Olam ibtidosidan,
Otalar dunyosidan,
Bitik tosh ziyosidan,
Harflar zakosidan –
Ming yildan, milyon yildan
Xat keldi – xabar keldi,
Qoraxon budunidan
Dovul, soʻng zafar keldi,
Olamga bahor keldi,
Tiriklikka yor keldi.
Zavol bilmay quyoshi,
Irodasi, bardoshi,
Sochilib koʻzi, qoshi,
Choʻkmay, yitmay yod toshi,
Ming yildan, milyon yildan
Nomi moʻtabar keldi,
Xunlarmi yo sugʻudlar
Adashdi – badar keldi,
Olamga bahor keldi,
Istak-ixtiyor keldi.
Yoʻllar ochgan boʻrilar,
Quyun kabi surilar,
Bilig toʻla oʻralar,
Nizom, tuzuk, toʻralar,
Ming yildan, milyon yildan
Koʻk yoygan hashar keldi,
Ulugʻ el barpo etgan
Idrok muqarrar keldi,
Olamga bahor keldi,
Ogʻriq va ozor keldi.
Firʼavn charchogʻidan,
Ehromlar mudrogʻidan,
Osmonlar chorbogʻidan,
Iqlimlar puchmogʻidan,
Ming yildan, milyon yildan
Qavm koʻru kar keldi,
Yukungani kunbotar,
Soʻngra kunchiqar keldi,
Olamga bahor keldi,
Gʻolib, madadkor keldi.
Hayot yeldirdi suvlar,
Najot keltirdi nurlar,
Togʻda koʻm-koʻk suruvlar,
Bogʻda oq-oq suluvlar,
Ming yildan, milyon yildan
Koʻk kiygan lashkar keldi,
Shumer shajarasidan
Koʻk otli chopar keldi,
Olamga bahor keldi,
Jayrondek nahor keldi.
Oʻrxun shamollarida,
Oʻtrik kamollarida
Yo chin savollarida,
Mardlar aʼmollarida,
Ming yildan, milyon yildan
Muzaffar askar keldi,
Qultegin, Toʻnyuquqdan
Boqiy bir nazar keldi,
Olamga bahor keldi,
Muattar ifor keldi.
Dunyoning dargohida,
Tangritogʻ panohida,
Maʼbudlarning ohida,
Tarxonlar sipohida,
Ming yildan, milyon yildan
Yonmagan daftar keldi.
Yoyiq kengliklaridan
Uchgan koʻk kaptar keldi,
Olamga bahor keldi,
Zoru beozor keldi.
Ot yelgan yaylovlardan,
Or kechgan yalovlardan,
Goh oʻchgan olovlardan,
Qaynab koʻchgan dovlardan,
Ming yildan, milyon yildan
Sovrilgan otar keldi,
Er Toʻnga haybatida
Boqiy bir shahar keldi,
Olamga bahor keldi,
Judayam oshkor keldi.
Turonning tamal toshi,
Turkiston – amal toshi,
Tabiat – hamal toshi,
Moʻmiyo – moral toshi,
Ming yildan, milyon yildan
Buyuk bir bashar keldi,
Oltoydan Surxongacha
Yam-yashil safar keldi,
Olamga bahor keldi,
Sir bilan asror keldi.
Koʻpkarimi, koʻk boʻri,
Yerda – yer-suvlar zoʻri,
Koʻkda – osmonning toʻri,
Kaftni kuydirib qoʻri,
Ming yildan, milyon yildan
El degan javhar keldi,
Baqtriya, Kushon kabi
Necha yuz gavhar keldi,
Olamga bahor keldi,
Koʻzlar intizor keldi.
Qumda suzgan karvonlar,
Oyni uzgan sarbonlar,
Armon sizgan makonlar,
Qatl, qirgʻin, qironlar,
Ming yildan, milyon yildan
Hayot sarbasar keldi,
“Avesto” qatlarida
Tonglardan asar keldi,
Olamga bahor keldi,
Oʻynoqlagan nor keldi.
