Begonalar

Fumio NIVA

 

Koʻhna uyning tinchini telefon koʻngʻirogʻi buzdi. Tiyoko taajjublandi, chunki unga kamdan-kam qoʻngʻiroq qilishardi.

– Allo, Kuki eshitadi.

– Oyi, otam toʻsatdan vafot etdi. Yurak xurujidan. “Tez yordam”da kasalxonaga olib kelishdi, ammo hayotini saqlab qolisha olmadi.

Bu Tani edi. Tiyokoni erining vafotidan koʻra oʻgʻlining ovozi hayajonga soldi. Uning ovozi naq Masatane Kukiniki edi. Ayolga xuddi eri gapirayotgandek tuyuldi. Bir necha soniyadan keyingina erining qazo qilgani uning shuuriga yetib bordi.

– Hech qanday maʼraka-paraka boʻlmaydi. Bilasiz, otam buni tirikligida koʻp tayinlardi. Gulchambar va qurbonlik haqida hatto gap boʻlishi mumkin emas. Tobut tepasida kechasi bilan turishning ham keragi yoʻq. Oʻlimi oldidan dadam xokini dengizga toʻkish mumkinligini aytgandi. Xullas, uning talablariga koʻra ish koʻrishga kelishdi.

– Qaysi kasalxonada?..

– A. Yu.

Shu bilan suhbat tugadi. Tani xuddi otasi kabi ishning mohiyatini rasmiy ohangda bayon qildi. Tiyoko budkada parishonxotir turib qoldi. Qalbi boʻm-boʻsh edi. Hushiga kelganda oʻzini shkaf yonida koʻrdi. Yoʻlga otlandi.

– Yoʻl boʻlsin, bekam, – dedi xizmatkor Otoki oshxona tomondan chiqib kelib.

– Tokioga ketyapman. Ertaga qaytaman. Hozirgina Tani qoʻngʻiroq kildi, Masatane toʻsatdan vafot etibdi.

Otoki bekasi atrofida jonsarak aylandi.

– Shunisi ham bormidi hali.

Tiyoko qoʻlida sakvoyaj bilan uyidan chiqdi.

– Tanamidan taksi chaqiraymi?

– Avtobusda ketaman. U yogʻiga oʻzlari olib ketishadi.

Otoki oltmishga kirgan Tiyokoning darvoza tomon shaxdam odimlayotganiga ogʻzi ochilib qarab qoldi. Koʻp oʻtmay shoxdevor ortida qoraga boʻyalib, bitta qilib oʻrilgan soch gʻira-shira koʻzga tashlandi. Tiyokoning silliq, bitta ham ajin tushmagan zaʼfaron yuzi tim qora sochlariga mos emas edi. Otoki turgan joyida qotib qoldi. Bekasi qishloqning asosiy yoʻlini kesib oʻtdi. Uydan yuz qadamcha narida daryo boʻylab asfalt yoʻl yotqizilgan, biroq ayol eski soʻqmoq boʻylab yugurgilab ketdi. Otoki bekasining izidan chopdi. Yetib olib, jimgina sakvoyajga qoʻl uzatdi, Tiyoko ham indamasdan yukini berdi.

Ular umuman ogʻiz ochishmadi. Nihoyat, avtobus keldi. Otoki koʻz qiri bilan qarab, odob-la taʼzim qildi. U Tiyokodan bir yoshga kichik boʻlishiga qaramay, yuzini ajin qoplagandi.

Avtobusda Tiyoko hech narsani oʻylamasdan ketdi. Yuragi hapriqardi-yu, lekin negadir dard chekmas edi. Qirq daqiqadan soʻng Tanamiga yetib keldi va Nagoyagacha chipta oldi. Elektropoyezdda ham oʻysiz ketdi. Nagoya vokzalidan tezyurar poyezdga chiqdi. Poyezd jilishi bilan bento sotib oldi. Bugun kechroq ovqatlanyapman deb oʻyladi u. Oynaga qarab ogʻziga yegulik soldi. Tashqaridan qaraganda, bu muhtarama ayol Tokioga nevaralarini koʻrgani ketyapti, deb oʻylash mumkin edi.

