib yubormasdi qoʻynidan (zavqlanib kuladi). Biram yomon edi, biram yomon ediki oʻgʻlingiz.

A ya (yolvorib). Hoy, senga nima boʻldi, kelinposhsha. Birovga toʻy, birovga aza, degan ekan bir notavon. Bolam shoʻrlikning holi nima boʻlyapti, nima qoʻyayapti deb, arosatda qovurilib yotibman-ku, sen boʻlsang…

D i l o r a. Kechiring, ayajon, yaxshi kunlar esimga tushib, xayolim chalgʻidi. Nima boʻlgandayam, oʻshanda birovlarning yukini tashib, tachka sudrab yurgan bolangizni odam qilgan mana shu yomon Dilora edi. Oʻn tillani bir chamadon pul qilib, uni boy qilgan ham, millioner qilgan ham mana shu yomon keliningiz edi, oyijon.

A ya (toqati toq). Yuragimni tars yoraman demasang, qoʻy deyapman bu gaplaringni. Och qornim, tinch qulogʻim. Bu boylik, bu koshonalaringdan erim rahmatlikning yomon chaylasiyam yaxshi edi bizga.

(Ichkaridan Gulnoza chiqadi va shosha-pisha darvoza tomon yoʻnaldi.)

(Talpinib.) Hoy, Gulnoza qizim. Qayoqqa shoshayapsan? Nega indamaysan?

G u l n o z a. Bir dori kerak boʻp qoldi, shunga ketyapman. Hozir kelaman, xolajon, hozir.

A ya. Qizginam-ov. Meni oʻlib qolmasin desang, bir nima deb ketsang-chi, bolam. Yuragim chidamaydi-ku, yuragim…

G u l n o z a. Hammasi yaxshi boʻladi, xolajon, hammasi…

(Chopqillab chiqib ketadi.)

A ya (orqasidan duo qiladi). Iloyo umring uzoq boʻlsin. Qoʻshganing bilan qoʻshaqarigin. Biram shirinsuxan juvonki. Ogʻzidan bol tomadi. Ibrat olsang boʻlardi undan.

D i l o r a (gʻashi kelib). Mayli, oyijon, mayli. Birovning nomi yomonga chiqsa, hamisha yomon boʻlarkan, birovning nomi yaxshiga chiqsa, hamisha yaxshi boʻlarkan. Shu shirinsuxan tili bilan barchangizni avrab olgan bu qiltiriq nozanin.

A ya. Bilib-bilmay birovga tuhmat qilma, gunohga botasan, bolam.

D i l o r a. Siz nimani bilasiz, oyijon. Siz bahona diydor gʻanimat. Sizga ukol bahona, har kuni oʻzi oʻgʻlingizga ukol qildirtirib ketadi, bu jonon.

A ya. Hoy, nimalar deyapsan, kelinposhsha. Oʻgʻlim doʻxtirmidiki ukol qilsa.

D i l o r a. (Ayani quchadi.) Biram soddasiz, biram sodadsizki, oyijon, keling, shu soddaligingiz uchun bir oʻpib qoʻyay.

A ya. Yoʻ-yoʻ-oʻ, roziman. Ogʻzingdan qoʻlansa hid kelyapti, nima balo, saharmardondan bir baloni ichib olganmisan?

D i l o r a. Ichmay nima qilay? Necha kun boʻldi, oʻzimni qoʻyarga joy topolmayman. Yorugʻ dunyo koʻzimga tor boʻldi, oyijon. Tor boʻldi.

(Koshonadan Boʻrsiq chiqadi va Dilorani imlab chaqiradi.)

Men hozir, oyijon. Ah, Boʻrsiqvoy, nima gap? Tinchlikmi?

(Boʻrsiq, Aya eshitmasin degan maʼnoda barmogʻini labiga bosadi.)

B oʻ r s i q (shivirlab). Bir protsent.

D i l o r a. Tushunmadim.

B oʻ r s i q. Nimasini tushunmaysiz? Operatsiya qilayapganlar aytishayapti, umid bir protsent, deyishyapti.

D i l o r a. E, xudoyim. Tagʻin ne kulfatlarni solmoqchisan boshimizga?

B oʻ r s i q. Sizga qilgan shuncha zugʻumlaridan keyin namuncha iztirob chekasiz? Kampirni daf qiling. Uyiga kirib yotsin. Sizga aytadigan muhim gapim bor.

D i l o r a. (shivirlab). Kampirning ikki qulogʻi ichkarida. Kirmaydilar uylariga.

B oʻ r s i q. Aldab-suldab opkirib, yotqizing. Darvesh doʻxtir aytdi deng. Sizniyam koʻrishar ekan, ukol qilishar ekan, deng. (Dilora joyiga qaytadi.)

D i l o r a. Oyijon. Oʻrningizdan turing. Uyingizga kirib yotar ekansiz.

A ya. Fikri-zikrim bolamda boʻlsa-yu, uyda pishirib qoʻyibdimi menga. Shaytonga saboq beradigan anov tullak tagʻin nima baloni topib keldi?

D i l o r a. Yoʻq-yoʻq. Yomon gapi yoʻq uning. Siz yaxshi koʻradigan Darvesh doʻxtir aytibdi: ayajonimni ham koʻrib qoʻyaman, uylariga kirib yotsinlar deyapti. Turaqoling, oyijon (qoʻltiqlab oʻrnidan turgʻizadi). Yuraqoling.

A ya. Mendan bir nimani yashirayapsanlar-ov. E, xudoyim. Oʻzing najot ber. Yolgʻiz sendan kutaman madadni. Yolgʻiz oʻzingdan, yaratgan egam!

(Ichkariga kirib ketadilar. Telefon jiringlaydi.)

