Belorus adabiyotining ibtidosi Kiyev Rusining madaniyati, yozma adabiyoti va folkloriga borib taqaladi. Chunki u vaqtlarda rus, ukrain va belorus xalqlarining ota-bobolari bir xil tilda soʻzlar edilar.
Kiyev davlati va feodal tarqoqlik sharoitida rus yerlari va uning madaniyatini birlashtirish uchun kurash gʻoyasi hukmron edi. Bu gʻoya oʻsha zamonda yaratilgan koʻpchilik adabiy asarlar, jumladan qadimgi umumrus madaniyatining ajoyib yodgorligi – “Igor jangnomasi” uchun asos boʻlgan edi.
XI–XII asrlarda Kiyev Rusida yashagan xalqlarning yozma adabiyoti xiyla taraqqiy etdi. Qadimgi rus adabiyotining bir qancha asarlari hozirgi Belorussiya tuprogʻida yaratildi. Belorussiyaning Polotsk va Turov kabi shaharlarida cherkov adabiyoti va dunyoviy adabiyotlar koʻchirildi, yilnomalar tuzildi. Belorus xalqi va tilining shakllanishi Belorussiyaning litva va, keyinchalik, polyak feodallari hukmronligi ostida qolib ketgan davriga toʻgʻri keladi.
XIII-XIV asrlarda, Belorussiya tuprogʻi Buyuk Litva knyazliklariga qoʻshilgan vaqtlarida, belorus xalqining madaniyati ancha taraqqiy topgan edi. Litvaliklarning oʻz yozuvi boʻlmaganidan, litva knyazligida belorus tili rasmiy til deb eʼlon qilingan edi. Keyinchalik hozirgi belorus tiliga asos boʻlgan oʻsha tilda har xil qonunlar chiqarildi, yilnomalar yozildi.
XIV–XV asrlarga kelib, belorus adabiyotiga boshqa tillardan tarjima qilingan diniy va dunyoviy adabiyotlar kirib keldi.
Katolik cherkoviga tayangan polyak panlarining bosqinchilik siyosati tobora kuchaya bordi. XVI asrda Litva knyazligi oʻz mustaqilligini yoʻqotib, Polshaga qoʻshildi, belorus mehnatkash ommasi qattiq zulm ostida qoldi. Zoʻravonlikka asoslangan mustamlakachilik siyosati belorus xalqini ijtimoiy, milliy va dini zulmga qarshi ozodlik uchun kurashga undadi. Bu kurash XVI–XVII asrlar belorus adabiyotida ham oʻz aksini topgan. Bu davr adabiyotida bir-biriga zid ikki yoʻnalish mavjud edi:
1) feodal hukmron doiralar va katolik cherkov manfaatini koʻzlovchi reaksion yoʻnalish;
2) katolik cherkoviga qarshi belorus xalqining rus xalqi bilan birlashishga intilishini ifodalovchi progressiv yoʻnalish.
Progressiv belorus adabiyotining ulkan vakili Georgiy Skorina XVI asrning birinchi yarmida yashab ijod etdi. U oʻz davrining yirik olimi va oʻqimishli kishisi boʻlib, Praga va Vilnoda tarjimonlik va noshirlik faoliyatini avj oldirdi. Skorina Belorussiyada kitob nashr qilishni boshlabgina qolmadi, balki belorus xalq jonli tili asosida belorus adabiy tilini ishlab chiqishga kirishdi. Uning vatanparvarlik hissi bilan toʻlib-toshgan noshirlik va maʼrifatparvarlik faoliyati belorus adabiyotining bundan keyingi taraqqiyotida sezilarli iz qoldirdi.
Belorus progressiv adabiyotining XVI asr oxiri, XVII asr boshlarida yashab ijod etgan yirik vakillari Simon Budniy, Vasiliy Tyapinskiy, Stefan Zizaniy, Afanasiy Filippovich, Leontiy Karpovich, Simeon Polotskiylar belorus xalqi manfaatlarini ifodalab, feodal katolik zugʻumiga qarshi kurash olib bordilar. Ular rus xalqi bilan belorus xalqining birlashishlarini yoqlab chiqdilar.