Yuragini qoʻrquvmi, hayajonmi asta-sekin qamrab ola boshladi. Ayol oʻzini tinchlantirishga harakat qildi. Yana Tanining ovozini esladi. Bu oʻy taʼbini xira qildi. Tiyoko kutilmagan oʻlim sababini anglab yetishga urindi. Biroq biror toʻxtamga kelgunicha poyezd Tokioga kirib keldi. Oxirgi marta Tiyoko bu yerlarga qishloq keksalari bilan ekskursiyaga kelgandi, biroq oʻshanda ham na eri, na oʻgʻli bilan koʻrishgandi.

A. Yu. shifoxonasi – Tokiodagi mashhur joy. Haydovchi Tiyokoni qayerga eltib qoʻyish kerakligini darhol tushundi. Mashinada Tiyoko otasining oʻzidek gapiradigan Tani bilan boʻladigan uchrashuvini tasavvur qilishga urindi. Oʻgʻlim hozir oʻttiz ikkida, oʻyladi u, olti yildan beri koʻrishganimiz yoʻq…

Shifoxona mahobatli edi. Eshik tagida kasal koʻrgani kelganlar tizilib oʻtirishardi. Tiyoko urinib-surinib ichkariga kirdi. U yon-bu yon alanglab, maʼlumotlar boʻlimiga yoʻnaldi. Roʻparadagi xonadan soch-soqoli oqargan kishi unga peshvoz chiqdi.

– Men bugun ertalab joni uzilgan Masatane Kukining yaqini boʻlaman. U hali ham palatadami, qaysi xonada?

Erkak oldindan bilgandek javob berdi:

– Mening ismim Seki. Siz janob Kukining ayoli boʻlsangiz kerak. Biz u bilan oʻrta maktabda birga oʻqiganmiz. Uning vafoti haqida, odatdagidek, kechki xabarlarni koʻrayotib bildim. Ertalab qazo qildi-yu, kechqurun gazetalarda eʼlon qilishdi. Bunchalik epchilliklariga lol qoldim-u, oyogʻimni qoʻlimga olib, bu yoqqa yugurdim. Tobut marosim zalida.

Seki Tiyokoni zalga olib bordi, yoʻl-yoʻlakay zavq bilan gapirib ketdi:

– Maktabni tugatib Kukini koʻzdan qochirdim, uch yil avval kutilmaganda Sindzyukuda sinfdoshlar bilan boʻlgan uchrashuvda toʻqnashib qoldik. Tokioda yashayotgan ogʻaynilarimizni izladik – yettitasi yigʻildi. Biz bir yilda bir marta toʻplanishga kelishdik, lekin Kuki faqat bir marta koʻrindi. Umuman olganda, radioda ishlashini bilardim…

Seki yaqindagina Tanamiga qoʻshilgan Kuvada shahridan edi. Sekiga Tiyokoni ilgari koʻrgandek tuyuldi. Xotirida uning silliq yuzi saqlanib qolgandi.

– “Masatane Kuki 30-yanvar kuni A. Yu. shifoxonasida vafot etdi. Marhumning vasiyati boʻyicha motam marosimi oʻtkazilmaydi”. Men ushbu eʼlonni oʻqib, oʻylanib qoldim: nahot, bu Kukiga xos boʻlsa? Hatto oʻlimidan keyin ham odamlarni hayratga soldi.