B oʻ r s i q. (Yonidan uyali telefonni olib.) Eshitaman. Ha, ha, men oʻzim. E, e, e, parvo qilmang. Hech qanaqa kinoyam boʻlgan emas. Video ham. Qoʻqonpoʻpisa hammasi. Ammo-lekin qoʻrqib ketganga oʻxshaysiz. Ogʻayning ishtoniga haligidaqa qip qoʻydi, deb maqtandi-ku bu hovliqma. Labbay? Darrov eshitibsiz-da. Nima boʻlardi — yuragi darz ketgan. Umid yuzdan bir protsent emish. Xorij? E, xorij u yoqda tursin, hatto qoʻzgʻatish ham xatarli deb, shoʻtning oʻzida olishyapti doʻxtirlar. Sabab? Sababi — asab. Xotinini haydab yuboriptiki, halovat yoʻq uyida (u yoq-bu yoqqa qarab qoʻyadi).

E, e, jon aka. Sizday akajonimdan jonimni ham ayamayman. Til topishsak, yarim narxiga ham bervora-man aytgan odamingizga. Labbay? Boʻpti-boʻpti. Sizday akajonim taklif qiladi-yu, ukangiz yoʻq dermidi? Qayerda? Xitoy restoranida? Soat oʻn ikkida. Kechasi-ya? Anov xipcha bel kitayankalar yelpigʻichlari bilan yelpib turadilarmi? E, zoʻrsiz, akajon, zoʻrsiz-da. Boʻldi, akajon, boʻldi. Maboda yurolmay qolsam, emaklab boraman, akajon.

(Kuladi. Telefonni oʻchirib, qoʻllarini ishqalaydi).

Ha, xudo bor bu dunyoda! Mazax qilib, ustimdan kulgani-kulgan edi. Oʻz ismim turib Boʻrsiq deb kalaka qilardi. Hali koʻramiz kim kalaka boʻladi.

(Qoʻngʻiroq chalinib, Gulnoza kirib keladi.)

E, e, Gulnozaxon. Qidirgan dorilari topildimi, akosi?

G u l n o z a. Topildi, topildi.

B oʻ r s i q. Bir daqiqa, akosi. Operatsiyadan keyin opketasizlarmi Sarvarjonni?

G u l n o z a. Yoʻgʻ-e. Avval oʻziga kelsin. Keyin maʼlum boʻladi opketamizmi, yoʻqmi. E, xolamlar qanilar?

B oʻ r s i q. Xolangizniyam ahvoli ogʻirlashdi. Uyga opkirib ketishdi.

G u l n o z a. Hozir oʻzim qarayman, hozir.

Ketadi.

B oʻ r s i q. E, bu nozaninlar, nozaninlar. Ogʻzidan bol tomadi-ya, Sarvar akamlar deganda. Nimasiga bunaqa besh ketishadi xudo husn berib, aql bermagan bu sanamlar.

(Ichkaridan Dilora chiqadi.)

D i l o r a. Boyagi shumxabarni qayoqdan topding? Umid bir protsent deb kim aytdi senga?

B oʻ r s i q. Siz xotinlarga hech tushunib boʻlmaydi. Uch taloq qilgan odamga joningiz achiyaptimi?

D i l o r a. Nega jonim achimas ekan. Yaxshi boʻlsin, yomon boʻlsin, koʻz ochib koʻrgan jufti halolim. Ikki farzandimning otasi.

B oʻ r s i q. Kechirasiz. Bunaqa boʻlsa tilim lol. Qaytib oldim soʻzimni.

D i l o r a. Xudosini aytgan — berdisini ham aytadi, shaytonni avragan tullak. Tilyogʻmalik qilavermay gapir gapiradigan gaping boʻlsa.

B oʻ r s i q. Gapirsam… Sudda ajrimga koʻnmay koʻp yaxshi ish qilgan ekansiz…

D i l o r a. Shunaqami? Kecha emasmi men shoʻrlikni ikki farzandimdan judo qilaman deb, xurjuningni dollarga toʻldirib, anov muttaham yuristga yugurib yurganing?

B oʻ r s i q. Bir qoshiq qonimdan kechgaysiz, Diloraxon. Ojiz banda — xudo ojiz banda, deb bekor aytmaganlar bizlarni.

D i l o r a. Maqsadga oʻt. Shumtaka.

B oʻ r s i q. Maqsadga oʻtsam… (ovozini pasaytirib) basharti anov telba doʻxtir xoʻjayinning jonini asrab qolsa ham… bundan buyon koʻrgani mana shu hovli, mingani kolyaska boʻp qoladi eringizning (u yoq-bu yoqqa qarab oladi), hokimi mutloq oʻzingiz boʻlasiz bu dargohda. Bu koshona ham, banklardagi schyotlar ham, supermarketlardagi mollar hamma-hammasi sizniki boʻladi. Ilgarigidek jilovni qoʻlga oling, Diloraxon. Agar birga boʻlsak, oʻynatib yuboramiz biznes deganni.

D i l o r a. Shunaqa deng: Oʻynatib yuborasiz de…

B oʻ r s i q. Axir qanaqa doʻkonlaringiz bor edi. Butun shahar sizga kelardi. Husni jamolingizini tamosha qilgani kelardi koʻplar. Biz sadoqati zohir qulingiz ham qarab toʻymas edik shahlo koʻzlaringizga. Bitta shu naynov goʻrsoʻxtani deb hammasidan voz kechdingiz.

D i l o r a (masxaraomuz). Shunaqami hali. Boʻrsiqvoy ham oshiqu beqaror boʻlgan ekanlarda opoqisiga. Erimdan chiqib senga tegsammikan, Boʻrsiqqinam. Kechalari qorniginangni silab, kal boshingni koʻksimga bosib, peshonangdan oʻpib yotsammikan, Boʻrsiqjon?

