BANGLADESh

BANGLADESh, Bangladesh Xalq Respublikasi (Gono Projatontri Bangladesh) — Jan. Osiyodagi davlat. Hind okeanining Bengaliya qoʻltigʻi boʻyida joylashgan. Maʼmuriy jihatdan 4 viloyatga boʻlinadi, ular 19 okrug (distrikt)ni oʻz ichiga oladi. Mayd. 143,988 ming km2. Aholisi 122 mln. kishi (1997). Poytaxti — Dakka sh.

Davlat tuzumi. Bangladesh — unitar respublika. Buyuk Britaniya boshchiligidagi Hamdoʻstlik tarkibiga kiradi. 1972-y. gi konstitutsiyaga binoan davlat boshligʻiprezident. B. da bir palatali parlamentMilliy majlis ish olib boradi. Uning 330 deputati mamlakat prezidenti kabi 5 y. muddatga saylanadi. Ijrochi hokimiyatni prezident hukumat bilan birgalikda boshqaradi.

Tabiati. Mamlakat Gang, Brahmaputra va Megxna daryolari etagidagi tekislikda joylashgan. Sharqiy va jan.-sharqiy qismidagi Chittagong tepaligining bal. dengiz sathidan 1200 m gacha. Toshkoʻmir, tabiiy gaz, temir rudasi, kaolin, torf konlari bor.

Bangladesh butun hududining 6%ga yaqini doimo suv ostida, uchdan ikki qismini qisqa muddat suv bosadi. Tez-tez suv toshqinlari sodir boʻlib, odamlar halokatiga, hosilning nobud boʻlishiga olib keladi, imoratlarni vayron qiladi, ammo q. x. uchun alohida ahamiyatga ega boʻladi, chunki yerlarga ekinlarning oʻsib rivojlanishi uchun zarur boʻlgan organik moddalar va togʻ jinslarini oqizib keltiradi. Mamlakat iqlimi tropik, musson, yozi issiq va seryomgʻir, sovuq oylarda ob-havo quruq keladi. Yilning eng sovuq oyi yanv. da oʻrtacha harorat 26°. Eng iliq oy apr. da harorat 33° dan 36° gacha boʻladi. Dunyodagi eng nam iqlimlardan biri shu yerda. Mamlakatning koʻp qismiga yiliga oʻrta hisobda 1525 mm gacha yogʻin yogʻsa, ayrim togʻ oldi hududlariga 5080 mm gacha yogʻadi. Musson davri (iyun—sent.) eng seryogʻin paytdir. Daryolarda timsoh, toshbaqa, baliqdar bor. Bangladesh hududining 15% ga yaqini doimo yashil oʻrmonlar b-n qoplangan. Ularda bambuk va rotang daraxtlari (palmaning bir turi) koʻp. Madxupur va Sundarban changalzorlarida yoʻlbars va mushuksimonlarning boshqa turlari, togʻli joylarda fil, qoplon va karkidonlar uchraydi.

Aholisining 98% bengʻallar. Bixarlar, santallar, munda, oraon, chakma, marma, kxas qabilar ham yashaydi. Rasmiy tili — bengal va ingliz tillari. Aholining 85% musulmon. B. tugʻilish va aholining zichligi jihatidan dunyoda eng yuqori oʻrinlardan birida turadi. Shahar aholisi 24% ni tashkil etadi. Eng katta shaharlari: Dakka, Chittagong.

Tarixi. Bangladesh hududi (sobiq Sharqiy Bengaliya) da dastlabki davlat mil. av. 7 — 6 – a. larda paydo boʻlgan. Vanga davlati (keyinchalik Bangla; davlatning hoz. nomi ham shundan kelib chiqqan) shularning biri boʻlgan. Mil. av. 4 – a. dan mil. 5 – a. gacha Bangladesh hududi turli gʻind saltanatlari tarkibida boʻldi. 6 – a. da u Gʻarbiy Bengaliya bilan yagona Bengaliya davlati boʻlib shakllandi. 13 – a. boshlarida Dexli sultonligining musulmon sultonlari uni bosib olishdi. Shu tufayli bu yerda musulmon dini tarqaldi (ilgari hindu dini ustun edi). 16-a. da boburiylardan Akbarshohni Hindistonga qoʻshib oldi. 18 – a. boshlarida Bangladesh hududi mustaqil boʻldi, 1757-y. dan inglizlar qoʻliga oʻtdi, soʻngra Angliyaning Hindiston mustamlakasi tarkibidagi Sharqiy Bengaliya viloyatiga aylandi. 1947-y. Hindiston mustaqillikka erishgach, bu yerda ikki davlat — Pokiston va Hindiston vujudga kelishi munosabati b-n Sharqiy Bengaliya Assom okrugiga qoʻshilib, Pokistonning yangi viloyati sifatida «Sharqiy Pokiston» nomini oldi. Biroq Gʻarbiy Pokiston bilan boʻlgan iqtisodiy va siyosiy ziddiyatlar 1971-y. da Bangladeshning mustaqil deb eʼlon qilinishiga olib keddi. 1974-y. dan Bangladesh — BMT aʼzosi. Milliy bayrami — 26 martMustaqillik kuni. OʻzR bilan diplomatik munosabatlarni 1992-y. okt. da oʻrnatgan.