Tiyokoga uning soʻzlari gʻalati tuyulmadi. U hamon sukut saqlardi. Ular yoʻlak boʻylab anchagina yurishdi, keyin qaysidir palatadan chiqib, tik zinalardan yertoʻlaga tushishdi. Marosim zalida olti kishi bor edi. Oʻrtaga, supacha ustiga, tobut qoʻyilgandi. Devorlar beton, shift pastakkina, havo boʻgʻiq edi, na sham, na isiriqdon bor edi. Kichkina guldonga sariq xrizantema guldastasi solib qoʻyilgandi. Badandan oʻtib ketadigan sovuq. Zaldagilar marhumning hamkasblari edi. Birontasi Tiyokoni tanimasdi. Seki, vaziyatni fahmlab, ulardan biriga murojaat etdi.

– Marhumning turmush oʻrtogʻini tanishtirishga ijozat etsangiz. U hozirgina ota yurti Mie prefekturasidan kelib turibdi. Mening ismim Seki, janob Kukining maktabdosh doʻstiman.

Hamma hayron boʻlib Tiyokoga tikilib qoldi. Yoshi kattaroqlari taʼzim qilishdi. Bu yerdagi vaziyatda uni boshqaruvchi roliga chiqarib qoʻyishdi. U beixtiyor tegishli soʻzlarni aytdi. Hamkasblar marhum bilan xayrlashib, taassurotlarini oʻrtoqlashgancha tarqalishdi.

– Janob Kukining xotini bor, deb oʻylamagandim.

– U sira shaxsiy ishlari toʻgʻrisida gapirmagan. Sirli odam edi. Qiziq, buni qanday tushunish mumkin. Oʻgʻli haqida, rosti, birovdan eshitganman. Kukining oʻzi esa oʻgʻli haqida churq etmagan.

– Ayollar bilan munosabatlari qulogʻimga chalinuvdi. Buyuk konsperator edi.

– Aytishlaricha, shu qovoqbosh ham oʻlimini oldindan sezgan ekan.

Tiyoko erining kasbdoshlari uchun gʻiybat mavzusiga aylanganini tushunib turardi. U yolgʻiz qolishni istadi. Ayol tobut tepasida boshini xam kilib, koʻzini yumib turardi.

– Tanini koʻrdingizmi?

– Bu yoqqa kelganimda oʻgʻlingiz allaqachon chiqib ketgan ekan. Buni menga radiodagilardan kimdir aytdi. Marhumni soʻnggi yoʻlga kuzatishga hamkasblardan ozginasi kelgan koʻrinadi. Xayrlashuv chamasi, oltigacha. Tani, aytishlariga koʻra, tobut yonida ikki soatcha turibdi.

“Nima uchun oxirigacha qolmadiykin?” – oʻyladi Tiyoko.

Seki ogʻiz juftlamoqchi edi, Tiyoko qoʻymadi:

– Mehmonxonada tunamoqchiman. Soʻraganim uchun avf etgaysiz, birontasini tavsiya qilolmaysizmi?

– Taninikida qolmaysizmi?

– Uning uyida mehmon uchun joy yoʻq.

Seki zalni tark etdi. Bu yerda hatto stul ham topilmaydi. Tiyoko tobutda yotgan Masatane Kuki bilan yolgʻiz qoldi.

