BAYROQ BILAN SIRLASHAMIZ!
Darsning maqsadi:
- a) Ta’limiy: O’quvchilar ongini Davlat ramzlari haqidagi tushunchalar bilan boyitish, voqea – hodisalarga munosabatni shakllantirishda ushbu ramzlarning o’rni va ahamiyatini anglatish.
- b) Tarbiyaviy: Davlatimiz ramzlariga hurmat hissini, shu orqali Vatanga muhabbat tuyg’usini uyg’otish.
- v) Rivojlantiruvchi: Egallangan bilim va ko’nikmalarni rivojlantirish, o’quvchilar nutqini o’stirish.
Dars turi: An’anaviy
Dars usuli: Suhbat
Dars jihozi: O’zbekiston Respublikasi Davlat bayrog’i, gerbi, madhiyasi, Konstitutsiyasi, Prezident portreti, uning asarlaridan namunalar, Vatanimiz qiyofasi, tarixi, buguni va istiqbolini aks ettiruvchi rasmlar, fotoal’bom.
Dars shiori: “O’zbekiston bolalari o’z yurtini sevadilar!”
Darsning borishi:
O’qituvchi: — Bolajonlar, xalqimiz o’tmishida, hayotida u nishonlaydigan bayramlar, sanalar anchagina. Mamlakatimizda 21 yildan buyon zo’r quvonch, tantana bilan nishonlanadigan, tarix zarvaraqlariga oltin harflar bilan bitilgan muborak bir kun bor. Bu – barchamiz uchun eng muqaddas bo’lgan, qiyosi va tengi yo’q Vatanimiz mustaqilligi kunidir.
Hammangizni ana shu ulug’ kun munosabati bilan tabriklab, darsimizni Davlat madhiyasini kuylash bilan boshlaymiz! (Birgalikda madhiya ijro etiladi).
O’qituvchi: – Hech o’ylab ko’rganmisiz, nega mustaqillik kunini bunchalar tantanavor nishonlaymiz?
Mana bu so’zlarga bir e’tibor qiling. Ularning mazmunini tushuntirib bera olasizmi? (O’qituvchi doskaga Mustaqillik, istiqlol, Hurriyat, Ozodlik, Erk, istiqbol kabi so’zlar yozilgan qog’ozlarni alohida – alohida osib qo’yadi. Bu so’zlarga o’quvchilar birma – bir izoh beradilar.)
1 – o’quvchi: – Mustaqillik bu – birovga qaram bo’lmaslik, o’z hohish va istagi bilan kelajakka intilishdir.
2 – o’quvchi: – istiqlol deganda biz, mamlakatimizda 18 yildan buyon hukm surayotgan erkinlikni va ozodlikni tushunamiz.
3 – o’quvchi: – Ozodlik – bu bunyodkorlikka ochilgan oydin yo’l.
4 – o’quvchi: – Erk deganda biz erkinlikni, kelajak uchun erkin parvoz eta olishni tushunamiz.
5 – o’quvchi: – istiqbol bu – biz orzu qilayotgan yorqin kelajak.
O’qituvchi: – Juda yaxshi. Har qanday mamlakat, agar u mustaqil bo’lsa, albatta o’z bayrog’i, gerbi, madhiyasiga ega bo’lishi lozim. Bayroq, gerb, madhiya… bu uch so’zni davlat tushunchasidan ayri tasavvur qilish qiyin.
Mustaqillikni qo’lga kiritib, bayrog’i, gerbi va madhiyasiga ega bo’lgan xalq o’z taqdirini o’zi belgilaydi.
Siz ko’pgina tarixiy kinofilm, hujjatli filmlarning jangu jadal aks etgan lavhalarida bayroq ko’tarib, hayqirib, olg’a borayotgan askarlarni ko’rgansiz. G’alaba nishonasi sifatida birinchi bo’lib bayroq ko’tariladi. Sportda yuqori natijaga erishganlarni taqdirlash marosimlarida bayroq ko’tariladi, madhiya yangrashida ham o’sha davlatning sha’ni. G’ururi seziladi. Maktabimizda ham haftaning har dushanbasida bayroq ko’tariladi. Milliy bayram va tantanalarda ham yurtimiz bayrog’i baland ko’tariladi.
Sohibqiron Amir Temur davrida ham davlat bayrog’i katta ijtimoiy – siyosiy, ma’naviy – ma’rifiy ahamiyat kasb etgan. Shu sababli jangu jadallarda Davlat bayrog’ini Amir Temurning eng ishongan sipohiylari qo’riqlagan. “Temur tuzuklari”da ta’kidlanishicha, dushman ustidan shijoat va mardlik ko’rsatib, g’alaba qozongan amirlar va sipohiylar davlat timsollari – bayroq va nog’ora bilan mukofotlangan. Bu Sohibqiron saltanatida davlat ramzlari nechog’li baland turganligidan dalolat beradi. Xo’sh, bunda qanday ramziy ma’no bor?
