Bandi

Asrorqul u yoqda-yu, bu yerda uydagilarining boʻlari boʻldi. Bolalar nomus qilganlaridan yetti mahalla naridagi maktabga qatnay boshlashdi. Munisa mahalla-koʻyga aralashmay qoʻydi. Shu oila qiynalib qoldi, moddiy yordam beraylik, deb mahalla oqsoqoli uch-toʻrt marta odam yubordi, lekin Munisa biron marta idoraga bormadi, ariza yozib ham bermadi, buning oʻrniga uch joyda farrosh boʻlib ishladi…

Asrorqul besh yilni uch yilda tugatib keldi. Yaxshi ishlagani evaziga.

Mahallada gap yotarmidi: uyiga atay tun qorongʻusida kirib kelgan boʻlsa-da, tongga boriboq oʻgʻriligi uchun qamalgan Asrorqulning qaytganidan deyarli hamma xabar topib ulgurdi.

…Choshgoh mahal Asrorqul oshxonaga oʻtdi, dasturxondagi quruq non-choy, shakardan ozgina totingan boʻldi. Ikkinchi ishidan qaytgan Munisa hovli chetiga supurgi bilan paqirini qoʻygach, belini ushlab turib qolganini koʻrgan Asrorqul shoshib uning yoniga chiqdi.

– Yaxshi keldingmi, ayasi. Charchamadingmi?

Munisa oʻzini majburlab jilmaydi:

– Charchash qayoqda… Aytganday, dadasi, ertalab Nazira opani koʻrib qolgandim. “Elga osh bermaysizlarmi?” deb qoldi. Nima, shunaqa udum bormi?

– Qaysi Nazira opa? – Asrorqul qarshi tarafdagi hovliga ishora qildi: – Qoʻshnimizmi?

– Ha. Oʻzi… siz ketgandan beri har koʻrganida “Uyingni bizga sot” deb boshimni qotirgani kamday…

– Munis, men kurortdan qaytganim yoʻq. Bunaqa udumni ham eshitmaganman. Men elga osh berishni emas, sizlarning ortiqcha qiynalmasliklaringiz uchun nima qilishni oʻylayapman.

– Eson-omon keldingiz, shuning oʻzi biz uchun… – koʻzlari jiqqa yoshga toʻlgan juvonning tovushi titrab ketdi.

Asrorqul oʻtgan uch yil ichida birdan qarimsiq boʻlib, choʻkib qolgan xotinining yelkasidan quchdi, gʻadir-budir boʻlib ketgan kaftlarini siladi:

– Men… u yoqdan boshqacha odam boʻlib qaytdim… Sen bor, bolalarim bor… Qadrlaringga yetadigan boʻlib qaytdim… Endi hammasi boshqacha boʻladi, Munis. Mana koʻrasan. Oʻylab qoʻygan rejalarim bor.

Shu soʻzlarni aytgach, Asrorqul nimagadir ahd qilganday shahd bilan darvoza tomon yurdi. Munisa hayron boʻlib soʻradi:

– Yoʻl boʻlsin, dadasi?

– Bozorga borib, tez qaytaman. Mana koʻrasan, yangicha hayotimizni xursandchilikdan boshlaymiz.

Xotini hali biron nima soʻrab ulgurmasidan Asrorqul koʻchaga chiqdi va atrofga alangladi.

Ana, yon qoʻshnisi Fayzulla domla oppoq “Neksiya”sida darvozasi tagiga keldi, mashinadan tushdi va oʻziga salom berish uchun qoʻlini koʻksiga qoʻyib turgan Asrorqulni koʻrmaganday boʻlib ichkariga kirdi-ketdi.

Izza boʻlgan Asrorqul ogʻir nafas oldi.

 

* * *

Oradan bir osh pishgulik fursat oʻtdi.

Oʻz-oʻzidan miyigʻida iljayib qoʻyayotgan, ikkita katta-katta sumka koʻtargan Asrorqul koʻcha boshida paydo boʻldi.