XIX asrning 20-30-yillarida adabiy harakatda jonlanish sezildi. Bu jonlanish milliy ozodlik harakatining kuchayishi, belorus xalqining 1812 yil Vatan urushida aktiv ishtiroki va dekabristlar qoʻzgʻoloni bilan bogʻliq edi.
Dekabristlarning krepostnoylik tuzumiga qarshi gʻoyalarining keng tarqalishi oʻsha davr Rossiyasining maʼnaviy hayotida chuqur iz qoldirdi.
XIX asrning birinchi yarmi belorus adabiyoti, asosan, anonim harakterdagi adabiyotdir. U xalq ogʻzaki ijodiga juda yaqin turadi. Uning asosiy janrlari, satirik poemalardan tashqari, tashqari, aytishmalar, hajviy sheʼrlar, tarixiy va marosim qoʻshiqlaridan iborat edi. XIX asrning birinchi yarmida yuzaga kelgan “Daniilning Stefan bilan suhbati”, “Panning dehqon bilan suhbati”, “Haqiqat” singari muallifi nomaʼlum aarlar ezilgan dehqonlar kayfiyatini ifodalovchi, krepostnoylik tuzumiga qarshi ruhda yozilgan asarlar edi.
Publitsistik oʻtkirlik, xalq ogʻzaki ijodiga yaqinlik, tasvirning savol-javob shaklida boʻlishi bu davr ilgʻor belorus adabiyotining oʻziga xos uslub xususiyatlaridan sanaladi.
Fransisk Kazimirovich Bogushevich belorus adabiyotida tanqidiy realizm metodiga asos soldi. U oʻz ijodiga xos fuqarolik pafosi, oʻtkir demokratik gʻoyalar, realizm va xalqchillik bilan XX asr ilgʻor belorus adabiyotining shakllanishiga zamin hozirladi.
F. Bogushevich belorus adabiyotini satirik sheʼr, ballada, hikoyaga oʻxshash yangi poetik va prozoik janrlar bilan boyitdi. Belorus sheʼriyatining takomili va adabiy til taraqqiyoti uchun kurashdi.
XX asr boshlariga kelib belorus adabiyoti anchagina taraqqiy etdi. Shu yillarda Yanka Kupala, Yakub Kolas, Aloiza Tyotka, Maksim Bogdanovich singari demokratik yozuvchilar ijod maydoniga qadam qoʻydilar.
Yanka Kupala va Yakub Kolas xalqchil, realistik adabiyotni vujudga keltirish bilan birga hozirgi belorus adabiy tili meyorlarini ishlab chiqib, uning rivojlanishiga juda koʻp hissa qoʻshdilar. Ular milliy til boyligidan barakali foydalanish namunasini koʻrsatdilar.
Ya. Kupala, Ya. Kolas oʻz ijodlarida oʻtgan asr belorus demokratik adabiyotining eng yaxshi xususiyatlarini davom ettirdilar, davr talabiga qarab yangi-yangi xususiyatlar bilan boyitdilar.
Yanka Kupala va Yakub Kolaslarning revolyusion poeziyasi keyinroq adabiyot maydoniga qadam qoʻygan Tishka Gartniy, Maksim Bogdanovich, Zmitrok Byadulya, Ales Gurlo, Yanka Jurba singari belorus yozuvchilari ijodiga oʻzining chuqur taʼsirini oʻtkazdi. Ular oʻzlarining xalq hayotidan olib yozgan sheʼr, hikoyalari bilan realistik belorus adabiyotini yangi-yangi janr va sheʼriy shakllar bilan boyitdilar.
1939 yilda Gʻarbiy Belorussiyaning Belorussiyaga qoʻshilishi munosabati bilan gʻarbiy belorussiyalik yozuvchilardan M. Tank, F. Pestrak, M. Mashara kabilar, yosh adiblar orasidan yetishib chiqqan shoirlar – A. Kuleshov, P. Panchenko, E. Ognetsvet, prozaiklar – A. Staxovich, V. Kravchenkolar ijod maydonida koʻrindilar.
Ikkinchi jahon urushi yillarida belorus yozuvchilari jangchi partizanlar qalbiga yoʻl topuvchi, ularni kurashga daʼvat etuvchi gʻoyaviy oʻtkir, badiiy pishiq asarlar yaratdilar. Shu davrda belorus yozuvchilarining oʻrta avlodi – A. Kuleshov, P. Brovka, P. Glebka, M. Tank, P. Panchenkolar voyaga yetib shuhrat qozondilar.