“Men bu yerga aslida sen bilan butunlay vidolashgani keldim. Modomiki, qonuniy xotining ekanman, oʻz burchimni bajaraman. Ruhoniydan bosh tortding – xoʻp, mayli. Motam marosimi, kechasi bilan yoningda yaqinlaring turishidan, qurbonlikdan, gulchambardan boʻyin tovlading – eʼtirozim yoʻq. Xokingni dengizga oqizish mumkinligini aytibsan. Menga faqat sening xohishingni bajarish qolyapti. Hayot bilan oʻzing xohlagandek vidolashding. Oltmish uch yoshda hayotdan koʻz yumish – bu hali erta, lekin biz barchamiz taqdirning izmidamiz. Seni kaltafahm deyishdi, radioda kuzatuvchan hisoblasharkan. Faqat sen nimaiki qilmagin, xotiningga buning aloqasi yoʻq. Tani Tokio universitetiga kirganidan beri meni unutding. Undan ham oldin oʻz otangni tashlab ketding. Bir oʻzim oʻn yil mobaynida otangga gʻamxoʻrlik qildim. Kukilar xonadonining davlati bilan uni har qanday kasalxonaga yotqizib, begona qoʻllarga topshirishim mumkin edi. Biroq qariya qadrdon uyini tark etgisi kelmadi. Avval-boshda yordamchilar bor edi, keyin hamshira ham qochib ketdi. Oʻn yil, to otang bandalikni bajo keltirmaguncha, hatto hamshira ham jirkanadigan ishlarni qildim. Qiziq, padaringga qilgan yaxshiliklarim toʻgʻrisida oʻylab koʻrganmikinsan? Tani maktabga qatnay boshladi. Yillar shuvillab oʻtar, endi u yuqori sinfda oʻqirdi. Keyin uyimizda sen paydo boʻlding. Kukilar xonadonida yana kulgu ovozlari eshitildi. Ona yurtingga kamdan-kam kelarding. Xizmat yuzasidan Nagoya, Kioto, Osakalarda boʻlarding-u, biznikiga birrov kirib oʻtishga nima toʻsqinlik qilardi? Yoʻq, sen ishingni bahona qilarding. Chol sen haqingda tokiolik tanishidan bilib turdi, chunki menga achinardi. Otang bilan munosabatlaring yaxshi emasligini allaqachonlar tushungandim. Buning arzirli sababi yoʻq edi. Yoshligingdan bir oʻzing yashashni yaxshi koʻrishingni, oilangdan oʻzingni olib qochishingni eshitardim. Bunaqalar kamyob emas. Yosh ulgʻaygan sari oʻzini sevish xudbinlik bilan almashadi, deb hisoblashadi. Otang ham, balki, alohida feʼl-atvori bilan ajralib turgan boʻlsa kerak. Sizlarni hamjihatlik ruhida tarbiyalamagani achinarli hol. Otangning feʼlida shunaqa xislati bor edi: agar farzandlari oʻngga qarashsa, u yuzini chapga burib olardi. Sizlar ichlaringda bir-birlaringni yoqtirmasdinglar. Sen radioga joylashding. Hayotning maʼnosini ishdan topding. Ona yurting esa yildan-yilga sendan uzoqlashib bordi. Otang sen haqingda begonalardan surishtirayotganini bilib gʻazablanding va shu kundan boshlab uy bilan aloqani butunlay uzding. Na sen, na Tani dafn marosimiga keldilaring. Qarindosh-urugʻlarni, ikkovi chet el safarida, deb aldashimga toʻgʻri keldi. Albatta, sen bu haqda hech nimani bilmasding. Sen boshqa olamda yasharding. Osakada ham, Tokioda ham jazmanlaring bor edi. Kaltafahmga ayollar kerak edi. Bu sir sengagina maʼlum edi”.

Tiyoko zinapoyadan chiqayotgan qadam tovushlarini eshitdi. Oʻgirilib qaradi. Zalga Seki kirib keldi.

– Manavini mehmonxonadagi navbatchi boshqaruvchiga koʻrsating. U yerda meni yaxshi tanishadi, shunday ekan, oʻzingizni uyingizdagidek his qilavering, – dedi u Tiyokoga tashrif qogʻozini uzatib.

Tashrif qogʻoziga: “Firma direktori”, deb yozilgandi. Tiyoko, bu iltifotli janob Seki prezidentlikka ham loyiq, deb oʻyladi.

– Erimning xokini oʻzim bilan olib ketmoqchiman.

– Albatta. Menimcha, u kulini dengizga oqizishni vasiyat qilgandi. Qolganini yaqinlarining ixtiyoriga topshirgan.

– Yordamingiz uchun katta rahmat. Sizni ortiq ushlab turmoqchimasman. Bu yerda yana biroz qolaman. Tez orada yopilsa kerak, shunga oxirigacha qolsam degandim.

– Boshqa hech kim kelmasa kerak. Chunki kechasi marhum tepasida oʻtirish bekor qilindi.