Darvozasi yonida, “Neksiya”si kapotiga suyanib, qoʻllarini koʻkragiga chalishtirgancha gʻoʻdayib turgan Fayzulla uni koʻrdi-yu, birdan quturib ketdi:

– Oʻldiraman!

Fayzulla mashinasi oʻrindigʻi yonidan beysbolchilarnikiga oʻxshash tayoqni olgancha Asrorqul tomon chopdi. Shu yoqqa qarab uchib kelayotgan qoʻshnisining koʻrinishidan ajablangan Asrorqul har ehtimolga qarshi salom berib qoʻymoqchi boʻlib ogʻiz juftladi, ammo ulgurolmadi. Koʻzi qonga toʻlgan Fayzulla tayoqni hamsoyasining boshiga tushirdi. Bunaqa zarbani kutmagan Asrorqul qalqib-gandiraklab ketdi, ikkala qoʻlidagi sumkalar ichidagi yeguliklar, meva-chevalar, sovgʻa-salomlar har tomonga sochildi. Asrorqulning kalta sochlari orasidan qon sizib chiqdi.

– Iflos! Yalangoyoq!..

Fayzulla choʻk tushib qolgan Asrorqulni uraverdi, uraverdi.

Shovqinni eshitganmi, Asrorqulning uyi darvozasidan shoshib chiqqan Munisa kaltaklanayotgan erini koʻrdi. Dahshatga tushgan juvon chinqirib yubordi:

– Dadasi!!!

Qonga, chang-tuproqqa belangan Asrorqul yer bilan bitta boʻlib yotardi. Munisa oʻkirib yigʻlagancha uchib kelib oʻzini erining ustiga tashladi. Qoʻni-qoʻshnilardan ayrimlari uylaridan chiqib kela boshlashdi.

– Dadasi! Dadajonisi!..

Xirillab qolgan Fayzulla baqirardi:

– Oʻgʻri eding, oʻgʻri boʻlib qolibsan, Asrorqul!

Asrorqul qaddini tiklashga urindi, singan tishini tuflab tashlab, arang gapirdi:

– Qanday? Nima haqqingiz bor?..

Uning koʻkrak choʻntagidan salafan xaltachaga solingan tilla sirgʻa tushdi. Fayzulla sirgʻani oldi, narxini koʻrdi, qoʻni-qoʻshnilarga koʻrsatdi:

– Yangi. Mening pulimga kelgan bu!

Munisa ezilib yigʻlardi:

– Dadasi… dadajonisi… Nima qilib qoʻydingiz…

– Men oʻgʻri emasman… oʻgʻri emasman… – xotiniga qarab yolvorib-entikib shivirladi Asrorqul.

Fayzulla Asrorqulning boshqa choʻntaklarini tintib-agʻdarib chiqdi:

– Qani? Qolgani qani?

Ammo bir-ikkita mayda pulni aytmaganda, barcha choʻntaklar boʻsh edi.

Qoʻshnilar afsuslanib bosh chayqashdi:

– Odam boʻlmapti bu… Oʻrgangan koʻngil… Bunaqalarga uydan qamoq yaxshi-da… Egri tayoq baribir egriligicha qolarkan…

Asrorqulga tikilgancha oʻylanib qolgan Erkin ota soʻradi:

– Ishqilib, adashmayapsanmi, domla?

Fayzulla nafrat bilan labini jiyirdi:

– Oʻzingiz oʻylang, kecha uch yillik qamoqdan kelgan banda bugun bozor-oʻchar qilishga joʻnab qolishi mumkinmi?

– Bu topishmoqmi?

– Yoʻq, voqelik. Shafqatsiz va razil voqelik.

Darvoqe, yarim yilcha kollejda dars bergan, soʻng bozorga chiqib ketgan boʻlsa-da, “domla” laqabini orttirishga ulgurgan Fayzulla tilini burab, ohanjama bilan gapirishni oʻxshatardi.

– Tushuntiribroq gapirsang boʻlardi, Fayzulla.

