DO`STLARGA ULASHING:
Burungi zamonda bir chol-u kampir bor ekan. U chol doim baliq ovlab kun o‘tkazar ekan. Har kuni ikkita baliq ushlab, birini chol-kampir pishirib yer ekan, birini sotib o‘tin olishar ekan. Oydan oy o‘tib, yildan yil o‘tib chol-kampir o‘tirib maslahat qilishibdi: “Bizdan keyin yetti yoshli bolamiz qoladi. Bu ham biz singari kambag‘allikda qiynalib o‘tmasin, boshqa biror yaxshiroq hunar o‘rgataylik”, deyishibdi. Lekin bolaga boshqa hunar o‘rgata olmay, tez kunda qazolari yetib o‘lishibdi. Bola ota-onasi o‘lganidan keyin juda qiynalibdi. O’tirib o‘ylab, “Otamning kasbi nima ekan, biror nishonasini topolmasmikanman”, deb uyning har tomonini axtara boshlabdi. Bir devor orqasidan qarmoq topib olibdi va “Otamning kasbi shu bo‘lsa kerak”, deb chiqib baliq ovlay boshlabdi. Bola har kuni ikki baliq tutib, birini sotib o‘tin olib, birini pishirib yebdi.
Bir kuni bola chiroyli oltin baliq ushlabdi. Uni pishirib yeyishga ham, sotishga ham ko‘zi qiymabdi. Hovlisiga bir chiroyli hovuzcha qilib, baliqni shu hovuzchaga qo‘yib yuboribdi. Otasidan qolgan bir tovug‘i bor ekan, shu bilan hovlida uch jon bo‘lishibdi. Yana bola kundagicha ikkita baliq ovlab kelib birini sotib, birini pishirib yeb yashay beribdi. Kunlardan bir kuni baliq ovlab uyiga kelsa, hovlisi, uyi supurilgan, top-toza emish. Bola o‘rtoqlariga borib:
— Har kuni ishdan kelganimda hovli, uylar supurilgan, joylar solingan bo‘ladi. Kim qilganini bilmayman, — debdi. O’rtoqlari:
— Yetim deb rahmi kelib biror qo‘shning qilayotgandir, — debdi.
Bola kelib qo‘ni-qo‘shnilaridan so‘rabdi. Hech kimdan daragini bilmabdi. Yana bu ish ikki-uch kun davom etibdi. Bola ko‘chaga chiqib yana bir o‘rtog‘iga aytibdi. O’rtog‘i:
— Uyingda nima bor? — debdi. Bola:
— Bir tovug‘im bilan o‘zim, boshqa hech narsa yo‘q, — debdi. Haligi o‘rtog‘i:
— Yana biror narsa bormi, o‘ylab ko‘r-chi, — debdi. Bola o‘ylab turib:
— Ha, hovuzchada bir balig‘im bor, — debdi. O’rtog‘i:
— Bo‘lmasa, sen ertaga ishga bormasdan, kechgacha baliq bilan tovug‘ingni poyla, — debdi. Bola “Xo‘p”, deb tovuq bilan balig‘ini poylabdi. Devor orqasidan poylab tursa, haligi hovuzchadagi baliq bola chiqib ketishi bilan ustidagi po‘stinini yechib, bir chiroyli qiz bo‘libdi.
Bola hayron bo‘lib qarab turaveribdi. Qiz uyni ochib kirib supura boshlabdi. Shu payt bola hovliga yugurib kirib, baliqning po‘stinini o‘tga tashlabdi. Qiz hidini bilib yugurib chiqib qarasa, po‘stini kuyib yotibdi. Qiz “Attang”, deb peshonasiga bir uribdi-yu: ”Xayr, mayli, bo‘lgan ish bo‘ldi”, debdi. Shu bilan qiz bola bilan shu uyda yashay boshlabdi. Bola kundagidek ikkita baliq tutib kelaveribdi.
Qizning ovozasi olamga ketibdi. Podsho huzuriga borib: “Bir kambag‘al bola olamda yo‘q chiroyli bir qiz olibdi”, deb maqtashibdi.
Podsho buni eshitib qizni ko‘rishga boribdi. Bola ishga ketgan ekan. Qizni ko‘rib qolibdi. Podsho bir jodugar kampirni chaqirib qizni olib kelish maslahatini qilibdi. Jodugar kampir:
— Bu bolani hech odamning qo‘lidan kelmaydigan ishga buyuring, u qila olmay o‘lib ketadi. Keyin siz qizni olasiz, — debdi. Podsho bolani chaqirtirib:
— Men senga bir vazifa buyuraman, bajarsang bajarding, bajarmasang seni bu yerdan yo‘qotaman, — debdi. Bola:
— Qanday vazifa, ayting, — debdi. Podsho:
— Falon joyga bir ravoq solasan, tagi yerga tegmasin, tepasi osmonga tegmasin, — deb qirq kun muhlat beribdi. Bola hayron bo‘lib, bo‘shashib uyga kelibdi. Qiz bolani ko‘rib:
— Podsho nimaga chaqiribdi? — debdi. Bola:
— Tagi yerga, tepasi osmonga tegmaydigan bir ravoq qilib berasan, dedi, — debdi. Qiz:
— Shunga ham xafa bo‘lasizmi, buning ishi oson, — deb bolaning qo‘liga bir tosh berib: — Mana shu toshni o‘sha meni ushlab olgan daryoga olib borib tashlang. Bir pari chiqib, “Nimaga kelding?” deydi, shunda “Podshoning eng kichkina qizining bir tuguni bor ekan, o‘shani olib bering”, deysiz, — debdi.