B oʻ r s i q (birdan portlab). Boʻrsiq emas, mening ismim! Soʻyloq eringiz yopishtirgan menga. Boʻri, Boʻrivoy mening ismim.

D i l o r a. Hoy, ovozingni oʻchir. Devorning ham qulogʻi bor.

B oʻ r s i q. Nega boʻlmasa kalaka qilasiz meni. Xudo men shoʻrlikni pakana qilib yaratgan boʻlsa, gunohim nima, men bechoraning. Gap boʻyda emas-ku axir. Xudo boʻy berib, aql bermagan bu darozdagi narsa menda ham bor. Unikidan kam emas.

D i l o r a. Nima deb valdirayapsan? Undagi mol-dunyo menda ham bor demoqchimisan?

B oʻ r s i q. Mol-dunyo emish. Boʻyga qaramaydi u sabil!

D i l o r a. Nima deb valdirayapsan, surbet? Indamasam, sabilingni koʻrsatishdan ham toymaysan, shekilli? Yaxshi koʻrsang pishirib ye sabilingni. (Yerda yotgan chiviqni olib uradi.)

B oʻ r s i q. Uring! Uravering! Sizning qoʻlingizda chiviq ham ipakday tegadi-ya! Mayli, nima qilaman desangiz qilavering. Ammo bir narsani bilib qoʻying. Men sizni shunday, shunday sevardimki, toʻy qilgan kechalaring hovlidagi yongʻoqqa oʻzimni osib qoʻyishimga sal qolgan.

D i l o r a (yumshab). Toʻydan keyin nogʻora chalmay oʻl. Bunaqa oshiqu beqaror ekansan, oʻsha mahal aytmaysanmi bu dardingni. Ana oyijon koʻrindi. Art burningni.

(Oʻz uyidan aya chiqadi.)

A ya. Hoy, kim bor hovlida? E, xudoyim. Bir narsani yashirishayapti bular mendan. Hoy, Dilora. Darvozada nimani shivirlashib turibsan anov shaytonni yoʻldan urgan tullak bilan.

D i l o r a (ayaga qarab talpinadi). Yoʻ-yoʻq, ayajon. Hech bir yomon gap yoʻq. Keling, joyingizga yoting. Hozir Gulnoz tushib ukol qiladi sizga, oyijon. Keling, yoting. Yurish mumkin emas sizga.

A ya. Qoʻy-qoʻy. Baloyam urmaydi meni. Nafasim boʻgʻilib, yuragim siqilib ketdi uyda.

(Qasrdan kardiogramma uskunalarshsh koʻtargan bir-ikki vrach va hamshiralar chiqishadi va darvoza tomon yoʻnalishadi.)

A ya. Hoy, bolalarim, qizlarim. Bolajonim nima boʻldi? Nega ogʻizlaringda talqon, mendan qochyapsanlar?

H a m sh i r a. Sizga hamma gapni bosh jarroh aytadilar. Bolajoningizi ahvolini undan soʻraysiz, xolajon (chiqadilar).

A ya. Hoy, shumtaka. Sen nega mum tishlab turibsan? E, xudoyim, nega bular mendan bolajonimning holini sir tutishadi?

(Oʻzini kresloga tashlaydi.)

D i l o r a. Oyijon. Sizga nima boʻldi, ayajon? Yoting, Darhol yoting.

A ya. E, parvardigor, qarigan chogʻimda farzand dogʻini koʻrsatmagaysan. Agar bandang kerak boʻlsa men qoqboshni ol. Yetmish yil umr koʻrib, gunohlarga botgan men alvastini ol, ey yaratgan egam (yigʻlaydi). Hali oʻn gulidan bir guli ochilmagan bolajonimga tegmagil, meni ol, men qoqboshni ol, ey parvardigori olam.

(Qasrdan Darveshali bilan Gulnoza chiqadilar.)

D i l o r a. Ana, Darveshali akam chiqdilar. Oʻzlari aytadilar.

A ya. Darveshali, oʻgʻilginam. Bir nima de, men shoʻrlikka. Seni kutaverib, adoyi-tamom boʻldim, bolaginam.

(Aya ular tomon talpinadi-yu, qoqilib ketadi. Dilora bilan Gulnoza ayani ushlab qoladilar.)

G u l n o z a. Yoting, xolajon, yoting.

A ya. Meni qoʻyaver, qizim. Men qoqbosh oʻlmayman. Derveshali, jon bolam, sen nega indamaysan?

D a r v ye sh a l i. Oʻgʻlingizdan tashvish tortmang. Operatsiyadan keyin kerakli dori berib uxlatib qoʻydik. Hammasi yaxshi boʻladi, xolajon, hammasi.

A ya. Rostdanmi? Tilginangga shakar. Ke, peshonangni bir oʻpib qoʻyay.

(Talpinib oʻrnidan turdi-yu, asta yiqila boshlaydi. Darveshali ushlab qolib, koʻrpachaga yotqizadi.)

D i l o r a. Voy, oyijon. Sizga nima boʻldi, oyijon?

G u l n o z a. Ukol qilaymi, Darveshali aka?

(Darveshali ayaning yoniga choʻkkalab koʻkragiga quloq soladi, soʻng asta turib, boshidan qalpogʻini oladi.)

D a r v ye sh a l i. Yurak gʻam-hasratdan darz ketganini koʻp koʻrgan edim, quvonchdan darz ketganini birinchi koʻrishim. Bebaho ayol edi, xudo rahmat qilgʻay.