Siyosiy partiyalari va kasaba uyushmalari. B. ishchi-dehqon xalq ligasi; Xalq ligasi; B. millatchi partiyasi; Milliy xalq partiyasi; Milliy partiya. Milliy ishchi ligasi kasaba uyushmasi birlashmasi; Ishchi va xizmatchilarning birlashgan kengashi; B. kasaba uyushmalari markazi.

Xoʻjaligi. Bangladesh — agrar mamlakat. Mehnatga layoqatli aholining 80% q. x. bilan mashgʻul. Ishlanadigan yerning 50%dan yiliga 2 — 3-marta hosil olinadi. Ammo q. x. mamlakat aholisining oziq-ovqatga boʻlgan ehtiyojini qondirolmaydi. Doimiy boʻlib turadigan tabiiy ofatlar, ayniqsa suv toshqinlari q. x. ishlarini qiyinlashtiradi. Asosiy ekinlari — sholi (ishlanadigan yerning 90%ga ekiladi), jut, choy (umumiy mayd. 47 ming ga), bugʻdoy. Shakarqamish, dukkakli ekinlar, moyli ekinlar (raps, kunjut, xantal, araxis va b.) ham yetishtiriladi. Chorvachilik kam rivojlangan. Qoramol (asosan ulov uchun), echki, qoʻy, parranda boqiladi. Baliq ovlanadi.

Sanoat mamlakat ehtiyojining juda oz qismini qondiradi. Asosan q. x. xom ashyosini qayta ishlashga ixtisoslashgan. Asosiy tarmoqlari — toʻqimachilik (ayniqsa, jut va ip gazlama), oziq-ovqat (qand-shakar, yogʻ, tamaki, sholi, choy). Jundan mahsulot i. ch. da Hindistondan keyin ikkinchi oʻrinda turadi. Qogʻoz, kimyo, neft mahsulotlari, sement, mashinasozlik va sanoatning boshqa tarmoqlari korxonalari bor. Energetika mamlakat ehtiyojini qondirmaydi. Bir yilda 8,1 mlrd. kVt-s elektr energiya hosil qilinadi. Yuklarning koʻpi suv yoʻllari orqali tashiladi. T. y. uzunligi 2,7 ming km, avtomobil yoʻllari uz. 193 ming km. Eng katta dengiz portlari — Chittagong va Chalna. Chetga jun, teri mahsulotlari, choy, baliq chiqaradi. Xalqaro aeroporti — Dakka sh. da. 1988-y. va 1991-y. dagi suv toshqinlari transport va kommunikatsiya tizimiga katta ziyon yetkazgan. Tashqi savdodagi asosiy mijozlari — AQSH, Yaponiya, Buyuk Britaniya, Germaniya, Xitoy. Pul birligitaka.

Maorifi, ilmiy va madaniymaʼrifiy muassasalari. Bangladesh aholisining 75%dan koʻprogʻi savodsiz. Bolalarning 60%ga yaqini boshlangʻich maktabga qatnaydi. Dunyoviy maktablardan tashqari diniy maktablar ham bor. Texnika kollejlariga oʻquvchilar kamroq kiradilar. Bangladeshda 6 un-t (eng kattalari Dakka va Rajshaxi sh. larida), bir qancha in-tlar, jumladan politexnika, toʻqimachilik in-tlari, q. x. akademiyasi bor. Bengaliya akademiyasi, atom energiyasi, q. x. va oʻrmonchilik, iqtisodiyot, tibbiyot, huquq va xalqaro munosabatlar i. t. muassasalarida tadqiqot ishlari olib boriladi. Dakkada markaziy ommaviy va un-t kutubxonalari, 2 muzey mavjud.

