Shoyim BOʻTAYEV,
yozuvchi:
– “Qoʻnoq”, “Ogʻa” hikoyasida guyoki tashqi jihatdan bir-biriga talluqli boʻlmagan voqea-hodisalar qalamga olingandek tuyulsa-da, muallif tasvirlayotgan joy, odamlar ularni bir-biriga bogʻlab yaxlitlik kasb etadi. Qoraqalpogʻiston kengliklarida bunday odamlar bilan uchrashganingiz, ularning tanti xarakterlari bir-bir koʻz oʻngingizdan oʻta boshlaydi. Yozuvchi boshlovchi boʻladimi yoxud nom qozongan professionalmi, – oʻz odamlari-qahramonlarini yaxshi bilishi, ularga mehr-muhabbati, achinishi, hamnafasligi yuksak fazilatdir. Turmushda har kuni, har lahzada yuz berib turadigan shunday hodisalar borki, ularni ilgʻash sinchkov ijodkorga bitmas-tuganmas ilhom manbaidir. “Qoʻnoq” hikoyasi ham shunday, xalq hayotidagi oddiy voqeaga qurilgan. Ustoz shoirimiz Abdulla Oripovning “Ey yoʻlovchi boʻla qol qoʻnoq, Uyda borin koʻrurmiz baham” satrlari bilan boshlanadigan sheʼrida ham qoʻnoq bahonasida xalqimizning nechogʻlik tantiligi, bagʻrikengligi ifoda etiladi.
Bayram Aytmurodning hikoyasidagi Azamat “allamahalda keldi, uning ustiga, oʻzini behalovat his qilaverdi”. U allamahalda kelgan boʻlsayam, ijaradosh joʻralari “bir-biriga qaramay, pishillab ovqatlanishadi”. Xullas, Azamat koʻchada bolasi bilan qolgan bir juvonga “boʻla qol qoʻnoq” demoqchi. Ikkala ijaradoshi bilan shuni muhokama qilishadi. Hikoya uchun mana shu voqeaning oʻzi yetarli edi. Uning ostiga “oʻt yoqish” (U. Folkner) mumkinmi-yoʻqligini chuqurroq badiiy mushohada qilishga imkon bor edi. Endi mavjud matn haqida gapiradigan boʻlsak, muallif guyo Azamat bolaligida onasi bilan bir momoning uyidan joy soʻrab turganini eslaganiga ishora qilib, oʻsha voqeani ham tasvirlaydi. Hikoya ichida hikoya. Ayni damda uch nuqtadan tepa qismi – yaʼni, Azamatning ijaradoshlari bilan hangomasi va uch nuqtadan pastki qism – yaʼni Azamatning qaytib borib joy soʻragan juvonni topolmagani olib tashlansa, ehtimol, hikoyabop voqea boʻrtib qolar – uning ostiga “oʻt yoqish” imkoni hamisha muallif bilan birga, uni hech qachon tark etmaydi.
“Ogʻa” hikoyasiga keladigan boʻlsak, Kenjaboy toʻy qilaman deb boqib yurgan qoʻchqorni otasining maʼrakasiga katta akasi Oʻrol soʻyib yuboradi. Bu Kenjaboyga yoqmaydi. Oʻrtaga kampir aralashadi. Shunda Oʻrolning ota-onasi boshqa boʻlgani eslab qolinadi. Muallif bu voqeani ham tasvirlar ekan, oʻrtadagi taranglikni shu munosabat bilan boʻshashtirib yuboradi. Agar juda lozim boʻlsa, Oʻrolning begona ekanini bir-ikki ogʻiz ishora bilan eslatib ketsa ham, oʻquvchining oʻzi bu yogʻini anglab olgan boʻlardi. Yoxud hikoya qurilma-uskunasini boshqacha tarzda oʻylab koʻrish lozim edi. Muhim-nomuhim vaziyatlarning barchasini tarozida tortib, keragini tanlab olish ijodkor dididan tashqari, oʻquvchiga ishonchdan ham darak beradi. Hikoyada oʻrnida ishlatilgan birgina detal yoxud imo-ishora ancha-muncha batafsillikning joyini bosib ketishi mumkin – aynan shunisi bilan u yutadi, peshqadam janr sifatida boʻy bergisi kelmaydi. Otadan qolgan kaftdekkina hovlini talashib jiqqamusht boʻlayotgan aka-ukalar, oʻtkazgan maʼraka-toʻy yoxud qurgan uyi bilan gerdayib, bunaqa ishlarga qurbi yetmaganini nazar-pisand qilmaganidan oʻrtaga tushadigan sovuqchiliklar, xotin, bola-chaqa deb yuzkoʻrmas boʻlib ketayotganlar – bunaqa muammolar ayrim oilalarda bot-bot uchrab turadi. Ularning ijtimoiy ildizi, maʼnaviy muhiti haqida oʻylash yozuvchining vijdon sadosidir. Shu maʼnoda, Bayram Aytmurodning tanlagan mavzusi har qanday kishini oʻylashga majbur qiladi. Ifoda yoʻsinida ham mavzuning oʻzi kabi taranglik talab etiladi. Muallifning hikoya boshidayoq Oʻrol tarafiga oʻtib olishi ham unchalik toʻgʻri emasga oʻxshaydi. Qishloq muhiti, odamlarini tasvirlashdagi topqirliklari, ayrim oʻziga xos detallarini inkor etmagan holda, Bayram Aytmurod hali hikoya tili, stilistikasi ustida ishlashi kerakligi koʻrinib qolgan. “Ogʻa”ning yechim qismida achchiqlangan Oʻrol bir xalta pul tashlab ketadi, ammo buni hech kim payqamay qoladi. “Toʻrdagi xonani yigʻishtirayotgan Kenjaboyning xotini qaynogʻasi tashlab ketgan xaltani koʻtarib, omborga olib chiqib qoʻydi. “Unutib qoldiribdi, – oʻyladi u. – Shu yerda turatursin, it tegarmidi. Bir kelganlarida olib ketar…”
Mayli, qishloq ayollarining, ayniqsa, Kenjaboylar xotinlarining behad sinchkovligini bir chetga qoʻya turaylik, Oʻrolning bu qiligʻi mavhumligi bilan baribir koʻzlangan natijani bermaydi.