D i l o r a (faryod chekib). Voy, oyijon. Men baxtiqaroni kimlarga tashlab ketdingiz?

G u l n o z a . Xolajon. Xolajonim mening.

D a r v ye sh a l i. Bas. Oʻchiringlar ovozlaringni. Boʻrsiqvoy.

B oʻ r s i q. Labbay, Darveshali aka.

D a r v ye sh a l i. Bu uyda hech qanday yigʻi-sigʻi boʻlmasin. Agar faryod bemorning qulogʻiga chalinsa ertaga bu dargohdan bir emas, ikki tobut chiqadi. Sovuqxonangiz bormi?

B oʻ r s i q. Bor, doʻxtir aka.

D a r v ye sh a l i. Ayajonni oʻsha xonaga qoʻyib ikki kun muz bilan asraysiz. Indin bemorni klinikaga olib ketamiz. Keyin taʼziya eʼlon qilasiz. Tushundingizmi?

B oʻ r s i q. Tushundim. Hammasiga tushundim, Darveshali aka.

D a r v ye sh a l i. (birdan koʻngli boʻshab). Ayajon, ojizlik qildim. Gunohkorman. Avf eting meni. Oʻgʻlingizni asrab qoldimu, sizday ayajonimni asrab qololmadim, kechiring meni, ayajon!

 

P a r d a

 

 

TOʻRTINCHI KOʻRINISH

 

Tanish hovli. Hozirgina hovlida ayaning qirqi oʻtgan. Odamlar deyarli tarqab boʻlishgan. Xizmatkorlar va soqchilar stollardagi lagan-tovoqlarni yigʻishtirib yurishibdi. Shiyponda domla-imom. Darveshali va yana bir-ikki moʻysafid, chetroqda esa Dilora bilan Gulnoza oʻtirishipti. Koshonadan Boʻrsiq chiqadi va shiyponga kelib tavoze bilan salom berib oʻtiradi.

I m o m. Mana diyonatli pokiza inson ayamizning qirqi ham oʻtdi. Yaratgan egam bugun ayamizga atab oʻtkazilgan marosimlaringizni, jamoaga bergan xayri-ehsonlaringizni oʻz dargohida qabul qilgay. Marhuma koʻp yaxshi ayol edilar. Iloyo, Olloi Taolo u kishiga oʻz jannatidan joy ato qilgay. (Hamma fotihaga qoʻl ochadilar.) Ilohi omin.

D a r v ye sh a l i. Toʻgʻri aytdingiz, taqsir. Farishta ayol edilar. Necha marta oʻz koʻzim bilan koʻrganman, soqchilar sadaqa tilab kelgan yetim-yesirlarni urib-tepib haydaganlarida ularni urishib-soʻkib, katta-katta hayri-ehson qilardilar. Haqiqatan jannati ayol edilar.

B oʻ r s i q. Iloyo omin.

D i l o r a. Oyijonim. Oyijonginam. Kimlarga tashlab ketdingiz bizni.

G u l n o z a (uni kuchib). Qoʻying, oʻzingizni bosing, opajon…

I m o m. Sabr qiling, qizim. Inshoolo Massobirin inchunin: Ollo sabr qilguvchilar bilan birgadir deganlar. Sabr qiling, bolam. Endi bizga ruxsat bersalar…

B oʻ r s i q. Hozir, taqsir, hozir. Xoʻjayin sizga oʻz izzati-ikromlarini shaxsan izhor qilmoqchilar… Mana, oʻzlariyam…

Koshona zinasida egnida beqasam toʻn, belida belbogʻ, boshida doʻppi, Sarvar chiqadi. Juda ozgan, yuzlari soʻliqqan. U shiyponga kelib oʻtiradi.

S a r v a r. Sizga katta rahmat, taqsir.

I m o m. Sizga ham rahmat, uka. Onaizorining ruhini shod etgan farzand, u dunyo-bu dunyo Ollohning inoyatiga sazovor boʻlgusidir. Endi bizga ruxsat, ukajon.

S a r v a r. Bir daqiqa sabr qilgaysiz, hazratim. Gunohkor banda, oʻlim toʻshagida yotganimda bir niyat qilgan edim. Shu niyatimga oq fotiha bersangiz…

I m o m. Jonim bilan, inim.

D a r v ye sh a l i. Boʻlmasa bizga ruxsat, Sarvarbek.

S a r v a r. Yoʻq, sizga ham ruxsat yoʻq, doʻxtir. Qilgan niyatimning sizga ham daxli bor… Gap shundaki, azazi taqsir, Onaizorim, volidai mehribonim men sabab olamdan oʻtdilar, men, takabbur banda esam tirik qoldim.

I m o m. Bunday demang, inim. Bu bebaqo dunyoda neki ish sodir boʻlsa, bari Ollohning irodasidandir, uka.

S a r v a r. Xullas kalom, bu koʻrguliklardan keyin kamina bu oʻtkinchi dunyoning barcha lazzatlaridan voz kechib, Hajga ketishni niyat qildim.

I m o m. Barakallo, uka, barakallo. Koʻp yaxshi ishga bel bogʻlabsiz. Haj — musulmonchilikning beshta farzidan biridir. Alhamdilullo. Siz ham musulmonsiz. Niyatingizga yeting.

S a r v a r. Tashakkur, hazratim. Toki, muqaddas makonlarimiz Makkai Mukarrama va Madinai Munavvarani ziyorat etsam, dargohi ilohiy va janob paygʻambarimiz qabrini ziyorat qilsam… barcha gunohlarimni yodimga olib, tavba-tazarru etsam, deyman, taqsir…

I m o m. Ilohi ovmin.

