Marvarid gul
Oʻsdi tanho marvarid gul,
Yuksak eman qoshida –
Asrab uni boʻronlardan
Posbon boʻldi boshida.
Lekin uzoq yasholmadi
Marvarid gul bechora,
Tannoz bir qiz uzib oldi,
Rahm etmadi – ne chora?
Uzib oldi, parvo qilmay,
Davom etdi yoʻlida.
Barno kirdi gavjum balga
Gulni tutib qoʻlida.
Har tomonda shodlik, oʻyin,
Har tomonda shoʻx kulgu.
Marvarid gul soʻlib borar,
Boshin asta egar u.
Qiz charx urib raqs tushdi,
O, naqadar shod koʻngil.
Dona-dona yaproqlarin
Koʻz yoshidek toʻkdi gul.
Yigʻlab shoʻrlik vido aytdi:
“Xayr, oʻrmon – ey ona!
Alvido, ey yuksak eman,
Doʻstim eding yagona!”
Shunday deya jim boʻldi gul,
Bukdi nihol qaddini.
Koʻzlarini yumdi, e voh,
Ulotirdi qiz uni.
Ey nozanin, bir kun sendan
Yuz oʻgirar saodat.
Uloqtirgan shu gulingni
Xotiringda tut albat.
Oʻyin, kulgu, shod kunlaring
Tez oʻtgusi – bilib qoʻy.
Erta sening maftunlaring
Unutgusi bilib qoʻy.
Sen qalbingni bagʻishlagan,
Jondan sevgan bir odam –
Xazon boʻlgan shu gul kabi
Tashlab ketar seni ham.
Umid kutaman
Bas! Tarqaling ogʻir xayollar,
Yer yuzida yashnadi koʻklam,
Nahot yolgʻiz gʻussa, faryodlar
Tumanida soʻlar yoshlik dam?
Yoʻq! Men koʻzda yosh bilan kulib
Qaygʻuda ham qoʻymam kuylarim,
Men baribir umidga toʻlib
Kulmoqchiman, keting, oʻylarim!
Men hattoki xarobalikda,
Vayronada oʻstiraman gul.
Yoʻllarga gul ekib – sovuqda
Sugʻoraman koʻz yosh-la butkul.
Bu yoshlardan qoʻzgʻolmas boʻron,
Erir undan muzlik qatlamlar.
Men ekkan gul ochilib chandon
Balki kelar ajib koʻklamlar.
Bu yoʻllarning choʻqqilariga
Zinalarni toshdan quyarman,
Xarsanglarni koʻtarganda ham
Qoʻshigʻimni tinmay kuylarman.
Yilday uzun qorongʻu tunlar
Mijja qoqmay oʻtaman uygʻoq,
Tunlar shohi – yoʻlchi yulduzni
Oʻz koʻzim-la boʻlaman koʻrmoq.
Ha, koʻzda yosh bilan kulaman,
Qaygʻuda ham qoʻymam kuylarim.
Men baribir umid kutaman,
Bas, tarqaling, gʻamgin oʻylarim!
Lesya Ukrainka
https://saviya.uz/ijod/nazm/balki-kelar-ajib-koklamlar/