Seki haq edi. U ketganidan soʻng boshqa hech kim kelmadi.

“Sendan birgina narsani soʻramoqchiman. Tani oʻttiz ikkida, uylanganiga uch yil boʻldi. Nima uchun kelining vidolashgani kelmadi? Oʻgʻil bilan kelin soʻnggi daqiqalargacha tobut yonida boʻlishlari lozim, deyilgan. Ammo birgina men qoldim. Taniga qoʻngʻiroq qilishganida oyogʻini qoʻliga olib kelibdi va kvartirangda notanish ayolga duch kelibdi. Sogʻligʻing yomonlashgani haqida shu ayol Taniga xabar bergan ekan. Biroq kasalxonaga sen bilan kelmadi – feʼlingni bilib olgan koʻrinadi. Men albatta u bilan uchrashib, erimga qilgan jonkuyarligi uchun minnatdorchilik bildiraman. Bunday vaziyatlarda ayollar aktrisalik qila olishadi. Qolaversa, men raqibalik haqida gapiradigan yoshda emasman. Bu xotin meni qiziqtirmaydi. Bu gal men ustun keldim. Demak, u hayotingdagi oxirgi ayol boʻlgan. Krematoriyga ham kelmasligi aniq. Hamma unga olayib qarashini xohlamasa kerak. Aytishlaricha, u oʻttiz beshda ekan. Nima ham derdim, ayollar ayni shu yoshda yana ham ochilib ketishadi. U didingga mos – toʻlishgan, qoʻpol, kamgap, lekin oppoq. Tani bir oʻzi keldi. Xotinini nimaga olib kelmadiykin? Hech kim aniq bilmaydi, ammo baʼzi birovlar nimanidir payqashgan. Tanining xotini oq, toʻladan kelgan. Ismi Yasuko. Sening ayollaring orasida nechanchisi edi u? U Tokiodan, shundaymi? Dedektiv agentligi hisobotida u golf ishqibozi deb qayd etilgan. Sen ham, Tani ham golf oʻynardinglar. Aynan golf Yasuko bilan Tanini uchrashtirmaganmidi? Qiziq, ular oʻrtasidagi aloqani bilganingda qanday ahvolga tushgan ekansan? Ota va oʻgʻil munosabatlari sen tufayli oʻzgarmadi. Sen uchun ayollar shunchaki ermak edi. Sen qiynalmay unisini deb bunisining bahridan oʻtarding, tez orada yana yangisini topib olarding. Darhaqiqat, dedektivlar zoʻr ishlashadi. Qaynotam seni doimiy kuzatuv ostiga olishi uchun agentlikka murojaat qildi. Har yili uyimizga sen haqingda xabar kelib turardi. Sen toʻgʻringda oʻqish menga ham qiziq edi. Konvert ichiga xizmat haqi uchun hisob ham solib qoʻyilgan boʻlardi. Qurgʻur, oʻlib ketdi. Kuzatishga odam yoʻq, uyga hisobot kelmay qoʻydi. Yaxshiyamki, bularni vafotingdan keyin bilyapsan. Jazmanlaring orasida yosh qizlar, bevalar, bardagi jononlar ham boʻlardi. Nima uchun birortasi bilan uzoqroq qolmading? Ona shahrimda xotinim bor, deb aytmagan boʻlsang kerak. Ayollar qonuniy oila qurish niyating yoʻqligini darrov fahmlashgan boʻlishsa kerak. Ularni deb boshingni ogʻritib oʻtirmasding. Negadir senga Yasukoning Tani bilan tanishishi zarur boʻlib qoldi. Tani Tokioga koʻchib oʻtgach, uning barcha xarajatlarini boʻyningga olding, oʻqishiga pul toʻlading. Unga pulni faqat kompaniyang qabulxonasidan beradi, deb eshitgandim. Oʻz oʻgʻlingni biron marta uyingga taklif qilmagansan. Temir tamoyilingni sira buzmasding: sirni saqlash uchun avvalo yaqinlardan qutulish lozim. Tamoyilga putur yetdi, endi Yasuko Taniniki edi. Men uni kechirmadim. Hatto nevaram tugʻilsa-da kechirmayman. Bunga haqqim bor. Qaysarlik borasida senga salgina oʻxshab ketyapman. Keksalikdan boʻlsa kerak. Ha, ayol qismati ogʻir. Peshonasiga tugʻilganidan oʻzini begona qoʻllarga topshirishi yozilgan. Tabiat qonunidan hech qayoqqa qochib qutula olmaysan. Erkaklar esa beqaror yashash uchun tugʻilishadi, xuddi sen kabi.

