Bemaʼni “odat”lar qayerdan paydo boʻlyapti?

oʻy-tomoshalarimiz haqida koʻp mulohazalar qilamiz. Ayrim odatlarimizni sanab, xursand boʻlamiz: oʻzbekona udum va tadbirlarimiz rostakamiga toʻylarimizda ham oʻz ifodasini topib, odamlarni mehr-oqibatga, ahil-inoqlikka, umuman, yaxshilikka oʻrgatadi. Biroq shunday “odat”larimiz borki va shunday yangi “urf”lar ham paydo boʻlyaptiki, ular tushungan odamlarning haqli eʼtirozini keltirib chiqarmoqda.

Tanqid mavzusiga aylanib kelayotgan ana shunday jihatlar – toʻylarimizdagi dabdababozlik, ortiqcha qiliqlar, yangi “urf”lar kishini chuqur mulohaza qilishga undaydi. Sababi, odamlarimizni na moddiy, na maʼnaviy foydasi tegadigan bunday “odat”lardan qaytarish kelgusida koʻplab xunuk oqibatlarning, maʼnaviy jarohatlarning oldini olishga xizmat qiladi.

Namuncha vahima, dersiz. Xotirjam boʻling: asossiz emas bu. Toʻylarimizda hozir kundan-kun urchib borayotgan ayrim dahmaza odatu qiliqlarni eshitgan, koʻrgan kishi hech ham befarq qarab turolmaydi.

 

Kim aybdor?

Bir hamqishlogʻim aytib bergan voqea haligacha qalbimni larzaga soladi. Kuyov bola – hali yigirmaga ham kirmagan yigitcha xorijda mardikorlik qilib kelib, yangi mashina olibdi. Birozdan soʻng uylanadigan boʻlibdi. Toʻy kuni kelinnikiga borayotganda kuyov rosa injiqlik qilibdi: “Kuyovnavkar mashinasi oʻn beshta boʻlmasa, toʻy-poʻy boʻlmaydi, mashinaga chiqmayman”, debdi. Kattalar ham uni koʻndirolmabdi. Oxiri kuyovbolaning shashtini qaytarmay, ulov sanogʻini u aytganiday badastir qilishibdi.

Yoʻlga chiqqan mashinalar karvoni boshida kuyovbolaning oʻzi, tagʻin rulda emish. Katta yoʻlga chiqishganda kuyovbola hammaga buyruq beribdi: “Mashinalar ikki yonimdan yursin!”

Beoʻylik, qiziqqonlik, oliftalik yoshlarga xos xislat-da, deymiz. Kuyov mashinasining ikki yonidan yana hashamat ulovlar qoʻshilgach, trassa toʻliq band boʻladi. Orqadan kelayotgan boshqa ulovlarga ham yoʻl berilmaydi. Bir-biriga signal chalib, qiyqirib ketayotgan yigitlar bir mahal qirlikka chiqayotib, roʻparadan juda katta tezlikda bir mashina kelayotganini koʻrib qoladi-yu, sarosimaga tushishadi. Juda qisqa fursatda sodir boʻlgan bu sarosima noxush yakunlanadi: qarama-qarshidan kelgan ulov oʻsha tezlikda kuyovning mashinasiga toʻqnashadi va… toʻy azaga aylanadi… Dahshatli bu voqea bir zumda ovoza boʻlib ketdi.

Bunda kim aybdor? Juvonmarg ketgan kuyovbolami? Ehtimol, yoshi kattalar, kayvonilarda ham ozgina ayb bordir? Toʻylarimiz yaxshi, odatlarimiz durust, biroq qiliqlarimiz yomon. Aslida oʻsha kuyov boʻlmish yigitcha ham tinchgina, hamma qatori, yoʻlda boshqa ulovlarga xalaqit qilmasdan yurishi mumkinmidi? Mumkin edi, albatta.

Xoʻp, toʻyi boʻlayotgan odamning odatdagi erkaliklari-da bu, dermiz, lekin kattalar, kayvonilar ularni tartibga chaqirishi, keraksiz va zararli “odat”larning boʻy koʻrsatishiga yoʻl qoʻymasligi ham mumkin edi-ku? Qishlogʻu shaharlarimizda toʻy kuni uncha-muncha mashinalar karvoni yoʻlda sidirgʻa yurmasligini koʻrgan yoshi ulugʻlar nega toʻy boʻlayotgan mahali soʻzga chiqib, buning ogʻir oqibatlari haqida yoshlarga ikki ogʻiz dakki berolmaydi?

