Sartarosh boy bir ishbilarmonning sochini olarkan, uni gapga solgisi, kayfiyatini koʻtargisi kelardi. Shu payt koʻzi koʻchada oʻynab yurgan tanish bir bolaga tushib qoldi.
– Anavi jingalak soch bolani koʻryapsizmi? – dedi u mijoziga. – Dunyodagi eng tentak bola ana shu boʻladi.
– Ie, nega bunday deyapsiz? – deb hayron boʻldi ishbilarmon.
Sartarosh:
– Hozir oʻzingiz koʻrasiz, – dedi-da derazadan boʻynini choʻzib, bolani chaqirdi, – Mulla Alivoy, bu yoqqa keling-chi, sizda bir ish bor.
Bola indamaygina sartaroshxona kirib keldi va anqov qiyofada salom berdi.
– Qarab turing, – dedi sartarosh mijozining qulogʻiga. Soʻng bir qoʻlida ming soʻmlik, ikkinchisida besh ming soʻmlik pul bilan bolaga yuzlandi: – Qay birini tanlaysiz, toy bola?
Ali bir u pulga, bir bu pulga qaradi, oʻzicha yaxshilab oʻylab-mushohada qildi. Soʻng tez borib ming soʻmlikni oldi.
Sartarosh bolaga ruxsat bergach, mijoziga jilmaydi:
– Koʻrdingizmi, nima degandim! – dedi zavq bilan.
Soch-soqoli qirtishlangach, ishbilarmon koʻchaga chiqdi va nariroqda oʻzi bilan oʻzi oʻynab yurgan bolakayni koʻrib qoldi. Unga yaqinlashib, nega besh ming soʻmlikni emas, ming soʻmlikni tanlaganini soʻradi. Bola anqov yoki esipastga mutlaqo oʻxshamagan qiyofada javob berdi:
– Xa-xa-xa! Agar besh mingtalikni olsam, oʻyin tugaydi-da!
Orif Tolib
tayyorladi.
“Maʼrifat” gazetasida chop etilgan.
https://saviya.uz/ijod/nasr/besh-mingtalikni-olsam/