Yasukoning kelmagani yaxshi boʻldi. Tanidan kelganimni eshitib, bu yerga kelishga koʻnmagan, shekilli. Tani bir nimalar deb toʻngʻillagan. Bu Taniga xos. Ogʻir, vazmin, biroz ayyor, umuman, feʼl-atvori yumshoq. U bilan hali koʻrishganim yoʻq, senga oʻxshab gapiradi. Boʻyi ham senikidek, novcha. Yuz tuzilishi ham, menimcha senikiga tortgan. Universitetga kirganida uyga kam kelardi, keyinchalik asta-sekin bizni butkul yoʻqlamay qoʻydi. Shaharning yugur-yugur hayoti tugʻilib oʻsgan joyingni xotirangdan oʻchirib tashlaydi. Na sen, na Tani oʻgʻlini oq yuvib, oq tarab, Tokioga joʻnatgan, miyasi aynigan cholning ketidan oʻn yil yurishga majbur boʻlgan ayolni eslamadinglar. Ikkovlaring ham faromushxotir chiqdilaring. Men oʻzimni erim va oʻgʻlim tomonidan unutib yuborilgandek his qildim. Nima uchun shunday boʻldi? Qaynotam yer-mulkka egalik huquqini menga oʻtkazib berdi. Butun merosi mening tasarrufimda. Men, axir, unga mutlaqo begonaman. Aynan shuning uchun moliyaviy ishlarni hal etish mumkin boʻldi. Er-xotin, ona-bola har doimo bu muammoni qiyinchilik bilan yechishadi. Sen bilan Tani hamisha xotiningiz va volidangizni mazax qilardinglar. Turgan gap, bir marta boʻlsin qanchalar azob chekayotganligini oʻylamagansizlar. Tani, balki Yasukoga bogʻlanib qolgandir. Yasuko undan katta. Sendan koʻra Tani bilan unga yaxshiroq. Oʻgʻlim oʻz otasining jazmanini quchoqlayotganini tasavvur etsam, yuragim siqiladi. Bu oʻyga sira koʻnika olmayapman. Butun umr menga eʼtibor qilmading. Otang bilan orani ochiq qilib, uni menga tashlab ketding. Meni nazaringga ilmasding. Birga yotgan ayollaringni ham mensimasding. His-tuygʻularing haqida bilishgach, ular seni tinch qoʻyishardi. Koʻp ayollar bilan birga boʻlsang-da, birontasini chin yurakdan sevmading. Bu – sening ishing. Ayollar senga jismoniy mayl uchun kerak edi. Sen jozibali, qatʼiy eding, bekorga koʻchada senga qayrilib qarasharmidi? Isteʼdodingga yaxshigina haq toʻlashardi. Sen haqingda hamisha duv-duv gap yurardi. Seni hurmat qilishar, sevishardi. Balki, doʻstlaring hamda hamkasblaring “Masatane Kuki haqida esdaliklar” kitobini chiqarishar. Dafn marosimini yoʻqqa chiqarding, shuning uchun ular seni sharaflashni oʻzlariga burch deb bilishyapti. Ularni tushunaman. Sen bilan qiz koʻrish marosimida uchrashganimizda qanchalik hayajonlanganim hali-hanuz yodimda. Esdaliklarda faqat hayotingdagi tekshirib koʻrilgan faktlar yozilsa kerak, deb oʻylayman. Bunday kitobdagi har bitta soʻzni taroziga solib koʻrish kerakligini hamma biladi. Yaxshi kitob chiqishi aniq. Sen toʻgʻringda har bir kishi vijdonan yozadi. Mualliflar orasida oʻz esdaliklarini alohida bob bilan yozadigan ikki-uchta ayollar ham chiqib qoladi. Lekin haqiqiy qalbingni birgina men bilaman. Men – sening yagona qoralovchingman. To oʻlim soatlarigacha shu huquqni saqlab turaman. Agar oʻz hayotini bagʻishlagani uchun kompaniya Masatane Kukini mukofotlamoqchi boʻlsa, yaxshisi pulni Tani olaqolsin”.

