* * *
Uyulib yotadi stolda qogʻoz
Boshing koʻtarolmaysan ishdan.
Xonang issiq…
sovqotdim bir oz,
Jonim, xabaring bormi qishdan…
Qiyalatib eshiging nasim,
Ostonangdan boʻylasa soʻng bor.
Anglamading…
sogʻinish kasbim
Qara, axir, ketyapti bahor!…
Uvushdimi nedandir tanang,
Qarogʻimda qolsa tilaklar.
Koʻrmaganga yoʻygach ishxonang,
Olib ketdi,
meni laylaklar…
Xazonbogʻdan kelsa gar ovoz
Izla, endi tuygʻularimni
Yillar boʻyi titkilab qogʻoz,
Topolmaysan,
kulgularimni…
MANZARA
Dardga yoʻrgaklab baxtni,
Bu fursatni qancha kutdi.
Titratib yeru samoni,
Yukli koʻkni toʻlgʻoq tutdi.
Karaxtlanib qoldi zamin,
Lahzalarga larza indi.
Chopib doya guldiraklar
Doʻl-yomgʻirlar horib, tindi.
Xushxabarni ilib ketdi,
Shamol erkka berib jismin.
Olam boqib, qizaloqning
Koʻklamoy deb qoʻydi ismin.
* * *
Buncha goʻzal, buncha dilrabo
Bahor seni suyganligi rost.
Atrofingda aylanar sabo,
Uning ishqi shamollarga xos.
Soʻz topolmay dashtlar bir ogʻiz,
Bu husningdan turadi karaxt.
Oydalada qoʻrqmayin yolgʻiz,
Ayt, qandayin gullading daraxt.
* * *
Vatan.
Sening har bir burjing
Yuragimning sarhadlaridir.
* * *
Quyoshning tikilib
qolganini koʻrib,
duv qizardi olchaning yuzi.
* * *
Tun boʻyi… yomgʻir
Derazam oldidan ketmadi,
Yigʻlayverdi ismingni aytib.
Nargiza ASAD
“Yoshlik”, 2012 yil, 7–8-son
https://saviya.uz/ijod/nazm/bahor-seni-suyganligi-rost/