* * *
Ona, toʻplab chiqsa – bardoshlaringiz,
Shuncha yillar toʻkkan koʻzyoshlaringiz,
Yeru osmon selu yomgʻir, doʻl boʻlardi.
Bir vohani koʻmardi suv,
Bir vohani gʻarq etguvchi koʻl boʻlardi.
Ajinlaringizni oʻylasam agar,
Bir-biriga ulab, boylasam agar –
Surxondan to Toshkentgacha,
Toshkentdan to Surxonga qadar
Sogʻinch toʻla, armon toʻla yoʻl boʻlardi.
BIR HIKMAT ILGʻADIM
Buncha ham qattiq ekan
Qismatning bolishlari.
Koʻz oldimdan ketmas hech
Onamning kalishlari.
Ular ostonasida
Turar bir juft abgorday.
Koʻzimga butun dunyo
Koʻrinadi aybdorday.
Yashaydirman garchi qoʻl,
Yuzlarini sogʻinib.
Kalishlari dahlizda
Turaverar ogʻrinib.
Dardimni yashirgayman
Onam holim soʻrganda.
Kalishlari va lekin
Barin bilib turganday.
Garchi tilsiz, zabonsiz,
Xomush, beozordaylar.
Bor dardu hijronimdan
Ular xabardordaylar.
Onamning koʻz yoshidan
Boʻlsa bolishlari nam.
Nazarimda kechalar
Yigʻlar kalishlari ham.
Ular ham goʻyo meni
Oʻrtanib oʻylagaylar.
Baxtu baxtsizligimdan
Qissalar soʻylagaylar.
Sogʻinchning devorlari
Yomgʻirlarda yemrilgan.
Ular ham onam kabi
Yoʻllarimga termulgan.
Mol yigʻmadim men, ammo
Suv soʻrganga soy berdim.
Bir koʻnglim bor edi, lek
Men uni ham boy berdim.
Bu dunyoda nihoyat
Bir hikmatni ilgʻadim.
Kalishlarni yuzimga
Bosib, kelar yigʻlagim.
Onamning kalishlari…
Bir umrlik qarzimday.
Pataklarin koʻzimga
Surtib oʻlsam arzigay.
Sirojiddin SAYYID
https://saviya.uz/ijod/nazm/bir-hikmatni-ilgadim/