BAMBUK (malayya tilidan bambu) — 1) gʻarov (Bambusa) — boshoqdoshlar oilasiga mansub oʻsimliklar turkumi, 200 dan ortiq turi maʼlum, aksariyati koʻp yillik, faqat ayrimlari bir yillik oʻsimlik. Poyasining diametri 30 sm gacha, boʻyi 40 m gacha boradi. Baʼzi turlari har yili, boshqalari bir necha yilda bir marta gullaydi. Bambuk yer yuzining deyarli barcha nam iqlimli tropik hududlarida oʻsadi. Saxalin va Kuril orollaridagi igna bargli va yaproqli oʻrmonlarning soya joylarida Bambukning 6 turi uchraydi. Bambuk xalq xoʻjaligida uy, koʻprik qurish, duradgorlikda ishlatiladi, tolasidan — qogʻoz tayyorlanadi. Ayrim turlarining shirasidan qand olinadi. Keyingi vaqtlarda Qora dengizning Kavkaz va Qrim sohillarida ham ekila boshlandi; 2) sirkda ishlatiladigan gimnastika asbobi. Sirk gumbaziga osib qoʻyiladigan langar choʻp (ilgari bambukdan qilinar edi, hozir yengil metalldan yasaladi); 3) gimnastikachilar koʻrsatadigan mashqning nomi. Uni 1 — 3 ijrochi bajaradi.
Подписаться
авторизуйтесь
0 комментариев
Старые