A. P. Chexov
Armiyaning allaqachon suyagi qotgan xizmatchisiga aylangan poruchik Dubov toʻlqin aniqlovchi mutaxassis Knaps bilan ichib oʻtirishgandi.
– Ajoyib kuchuk! – dedi Dubov kuchugi Milkani Knapsga koʻrsatib. – Bebaho kuchuk! Siz tumshugʻiga eʼtibor qiling! Bunday bitta tumshuqdorning bahosi qancha, bilasizmi?! Agar ishqivozi uchratib qolsa, shunaqa bitta tumshuqdor uchun naqd 200 soʻm beradi. Ishonmaysizmi? Bunaqa holatlarni siz hech qachon tushunmaysiz…
– Tushunaman, ammo…
– Axir, bu settor[1], zotdor ingliz settori! Oʻljani poylab turishini koʻrib hayron qolasiz, sezgirligi-chi, dahshat! Hid olishini aytmaysizmi, xudoyim-yey! Bilasizmi, hali kuchukvachchaligidayoq uning uchun men qancha toʻlaganman? Yuz soʻm! Gʻaroyib it! Milka, uchar! Milka, tenta-ak! Bu yoqqa kel-chi, bu yoqqa kel… kuchukvoy, mening kuchukcham…
Dubov Milkani oʻziga tortib, qulogʻidan oʻpib oldi, koʻzlaridan esa yosh chiqib ketdi.
– Seni hech kimga bermayman… goʻzalim mening… Gʻirt shumtaka. Sen meni yaxshi koʻrasanmi, axir, Milka? Yaxshi koʻrasanmi?.. Qani, yoʻqol bu yerdan! – tuyqusdan qichqirdi poruchik. – Iflos panjalaring bilan toʻgʻri mundirga tarmashasan-a! Ha, Knaps, naqd yuz ellik soʻm berganman, shu kuchukvachchaga! Xoʻsh, unda nimasi toʻgʻri kelmayapti, dersiz. Faqat bir narsadan koʻngil toʻlmaydi: men hech qachon ovga bormayman. Ishlamay itni deb umrimni oʻtkazsam, isteʼdod xoʻr boʻladi… Shuning uchun ham cotmoqchiman… sotib oling, Knaps! Umr boʻyi minnatdor boʻlib yurasiz! Xoʻsh, agar sizda pul kam boʻlsa, mayli, siz uchun teng yarmiga beraman… Ellik soʻmga oling!
– Yoʻq, azizim… – chuqur nafas oldi Knaps. – Sizning Milkangiz erkak boʻlgandayam mayli edi, balki sotib olardim, yoʻq…
– Milka erkak emasmi? – hayron boʻldi poruchik. – Knaps, nima deyapsiz? Milka erkak… emas?! Ha-ha-ha! Sizningcha, u urgʻochimi? Ha-ha… Ajoyib oʻgʻil! Hozircha uning erkak yo urgʻochiligini farqlab boʻlmaydi!
– Siz meni kim deb oʻylayapsiz, koʻr yoki yosh bola… – arazladi Knaps. – Albatta, urgʻochi!
– Ehtimol, hali siz meniyam xonim dersiz! Eh, Knaps, Knaps! Tagʻinam texnik sohada oʻqigansiz! Yoʻq, azizim, bu chinakam nasldor erkak it! Har qanday koʻppak kam deganda oʻn ball oldinga yuradi, siz esa… erkak emas, deysiz! Ha-ha…
– Kechirasiz-u, Mixail Ivanovich, ammo siz… shunchaki, meni ahmoqqa chiqaryapsiz… hatto xafa qiladigan darajada…
– Mayli, kerakmas, qolsa qolar… Olmay qoʻya qoling… Sizga tiqishtirayotganim yoʻq! Hademay oʻzingiz aytib qolarsiz, uning dum emas, oyoq ekanini… Kerak emas, sizning hojatingizni chiqarmoqchiydim, xolos. Vaxrameev, konyak!
Askar yana konyak keltirdi. Oshnalar stakanlariga quyishdi va oʻylanib, yarim soatcha sukut saqlashdi.
– Urgʻochi boʻlgan taqdirdayam-chi… – jimlikni buzdi poruchik shishaga xoʻmrayib tikilgancha, – juda soz-da! Sizga yanada yaxshiroq emasmi? Bir emas, toʻrttalab bolalasa, nima qipti… Birovlar jon deb sizdan sotib olishadi. Bilmadim, erkak it nega bunchalik yoqarkan sizga! Modasi ming marta yaxshiroq-ku, juda kirishuvchan va yaxshilikni unutmaydigan boʻladi… Mayli, modomiki siz urgʻochisidan shunchalik choʻchirkansiz, unda keling, yigirma beshga oling.
– Yoʻq, azizim, hech qanchagayam olmayman. Birinchidan, menga umuman it kerak emas, ikkinchidan, pul yoʻq.
– Shuni oldinroq aytsangiz boʻlmasmidi. Milka, ket bu yerdan!
Askar quymoq keltirdi. Oshnalar jimgina tovani tozalashdi.
– Siz kamsuqum odamsiz, Knaps, vijdonli… – dedi poruchik lablarini artarkan. – Sizni shunday qoʻyib yuborish menga alam qiladi, jin ursin… Bilasizmi, nima? Kuchukni tekinga olavering!
– Qayerga qoʻyaman uni, azizim? – dedi Knaps xoʻrsinib. – Qolaversa, uyimda kim u bilan ovora boʻlib yuradi?
– Mayli, kerak boʻlmasa, kerakmas-da… Sizni nima jin urdi! Xohlamasangiz, mayli, qoʻyavering… Qayoqqa ketyapsiz oʻzi? Oʻtiring!
Knaps kerishib oʻrnidan turdi va shapkasini qoʻliga oldi.
– Vaqt boʻldi, yaxshi qoling… – dedi u esnab.
– Unda, toʻxtab turing, sizni kuzatib qoʻyaman.
Dubov bilan Knaps kiyinib koʻchaga chiqishdi. Yuz qadamcha jim ketishdi.
– Nima deysiz, bu kuchukni kimga berib yuborsam ekan-a? – boshladi yana poruchik. – Shunaqa tanishlaringiz yoʻqmi, mabodo? Itni koʻrdingiz, ajoyib, zotdor, ammo… menga mutlaqo kerakmas!
– Bilmadim, ogʻayni… Bunaqa tanishlar qayoqda deysiz?
Knapsning xonadoniga yetgunga qadar oshnalar boshqa ogʻiz ochishmadi. Faqat Knaps poruchikning qoʻlini siqib koʻcha eshigi tomon burilganda Dubov tomoq qirib, allanechuk ikkilanib dedi:
– Siz bilmaysizmi, bu yerlik qassoblar kuchuk olishadimi, yoʻqmi?
– Olishsa kerak… Bir nima deyish qiyin.
– Ertaga Vaxrameevga olib boraman… Jin urgurning terisini shilib qoʻya qolsin… Yaramas kuchuk! Jirkanch! Uyni iflos qilgani yetmaganday, kecha oshxonadagi bor goʻshtni paqqos tushiribdi, a-ablah… Koshki zoti yaxshi boʻlsaydi, choʻchqaga chatishtirarmidim balki, kim bilsin. Mayli, xayrli tun!
– Sogʻ boʻling! – dedi Knaps.
Koʻcha eshigi qarsillab yopildi va poruchik yolgʻiz qoldi.
Rus tilidan
Shahzoda Hakimova
tarjimasi
[1] Settor – ovchi it.
https://saviya.uz/ijod/nasr/bebaho-milka/