Ostonada marosim zalining xizmatchisi koʻringanda Tiyoko ketishga shaylanayotgandi. Bosh silkib, zinapoyadan chiqib ketdi.

Mehmonxonaga kelib Tiyoko nazoratchiga Sekining tashrif qogʻozini koʻrsatdi.

– Sizni kutayotgandik.

Uni toʻrtinchi qavatdagi xonaga kuzatib qoʻyishdi. Deraza ortida qorongʻu tushib qolgandi. Tiyoko Taniga sim qoqdi. Goʻshakni koʻtarguncha uzoq kutib turdi.

– Sen ertaga krematoriyda boʻlasanmi?

– Ha.

– Men bormayman. Xokni mehmonxonaga keltirib ber. Uni nima qilishni oʻzim hal qilaman. Poyezdda ota-bobolarimiz qabristoniga qoʻyish yoki daryoga oqizishni oʻylab koʻraman.

Tiyoko Yasuko har bir soʻzni berilib eshitayotganligini koʻrib turardi, goʻyo. Mehmonxona nomini aytib, goʻshakni ildi.

Ertasiga tushdan soʻng eshik taqilladi.

– Hozirgina keltirishdi, – dedi xizmatchi Tiyokoga oq matoga oʻralgan qutichani uzatayotib.

– Oʻsha odam hali ham shu yerdami?

– U kishi darhol ketib qoldi.

Demak, bu Tani, oʻyladi asabiylashib Tiyoko. Unda shunday his paydo boʻldiki, goʻyo uni biror muhim narsada dogʻda qoldirishgandi. “Nahot, shu darajada yuraksiz boʻlsa?” – deb oʻyladi, maʼyus boʻlib qoldi.

Tiyoko vokzalga yetib bordi. Oppoq matodagi quticha odamlarni oʻziga jalb qilardi. Tiyoko yer osti savdo markaziga tushib, qogʻoz sumka sotib oldi. Otokiga sovgʻa tanladi. Tokio osmoniga boqqancha yigirma daqiqa poyezd kutdi. Odamlarning nazari silliq yuzli, qoʻlida sakvoyaj va qogʻoz sumka koʻtarib olgan ayolda toʻxtardi.

Ekspress joyidan qoʻzgʻaldi.

“Onang seni kechirmaydi. Qabrga kirmagunimcha, Tani, seni ayblayveraman”.

“Xokimni ajdodlarim yotgan qabristonga qoʻyishsa yaxshi boʻlardi”, – xayolidan oʻtkazdi Tiyoko. Ruhi yengillashdi.

Nagoyada Kintetsu yoʻnalishidagi elektropoyezdga oʻtirdi. Tiyoko Tanami platformasiga tushganda qosh qoraya boshlagandi. Kechki shafaq Sudzuko togʻ tizmalarini yoritib turardi.

– Bandargohga, – taksiga oʻtirib soʻz qotdi Tiyoko.

– Tikugami? – soʻradi haydovchi.