Mana, koʻrdingiz, ancha-muncha mulohaza yuritishga izn berdimi, demak, Bayram Aytmurodning hikoyalarida “jon” bor. Oʻzi tugʻilib-oʻsgan maskanni, oʻz yaqinlarini sevib-ardoqlagan ijodkor, albatta, esda qoladigan xarakterlar yarata olishiga ishonmoq kerak. Demak, uning izlanishlari hali davom etadi…
Marhabo QOʻChQOROVA,
adabiyotshunos:
– Muallifning “Qoʻnoq” va “Ogʻa” hikoyalari mutolaasi yuragimda ajib sogʻinch hislarini uygʻotdi. Chunki har ikki hikoyada mening yuragimga yaqin kishilar, qishloq odamlari, qishloq hayoti, eng muhimi, milliy urf-odatlarimiz (mehmonning izzatini joyiga qoʻyish, tasodifan kelib qolgan kishining uyga qoʻnib ketishi, qon-qarindoshlik munosabatlari) yoqimli ritm bilan tasvirlangan. “Qoʻnoq”dagi shahar koʻchasida adashib qolgan Ona va bola, talabalar, begonalarga uyidan joy berib mehr koʻrsatgan Momo, “Ogʻa”dagi qassob va oʻgay ukalar, ukalarning bemehr, oʻysiz gap-soʻzlari kabi holat-voqealarda odamlar orasida mehr-oqibatni saqlash, ajdodlarimizdan meros boʻlib kelayotgan milliy fazilatlarni asrash haqida bong urilganday goʻyo. Hikoya uchun tanlangan mavzular bagʻoyat muhim, global. Hikoyalarda milliy kolorit (qahramonlar nutqida, makon tasvirida)ni berishga intilish bor. Bu juda yaxshi xususiyat. Ammo chin maʼnodagi badiiy asar yaratish uchun bular yetarli emas. Tajribasizlik seziladi.
Bu “Qoʻnoq”da hikoya boshlanishi va tugallanishidagi talabalarning gap-soʻzlari ortiqchaligida koʻrinadi. Ishonmasangiz, hikoyaning boshi va oxiriga sunʼiy tarzda kiritilgan boshlanma va tugallanmani tashlab oʻqib koʻring. Hikoya hech narsa yoʻqotmaydi. Undan koʻra, yoʻlida adashib, qorongʻida qolib ketgan Ona-bolaning Momoning uyiga yetib borguncha boʻlgan ruhiy dramasini berish hikoyaga chuqur psixologik tasvir olib kirgan boʻlardi. Tun qorongʻisi, toʻqayzor, shoqollarning uvillashi, bolaning dildirab qoʻrquvga tushishi, Ona va bolaning ichki qoʻrquv tuygʻusini berish kerak emasdi?! Lekin Momo ideali yaxshi kiritilgan.
“Ogʻa”dagi tasvirlar ancha sokin va bir maromda kechadi. Ammo hikoyaning yechimi tushunarsiz chiqibdi. Hikoya mohir dramaturg qoʻli bilan yozilishi kerak. Bu mening gapim emas. Abdulla Qahhor hikoyalari haqida maqola yozgan bir rus yozuvchisi “Abdulla Qahhor mohir daramaturg qoʻli bilan hikoya yozadi”, degan edi. Shundan kelib chiqadigan boʻlsak, hikoyada kutilmagan drama, kolliziya, fojia, iztirob, quvonch shafqatsizlarcha yozilishi kerak. Oʻrolboy ukalarining munosabatidan soʻng bu dilogʻriqdan, qon-qarindoshlik rishtalariga oʻgaylik aralashganidan qattiq siqilishi va buning oqibatida hatto hayotdan koʻz yumishi kerak edi. Hikoyaning boshlanma va tugallanmasi Qurbon qassobning, maʼrakasi bilan, Oʻrolning unutib qoldirgan xaltasi bilan yakun topgan. Harholda, yechimni oʻylab koʻrish kerak…
Bular – qisqa mulohazalar. Umuman olganda, yosh yozuvchining katta mavzularni badiiy talqin etishga uringani tahsinga sazovor…
Safarali QURBONOV,
tadqiqotchi:
– Azamatning xotira dashtini kezarkansan, toʻrt devor ichida oʻtiraverib feʼling ham torayib ketayotganidan xijolat tortib, Qumlitov tomonlarga ketvorging, oʻgay otaning ori uchun kuyib-pishayotgan Ogʻaga dalda boʻlging keladi. Biroq… har kelgan mehmonni Yaratganning inʼomi deb bilguvchi mehmondoʻst Kampirning koʻziga koʻzing tushishidan xijolat chekasan. Lekin mana shu xijolatpazlik-da dilga yaqin: koʻngilning tub-tubida mudrab yotgan tuygʻularni sergaklantiradi.