S a r v a r. Siz hazratimdan iltimos: bandai ojizning bul niyatini mahalla ahli va maschitimiz qavmiga yetkursangiz…

I m o m. Bajonudil, bajonudil…

S a r v a r. Yana mahalla ahliga yetkazsangizki osiy banda shu mahallada istiqomat qilib, kimlargaki ozor bergan boʻlsam, ularning har biridan kechirim soʻrayman. Mabodo, hajda biror koru hol yuz berib, qayta koʻrishmoq nasib etmasa…

D i l o r a . Qoʻying bunaqa gaplaringizni (yigʻlab). Yaxshi niyat qiling undan koʻra, yaxshi niyat qiling.

S a r v a r. Yana bir niyatim — Haj safariga otlanishdan avval mahalla maschitiga bir million soʻm xayri ehson qildim…

I m o m. Olloi Taolo oʻz dargohida qabul qilgay bu ehsoningizni…

S a r v a r. Mahalla kam-koʻstlari va yetim-yesirlari uchun oʻn million soʻm qoldirdim…

D i l o r a. (sekin). Muncha koʻp. Besh million ham yetar edi.

S a r v a r. (unga kuloq solmay). Bu pullarning hammasini shu bugun, kechi bilan ertaga manov Boʻrsiqvoy… mening yordamchim yetkazib beradi sizlarga.

I m o m  yo n i d a g i  m oʻ y s a f i d. Biz ham shu bugun bu inoyatingizni mahalla ahliga yetkazamiz, uka.

S a r v a r. Juda chiroyli tilovat qilar ekansiz, taqsir. Yana bir tilovat qilib, bizga oq yoʻl tilasangiz.

I m o m. (Tilovat qiladi.) Alhamdulillohi Robbi aʼlamin, Rahmoni Rahim (pichirlab duo qiladi). Yaratgan egam siz bandai ojiz zikr qilgan izhori ixlosingizni oʻz dargohida qabul aylab pokiza niyatlaringizga yetkazgay. Ilohi omin (yuziga fotiha tortadi).

S a r v a r. Boʻrsiqvoy. Bu kishilarga atalgan inʼomlarni topshirib, mashinalarda oʻz uylariga eltib qoʻyinglar…

(Imom va uning sheriklari tavoze bilan xayr-maʼzur qilishib ketadilar.)

Qani, kim bor? Choy-poy keltiringlar. Darvesh ali. Choy ichdik, rahmat. Endi bizga ruxsat, uka.

(Boʻrsiq qaytib kiradi. U nimadandir besaranjom.)

S a r v a r. Yana bir daqiqa sabr qiling. Iltimos. Darveshali akamlar bilan Gulnozaxon, boshqalar, bar-chaga ruxsat.

D i l o r a. Nega meni quvlaysiz? Nega haydaysiz? Qaysi gunohlarim uchun?

S a r v a r. (yumshoq). Sening hech bir gunohing yoʻq. Gunohing boʻlsa ham kechirdim, roziman sendan. Mana bu koshona, yiqqan boyliklarimizning yarmidan koʻpi senga va farzandlarimga qoladi.

D i l o r a. Kerak emas molu-dunyongiz. Qornimga emas, qadrimga yigʻlayman. Siz oʻlim toʻshagida yotganingizda onaizoringizning hamma marosimlarini oʻtkazgan, sizning boʻsagʻangizda yotib chumchukday chirqillab Ollohdan joningizni tilab olgan kim? Mana shu yomon Dilorangiz emasmi?

S a r v a r. Sen, azizim, sen. Haj safari oldidan aytaman: men sendan roziman, sen ham rozi boʻl. Gunohkor banda, bekor ranjitdim seni.

D i l o r a. Shu gaplaringiz rost boʻlsa men baxtiqaroni ham oʻzingiz bilan Hajga opketing. Biror korihol boʻlsa yoningizda boʻlay…

S a r v a r. Yoʻ-yoʻq. Sen farzandlarim bilan boʻl. Ertalab ularni olib kel. Haj safarimdan avval ularni bir koʻray. Diydorlariga toʻyib, vidolashib qolay…

D a r v ye sh a l i. Xoʻp, yetar. Bu spektakllarni koʻp koʻrganmiz. Oilaviy janjallarga toqatim yoʻq mening. Yur, Gulnoza.

S a r v a r. Yoʻ-yoʻq, juda muhim bir gap bor sizlarga. Mening taqdirim sizning javobingizga bogʻliq. Boʻrsiqvoy, kennoyingning hurmatini bajo keltirib, mashinaga oʻtqazib yubor, ogʻayni…

B oʻ r s i q. (jurʼatsizgina). Yuring, kinnoyijon. Oʻzingiz eshitdingiz-ku, endilikda siz rahnamosiz, hamma narsa Sizga qoladi-ku, bu dargohda.

D i l o r a. Yoʻqol koʻzimdan, hezalak. Sen emasmi, kuni kecha xoʻjayiningni oʻldiga chiqarib, menga izhori ixlos qilgan.

B oʻ r s i q. Ie, iye. Nima boʻldi sizga, opajon.

D i l o r a. Nima boʻldi emish. Yuzingda koʻzing bormi deb, muhabbat izhor qilganing yolgʻonmi?

B oʻ r s i q. Rost. Hammasi rost. Ammo bu gaplarni men sizni sinamoq uchun aytgandim. Sizni nima derkin, deb aytgandim bu gaplarni. Endi bildimki, Sarvar akamlarga sizday vafodor yor, sizday sadoqatli doʻst yoʻq ekan.

D i l o r a. Yoʻqol. Men seni Yago deb oʻylar edim. Sen mingta Yagoni daryoga oborib, suv ichirmay opkeladigan iblis ekansan. Iblis!