Baxshi Jayhundek toshdi,
Sir qirgʻogʻidan oshdi,
Qirlar bagʻrini ochdi,
Togʻlar zarlarin sochdi,
Ming yildan, milyon yildan
Kimlar darbadar keldi,
Oʻrolmi yo Itildan
Yurakka qadar keldi,
Olamga bahor keldi,
Baʼzan tangu tor keldi.
Botirlar, bahodirlar,
Shamol misol shotirlar,
Afsona, asotirlar,
Suvoriylar xotirlar:
Ming yildan, milyon yildan
Bir doston kadar keldi.
Hindikush taraflardan
Xavf keldi, xatar keldi,
Olamga bahor keldi,
Gohida makkor keldi.
Aql chanoqlaridan,
Ilm barmoqlaridan,
Hindiy sanoqlaridan,
Nilning qirgʻoqlaridan,
Ming yildan, milyon yildan
Kohin, sehrgar keldi,
Beruniy dahosidan
Davron muattar keldi,
Olamga bahor keldi,
Yaxshiga nisor keldi.
Izlarida izgʻirin,
Xato keltirdi qirgʻin,
Kurakka sanchdi tigʻin,
Izillar zilol yigʻi,
Ming yildan, milyon yildan
Zaqqum va zahar keldi,
Ogʻzidan olov purkab,
Yuz boshli ajdar keldi,
Olamga bahor keldi,
Dashtlarga devor keldi.
Qalbida qadim alam,
Koʻksida eski sitam,
Koʻzlari taram-taram,
Evrilib koʻhna olam,
Ming yildan, milyon yildan
Vayronkor navkar keldi,
Qoʻllari boʻm-boʻsh ketgan
Dardi-darbadar keldi,
Olamga bahor keldi,
Ozodlik takror keldi.
Qanot boʻldimi bulut,
Koʻz boʻldimi sor burgut,
Goʻdak emgan kabi sut,
Kundan kun oʻsdi hudud,
Ming yildan, milyon yildan
Tosh bilan tabar keldi,
Gʻazzoliy zahmatida
Zer bilan zabar keldi,
Olamga bahor keldi,
Haq ishqiga zor keldi.
Ruh yondi savashlarda
Dil pishdi otashlarda,
Bitta degan ishora,
Mangulikdan bashorat,
Ming yildan, milyon yildan
Koʻngil sanobar keldi,
Muqaddas kalomlarda
Ilohiy paykar keldi,
Olamga bahor keldi,
Tavba, istigʻfor keldi.
Alpomishdan savdolar,
Goʻroʻgʻlidan gʻavgʻolar,
Toʻmarisdan tugʻrolar
Yo Shiroqdan bugʻrolar,
Ming yildan, milyon yildan
Sinmagan egar keldi,
Asrlarni zanjirdek
Ulagan kamar keldi,
Olamga bahor keldi,
Faxru iftixor keldi.
Sharqiragan jamoldan,
Gʻaribgina maloldan,
Janub ila shimoldan
Esgan iliq shamoldan,
Ming yildan, milyon yildan
Oʻjar yo qaysar keldi,
Boykoʻl bilan Oroldan,
Yogʻiydan hazar keldi,
Olamga bahor keldi,
Toʻlqin shiddatkor keldi.
Sahrolar maʼvosidan,
Xonlar istilosidan,
Garmsel balosidan,
Tuyoqlar jafosidan,
Ming yildan, milyon yildan
Nayza va nashtar keldi,
Xarob aylab chin izi,
Toʻzgʻigan guzar keldi
Olamga bahor keldi,
Chodirdan agʻyor keldi.
Muqanna – pok iymonmi,
Temur Malik – qalqonmi,
Jaloliddin – arslonmi,
Xalq – asl qahramonmi:
Ming yildan, milyon yildan
Har soʻzi anbar keldi,
Tuproq qoʻl choʻzganida
Hamma barobar keldi,
Olamga bahor keldi,
Sodiq xaloskor keldi.
