“Barchani aylab talaf isrof ila”

Alisher Navoiyning “Hayrat ul-abror” Dostonning “Qanoat bobidakim…” deb boshlanuvchi yettinchi maqolatida ortiqcha sarf-xarajatlar keskin tanqid qilinadi. Navoiy tasavvurida inson oddiy va kamtar boʻlishi, ortiqcha zeb-ziynatlarga mayl koʻrsatmasligi lozim. Chunki ular inson uchun ortiqcha yuk:

 

Gavharu durni quloq ozori bil,

Soʻzni quloqning duri mahvori bil.

 

Oltun isirgʻaki quloq ogʻritur,

Zarhal oʻtukdirkim oyoq ogʻritur.

 

Nukta durin bil quloq oroyishi,

Keng oʻtuk oʻldi ayoq osoyishi.

 

Navoiy yashagan oʻrta asr sharoitida xalq qonini zulukdek soʻrib, beqiyos boylik orttirgan zodagonlar oʻzlarini el koʻzi oldida saxovatli kishilar qilib koʻrsatish maqsadida katta-katta toʻylar qilganlar, ziyofatlar berganlar. Shu yoʻsin el mehnati bilan toʻplangan moddiy neʼmatlarni sovurganlar. Laylakka taqlid qilgan chumchuq singari ularga ergashgan baʼzi holi tang kishilar ham katta toʻy va ziyofatlar berib, keragidan ortiqcha xarajat qilganlar. Buning oqibatida oʻzlari xonavayron boʻlganlar.

Oʻtmishdan meros boʻlib qolgan keraksiz odatlardan biri – ortiqcha sarf-xarajatlar hozir ham uchraydi. Shuning uchun mehnatsiz daromaddan shaxsiy boylik orttirib, ortiqcha sarf-xarajatlar qilayotgan kimsalar, ularga ergashib, katta qarz koʻtarib toʻy-tomosha qilayotgan kishilar qulogʻiga quyidagi misralarni sirgʻa qilib ossa arziydi:

 

Sarv yonida chiqarur xoshasin,

Raxsh xiromida surar loshasin.

 

Kiymak uchun egniga topmas palos,

Elga tilar, bersa munaqqash libos.

 

Kimgaki andesha bu surat boʻlur,

Avval anga burj zarurat boʻlur.

 

Burch ishidan oʻzga chu fan topmadi,

Oldi, vale bergali tan topmadi.

 

Ayladi chun vijhni xoki siyoh,

Vaʼda yetib qildi gʻulu qarzxoh.

 

Qarz koʻtarib, “obroʻ” olishni oʻziga ep koʻrgan bunday kimsalarning holi ne kechishi oʻz-oʻzidan ayon:

 

Burch etibu sarf etib itlar ila,

Barchani aylab talaf isrof ila.

 

Yo ulus ichra yuzi suyin sochib,

Yo olibon boshinu bir yon qochib.

 

Munchavu yuz muncha yetibon alam,

Lek anga boʻlub yana yuz muncha gʻam.

 

Tarki qanoat ani aylab jalo

Kelturubon boshigʻa yuz ming balo.

 

Navoiy tushunchasida kishilarni qanoatli boʻlishga chaqirish ziqnalik emas, balki moddiy boyliklarni meʼyorida sarflash demakdir. Isrofgarchilikka yoʻl qoʻyish, keragidan ortiqcha sarflash xunuk oqibatlarga olib keladi.

 

Oshigʻa kim solsa ziynat ish,

Zardagu shalgʻam kibi oltun-kumush.

 

Barcha naxud oʻrniga durri xushob,

Reza chugʻindir yerigʻa laʼli nob.

 

Yuzida zarrishta boʻlub zaʼfaron,

Kursi qamardin tabaq ustida non.

 

Sabzachi non uza zumurrad boʻlub,

Tarrachi xon ichra zabarjad boʻlub.

 

Tengri uchun, kel oʻzung insof ber,

Kim kishi och oʻlsa ne navʼ ani yer.

 

Barchiki bor anda zarofat base,

Durlari tishlargʻadur ofat base.

 

Chaynaridin tishga ham ozor oʻlub,

Yutmogʻidin xud boʻgʻuz afgor oʻlub.

 

Chunki yeyildi bu takallufluq osh,

Osh dema, balki necha pora tosh.

 

Meʼda aro chunki bu daʼvat yetar,

Dekim ani meʼda netib hazm etar.

 

Meʼda oʻzi xurdidogʻi oshni,

Hazm qilur, yoʻqki ushoq toshni.

 

Chunonchi shoh inʼom etgan xazinadan zahmat chekib topilgan ikki qaro pul yaxshiroqdir. Minnat bilan birov bergan qulochidan tinch koʻngil birla yeyilgan qatiqsiz umoch afzalroqdir:

 

Ikki qaro pul chekibon dast ranj,

Yaxshiroq andinki, shah inʼomi ganj.

Tinch koʻngul birla qatiqsiz umoch,

Behki birov minnati birla quloch.

 

Shundan soʻng mazkur maqolatga dalil sifatida qanoat qiluvchi juvonmard bilan taʼmagir jahongashtaning hamroh boʻlgani, birining farogʻat boyligiga berilganidan xorlik azobiga qolgani, ikkinchisining qanoat azobini chekish tufayli farogʻat boyligiga erishgani haqidagi hikoyat keltiriladi. Hikoyatda moddiy neʼmatlardan bahramand boʻlishda va ularni sarflashda oqilona ish tutish, meʼyordan chiqmaslik toʻgʻrisidagi fikr olgʻa suriladi.

 

Salimjon XIDIRNAZAROV,

filologiya fanlari nomzodi, dotsent

 

zarnews.uz

https://saviya.uz/ijod/adabiyotshunoslik/barchani-aylab-talaf-isrof-ila/

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Старые
Новые Популярные
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x