Bu savolga Prezidentimizning quyidagi so’zlari javob bo’ladi: “Davlat bayrog’i – xalqning shon – sharafi, g’ururi. Bayroqni qadrlash, e’zozlash o’z mamlakatiga va shaxsan o’ziga bo’lgan ishonchni mustahkamlash demakdir”.
Bayroq, gerb va madhiya haqidagi isratimiz voqea hikoya qilinadi.
O’qituvchi: – Agar siz bayrog’imiz bilan sirlashmoqchi bo’lsangiz, undagi ranglarni tabiatdan izlang. Bularni bolalar ishtirokida namoyish etamiz.
1 – o’quvchi: – Men moviy rang bo’laman – musaffo osmonning bir parchasi. Bu yurtim osmoni tinch bo’lsin, deganidir. Yana men tip – tiniq suvni ham eslataman. Bu hayot – ohin, daryo, loyqalanmasin, tiniq oqsin deganim bo’ladi.
2 – o’quvchi: – Men qizil rangman. Shunchaki rang emas tomirlarda oqqan toza qonman. Katta – yu kichikni Vatan bayrog’i ostida ahil yashashga, mehnat qilishga, kurashishga chaqiraman
3 – o’quvchi: – Men oq rang bo’laman. O’zim hamoq. Ko’nglim ham oq, ishim ham pok. Shungami, maqtovim ko’proq. Xalqning yurgan yo’li oppoq, pokiza bo’lsin, ravon bo’lsin deb Bayroqdan munosib joy olganman.
4 – o’quvchi: – Yashillik nima degani? Yashillik – yasharish, ertangi kunga ishonch degani. Nonu nasiba, sof havo, sog’lik – salomatlik degani. Men xalqimizga doimo ana shunday ezgulik tilayman.
Shunday qilib, bayrog’imizdagi ranglar o’z ramziy sifatlarini aytib bo’lishadi. Ulardan keyin oymoma va yulduzlar tilga kiradilar.
5 – o’quvchi: – Oymomaman – oymoma, ertaklarga boy momo. Ko’rinishim uch yoki to’rt kunlik bo’lsa ham, niyatlarim odamlarga to’kinlikdir. O’y sursalar, o’ylariga sirdoshdirman. Yo’l yursalar,yonlarida yo’ldoshdirman. Tinch tunlarni tinch kunlarga ulayman, O’zbekiston sharafini yurtlar aro so’zlayman.
6 – o’quvchi: – Bizlar 12 yulduz, 12 oymiz. Jamlasangiz, bir yilga joymiz. Kim qandoq yashadi, yaxshimi, yomon, ikkilanmay baholaymiz. Yana biz 12 yulduz – 12 burjmiz. Oyu qiyosh bilan birga doimo harakatdamiz. Fasllar o’zgaradi, yangi kun, yangi odamlar tug’iladi. Barida ishtirokimiz bor. Biz qo’ngan yurt bayrog’i ham, o’zi ham dunyo turguncha tursin, deymiz.
O’qituvchi: – Ajdodlarimiz, ota – bobolarimiz, Vatan tuprog’i bilan birga, uning bayrog’ini ham o’pib, ko’zga surtganlar. Bu Vatanga bo’lgan muhabbat, sadoqat ramzidir. Davlat ramzlaridan yana biri bu – biz iftixor va g’urur bilan kuylaydigan qo’shiq – davlat madhiyasidir. “Gimn” so’zini qayerlarda uchratgansiz?
O’quvchi – Madhiya “Gimn” deb ataladi. Gimn ijro etilganda hamma tik turib, birgalikda kuylaydi. Davlat bayrog’i ko’tarilayotgan paytda, albatta, gimn yangrab turadi.
O’qituvchi: – “Gimn” yunoncha so’z bo’lib, qadimgi Yunonistonda xudolar va xalq qahramonlarini sharaflash uchun aytilgan. Keyinchalik gimnlar davlat birligini ifodalashga xizmat qilgan. Davrlar o’tishi bilan, Vatan va xalq birligi ifodachasiga aylangan. Madhiyada vatandan faxrlanish, uning taqdiri uchun mas’ullik va iftixor tuyg’ulari alohida tantanavorlik kasb etadi.
Savol: – O’zbekiston gerbi qanday ko’rinishda. Kim ta’riflab beradi?
