Bemorni ziyorat qilish odobi

Millatimizga xos mingyillik qadriyatlar, urf-odatlar, aqidayu anʼanalar borki, ular xalqimiz tomonidan yuksak qadrlanib, hurmat bilan amalga oshiriladi. Shunday odatlarimizdan biri – bemor kishini ziyorat qilishdir. Maʼlumki, buning ham oʻziga yarasha odob va qoidalari bor. Quyida mutaxassislar diniy va dunyoviy ilmlariga tayangan holda bemor ziyoratiga xos qoidalar haqida soʻzlab beradi.

– Muqaddas dinimiz insonlarni mehr-muruvvatga, ezgulikka chorlaydi, rahmdillikni tarannum etadi, – deydi Koson tumani “Katta masjid” jomeʼ masjidi imom-xatibi Namoz Abdullayev. – Rahmat qirralarining eng buyuklaridan biri esa dinimiz koʻrsatganidek zaif-bechoralar, bemoru xastalarga koʻrsatilgan rahmat, mehr-shafqatdir. Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: Nabiy sollallohu alayhi vasallam: Albatta, Alloh azza va jalla qiyomat kuni “Ey Odam bolasi, bemor boʻldim, koʻrgani kelmading?!” deydi. Odam: “Ey Robbim, qandoq qilib Seni koʻrgani boraman? Sen Robbul Olamiyn boʻlsang?” der. Alloh: “Bilmadingmi, bandam falonchi bemor boʻldi. Sen uni koʻrgani bormading. Agar sen uni koʻrgani borganingda, Meni uning huzurida topgan boʻlar eding” deydi”. “Oʻshani Mening huzurimda topgan boʻlar eding”, deyishi, oʻsha ishning savobiga noil boʻlarding, deganidir.

Maʼlumki, kasallik kishi holini mahzun, aʼzolarini esa zaif qilib qoʻyadi. Bunday vaziyatda inson bolasi mehr-muruvvatga har qachongidan ham muhtoj boʻladi. Dinimiz bunday betoblarning holidan xabar olib turishga, ularning koʻnglini koʻtarishga hamda bir oz boʻlsa-da, dardini yengillatishga buyuradi.

Yana bir rivoyatda keltirilishicha, Rasululloh (s.a.v.) Salmon Forsiyni kasal boʻlganda koʻrgani kirib, dedilar: “Sening  bu yotishingda uchta xislat bor. Robbingdan eslatma, poklik va oldingi gunohlaringga kafforat, kasal kishining duosi mustajobdir, qodir boʻlganingcha Allohga duo qil”.

Islom bemorga mehribonlik koʻrsatishda shuning oʻzi bilan cheklanib qolmaydi, balki, uni ziyorat qilishni boshqa birodarlari ustidagi haqlaridan biri etib belgilaydi. Hadislarda keltirilishicha, besh narsa musulmon kishining oʻz birodari zimmasidagi haqlaridan hisoblanadi: salomga alik olish, aksa urganda javob aytish, mehmonga chaqirganda borish, kasal boʻlganda ziyorat qilish va janozasida qatnashish.

Odatda xasta kishining huzuriga kirganda ochiq yuz, xush koʻngil bilan salom-alik qilib, hol-ahvol soʻraladi. Bu eng toʻgʻri yoʻl. Biror yetishmovchiligi boʻlsa koʻmaklashib yuborishi yoki oʻzi bilan ozroq hadya olib borishi maqsadga muvofiq. Kasal yotgan joyga yaqinroq, iloji boʻlsa bosh tomoniga oʻtiriladi va bemorning bosh-koʻzi, manglayi, oyoq-qoʻlini silab, undan irganmay, hazar qilmay, yaxshi soʻzlar bilan koʻnglini koʻtaradigan gaplar gapiriladi. Unga dard vaqtinchalik, bemorlik esa Allohning bir neʼmati ekani aytiladi, tuzalib ketishini soʻrab duo qilinadi. Uning yuziga sinchiklab qaralmaydi, koʻp va qattiq ovozda gapirilmaydi. Bemorga shovqin-suron yoqmaydi. Borganda past ovozda, tabassum bilan gapirish, uni toliqtirib qoʻymaslik uchun oldida kamroq oʻtirish lozim. Xastaligi haqida ezmalanib gapirish, bilmagan narsasini dori sifatida tavsiya qilish mumkin emas. Xalqimizda kechki payt kasal koʻrishga borilmaydi, degan qarash bor. Chunki bu paytda dard kuchayadi, bemor charchab, oromga shaylangan boʻlishi mumkin. Bemor ziyoratidan turayotganda, uning haqiga duo qilib, “xudo xohlasa, tezda tuzalib ketasiz”, “dard ham bir mehmon, hali sogʻayib, otday boʻlib ketasiz” kabi soʻzlar bilan koʻngliga tasalli beriladi. 