Poyezdda Tiyoko yoshligida sinfdoshlari bilan Tanamidan u yoqlarga borganini eslab kelgandi. Bu Ise koʻrfazida joylashgan, tuxum shaklidagi buxta edi. U yerda baliq tutishga moʻljallangan kemachalar suzib yurardi.

– Tikuda nima ishingiz bor? Qorongʻu tushib qoldi, qoqinib-netib ketishingiz mumkin, – dedi haydovchi mashinadan tushayotib.

– Bir iltimosni bajarish kerak. Bu koʻrfazda dengizga, albatta, bir narsani oqizish lozim.

Haydovchi Tiyokoning ketidan xavotirlanib qarab qoldi. Pristandagi notekis tarashlangan toshlar yurishga xalal berardi. “Kech tushdi”, – oʻyladi Tiyoko. Yuziga, kiyimlariga dengiz havosi urildi. Dengiz tim qora edi. Toʻlqinlar oʻrkachlari bilan toʻlqinqaytargichlarga asta urilardi. Tiyoko anchadan buyon toʻlqinlar shovullashini eshitmagandi. Maktabga endigina qatnayotgan paytlari qum sohilda oʻynab, dengizga tikilishni yoqtirardi. Tiyoko bu yerdan uncha uzoq boʻlmagan qishloqda tugʻilgandi. Uning ota-onasi Kukilar oilasi bilan bitta ibodatxona – Bodaydziga borishar, ularning ajdodlari qabri ham bitta qabristonda edi. “Xokimni ota-onamning qabri yoniga qoʻyishganida qabriston qorovuli hayratda qolsa kerak”, – xayol qildi Tiyoko. U toʻlqinqaytargichning eng chekkasida turardi. Qogʻoz sumkadan oqqa oʻralgan qutichani chiqardi. Haydovchi qorongʻuda koʻrmasa kerak. Tiyoko qutichani shu holicha dengizga tashlamoqchi boʻldi, ammo keyin qirgʻoq boʻyidagi eniga uch yuz metrga choʻzilgan toshlar uyumiga koʻzi tushdi. Dengizga oqizib ketolmaydi. Matoni yechib, qutichadan chinni koʻzachani oldi. Ichida Masatane Kukining xoki bor. Mehmonxonada qutichani olib Tiyoko unga hatto koʻz tashlamagandi. Tim qora dengizga xotirjam nigoh tashladi va koʻzachani dengizga uloqtirdi. Nimaningdir singan tovushi yangradi, suv sathida oq bulutchalar paydo boʻldi. Tiyokoning koʻziga shunday koʻringandir, balki. Toʻlqinlar qirgʻoqqa yugurishdi. Ular goʻyo hech nima boʻlmagandek erinchoqlik bilan chayqalardi.

Tiyoko mashinaga qaytdi.

– Sizdan xavotirlanayotgandim, – dedi haydovchi.

– Komodzava qishlogʻiga.

– Tanamiga joʻnamasmidingiz?

Tiyoko indamadi. Eri bu dunyoni tark etmaguncha buyruq berishga oʻrganmagandi.

Kuki, oilasining odatiy tartibini buzishni istamay, yaqinlarini krematoriy va dafn marosimida uchrashish majburiyatidan xalos etdi. U odati boʻyicha hammaning koʻngliga qaragandi. Xokimni dengizga oqizishadi, deb oʻylamagandi. Bu buyruqni bajarishga botina olmasliklariga ishonchi komil edi. Tiyoko oʻch olish yoʻlini oʻzi topdi.

– Xokni olib keldingizmi? – soʻradi Otoki ostonaga arang oyoq bosgan bekasidan.

– Tanida qoldirdim.

– Shunaqami? Shunisi maʼquldir, balki.

Tiyoko bamaylixotir mehmonxonaga oʻtdi.

 

Rus tilidan Saidjalol SAIDMURODOV tarjimasi

 

“Yoshlik”, 2014 yil 11-son

https://saviya.uz/ijod/nasr/begonalar/

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Старые
Новые Популярные
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x