Besh ming yillik dubulgʻa

Miloddan avvalgi VII-VI asrlarda hozirgi Oʻzbekiston hududida sugʻdiylar, baqtriyaliklar, toxarlar, xorazmliklar, sak va massagetlar yashagan.

Bu xalqlarning qiyofalari, kiyinishi, madaniyatining baʼzi jihatlari haqida Eronning Kirmonshoh shahri yaqinidagi Behistun qoyatosh yozuvlari ham bizga maʼlumot beradi. Bular ichida saklar oʻtkir uchli kuloh kiygan holda tasvirlangan. Oʻsha bosh kiyimiga oʻxshash ashyo Samarqand davlat muzey-qoʻriqxonasi fondida saqlanmoqda.

Qadimiy bosh kiyimi 1951 yilda Samarqand shahrining janubiy-gʻarbida joylashgan kimyoviy oʻgʻitlar ishlab chiqarish zavodi hududidan topilgan. Ekskovator haydovchisi A. Poshdayev ish jarayonida ikki metr chuqurlikda metall boʻlagiga duch keladi. Bu noyob qadimiy dubulgʻa edi. Dubulgʻa bilan birgalikda suyak boʻlaklari va sopol parchalari ham topilgan. 1953 yilda topilmalar Samarqand davlat muzeyiga topshirilgan. Rossiyaning Kuban va yuqori Yenisey, Saratov va Orenburg viloyatlari hamda Qozogʻistonning Yettisuvidan shunga oʻxshash ashyolar topilib, ular miloddan oldingi V-VI asrlarga taalluqli ekanligi aniqlangan. Arxeolog Ye. Kuzmina Samarqanddan topilgan arxaik dubulgʻa Markaziy Osiyoda yashagan saklar tomonidan yasalgan deb hisoblaydi.

Jezdan quyma usulda yasalgan dubulgʻa ogʻir boʻlib, 4-5 kilogramm atrofida. Dubulgʻaning pastki yoqa qismiga oʻxshatib yasalgan qirralarida mayda-mayda tuynukchalar mavjud. Bu tuynukchalar maxsus ishlanib, pastki sovut bilan birgalikda poʻlat halqachalar orqali biriktirilgan. Bu jang jarayonida qattiq zarbalar paytida dubulgʻa uchib ketmasligi uchun qoʻllanilgan. Jangchining maxsus bosh kiyimi ogʻir va mustahkam boʻlganligi sababli undan foydalanayotgan paytda boshni ogʻritmaslik va botmasligi uchun ichidan kigiz yoki teridan ishlangan bosh kiyim kiyilgan.

Muzeyda saqlanayotgan dubulgʻaning oʻng tomonida qilichning qattiq zarbidan qolgan izlari mavjud boʻlib, chap tomonida kamondan otilgan oʻq izlari ham bor. Bu esa dubulgʻa jangchi tomonidan koʻplab muhorabalarda ishlatilganligini bildiradi.

Dubulgʻa qadimiyligiga qaramay dizayn jihatidan mohirona ishlangan. Uning shakli va peshona qismidan boshlanadigan qirra bezaklari dubulgʻaning tepa qismiga borganda shakllarning betakror holatda yasalganligini va orqa tomonga qarab davom etish jarayonida yaxlit kompozitsiya hosil boʻlganligini koʻrish mumkin. Eksponat oʻsha davrlarda kishilarni oʻz buyumlari bilan dafn etish urf-odati mavjud boʻlganligini isbotlaydi.

 

Sohiba EGAMQULOVA,

Samarqand davlat muzey-qoʻriqxonasi yetakchi mutaxassisi

 

Manba: zarnews.uz

https://saviya.uz/hayot/nigoh/besh-ming-yillik-dubulga/

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Старые
Новые Популярные
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x