…Bir necha yil avval Toshkent shahar hokimining poytaxtdagi toʻy-marosimlarda ortiqcha dabdababozlikka barham berishga qaratilgan hujjat qabul qilgani yaxshi ish boʻlgan edi. Biroq bugun guvohi boʻlyapmizki, baribir ayrim toʻylarda kelin-kuyovlar turnaqator mashinalar karvonida yuribdi. Toʻylarda xizmat qilayotgan artistlar soni ham koʻp-da nazorat qilinmayapti.

Nazarimizda, bunday qarorlar, nazoratlar, qachonki, odamlarning oʻy-xayoli, dunyoqarashi oʻzgarmas ekan, toʻla natija berishi qiyin. Dabdababozlik, ortiqcha “urf-odat”lar, “qiliqbozlik”, boyligini koʻz-koʻz qilishu kimoʻzarga oʻynashlarga barham berilishi dushvor.

 

Ersirashmi bu?

Asosan shaharlarimizda yana bir xunuk “odat” paydo boʻlgan. Toʻyxonaga kelin kirib kelgach, mehmonlarga oʻzbekona udum boʻyicha taʼzim qiladi. Hozir esa bu milliy fazilatlar oʻrnini xalqimizga xos boʻlmagan, juda xunuk illat egallamoqda: kelin ortga buriladi, uning ortida bir toʻda dugonasi, asosan hali turmushga chiqmagan qizlar turadi. Kelin qoʻlidagi gulni ortiga otadi, qizlardan qaysi biri uni ushlab olsa…

Bu ahmoqona udumning maqsadi va mohiyatini aytishgayam uyaladi odam. Nima emish, gulni qaysi qiz tutib olsa, oʻsha birinchi boʻlib va tezda erga tegib ketarmish…

Oʻzingiz oʻylang, bu oʻzbek qizlari uchun uyat, isnod emasmi? Gʻarbdan kirib kelayotgan bu kabi andishasizliklarni nega koʻr-koʻrona qabul qilaveramiz? Oʻsha qizlarning toʻyda ishtirok etayotgan ota-onasi, aka-ukasi yer yorilsa-yu, kirib ketsa arziydigan sharmandalik emasmi bu? Mohiyatida ersirash degan gap yotgan bu “odat” qachon udumlarimizga kirib keldi ekan? Qaysidir ahmoq oʻzini tomdan tashlasa, biz ham tashlayveramizmi? Uyda, oila davrasida, kerak boʻlsa, toʻylarimizning oʻzida bunday ahmoqgarchiliklar haqida gapirilsa, oilaviy suhbatlar qilinib, yoshlarning ongiga milliy qadriyatlarimiz, odob-axloqimiz koʻproq singdirib borilsa edi, shu kabi yot gʻoya va tushunchalar bizdan uzoqroq boʻlarmidi.

 

Boʻsabozlik

Bir video ijtimoiy tarmoqlarda yashin tezligida tarqaldi: mamlakatimizning olis viloyatlaridan biridagi oʻta andishasiz toʻy sahnasi aks etgan bu videoni koʻrganimdan beri oʻzimga kelolmayman.

…Restoran-toʻyxona toʻla odam. Xotin-xalaj, erkaklar, chollar oʻtiribdi. Ikki-uch kuyovjoʻra soʻzga chiqadi. Sal kayfi bor, shekilli, birinchisi zoʻrgʻa ikki jumlani epaqaga keltirib, kelin-kuyovni baxt ostonasiga qadam qoʻygani bilan tabriklaydi. Bu paytda yangi oila qurayotgan juftlik tabriklovchiga hurmat yuzasidan tik turibdi, kelin esa oʻzbekona andisha bilan tinmay taʼzim qilyapti.

Haligi yigit tabriklab boʻlgach, kuyovga qarab, xitob qiladi:

– Alisher! Gorko!

Dafʼatan bu xitobni eshitgan odamning yuziga andak tabassum yuguradi. “Yigit tushmagur ja zamonaviy ekanmi? “Gorko”ga balo bormi oʻzbekning toʻyida?! Mastlikda har narsa deyaveradi-da odam, kelin-kuyov quloq solarmidi bunga…” deya oʻylaysiz. Biroq… adashasiz! Bu hazil emas! Joʻrasining xitobini eshitgan kuyov shartta kelinga oʻgirilib, labidan boʻsa oladi!

Toʻyxonada qarsaklar chalinadi.

Soʻng ikkinchi yigit tabriklaydi. Tik turgan kelin yana taʼzim qiladi. Bu tabriklovchi ham soʻzining yakunida:

– Alisher! Gorko! – deydi.