– Bu yerda tushuntiradigan narsaning oʻzi yoʻq, otaxon. – Sirgʻani choʻntagiga solib qoʻyayotgan Fayzulla Asrorqulga ishora qildi: – Oʻgʻri yana oʻz ishini qildi. Men yana bir marta inson zotiga nisbatan boʻlgan ishonchimning qurboniga aylandim. Ishdan qaytganimda u eshigining oldida menga koʻzini loʻq qilib qarab turgandi. Koʻnglimga hech narsa kelmay, uyga kirib ketaveribman deng. Qaytib chiqsam Asrorqulam yoʻq, bardachogimdagi pul ham. Men laqma oʻz koʻzim bilan koʻrdim-u buni, yana eʼtibor bermapman. Kallam qursin-a, kallam!

– Mashinangni qulflamaganmiding?

– Otaxon, odamni xafa qilyapsiz. Ayrimlardan farqli ravishda, men mahallamda hech qachon mashinamni qulflamayman. Men odamlarga ishonaman.

– Balki boshqa birov olgandir, – ikkilanibroq mulohaza yuritdi Erkin ota.

– Kelindan Asrorqulni soʻradim. “Bozorga ketdilar”, deb turibdi bez boʻlib. Balki er-xotin sheriklikda…

Erkin otaning jon-poni chiqib ketdi:

– Fayzulla! Kelinni tinch qoʻy! Asrorqulning ayoli koʻchada bir soʻm koʻrib qolsa olmaydiganlardan.

Bunga javoban Fayzulla pishqirdi:

– Balki bir soʻmni olmas, lekin millionni oladi. Oladi!

Mana shu gʻala-gʻovurda koʻpchilik uy yoniga kelib toʻxtagan taksi mashinasiga ahamiyat bermadi. Undan toʻlib-toshib tushgan Fayzullaning rafiqasi Nazira odamlarga ajablanib qaradi, soʻng eriga oʻgirildi:

– Dadasi, tinchlikmi?

Fayzulla Asrorqulga ishora qildi:

– Manavi ablah mashinamdan borimni shilib ketib, bozorda yallo qilib kelibdi…

Nazira kalovlanib bir eriga, bir Asrorqulga qaragach:

– Shunaqami… – deb qoʻydi, keyin Fayzullaga qoʻlidagi sumkalarni tutdi: – Bularni opkirib bering… mazam boʻlmayapti…

Fayzulla indamay xotinining sumkalarini hovliga olib kirdi, uning ortidan qadam qoʻygan Nazira eshikni zichlab yopdi va vahima ichida pichirladi:

– Voy, dadasi, mashinadagi pulni men opketgandim-ku!

Buni eshitib, Fayzullaning rangi boʻzardi:

– Nima?!

– Kecha aytuvdim-ku bozor-oʻchar qilaman deb… Yetti yuz mingmidi? Hammasini ishlatib kelyapman…

Fayzulla lol boʻlib qoldi, soʻng bir muddat peshonasini ezgʻilab turgach, negadir shivirlashga oʻtdi:

– Boʻpti, damingni chiqarma… Bu yogʻini oʻzim hal qilaman!

– Xoʻp, dadasi, xoʻp.

Fayzulla qaytib koʻchaga chiqdi, choʻntagidan sirgʻani olib Asrorqulga tutdi:

– Ma, ol. Mayli, necha yillik qoʻshnichiligimiz hurmati, melisaga topshirmayman. Lekin bilib qoʻy, agar bu yoʻldan qaytmasang, bugun boʻlmasa ertaga biribir qoʻlga tushasan. Hammayam senga Fayzulla emas!

Qoʻshnilarning hayratli shivir-shivirlari eshitildi:

– Qoyil!.. Haqiqiy erkak shunaqa boʻladi!.. Besh ketdim!..

Erkin ota ham yengil nafas oldi:

– Bor ekansan-ku, domla.

– Lekin, uka, – gapida davom etdi Fayzulla, – kichkinagina shartim bor.

Asrorqul unga merovsirab qaradi.

Erkin ota bezovtalanib qoldi:

– Ishqilib, ulovidan tushovi qimmat emasmi, domla?