D a r v ye sh a l i. Bas. Kekirdagimga keldi bu ipirisqi gaplar, bu tuban oʻyinlar. Ketdik, Gulnoza.

S a r v a r. Yoʻ-yoʻq. Bir daqiqa sabr qilasiz, Darveshali aka. Boʻrsiqjon, nima dedim senga? Kennoyingning hurmatini bajo qilib, kuzatib qoʻy. Yodingda boʻlsin: erta-buruskin, u bu dargohni egallab, hokimi mutloq boʻladi senga.

B oʻ r s i q. Yuring, kennoyi. Hajda nima bor sizga! Axir bu koshona, bu qasr, bu behisob davlat — hammasi sizga qoladi-ku, kennoyi. Kimdir qarashi kerak-ku bularga. Yuring.

(Dilorani yelkasidan kuchib darvoza tomon boshlaydi.)

(Darvoza oldida.) Hajda nima qilasiz? Ketsa ketavermaydimi? Ayshingizni sursangiz-chi boʻtta. Arabiston — sahroyi kabir-ku. Tuyadan boshqa biror jonzot turolmaydigan jazirama choʻl-ku.

D i l o r a. Hoy, Sarvar, nima deb valdirayapti bu tullak boʻrsigʻing?

B oʻ r s i q (baland ovozda). Yur, deyapman, behayo shallaqi! Nima qilasan Sarvar akamlarday pokiza, avliyo odamni ranjitib? (Yelkasidan itarib olib chiqib ketadi.)

D a r v ye sh a l i. Menga qarang, ogʻayni. Bu oʻyin, bu tomosha tugaydimi, yoʻqmi? (Gulnozaga.) Sen qolsang-qolaver, men ketdim.

S a r v a r. Darveshali aka. Jillaqursa oʻz minnatdorchiligimni izhor etishga ijozat bering. Men shaxsan sizga bir million, klinikangizga besh million soʻm hadya qildim.

D a r v ye sh a l i. Rahmat, men hech qanaqa sadaqaga muhtoj emasman. Sizga esa jarroh sifatida bitta maslahatim bor: Siz hajga borishdan avval iloji boʻlsa Shveysariya, boʻlmasa Kavkaz kurortlaridan biriga borib bir-ikki oy dam oling. Agar aygʻir boʻp ketsangiz ham xotin zoti yoʻq joylarda orom oling.

S a r v a r. Maslahatingiz uchun rahmat. Ammo oʻlim bilan olishib yotgan onlarimda Olloh oʻzi koʻnglimga soldi bu niyatni. Endi undan qaytolmayman. Lekin sizga bogʻliq bir istagim bor.

D a r v ye sh a l i. Ajab gap. Butun shaharni titratib turgan milliarder odamning kaminaday faqiru haqirga qanaqa istagi boʻlishi mumkin?

S a r v a r. Hozir, bir daqiqa, nafasimni rostlab olay, Darveshali aka. Men sizdan toabat minnatdorman. Agar siz boʻlmaganingizda…

D a r v ye sh a l i. Bu gapni bir marta aytdingiz — yetadi. Negadir chaynalyapsiz? Dilingizda nima bor — chaynalmay chiqaravering tilingizga.

S a r v a r. Masala shundaki, men sizni xafa qilishdan qoʻrqayapman…

D a r v ye sh a l i. Yigitmisiz oʻzi yo?.. Ketdik, Gulnoz.

S a r v a r. Yoʻq, hozir aytaman, hozir. Iltijom shuki, agar siz ruxsat bersangiz… Gulnozaxon men bilan Hajga borib kelsa.

D a r v ye sh a l i. (hayratda). Nima, nima? Gulnozaxon siz bilan Hajga borib kelsa? Kimdan chiqdi bu gʻoya? Sizdanmi, janob Sarvarbek, yo sizdanmi, xonim?

G u l n o z a. Darveshali aka. Iltimos…

D a r v ye sh a l i. (Dargʻazab.) Qanaqa iltimos?

G u l n o z a. Darveshali aka… Ustoz.

D a r v ye sh a l i. Ustoz dema meni. Qachon, qayerda til topishdilaring?

S a r v a r. Doxtirlar maslahat berishdi. Haj safarida yoningizda Gulnozaxonga oʻxshagan birorta yaxshi vrach boʻlsa deyishdi…

D a r v ye sh a l i. Operatsiyani men qilay, masla-hatni boshqalardan oling! Mendan beruxsat. Pinhona maslahatlar!..

S a r v a r. Yoʻq-yoʻq, Sizning ruxsatingiz bilan. Faqat sizning ruxsatingiz bilan! Agar istasangiz birga boraylik Hajga. Hamma xarajatlari mendan…

D a r v ye sh a l i. (Masxaromuz.) Tashakkur. Endi bir qolgani oshigʻu maʼshuqlarga hammollik qilish qoluvdi menga! Sochiga qirov qoʻnganda, nor tuyaga yuk boʻladigan charm chamadonlaringni koʻtarib senlarga eshshak boʻlib, xizmat qilish qoluvdi menga.

G u l n o z a. Jon Darveshali aka! Domlajon! Tirnoqqa zormiz-ku axir?!. Axir eshiting…

S a r v a r. Shoshmang, Gulnozaxon. Oʻzim tushuntiray. Gulnozaxon emas, mendan chiqqan fikr bu, Darveshali aka. Axir oʻz ruxsatingiz bilan Gulnozaxon sal kam bir oy tepamda ogʻzimga suv tomizib oʻtirdi-ku.

(Darveshali telbalarcha xaxolab kuladi. U yoqdan-bu yoqqa yurib, koʻzlari yonib gapiradi.)