Yana boʻsabozlik…

Dahshatga tushasiz. Bizga nima boʻlyapti? Oʻzbekning toʻyida-ya? Toʻyxonani toʻldirib oʻtirgan kayvoni keksa otaxonu onaxonlar, yoshi katta erkagu ayollarning oldida-ya? Ularning koʻzi qayerda?

Oʻylab oʻyingizga yetolmaysiz: yoshlarimiz shunchalik uyatsiz, andishasiz boʻlib ketishdimi? Kuppa-kunduz kuni, tagʻin shuncha odamning orasida boʻsabozlik qilish uchun odam qanchalik or-nomussiz, andishasiz boʻlishi kerak? Boʻlgʻusi qaynona, qaynotalarning koʻz oʻngida bunday xatti-harakat qilish odobdanmi? Oʻzbekona sharm-hayo, iffat deganlari qayerga yoʻqoldi? Tarbiya va axloqimizga yetti yot “gorko” degani hayotimizga, toʻylarimizga qayerdan, qanday qilib kirib kelyapti? Sharqona mentalitetimizga shunchalik darz ketyaptimi?

Savollar koʻp…

 

“Kelinnavkar” nimasi?

Yaqinda bir tanishning toʻyida qatnashdim. Toʻyxonaga kelin-kuyov kirib keldi. Hammaning eʼtiborini tortgan narsa shuki, kelinning dugonalari bir xilda kiyingan ekan. Kimdir kulimsiradi: “Inkubatordan chiqqanday boʻpti”. Keyin eshitsam, bu hozir paydo boʻlayotgan yangicha “urf”lardan yana biri ekan.

– Bir dugonamdan toʻyiga taklifnoma oldim, – deydi Oʻzbekiston davlat jahon tillari universiteti talabasi Shohsanam Nishonova. – Uning aytishicha, toʻyda kelinning hamma dugonalari “kelinnavkar” sifatida bir xil libosda boʻlishi shart emish. Avvaliga bu holat menga kulgili tuyuldi. Axir, dugonamning men tanimagan tanishlari ham boʻlishi mumkin-ku, qanday qilib, ular bilan bir xil kiyinaman, hammaning didi turlicha boʻlsa? Eʼtirozimni bildirishga endi ogʻiz juftlagan edim, dugonam yigirma qizga yetadigan libos uchun gazlamani oʻz boʻyniga olganini aytdi. Ota-ona qiziga sarpo qilgani yetmaganidek, endi kelinning dugonalari (kelinnavkar)ga ham kiyim olishi kerakmi?..

Hammaning imkoniyati bir xil emas, albatta. Oqila qiz hech qachon ota-onasini qiynab qoʻymaydi, qolaversa, “kelinnavkar” degani qadriyat emas, illat deb oʻylayman.

Bir xil matodan kiyim kiygan kelin dugonalarning suratlari ijtimoiy tarmoqlarda qoʻyilishiga ham koʻzimiz oʻrganib qoldi. Eng qizigʻi, bunday suratlarning ostidagi “kelinnavkar” degan yozuvga kimdir eʼtibor berdi, kimdir esa yoʻq. Aslida, kuyov boʻlmish doʻstlari bilan kelinning uyiga kelishini kuyovnavkarlarni kutish marosimi sifatida bilamiz. “Navkar” soʻzi ham erkaklarga tegishli emasmi? Ammo endi kelinning bir xil libosdagi dugonalarini “kelinnavkar” deyilishi nimani anglatadi?..

Mayli, har kim orzu-havasiga yetsin, baxtli boʻlsin. Ammo biz uchun yetti yot begona odatlar toʻylarimizga kirib kelayotgani kishini tashvishga soladi. Toʻylarni ixchamlashtirish haqida hamisha, hamma joyda gapirib kelinadi, tushuntirish ishlari olib boriladi. Shunga qaramay, gʻalati odatlarga taqlidlar paydo boʻlyaptiki, ulardan “ommaviy madaniyat” hidi kelayotganga oʻxshaydi.

Yosh hamkasbimizning qaygʻurganicha bor. Bu koʻplab oilalarning qizlari uchun toʻy kuni bir talay koʻngilsizliklarni keltirib chiqaradigan ancha oʻtkir ijtimoiy masalaga aylanishi mumkin. Ha, bunday ortiqcha va bachkana nomaʼqulchiliklar koʻpaysa koʻpaymoqdaki, aslo kamaymayapti.

Xoʻsh, toʻy-marosimlarimizdachi yangi “odat”lar qanday, qayerdan paydo boʻlyapti?