– Yemoqning qusmogʻi ham bor-da, ota… Xoʻp, eshit. Shartim shuki, bugunoq koʻchib ketasan. Bizga butun mahallaning yuzini yerga qaratadigan tirraqi buzoq kerak emas. Uyingni begona qilmaymiz, oʻzim olaman, bozorga chiqib, ovorayi sarson boʻlib yurmaysan. Shunda mashinamdan oʻgʻirlagan uch million soʻmimni senga uy uchun bergan boʻlaman. Qolganini savdolashamiz. Agar shartimga koʻnmasang, milisaga yozib beraman, ana unda ham sharmandai sharmisor boʻlasan, ham qolgan umring qamoqda chiriydi!

Asrorqul bu gaplarni eshitmaganday qon oqayotgan chakkasini ushlagan koʻyi gʻalati xotirjamlik bilan oʻrnidan turdi. Qalt-qalt titrayotgan, yuzi qorayib ketgan Munisa unga koʻmaklashdi. Er-xotin bir-birlarini suyaganlaricha uylari tomon yurishdi.

– Sukut alomati – rizo! – tantanali ravishda eʼlon qildi Fayzulla. – Aytdim-ku, oʻzimiz kelishib olamiz deb… Qoʻshnilar, sizlar guvohsizlar. Lafz halol! Toʻgʻrimi?

– Toʻppa-toʻgʻri!.. Yashavoring, ota oʻgʻil!.. – degan xitoblar eshitildi.

Faqat nimalarnidir oʻylab qolgan Erkin ota jim edi.

Fayzulla mamnun iljaydi.

* * *

Bu orada er-xotin uyga kirishdi. Asrorqul soʻrigacha amallab yetib oldi-yu, odmi dasturxon yoniga toʻshalgan koʻrpachaga oʻzini tashladi. Munisa suv olib kelishga chopdi.

Xotini yuz-qoʻlidagi qon dogʻlarini yuvayotgan mahal Asrorqul qiynalib boʻlsa ham gapirib qoldi:

– U yoqda… oylik berishardi. Ishbay. Men ikki smenalab ishladim. Yigʻilib turgan ekan, qaytayotganimda berishdi. Shunga senga, bolalarga sovgʻa-salom olaman, bir xursand qilaman deb bozorga borgandim. Uch yillik orzuyim edi bu. Eson-omon qaytsam-da, bildirmasdan bola-chaqamga, xotinimga yaxshi-yaxshi narsalar olib kelsam derdim… Mana, sovgʻayam oʻxshamadi.

Asrorqul choʻntagidan tilla sirgʻani olib, xotiniga tutdi. Piqillab yigʻlab yuborgan Munisa sirgʻani labiga bosdi:

– Bu… men uchun dunyodagi eng qimmatbaho, eng aziz sovgʻa, dadasi.

Asrorqul xoʻrsindi:

– Bolalarga atalgan sovgʻalarning… meva-chevalarning… ezilgani chatoq boʻldi-da.

– Narsalar bosh-koʻzingizdan sadaqa, dadasi.

Koʻzlari namlangan Asrorqul xotinining yelkasidan quchdi:

– Biz baxtli boʻlamiz, jonim…

Darvoza qoʻngʻirogʻi jiringladi. Seskanib ketgan er-xotin bir-biriga qarashdi.

– Oʻzim…

Tekis yoʻlda qoqilib-surinib ketayotgan mushtdekkina Munisa borib eshikni ochdi.

Ostonada Fayzulla oʻshshayib turardi:

– Chaqir eringni, uy masalasida keldim…

Munisa avval chinqirib, keyin ingrab yubordimi yo avval ingrab, keyin chinqirdimi – anglolmay qolgan Asrorqulning qoʻli oʻz-oʻzidan dasturxon chetidagi oʻtmas pichoqqa yugurdi…

 

 

Abduqayum Yoʻldoshev

 

“Yoshlik”, 2014 yil 1-son

https://saviya.uz/ijod/nasr/bandi/

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Старые
Новые Популярные
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x