Post Views:
101
Teshik ko‘prik tepa. V-XIII asrlar arxeologiya yodgorligi. Chilonzor tuman Bunyodkor shoxko‘chasi, metroning Hamza bekati yaqinida 1962, 1968 yillarda K.A.Shakurin va M.I.Filanovich tomonidan o‘rganilgan. VII asrda xarobaga aylangan. IX asrda hayot bir oz tiklangan. XIII asrda mo‘g‘il bosqini tufayli hayot butunlay to‘xtagan.
Cho‘ponota kompleksi (Chilonzor massivi 13-kvartal). Dahaning Cho‘ponota mavzesidagi arxitektura yodgorligi (masjid, maqbara, hujralari bo‘lgan memorial kompleks, XVIII asr). Mahalliy rivoyatlarga ko‘ra, cho‘ponlar homiysi, Cho‘ponota shaxsiga atab Ulug‘bek tomonidan qurdirilgan. Cho‘ponota shu yerlarni obod qilgan va Qatortoldan ariq qazib, suv keltirgan. Cho‘ponota so‘zi aslida «cho‘ponlar piri yoki sardori» degan ma’noni anglatadi. Mavzening Cho‘ponota nomi shundan kelib chiqqan.
Sergeli mavzesi yo‘ldosh shaharcha sifatida Toshkent hududiga qo‘shilgan. Hozirda Toshkentning yirik sanoat tumanlaridan biri. 1966 yilda boshlangan tumanning asosiy o‘qini umumshahar markazi bilan bog‘lovchi Yangi Sergeli shohko‘chasi tashkil etadi. Tumanning asosiy qismi ilgari Beshyog‘och dahasining Nug‘aytoshtepa (Shoshtepa) mavzesi bo‘lgan. Toponimik manbalarga ko‘ra qozoq elatining tarkibida uchta qabila guruhlari bo‘lgan. Jumladan, Sergeli qabilasi Katta Juz urug‘i tarkibida bo‘lgan. Shahrimiz tumanlaridan biri Sergeli deb nomlanishi Toshkent hududida qozoq elatining sergeli qabilasi yashaganligidan dalolat beradi. Dahaning eng e’tiborli joyi Shoshtepa (Choshtepa) arxeologik yodgorligi.
Xayrobod eshon kompleksi (Qatortol ko‘chasi). XVIII-XIX asrlar arxitektura yodgorligi. Mahalliy qariyalarning hikoyasiga ko‘ra, maqbara va masjid Xayrobod eshon tomonidan qurdirilgan. Qoraxo‘ja ismli usta rahbarligida qurilish ishlari olib borilgan. Uning qurilishiga oid hech qanday tarixiy yoki boshqa ma’lumotlar yo‘q. Faqat, vaqf hujjatlarida keltirilishicha 1626 yilda bu yerdan foydalanish uchun marhum Abduqayum Xayrabod eshon o‘z o‘g‘liga tavsiya qilganligi haqida qisqacha ma’lumot qoldirgan. Rivoyatlarga ko‘ra, 300 yil ilgari bu yerlar dasht bo‘lgan. Qrim tatari bo‘lgan Xayrobod tushida oq tuyaga o‘tirib, tuya yo‘l yurib, qayerga cho‘ksa, shu yerga qo‘nim topishi aytilgan. Ertalab o‘yg‘onsa, eshigi tagida oq tuya turardi, tuyaga o‘ltirib, uzoq yuradi va hozirgi masjid, maqbara turgan tepalikka kelib cho‘kadi. Nihoyat, Xayrobod eshon, bu yerlarni obod kilib, qo‘rg‘on qurdirgan.
No‘g‘oyqo‘rg‘on shahrimizning Sergeli tumanidagi mahalla. Beshyog‘och dahasining No‘g‘oy Toshtepa nomli mavzesi hisoblangan. XIX asrning 20-yillarida chor hukumatining uzoq muddatli harbiy xizmatidan qochgan tatar yigitlari Toshkent xoni Azizbekdan uning tilmochi Karamishev orqali panoh izlab, yer so‘raydilar. Xon ularga Salor arig‘ining chap tomonidagi Qo‘g‘ayit tepa hududini in’om qiladi. Xonning bu iltifotidan xursand bo‘lgan yigitlar tatar Mulla Vali boshchiligida hozirgi No‘g‘oyqo‘rg‘on mahallasini barpo qiladilar. Mahalla tatarlarining gapiga qaraganda ular kartoshka, pomidor kabi sabzavotlarni birinchi bo‘lib Toshkent bozorlariga olib chiqishgan.
Rakat hozirgi Yakkasaroy tumanidagi mahalla. (Beshyog‘och dahasining mavzesi bo‘lgan). Shahardan janubga tomon ketgan katta karvon yo‘li Rohikat, ya’ni kat yo‘li yoki «shaharga olib boradigan yo‘l» nomi bilan mashhur bo‘lgan. Bu yo‘l yoqasidagi mavze (keyinchalik mahalla) hozirgi vaqtda Rakat talaffuzida yuritilmoqda. Shaharning Beshyog‘och darvozasiga olib boradigan katta karvon yo‘li bo‘lgan. Hozirgi Bobur ko‘chasi.
Abdulaziz Muhammadkarimov
“Toshkentnoma”. 2009 yil
https://shosh.uz/uz/beshyog-och-dahasi-teshik-ko-prik-tepa-cho-ponota-kompleksi-sergeli-mavzesi-no-g-oyqo-rg-on/