Berkinib olgan sirgʻacha

Barchinoy tomorqada oʻynab yurib, chap qulogʻidagi sirgʻachasini yoʻqotib qoʻydi. Dadasi yaqindagina olib beruvdi. Juda chiroyli edi, yam-yashil bargga oʻxshab yasalgan edi. Balki, anavi ariqchaning boʻyida yotgandir-u, Barchinoy uning tusini oʻt-oʻlanlardan ajratib ololmayotgandir. Balki, berkinmachoq oʻynagisi kelib, shunchaki yashirinib turgandir.

Ayam bilib qolsa, rosa achchigʻi chiqadi, endi nima qilsam ekan, deb oʻyladi Barchinoy. Sabzi urugʻi sochilgan angʻizda dikir-dikir sakrab, tinimsiz tuproq titkilayotgan chumchuqchani koʻrib, unga yaqin bordi.

– Chumchuqcha, chumchuqcha, – dedi Barchinoy, – menga bozordan sirgʻacha opkelib ber.

Chumchuqcha esa: “Chiriq-chiriq-chiriq… Bozorga borsam, don-dun sotayotganlar menga tosh otishadi. Bozorga borishdan qoʻrqaman”, dedi-yu, pir-r etib uchib ketdi.

Barchinoy ona tovuqning yonida chiy-chiylab yurgan sap-sariq joʻjalarni koʻrib, ularni chorlashga tushdi:

– Jip-jip-jip, buyoqqa kelinglar. Menga bozordan sirgʻa opkelib bersalaring-chi, mallatoylarim.

– Jip-jip… Jajji joʻja bozorga borolmaydi, – deb juvillashdi joʻjalar. – Onamizga jippa-jippa yopishib yurmasak, jichcha-jichcha kaltak yeymiz.

Keyin Barchinoy molxona tuynugining ustidagi kavakdan moʻralab qarayotgan musichaga yalindi:

– Musichaxon, musichaxon, menga bozordan sirgʻa opkelib ber.

– Quqqu-gʻuv, quqqu-gʻuv… Men bola ochaman deb tuxum bosib yotibman, bozorma-bozor sangʻishga vaqtim yoʻq, – deya javob qildi musicha va iniga yanada biqinib oldi.

Shu payt tepadan: “Hey, qiz!” – degan ovoz keldi. Barchinoy qarasa, yongʻoqning baland shoxida semiz bir hakka koʻzini chaqchaytirib turibdi. U mitir-mitir odimlab yongʻoqqa yaqinlasharkan, meni “hey, qiz” dema, otim Barchinoy, deb hakkaga tanbeh berdi.

– Men hakkavoyman, shaq-shaq-shaq, – dedi hakka. – Anavi musicha bilan nimani gaplashayotgan eding, Barchinoy?

– Sirgʻamdan bittasini yoʻqotib qoʻydim, – deya yana arzini ayta boshladi Barchinoy. – Musichaxonga bozordan sirgʻa opkelib ber desam, hozir bola ochyapman, vaqtim yoʻq, deb unamadi.

Shunda hakka: “Bunaqa ishga, mana, biz vaqt topamiz. Sen menga yongʻoq chaqib tur, men senga oltin sirgʻa olib kelib beraman”, dedi-da, shoxdagi yongʻoqlarni choʻqib-choʻqib toʻka boshladi.

Barchinoy yongʻoqlarni chaqib boʻlguncha, hakka qayoqqadir borib, tumshugʻida bir juft sirgʻa koʻtarib keldi. Sariq-qizgʻish bu sirgʻalar rostdan ham oltin boʻlib, quyoshda yalt-yult tovlanib turardi. Barchinoy bu sirgʻalarni kimning qulogʻida koʻrganini darhol esladi.

– Yoʻ-oʻ-q, – dedi Barchinoy, – oʻgʻirlik judayam-judayam yomon narsa. Ertaklardagi oʻgʻrilar doim jazosini tortishadi. Qingʻirqoʻl boʻlsang, sen ham oxiri bir baloga yoʻliqasan.

Barchinoy bu sirgʻalarni tanib, mitillaganicha qoʻshni hovliga kirib bordi, boʻlgan voqeani aytib, kelinchak opasiga taqinchogʻini qaytarib berdi. Uzumlar soyasida bosh yuvayotib, hoʻl qilmayin deb yechib qoʻygan sirgʻalari pismiq hakkaga oʻlja boʻlganini yosh kelinchak shundagina anglab yetdi.

Bu voqeani eshitib, Barchinoyning kattadadasi nihoyatda sevinib ketdi, “balli, Barchinim, doim shunaqa aqlli boʻlgin”, deb peshanasidan oʻpdi. Keyin: “Bozor kuni shaharga borib, oʻzim senga zoʻr sirgʻacha opkelib beraman”, dedi.

– Oygulga-chi? – deb soʻradi Barchinoy, amakisining kulogʻich qizchasiga ham ilinib.

– Oygulgayam albatta opkelamiz, – dedi kattadadasi va Barchinoyni bagʻriga bosib, “halol qizim, saxiy qizim”, deya maqtay boshladi.

Qayerdadir yashirinib yotgan qaysar sirgʻachasini eslab, hanuz yuragi siqilayotgan Barchinoyning koʻngli, bu maqtov-alqovlardan soʻng, birdan yorishib ketdi.

 

Anvar OBIDJON

 

1995 yil

https://saviya.uz/ijod/nasr/berkinib-olgan-sirgacha/

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Старые
Новые Популярные
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x