A. Velyugin, K. Kireenko, A. Zaritskiy, Ya. Bril yuz berayotgan hodisa-voqealarga faol aralashib, boy tajriba hosil qildilar. Urush voqealarini izma-iz kuzatib borgan M. Linkov va K. Chorniy oʻzlarining xalq qahramonligiga bagʻishlangan hikoyalarini yaratdilar.
K. Krapiva yana satira qurolining fosh qiluvchilik kuchiga murojaat qilib, hajviy sheʼrlar, masallar yozishga kirishdi. Xalq shoiri Ya. Kupala yangi-yangi lirik va epik plandagi asarlar ijod etdi.
Urushdan soʻnggi davrda belorus adabiyotida Ya. Kolasning “Baliqchining xatosi”, A. Kuleshovning “Yangi oqim”, “Oddiy kishilar”, “Faqat olgʻa”; P. Panchenkoning “Sheʼrlar va dostonlar” asari; M. Tankning “Bilib qoʻysinlar”, “Koʻldagi oy” sheʼrlar kitobi; M. Linkovning “Unutilmas kunlar”, I. Shamyakinning “Chuqur oqim”romanlari; Ya. Brilning “Zabolotyeda tong otadi” povesti; K. Krapivaning “Toʻrgʻaylar sayraganda”; A. Mavzonning “Konnstantin Zaslonov” pyesalariga oʻxshash salmoqdor sheʼriy, nasriy, dramatik asarlar bunyodga keldi.
XX asrning 60-yillariga kelib belorus yozuvchilarining koʻplab asarlari bosilib chiqdi. V. Bikovning “Alp balladasi”, I. Ptashnikovning “Lonva”, V. Sobelenkoning “Beva xotin”, I. Novinkovning “Yoʻllar Minskda tutashadi” povestlari shular jumlasidandir.
I. Novinkovning diqqatga sazovor mazkur povestida chexoslavak va belorus partizanlarining mardligi haqida hikoya qilingan. Unda tasvirlanishicha, sovetlar mamlakatiga xoinlik bilan hujum boshlagan nemis fashistlari oʻzlari bilan birga bir vaqtlar chet ellarga qochib ketgan sotqin beloruslarni olib keladilar – ular yordamida qoʻgʻirchoq burjua davlatini tiklashga urinadilar. Yozuvchi aniq tarixiy hujjatlarga tayanib, belorus partizanlarining ana shu Vatan xoinlariga qarshi olib borgan mardonavor kurashlari haqida badiiy lavhalar yaratadi. Povest qahramonlik toʻgʻrisida yaratilgan ajoyib madhiya sifatida keyinchalik yoshlarni vatanparvarlik ruhida tarbiyalashda xizmat qildi.
“Alp balladasi”ning muallifi V. Bikov kitobxonlarga “Uchinchi raketa”, “Front varaqalari” va “Tuzoq” kabi asarlari bilan tanilgan. Bu asarlarda yozuvchi Ikkinchi jahon urush dahshatlari haqida hikoya qiladi.
Belorus adabiyotida prozaning kichik shakllari – hikoya, novella va ocherk ustalari ham oz emas. Shunday adiblardan Ya. Skrigan, M. Rakitniy, N. Lupsyakov, V. Adamchik va boshqalarni koʻrsatish mumkin.
Belorus adiblarining oʻnlab asarlari oʻzbek tiliga tarjima qilindi. M. Tankning “Koʻldagi oy” nomli sheʼr va poemalar toʻplami (M. Ikrom tarjimasi), P. Borovkaning “Daryolar tutashganda” (T. Poʻlatov tarjimasi) romani, “Belorus hikoyalari” toʻplami va “Belorus shoirlari” antologiyasi shu jumladandir.
Akram UZOQOV
“Mustaqil davlatlar hamdoʻstligi xalqlari adabiyoti” (Nizomiy nomidagi Toshkent davlat pedagogika universiteti, Toshkent, 2007) oʻquv qoʻllanmasidan.
https://saviya.uz/ijod/adabiyotshunoslik/belorus-adabiyoti/