 

Soxta targʻibot ortidan

“Osmonda oy chiqsa, bilingki, kimdir bundan manfaatdor”, derdi bir iqtisodchi tanishimiz. Darhaqiqat, yaqinda bir shou-biznes vakili bilan suhbatlashayotib, bilib qoldim: bunday “odati”lar ham bekorga paydo boʻlmas ekan.

“Anʼana”, “odat” nomi ostida kundalik hayotimizga kirib kelayotgan “yangilik”lar asosan ayrim ucharlarning hamyonini qappaytirishga xizmat qilar ekan. Hozir nima koʻp, toʻy-marosimlarni chiroyli qilib oʻtkazishga yordam beradigan dastyor firmalar koʻp. Pulini toʻlasangiz boʻldi: toʻyxonani rang-barang pufaklar bilan bezaydi, ostonaga poyandozlar toʻshaydi, kelin-kuyovni mashinada emas, foytun-aravalarda olib kelib beradi. Suratga ham tushiradi, videoga ham oladi. Boshlovchidan tortib artistlarni, mashshoqlarni, raqqosu raqqosalarni ham gaplashib, toʻyxonada badastir qilib berishadi. Xullas, qoʻlingizni sovuq suvga urmaysiz, hammasini oʻzlari qilishadi.

Ana shunday firmalar “faoliyat” turini qancha kengaytirsa, daromadi shuncha ortadi. Shu bois ular ming bir “yangilik” oʻylab topadi. Toʻy egasiga: “Aka, falonchaning toʻyida kelin-kuyov toʻyxonaga oʻzlari emas, taxtiravonda kirib kelishibdi. Hozir shu moda boʻpti yoshlar orasida. Zamonaviy odamlar shunday qilayotganmish”, deydi. Bu aslida bekor gap boʻlsa-da, shunday reklama qilinadi.

Shu taxlit oʻsha tagi yoʻq yangi “moda” urchib ketadi. Bu yoqda esa olgʻir firma boyigandan boyiydi. Sizning maʼnaviyatni asrashu milliy qadriyat degan diydiyolaringizning sariq chaqalik qizigʻi yoʻq ularga. Muhimi, pul kelyapti-ku…

 

Ortiqchasi isrof boʻlmasa…

Hashamdor toʻylar qilish, boyligini koʻz-koʻz etish orzu-havasi boshqa xalqlarda ham bor. Ular ham hisob-kitobini bilib boʻlmaydigan isrofgarchiliklar qilib turadi. Biroq oʻsha ortiqcha dabdaba oʻrniga savob qiladigan, elning duosini oladigan odamlar ham yoʻq emas.

Oʻtgan yili bir xabar butun dunyoni aylanib chiqdi: hindistonlik Ajay Manot ismli milliarder biznesmen yolgʻiz qizining nikoh toʻyida 90 ta kambagʻal, boshpanasiz oilaga barcha qulayliklarga ega uylar qurib berdi. Nikoh kuni esa kelin-kuyov yangi uylar kalitini oʻz egalariga topshirdi.

Bugun dunyoning u yer-bu yerida ana shunday saxovatpeshalar tomonidan ibratli ishlar ham qilinyapti. Boʻlyapti-ku, bunday amallar ham.

Yoʻq, odamzod shon-sharafga oʻch. Bor-budini bir kunlik toʻyga sochsa-yu, hammaning tiliga tushsa… Toʻyni-ku uzoq yillar eslab yurishar, lekin shu dabdabaga sarflangan mablagʻ yoki boshqa moddiy narsalar kimgadir hadya qilinsa-yu, bechorahol odamlarga yordami tegsa, bu yaxshilik, savob ish hech kimnig yodidan chiqmaydi.

Bizning yurtimizda ham dabdabali toʻy qilgandan koʻra pulini yetim-yesirning boshini silashga, mehribonlik va qariyalar uylariga ehson qilishga sarflaydigan saxovatpesha odamlar oz emas. Isrofgarchilikka juda qattiq qaraydigan xalqimiz toʻylarida ham, urf-odat va maishiy turmushida ham ana shunday fikrlaydiganlar qancha koʻpaysa, shuncha yaxshi.

Inson dabdaba va isrofgarchiligi, shuhratparastligi bilan emas, odamiyligi, saxovati, yaxshiligi bilan chinakamiga nom qozonishi va bu nomni uzoq vaqt saqlab qolishi mumkin.

 

Jasur KENGBOYEV

 

“Yoshlik”, 2017–4

https://saviya.uz/hayot/nigoh/bemani-odat-lar-qayerdan-paydo-bolyapti/

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Старые
Новые Популярные
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x