Matbuoti, radioeshittirishi, telekoʻrsatuvi. Bangladesh dagi yirik gaz. lar — «Ozodi» (bengal tilidagi kundalik gaz., 1960-y. da tashkil etilgan), «Bangladeshobserver» («Bangladesh sharhlovchisi», 1949), «Bangladesh tayme» («Bangladesh vaqti», 1949), «Doynik Bangla» («Kundalik Bengaliya», 1964). Davlat axborot agentligi — «Bangladesh Sangbad Sangasta» 1972-y. va xususiy agentlik — «Istern nyus Eyjensi» 1970-y. da tuzilgan. Bangladesh radioeshittirishi va telekoʻrsatuvi davlat qaramogʻida.

Adabiyoti. Bangladesh adabiyoti bengal tilida bengal adabiyoti anʼanalari asosida rivojlanmoqda. 10 — 12 – a. larda tuzilgan diniy mazmundagi madhiyalar toʻplami — «Chorjapod» bengal tilidagi ilk yozma yodgorlik hisoblanadi. 16 — 17-a. larda sheʼriyat gullab yashnadi. Oʻrta asrlarda turli ilohlarga bagʻishlangan rivoyat, dostonlar katta ahamiyat kasb etdi. Musulmon shoirlardan Davlat Qozi va Sayid Alaol birinchi bor dunyoviy mavzularga murojaat qildilar hamda Bengaliyadagi hindu va musulmon madaniyatini bir-biriga birlashtirdilar. Musulmon adiblar arab va fors sheʼriyati uslublari, oʻxshatmalaridan, musulmon anʼanalariga aloqador ohang va voqealardan barakali foydalandilar. Bu yoʻnalish 17-a. da vujudga keddi va 19 — 20 – a. larda Mir Musharraf Husayn, Koykobod, Nazrul Islom, Abdul Fazl, Abdul Qodir kabi yozuvchilar uni yuksak choʻqqiga koʻtarishdi. Fylom Mustafo, Ravshan Yazdoni, Jasimuddin kabi shoirlar, jamoat arbobi va shoira Begum Sufiya Kamol 20-a. B. adabiyotining eng mashhur vakillaridir. Shoirlardan Shamsur Rahmon, Hasan Hafizur Rahmon va b. lar ijtimoiy mavzularda qalam tebratdilar. 19 — 20-a. bengal adabiyotining yirik namoyandasi P. Tagordir. Uning ijodi butun Hindiston adabiyotiga taʼsir oʻtkazgan. Sh. Chottopaddhayya (1876 —1938), B. Bondopadhayya (1896-1950) kabi yozuvchilar uning maktabidan yetishib chiqqanlar. Bangladesh mustaqillikka erishgandan soʻng qisqa pyesa va hikoyalar, vatanparvarlik va muhabbatni madh etuvchi sheʼrlar yetakchi janr boʻlib qoldi. Ijtimoiy masalalar, fuqarolik jamiyati, insonparvarlik mavzularida nasriy asarlar yuzaga keldi. Meʼmorligi va sanʼati. Bangladesh hududida 7—12-a. larga mansub shahar va ibodatxonalarning vayronalari, 12 — 13-a. larda bino qilingan masjid, Madrasa va maqbaralar saqlanib qolgan. 16 — 17-a. lar meʼmorligi islom uslubi qoidalariga moslangan. Ingliz mustamlaka hukmronligi davrida anʼanaviy uslubdagi binolar (Dakkadagi «Yudduzli masjid», 18 – a.) b-n bir qatorda ingliz neoklassikasi uslubidagi yangi imoratlar (Dakkadagi bank binosi, 19 – a.) paydo boʻldi. Shaharlarda zamonaviy uslubdagi jamoat, uy-joy, sanoat binolari qad koʻtardi. Bangladeshda qadimdan bezakli amaliy sanʼat (toʻquvchilik, kashtachilik, yogʻoch va fil suyagi oʻymakorligi) rivojlangan. Tasviriy sanʼatda ilgʻor yoʻnalish davom etmoqda. Kino sanʼati 1959-y. dan rivojlana boshladi («Shunday kun kelar» filmi, rej. J. Kardar).

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Старые
Новые Популярные
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x