Bayram Aytmurod hikoyalari mana shunday jihatlari bilan oʻziga xos. Ularda turkiy xalqlarga xos bagʻrikenglik, joʻmardlik kabi xislatlar bilgichlik bilan qalamga olingan. “Ogʻa” hikoyasida tan olinmagan Ogʻaning Kenjaboydan dastlab xafa boʻlishiga sabab boʻlgan voqea ham bir qarashda arzimasdek koʻrinadi. Aslida esa xalqimizga xos boʻlgan ajoyib tutumlarimizdan biri oʻziga xos tarzda tasvirlangan:
“ – El ogʻziga elak tutib boʻlarmidi, Oʻrol aka? Bittadan qoʻchqor yetaklatib yuborsangiz ham, yaxshi ot olmaysiz. Arqonini bermabdi bu qurumsoq, deb kulib ketadi, – deb uzib oldi Kenjaboy.
Inisining otini aytib chaqirgani Oʻrolga ogʻir botdi”.
Zamonaviy psixologiyada insonga ismini aytib murojaat qilish hurmatni anglatishi taʼkidlanmoqda. Sharqda esa buning aksi: yoshi ulugʻ insonning ismini tilga olish – koʻziga tik boqish bilan barobar. Shu bois ham hurmatga loyiq kishining ismi aytilmasdan oʻrniga izohlovchisi qoʻllaniladi. Bu holat “Qoʻnoq” hikoyasida yanada maromiga yetkazilgan:
“ – Qaynota-qaynonang bormi?
– Qaynonam bor.
– Ha, shundan gapir-da, boʻlmasam…
– Enamizni hamma tabib deydi.
– Tabib? – kampir bir narsani eslashga urindi, chogʻi, unga tikilib qoldi. – Qumlitovda kim tabib edi-ya?
Juvon oʻgʻlini turtib, “Momongning ismini ayt”, deb shivirladi…”.
Umuman olganda, muallif har ikkala hikoyada ham jonli obrazlarini yaratishga erishgan. Betakror xalqona iboralardan oʻrinli foydalangan. Milliy urflar, udumlar, tutumlar bir voqea atrofida jamlanib, elning birligini tutib turuvchi asosiy vosita ekani imkon qadar taʼkidlangan. Biroq badiiy bitik uchun buning oʻzi kam. Goʻzal odatu qadriyatlarimizni koʻrsatib oʻtish goʻzal badiiy asar yaratish degani emas. Asarda goʻzal poetik til, syujet va kompozitsion butunlik, ulkan Fikrdan oziqlangan tugal fikr boʻlishi zarur. Bayram Aytmurod hikoyalarining mana shu jihatlarida biroz oqsash kuzatiladi, nazarimda.
Jumladan, “Qoʻnoq” hikoyasining voqealari muallifning oʻzi tomonidan ham toʻliq idrok etilmaganday taassurot uygʻotadi. Chunki hikoyaning ayrim oʻrinlarida bir fikr ikkinchi fikrni inkor qilish yoxud mantiqiy nomutanosibliklar mavjud. Masalan, mezbon kampirga bola tomonidan berilgan taʼrif aynan shu oʻrinda oʻzini oqlamagan. Bolaning zim-zimistonda kampirning ajin bosgan yuzi, roʻmoli ostidan koʻrinib turgan oppoq sochi, umumiy qiyofasini aniq koʻrishi, momosi bilan qiyoslashiga oʻquvchi ishonishi qiyin.
Bundan tashqari, ega bilan kesim oʻrtasidagi mantiqiy nomutanosibliklar (Uzoq-uzoqlardan soyning shovullashi, itlarning hurgani, eshaklarning hangragani quloqqa chalindi), gʻaliz jumlalar makromatnning badiiy qiymatiga salbiy taʼsir qilgan va muallifning matn ustida jiddiy ishlamaganini koʻrsatib qoʻygan.
Umuman olganda, muallifning voqelikni badiiy koʻra olish, mavzuni tanlay bilish qobiliyatiga ega ekani kishini umidlantiradi. Kelgusida yaxshi asarlar kutishiga ishonch beradi.
“Yoshlik”, 2015 yil 9-son
https://saviya.uz/hayot/nigoh/bayram-aytmurodning-qonoq-va-oga-hikoyasini-oqib/