1 – o’quvchi: – Bizning gerbimizda gullagan vodiy uzra charaqlab turgan Quyosh, o’ng tomonda bug’doy boshoqlari, chap tomonda paxta chanoqlaridan iborat gulchambar bor. Yuhori qismida sakkiz qirrali yulduz tasvirlangan bo’lib, uning ichida esa oy va yulduz aks etganki, bu yurtimizdagi tinchlik va barkarorlik ramzidir. Uning o’rtasida tinchlik va farovonlik timsoli afsonaviy Humo qushi qanotlarini yozib turibdi.
2 – o’quvchi: – Gerbning pastki qismida Respublika bayrog’ini ifodalovchi uch – moviy, qizil, oq rangdagi chambar bandiga “O’zbekiston” so’zi yozib qo’yilgan.
O’qituvchi: – Hozir sizlarga bir rivoyat so’zlab beraman. (Sinfga humo qushi timsolida o’quvchi kirib keladi).
O’quvchi: – Assalom, ey chiroyli qush, qanotlari kumush…
– Vaalaykum assalom, ey, mustaqil yurt bolasi.
– Isming nima, ey qush, qanotlari kumush?
– Men Baxt qushi – Humoman
E, ha… tanidim, sen haqingda ertaklarda o’qiganman. O’qib seni ko’rishni orzu qilganman.
– Rost aytasanmi?
– Ha
O’qituvchi – Qadimda bir yurt bo’lgan ekan. Uning zo’ravon podshosi boshqa yurtni bosib olib, boyligini talabdi. Odamlarini zindon band etibdi. Oxiri o’zining ham paymonasi to’libdi… Yurt podshosiz qolibdi. O’shanda odamlar endi kimni podsho qilamiz deb o’ylab turganlarida yurt ostonasida Humo qushi paydo bo’libdi. Donolar kengashib, “Shu qush kimning boshiga qo’nsa, o’sha podsho bo’ladi” deyishibdi. Jarchilar jar solibdi.
– Odamlaru odamlar, eshitmadim demanglar, eshitganlar turinglar, maydon sari yuringlar. Osmonda baxt qushi charx uradi. Shu qush kimning boshiga qo’nsa, o’sha podsho bo’ladi.
Buni eshitganlar shoshib qolishibdi. Qanchadan – qancha puldoru amaldorlar taxt uchun tishini qayrabdi. Baxt qushini ovlabdi. Ammo qush eng saxiy va odil, to’g’riso’z va dono yigitning boshiga qo’nibdi. Mamlakatda adolat hukmron bo’libdi.
– Sen o’sha qushsan – a, Humojon!
– Yanglishmading, yey, mustaqil yurt bolasi. Ko’r yurtlarni kezdim. Yolg’iz sening Vataning ertaklardagi mamlakatga o’xsharsan. Shu bois sizlar sari talpinib uchdim.
– Rahmat, Humоjon!
– Humo qushning aytganlari to’g’ri, bu yurtning odamlari qadoq qo’lli, bag’ri cho’g’li, – deya bug’doy boshoqlari chayqalib ketibdi.
– Biz Gerbdagi non – nasiba, qut – baraka timsolimiz, – deyishibdi ular.
– Bizlar Vatanning ishonch yorlig’imiz, – deyishibdi chanoqlardagi paxtalar.
Oftob esa lov – lov yonib, zarrin nurlarini to’kibdi:
– Bu yurt – quyoshli yurt. Baxti ham, taxti ham to’kis va but. Gerbimiz uzra ikki daryo – Amu bilan Sir bo’y ko’rsatibdi.
Gerbimiz uzra oy boqadi,osoyish debosmoningiz. Zuhro yulduz parpiraydi, adashmas, deb karvoningiz.
O’qituvchi: – O’zbekiston Respublikasining bayrog’i, gerbi va madhiyasi g’ururimiz va faxrimizdir. Yurtboshimiz o’z nutqlarida davlat ramzlariga hurmat hissida bo’lishimizni alohida ta’kidlaydi.
Davlat ramzlarini hurmat qilmay turib, biz o’z xalqimizning millat sifatidagi o’rnini, O’zbekistonning butun jahon mamlakatlaridan biri ekanligini idrok qilolmaymiz.
Xo’sh, davlat ramzlariga yana nimalar kiradi?
(O’quvchilar bilganlaricha javob bergach, o’qituvchi suhbatni davom ettiradi).
Sizni boshqalardan ajratib turadigan eng muhim jihat nima? Nodir, Akmal, Saida, Ozoda (ismlari bir – bir sanaladi).
O’quvchilar: – Bu – bizning ismlarimiz.
