BIOGEOKIMYO — tirik organizmlar ishtirokida Yer biosferasida kimyoviy elementlarning aylanishini oʻrganadigan fan. B. tushunchasini fanga rus olimi V. I. Vernadskiy kiritgan. U tirik moddaning planeta miqyosida sodir boʻladigan geokimyoviy jarayonlardagi ahamiyatini koʻrsatib bergan. Biogeokimyoning zamonaviy muammolari biogen elementlar geokimyoviy siklining miqdoriy modelini kashf etish, tirik organizmlarda elementlarning migratsiyasi va toʻplanishi qonuniyatlarini ochib berish, Yer yuzini biokimyoviy rayonlashtirish foydali qazilmalar hosil boʻlishi evolyutsiyasi va yemirilishida tirik organizmlarning ishtiroki, ularning bioindikatsiyasi va b. dan iborat. Biokimyoviy sikllarga inson faoliyati taʼsirini aniklash, biosferaning rivojlanishini bashorat qilish biokimyoning eng muhim masalalaridan hisoblanadi. Biokimyoviy metodlar bilan tuproq va unda oʻsadigan oʻsimliklar xili hamda kimyoviy tarkibiga asoslanib maʼdanli elementlarning mikdori va tarqalishi toʻgʻrisida xulosa chiqarish mumkin. Akad. V. I. Vernadskiy va A. P. Vinogradov asos solgan bu metodni Oʻzbekistonda birinchi marta M. A. Rish, V. I. Yezdakov, I. H. Hamroboyev, D. P. Malyuga, R. M. Tolipovlar qoʻllagan. Biogeokimyo metodiga asoslanib, Tomdi, Olmaliq, Qoʻytosh va b. hududlarda oltin, mis kabi turli metallar tarqalgan maydonlar aniklandi. Olmaliq va Nurota hududlarining echkimiya, zoʻrcha, qumisparak, dastarbosh oʻsimliklari oʻsgan joylarda mis; sutchoʻp oʻsimliklari bor joylarda simob konlari topilgan. Maʼdanli konlar bor joyda oʻsadigan oʻsimliklar tarkibida mazkur elementlarning mikdori boshqa yerdagi oʻsimliklardagiga nisbatan koʻp boʻladi.
Ad.: Abdullayev X., Biogeoximiya asoslari, T., 1987.