Buyuk Temur kuchidan,
Ulugʻbekning “Ziji”dan,
Ali Qushchi burjidan,
Ochunning u uchidan,
Ming yildan, milyon yildan
Chaqnagan chavkar keldi,
Koinotning tomida
Balqigan axtar keldi,
Olamga bahor keldi,
Buyuk bir sardor keldi.
Zuhal bilan Zuhrolar,
Gʻazal boʻldi navolar,
Navo dilni davolar,
Soʻzga toʻldi havolar,
Ming yildan, milyon yildan
Shoir qalandar keldi,
Sher, yoʻlbars hamlasida
Tolei akbar keldi,
Olamga bahor keldi,
Gulbadan dildor keldi.
Koʻkni tutgan saroylar,
Bulutni kesgan oylar,
Doʻmbiraday shoʻx soylar,
Otga munosib toylar,
Ming yildan, milyon yildan
Goʻdakday sahar keldi,
Qalʼalar qursogʻida
Shams ila qamar keldi,
Olamga bahor keldi,
Bogʻlar xaridor keldi.
Bahor boʻyogʻi tarqoq,
Rang poshshosi boʻldi oq,
Qizilga botdi tuproq,
Yana koʻkardi bayroq,
Ming yildan, milyon yildan
Sayrab samandar keldi,
Tuslarni tuslab usta
Musavvir – zargar keldi,
Olamga bahor keldi,
Bozor va attor keldi.
Oʻtdi qancha toshqinlar,
Doʻlu dovul, shoshqinlar,
Keldi yangi yolqinlar,
Yangi tahrir, talqinlar,
Ming yildan, milyon yildan
Ulgʻaygan samar keldi,
Orzular osmonida
Quyoshdek anvar keldi,
Olamga bahor keldi,
Koʻngil degan tor keldi.
Yer yuzining porasi,
Ikki daryo orasi,
Diyorlarning sarasi,
Koʻrindi oq-qorasi,
Ming yildan, milyon yildan
Yoʻli munavvar keldi,
Oʻzbek – yiqilsa gʻolib,
Tursa – muzaffar keldi,
Olamga bahor keldi,
Eng yorugʻ diydor keldi
Oy, oftobdan oʻzgan el,
Oʻz umrini choʻzgan el,
Suron solib yuzgan el,
Nurli manzil tuzgan el,
Ming yildan, milyon yildan
Zaminga chambar keldi,
Doʻst-dushmani, – yonida
Non bilan xanjar keldi,
Olamga bahor keldi,
Eng buyuk meʼmor keldi.
Mehnat bilan bor boʻlgan,
Mangulikka yor boʻlgan,
Topgan shoni – or boʻlgan,
Yoʻqotgani – nor boʻlgan,
Ming yildan, milyon yildan
Tun-kun barobar keldi,
Boshida Humo toji,
Qaqnusdek minbar keldi,
Olamga bahor keldi,
Boqiy-barqaror keldi.
Adl boʻldi boʻylari,
Farzand toʻla uylari,
Qirq kun boʻlar toʻylari,
Yuzta boʻlsin qoʻylari,
Ming yildan, milyon yildan
Jola toʻla jar keldi,
Bomdod dalaga chiqib,
Uyga tongotar keldi,
Olamga bahor keldi,
Toʻrt taraf sharor keldi.
Davronlar yugurikdir,
Zamonlar yugurikdir,
Oʻzbek mangu tirikdir,
Oʻzbek mangu yirikdir!
Ming yildan, milyon yildan
Bunyodkor bashar keldi,
Dardlarga boʻlib malham,
Istiqlol – sarvar keldi.
Olamga bahor keldi,
Muqaddas diyor keldi!
Ming yildan, milyon yoʻldan
Muqaddas diyor keldi…
Salim ASHUR
“Yoshlik”, 2012 yil, 4-son
https://saviya.uz/ijod/nazm/bahor-qongirogi/