O’qituvchi – Ha bolajonlar, har bir insonning boshqalardan farqlanuvchi muhim jihati uning ismi, sharifi bo’lganidek, har qanday davlatning nomi uning ajralmas tashqi belgisidir. Mustaqil davlatimizning nomi hamma joyda “O’zbekiston Respublikasi” deb mfodalanadi.
O’qituvchi: – O’zbekiston Konstitutsiyasi ham davlat ramzi bo’la oladimi?
1 – o’quvchi: – Ha, albatta, chunki, u bizning asosiy qonunimiz.
2 – o’quvchi: – Konstutsiya – O’zbekistonning mustaqil davlat sifatida mavjudligini ifodalovchi bosh qonuni.
O’qituvchi – Til ham, o’quvchilar, har bir millatning ko’zgusidir, ya’ni uning ma’naviy boyligidir. Kim ona tilimiz, o’zbek tili haqida she’r aytib bera oladi?
O’quvchi: – Ona tilim sen mening,
Dur davharim, sen mening.
Men usun jondan aziz,
Iftixorim sen mening.
O’qituvchi: – O’ali mustaqillik e’lon qilinmasdan turib, Prezidentimiz tomonidan davlat tili o’zbek tili bo’lishi kerak, deb e’lon qilinishi, “Davlat tili to’g’risida”gi qonunning kuchga kirishi mamlakatimiz tarixida katta voqea bo’ldi.
O’qituvchi: – Vatanimiz va uning poytaxti haqida kim chiroyli qilib she’r aytib bera oladi?
O’quvchi she’r aytadi.
O’qituvchi: – Asosiy qonunimiz – Konstitutsiyada “O’zbekiston Respublikasining poytaxti – Toshkent shaxridir” deb yozib qo’yilgan.poytaxt har bir mustaqil davlatning yuzi bo’lib, unda davlatni boshqaruvchi markaziy idoralar bor. Toshkent ko’rkam, chiroyli shahar, Aziz bolajonlar, bu yil poytaxtimiz Toshkentning 2200 yillik to’yi nishonlanadi.
(O’qituvchi doskada “O’zbekiston Qahramoni” unvoni va oliy nishon “Oltin Yulduz” medali, “Mustaqillik”, “Buyuk xizmatlari uchun”, “Do’stlik”, “Amir Temur”, “Sog’lom avlod uchun”, “Shon – shuhrat” ordenlari, “Shuhrat”, “Jasorat” medallari aks etgan rasmlarga o’quvchilar diqqatini tortadi ).
O’qituvchi: – Yuqoridagi unvon va nishonlar ham davlatimiz mustaqilligini namoyish etuvchi dalillardir. Bular O’zbekistonda mehnat qilayotgan, uning taraqqiyotiga hissa qo’shayotgan kishilarga Prezident tomonidan beriladi.
Ana endi darsimizning eng quvonchli lahzalariga keldik. Bugun qanday bayram?
Hamma bir ovozdan: – Mustaqillik bayrami
O’qituvchi: – Qani, bayramda nima qilinadi?
O’quvchilar: – O’ynab – kulamiz, she’r aytib, qo’shiq kuylaymiz, raqsga tushamiz.
O’qituvchi: – Bo’lmasa marhamat. (O’quvchilar oldindan tayyorlangan qiziqarli sahna ko’rinishlaridan 1 – 2 ta namuna ijro etadilar. Ularni tanlash o’qituvchi va o’quvchilar hukmiga havola).
Dars yakunida Prezidentimizning quyidagi so’zlari o’qib eshittiriladi. “Kelajakda O’zbekiston yuksak darajada taraqqiy etgan iqtisodi bilangina emas, balki bilimdon, ma’naviy jihatdan yetuk farzandlari bilan ham jahonni qoyil qilishi lozim”.
O’qituvchi: – O’zbekiston Respublikasining davlat boshlig’i Prezident hisoblanadi. Davlat boshlig’i bu – millat timsoli, davlat g’amxo’ri, yo’lboshchisi.
Biz sanab o’tgan bayroq, madhiya, gerb, Konstitsiya, davlat nomi, davlat tili, pul birligi, fuqarolik belgisi, davlat mukofotlari, O’zbekiston Prezidenti – mamlakatimizning mustaqil yurt sifatida mavjudligini ifodalaydi. Ular O’zbekistonning yorqin timsollari bo’lib, bugunimiz, ertamiz va buyuk kelajagimiz uchun xizmat qilajak. Zero, Yurtboshimiz ta’kidlaganidek, “Shu ramzlarni e’zozlash – o’zining qadr – qimmati, o’z mamlakatiga, shaxsan o’ziga bo’lgan ishonchni mustahkamlash ham demakdir”.