D a r v ye sh a l i. Xa-xa-xa. Men goʻl boʻlmasam, gumroh va nodon boʻlmasam ikkoving koʻz urishtirib yurishlaringni bilaturib, bir oy bir xonaga qamab qoʻyarmidim senlarni. Qamab qoʻyib, oʻzim kechalari shahar koʻchalarida, rashk oʻtida qovurilib tentirab yurarmidim gumroh boʻlmasam? Men sen ablahning jonini asrab qolaman, deb oʻz sharʼiy xotinimni boshingga oʻtqazib qoʻyib, oʻzim 40 kechayu-kunduz uxlamadim. Senlar esa toʻxtagan yuraging qayta tepa boshlabdi hamki, madorsiz vujudingga qon yugura boshlapti hamki, menga xiyonat qilish yoʻllarini axtara boshlagansanlar. Oʻylashib-oʻylashib axiyri Haj bahonasini topgansanlar. Sen muttaham mening bu operatsiyam haqida jahon matbuoti yozganidan xabaring bormi? Insof, adolat, imonu diyonat bormi oʻzi senda?

G u l n o z a. Darveshali aka (turgan joyida tiz choʻkib). Jon ustoz. Yaratgan egam shohid: Axir men Hajga borishni kuni kecha emas, necha yillardan beri orzu qilib yurardim-ku? Muqadlds Kaʼbamiz poyiga tiz choʻkib, Olloi taolodan farzand tilamoq orzusida edim-ku, ustoz? Buni sizga bildirmay kechalari yigʻlab chiqardim-ku? Yuragimdan bexabarsiz-ku, yotgan joyimda toʻlgʻanib tong ottirardim. Axir, mana, oʻn yil boʻlyapti, tirnoqqa zormiz-ku, ustoz. Axir siz ham farzand orzusi bilan yashaysiz-ku.

D a r v ye sh a l i. Farzandni kimdan koʻrmoqchisan? Mendanmi yo bu… bu noinsofdanmi?

S a r v a r (sekin, ammo shahd bilan). Haddingizdan oshyapsiz, aka.

G u l n o z a (yigʻi aralash). Sizga nima boʻldi. Darveshali aka? Nima boʻldi?

D a r v ye sh a l i. Koʻrib turibsan-ku nima boʻlganini? Jinni boʻldim. Jinni. Jinni boʻlmasam senlarni qirq kechayu-kunduz qoʻshib qoʻyib, oʻzim shahar koʻchalarida darbadar yurarmidim? Sen ikkoving esa… Men rashk otashida qovurilib tentirab yurganimda… senlar bir-birlaringga muhabbat izhor etib, men lapashang darveshning ustidan kulib oʻtirgansanlar..

S a r v a r (yokasini ushlab). Yo tavba. Chindan ham aqlidan ozganga oʻxshaydi bu odam!

D a r v ye sh a l i. Ha, hali aytdim-ku, akdimdan ozganman deb, jinniman deb.

G u l n o z a. Darveshali aka. Qanaqa muhabbat, nima deyapsiz oʻzi? Axir Sarvar akamlar oʻlim toʻshagida yotgan edilar-ku?

D a r v ye sh a l i. Daf boʻl. Yaqinlashma menga. Kecha boshlangan emas ikkovingning bu oʻyinlaring. Rahmatlik ayajonim bahona, har tong bu dargohga yoʻrgʻalab yurganingda boshlangan bu mashmasha. Hammasini koʻrib yurganman. Sarvar aka, deganingda ogʻzingdan bol tomishidanoq bilardim buni.

G u l n o z a. Darveshali aka. Quloq soling mengayam.

D a r v ye sh a l i. Ilohiy makonlarimizni ziyorat qilmoqni niyat qilgan ekansan, muqaddas Kaʼba oldida tiz choʻkib, yaratgan egamdan farzand tilamoqni orzu qilgan ekansan… sabab, men turib, olloh qovushtirgan jufthaloling turib, pul quturtirgan bu noinsof bilan nega Hajga otlanasan? Yo men seni Hajga olib borishga qurbim yetmasmidi?

S a r v a r. E, Darveshali aka, Darveshali aka. Dilingizda bunday shubha, xayolingizda bunday alamli oʻylaringiz bor ekan, nima qilardingiz meni oʻlimdan asrab qolib? (Qalqib ketib, ustunni kuchoklab krladi).

D a r v ye sh a l i. Bas, boʻldi. Ikkovingga ham ruxsat. Hajga borasanlarmi, yo anov… fohishabozlar makoni boʻlmish Kanar orollariga borib, ayshi-ishrat qaʼriga gʻarq boʻlasanlarmi, yoki qora tanli zanjillar bilan qilpillashib (masxaraomuz harakatlar bilan oʻynab koʻrsatadi) bugi-bugiga tushib, harom-xarish nagʻmalar qilasanlarmi, ixtiyor oʻzlaringda.

G u l n o z a. E, yaratgan egam: nima boʻldi bu odamga?

D a r v ye sh a l i. Men esam… Laylisidan ayrilgan Majnun kabi sahrolar va togʻlarda makon quraman, qolgan umrim shaqollar va qoplonlar bilan oshnolik qilaman (yana masxaraomuz koʻl siltab). Privet sevishganlarga.

G u l n o z a (orqasidan talpinib). Darveshali aka. Toʻxtang, Darveshali aka.

S a r v a r. Gulnoza, menga qarang, Gulnoza. (Gulnoz toʻxtaydi. Tili gʻoʻldirab). Nima qilmoqchisiz? Koʻrib turibsiz-ku, sogʻ emas, bu odam.

G u l n o z a. Meni kechirasiz, Sarvar aka. Nima boʻlganda ham, men bu kishining xasmiman, uni tashlab, siz bilan ketolmayman.