Bola daryo yoniga borib, qiz bergan toshni tashlabdi. Shu zamon bir pari chiqib, “Nimaga kelding?” debdi. Bola:
— Shu daryo podshosi qizining bir tuguni bor ekan, o‘shani olib chiqib bering, — debdi. Haligi pari darrov tugunni olib chiqib beribdi. Bola tugunni olib kelib qizga beribdi. Qiz bolaga:
— Podsho qayerga ravoq qurmoqchi bo‘lsa, o‘sha yerga tugunni tashlab, orqangizga qaramay qaytib kelib yotavering, — debdi.
Bola qiz aytganday qilibdi. Podsho erta bilan turib qarasa, ravoq tayyormish, shunda u hayron bo‘lib: “Bu qanday odam ekan”, deb uni yana chaqirtiribdi-da:
— Mana bu daryo ustiga osma ko‘prik qilib ber. Tagi yerga tegmasin, tepasi osmonga tegmasin, — debdi. Bola xafa bo‘lib uyga qaytibdi. Qiz bolaning qovog‘iga qarab:
— Yana nima bo‘ldi? —debdi. Bola voqeani gapirib beribdi. Qiz yana bolaga tosh beribdi.
— Bu toshni olib borib shu daryoga tashlang, yana haligi pari sizga bir lo‘labolish olib chiqib beradi. Shu lo‘labolishni olib kelib, podshoning ko‘rsatgan joyiga tashlang, — debdi.
Bola toshni dengizga olib borib tashlabdi. Bir pari lo‘labolishni bolaga chiqarib beribdi. Bola lo‘labolishni olib podshoning ko‘rsatgan joyiga tashlab, qaytib kelib yotaveribdi. Podsho erta bilan turib qarasa, o‘zi aytgandan ham ziyoda ko‘prik tayyor bo‘libdi. Shunda podsho: “Endi yana bir ish topish kerak”, deb bir shumlikni o‘ylabdi-da, bolani yana chaqirtirib:
— Endi tuxumdan ho‘kiz chiqarib berasan, — debdi. Bola yana xafa bo‘lib uyga kelibdi. Bolaning xafa bo‘lib kelganini ko‘rib qiz hol so‘rabdi. Bola voqeani aytibdi. Qiz bolaga daryoga olib borib tashlang deb, yana bir tosh beribdi. Bola daryoga toshni tashlashi bilan haligi pari uchta tuxum olib chiqibdi-da, “Ehtiyot qilib olib bor”, deb buyuribdi. Bola tuxumlarni olib ketayotib, sinash uchun bir donasini sindirib ko‘ribdi. Tuxum ichidan bir ho‘kiz chiqib yo‘q bo‘libdi. Ikkita tuxumni qizga olib kelib beribdi.
— Birini nima qildingiz? — debdi. Bola qilgan ishini aytib beribdi. Shunda qiz:
— Ha, mayli, bo‘lar ish bo‘libdi, endi podsho tuxumni sindir deganda, tomga chiqing-da, tuxumni o‘sha yerdan turib tashlang, — debdi.
Bola qolgan ikkita tuxumni podshoga olib borib beribdi. Podsho:
— Qani, ho‘kiz chiqarib ber, — debdi. Bola:
— Siz pastda turing, men esa tomda turib tuxumni tashlayman, bo‘lmasa sinmaydi,— deb tomga chiqib, tuxumlarni yerga tashlabdi. Tuxumlar sinib, ichidan ikkita haybatli ho‘kiz chiqib podshoni suza boshlabdi. Podsho:
— Tavba qildim, qilgan gunohimdan kech, — deb yalinibdi. Bola kechibdi. Ho‘kizlar shu zamon yo‘q bo‘lib ketibdi. Oydan oy o‘tib, kundan kun o‘tib podsho yana bolani chaqirtiribdi:
— Endi yangi tug‘ilgan bolani olib kelib gapirtirasan, — debdi.
Bola uyga qaytib podshoning gapini qizga aytibdi. Qiz yana bolaga bir tosh berib:
— Shu toshni tezda daryoga olib borib tashlang. Mening eng katta opam bor, shu hozir tug‘adi, “Opasi ko‘rar ekan”, deb bolasini olib keling, — debdi. Bola chopganicha daryoga borib toshni tashlabdi.
Daryodan bir pari chiqib “Ozgina turing, hozir tug‘adi, olib ketasiz”, debdi. Bola tug‘ilishi bilan olib chiqib beribdi. Baliqchi yangi tug‘ilgan bolani ko‘tarib kelayotsa, bola: “Pochcha, opamni ko‘ramanmi?” debdi. Baliqchi bola hayron bo‘lib: ”Ha, opangni ko‘rasan”, deb ko‘tarib kelib bolani to‘g‘ri podshoning oldiga qo‘yibdi. Podsho:
— Qani, bolani gapirtir-chi, — debdi. Haligi tug‘ilgan bola podshoga bir tarsaki qo‘yib yuborib: “Yangi tug‘ilgan bola ham gapiradimi, tuxumdan ham ho‘kiz chiqadimi, tagi yerga, tepasi osmonga tegmaydigan ko‘prik bilan ravoq ham bo‘ladimi”, deb bidillab, podshoni uraveribdi.
Podsho baliqchi bolaga yalinib:
— Xotining ham o‘zingga, mol-mulkim ham senga, o‘zing menga o‘g‘il bo‘l, — debdi. Baliqchi esa bolani daryoga — o‘z onasi yoniga tashlabdi. Keyin o‘z uyiga kelib, tinch yashab, murod-maqsadiga yetibdi.