Afsuski, hayotda bu qoidalarga koʻpda amal qilavermaymiz. Baʼzan uquvsizligimiz, ilmsizligimiz yoki farosatimiz yetishmasligi, muomala madaniyatini bilmasligimiz sabab xijolatli vaziyatlar kelib chiqadi. Besh qoʻl barobar boʻlmaganidek, odamlar ham har xil. Kimdir bemor yotgan kishi holidan xavotirlanib, unga achinganidan yoki koʻnglini koʻtarish maqsadida borsa, yana kimdir uning qanday kasal ekanini bilish uchun boradi.

– Bemorni ziyorat qilish kasal kishiga ruhiy madad boʻladi, u oʻz doʻstlari oldida qadri-qimmati borligidan xursand boʻlib, yashashga boʻlgan ishtiyoqi yanada kuchayadi, – deydi faxriy oʻqituvchi Eshim Zoirov. – Bemorning kayfiyati koʻtarilishi esa, kasallikni yengishga xizmat qiladi. Bu paytda bir ogʻiz oʻylanmay gapirilgan gap bilan uning dardini ogʻirlashtirish, yoki aksincha, koʻnglini koʻtaruvchi bir soʻz uni hayotga qaytarishi mumkin.

Maʼlumki, kasal yotgan odam yogʻli, quyuq, xamirli yoki qovurilgan, shoʻr ovqatlar, alkogol ichimliklar isteʼmol qilishi mumkin emas. Ammo koʻpincha bemorni koʻrgani borayotganimizda uning parhezda ekanini unutamiz. Unga foydali boʻlgan meva-sabzavotlar yoki undan tayyorlangan sharbatlar, parhez yeguliklar olib borish oʻrniga qovurilgan, dudlangan ovqatlar, spirtli ichimliklar olib borib goʻyoki “oʻzimizni koʻrsatamiz”. Bu mahsulotlar bemorga qanchalik zararli ekanini oʻylab koʻrmaymiz.

– Ogʻir kasalliklar bilan ogʻrigan yoki jarrohlik amaliyotini boshidan oʻtkazgan bemorlarga shovqin-suron yoqmaydi, – deydi shifokor jarroh Akbar Jumayev. – Bizda esa kasalni koʻrgani 3-4 kishi boʻlib kelishadi va barchasi bir vaqtning oʻzida yoniga kirmoqchi boʻlishadi. bu mumkin emasligini aytsak-da, baʼzilar tushunishni istashmaydi.

Demak, har ishda boʻlgani kabi, bu nozik masalada ham albatta meʼyorni unutmaslik lozim. Kasal koʻrish unga oʻzining kelganini pesh qilish emas, balki issiq jon isitmalaganida dardiga shifo tilash va qoʻllab, madad boʻlib turishdir. Bu ziyorat esa xastaning holatini ogʻirlashtirmasligi, aksincha, uning ruhiyatini koʻtarishi lozim.

 

S.ALLAYOROVA

 

“Qashqadaryo” gazetasi saytidan olindi.

https://saviya.uz/hayot/nigoh/bemorni-ziyorat-qilish-odobi/

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Старые
Новые Популярные
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x