S a r v a r. Gulnoz. Toʻxtang, Gulnoz.

(Tashqaridan Boʻrsiq kiradi.)

B oʻ r s i q. Nima gap? Nima boʻlyapti?

G u l n o z a. Qoʻying. Sarvar aka, Qiynamang meni.

 (Chopib chiqib ketadi.)

S a r v a r. O, Gulnoza, Gulnoza (yuragini changallab sekin ingraydi, shiypondagi soʻriga yonboshlaydi. Boʻrsiq yugurib keladi).

B oʻ r s i q. Nima boʻldi? Tagʻin yurakmi? Yigitlar! Doʻxtirga chopinglar, doʻxtirga.

S a r v a r. Yoʻq, kerak emas, hech kim, hech narsa kerak emas. Bu safar… tamom, vassalom. Seni koʻp qiynaganman, dashnom berganman. Rozi boʻl, rozi boʻlinglar…

B oʻ r s i q. Nima deyapsiz, xoʻjayin? Hali yuz yil yashaysiz…

S a r v a r. Yoʻq, yashab boʻldim.

B oʻ r s i q. Axir bu koshona, bu moli-dunyo, peshona teringiz bilan yiqqan bu boylik kimga qoladi? Voris kim boʻladi, kim?

S a r v a r. Voris? Qanaqa voris? (Ogʻir hansirab.) Bilmadim, bilishniyam xoxdamayman. Bitta-yu bitta tilagim, yolgʻiz vasiyatim — meni onajonimning yoniga qoʻyinglar. Bu dunyoga kelib, bir on orom olmadim. Bolalik chogʻlarimdagidek… onaizorimning bagʻriga kirib orom olay, orom…

(Chiroq oʻchadi. Qorongʻida olisdan «Choʻli iroq» kuyi asta yangrab, avjiga chiqadi.)

 

P a r d a

 

 

XOTIMA

 

Darveshalining tanish hovlisi. Gʻira-shira qorongʻulikda Darveshali hovlini xayolchan aylanib yuribdi, ichkaridan, qoʻlida chemodan, Gulnoza chiqadi. Sahna yorishmaydi. Projektor qim gapirsa shuni — birda Darveshalini, birda Gulnozani yoritadi.

G u l n o z a. Yoʻlga chiqishdan avval bir daqiqa oʻtirmoq kerak, deyishadi. Men ham bir daqiqa oʻtiray (chemodanini qoʻyib, toʻqima kresloga oʻtiradi).

D a r v ye sh a l i. Koshkiydi bir daqiqa emas, bir umr oʻtirsang shu kresloda.

G u l n o z a. Ne chora? Endi buning iloji yoʻq. Sira iloji yoʻq,. Darveshali aka. Siz bir shoʻrlikning yuragiga malham berib, jonini asrab qoldingiz, asrab qoldingiz-da, oʻzingiz tikkan iplaringizni oʻz qoʻllaringiz bilan chok-chokidan uzib tashladingiz…

D a r v ye sh a l i. Oʻn yillik hayotimiz hurmati, vido onlarida yuragimni timdalama, Gulnoz.

G u l n o z a. Barchamiz ham gunohkor bandamiz, dilingizga ozor bergan boʻlsam, kechiring, ustoz.

D a r v ye sh a l i (miyitda kulib). Kechagina Darveshali aka derding, endi ustoz boʻldim. Inson hayotining tagiga yetib boʻlmas ekan. Tushimda Hajga boribman. Haj baxtiga muyassar boʻlganlar, Kaʼba ziyoratidan keyin Safo togʻi bilan Marv togʻi orasida yetti marotaba yugurishib, Ollo Taolodan gunohlarini kechirishni iltijo qilar ekanlar. Men esam, bu muqaddas togʻlar orasida halloslab yurib, seni yoʻqlar emishman, seni soʻroqlar emishman.

G u l n o z a. Qoʻying, hozir hoʻngrab yuboraman…

D a r v ye sh a l i. Mayli. Bundan keyin boshimga ne koʻrgiliklar tushsin, hammasini koʻray, faqat sening koʻz yoshlaringni koʻrmay. Bundan keyin faqiru haqir sening xotirang bilan, sen inʼom etgan baxtli kunlar esdaligi bilan yashayman.

G u l n o z a. Men ham…

D a r v ye sh a l i. Sen hali baxtli boʻlasan.

G u l n o z a. Siz ham…

D a r v ye sh a l i. Yoʻq, sensiz baxt kerak emas menga.

G u l n o z a. Yana birogʻiz gapirsangiz… faryod chekib oyogʻingizga yiqilaman.

D a r v ye sh a l i. Yoʻ-yoʻq. Sen baxtingni topmogʻing darkor. Men esam… qolgan umrim sening xayoling bilan yashayman. Ke, menga baxshida etgan eng saodatli kunlaring uchun aziz peshonangdan bir oʻpay…

G u l n o z a (koʻz yoshlaridan boʻgʻilib). Agar mabodo oʻsha saodatli kunlar esimga tushib, yoʻqlab kelsam… qayerdan topaman sizni?

D a r v ye sh a l i. Bu shahar, bu dargoh menga yot endilikda. Qidirgudek boʻlsang, men devonani togʻlardan topasan, gʻorlardan topasan… Alvido, koʻz ochib koʻrgan yulduzim, yolgʻizim, Olloi taolo inʼom etgan farishtam!

(Peshonasidan oʻpadi.)

 

P a r d a

 

Odil YOQUBOV

 

«Qaydasan, Moriko» (“Sharq”, Toshkent – 2002)kitobidan olindi.

https://saviya.uz/ijod/dramaturgiya/bir-koshona-sirlari/

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Старые
Новые Популярные
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x