Bahor kelar muzaffar, gʻolib

 BUXORO QASIDASI

 

Bahorda laylagiyu qishda laylak qori bor,

Har maysasi malhamu, har giyohi dorivor.

Xazonlari – xazinam, tikonlari – zar ninam,

Valiylar poyi tekkan har kaft tuprogʻi tumor,

Buxoriy nisbasinda Imom, Hofiz, Daqiqim,

Buxoroyi sharifim, Buxoroyi sharifim.

 

Shavkatingni yozsalar Minor boʻyi kitobdir,

Yuz Tabariyga bu ish tabarruk bir “azob”dir.

Muqanna yoqqan oʻtda jinqarchaday yondi yov,

Gʻalvirida gʻanimni “eladi” mard Torobiy.

Ne Narshaxiy lol qolur tugatolmay tarixing,

Buxoroyi sharifim, Buxoroyi sharifim.

 

Shofirkonning shoni-ku ne togʻlardan oshgandir,

Hayratdadir Samarqand, tan olgan Shosh – Toshkanddir.

Shopur qazgan ariqning boʻylarida oʻsgan el

Ilmu irfon, ijodda daryo kabi toshgandir.

Burgut boʻlar chumchuq ham yesa bu yer tarigʻin,

Buxoroyi sharifim, Buxoroyi sharifim.

 

Taʼrifingga yetolmay shohbaytlar ham mot boʻlar,

Sen haqingda har bir gap hikmatu bayot boʻlar,

Kamolingni kuylagan farzanding Dilshod boʻlar,

Ne ham desin shaʼningga bir shoiri gʻaribing,

Oʻz noming oʻz-oʻzingga eng munosib taʼrifing,

Buxoroyi sharifim, Buxoroyi sharifim.

 

YOLGʻIZLIK

 

Sen yoʻqsan ufqqa botgan quyoshday

Bu dunyo qorongʻi, qismatim qaro.

Turaman chorasiz, koʻzlarim yoshlab,

Adashgan boladay changalzor aro.

 

Xoʻmraygan bez devor toʻrt tomonim-a,

Shift boshim ustida kalxatday, yo Rab!

Bir yovuz sehrgar kabi tanimdan

Jonimni haydaydi “chiq-chiq”lab soat.

 

Dasturxon qoshiga kelaman behol,

Goʻyoki marhamat tilanib, biroq

Piyola chaqchayar devning koʻziday,

Yamlashga shay turar yalmogʻiz tovoq.

 

APREL

 

Tobora qizgʻinroq soʻylaydi quyosh

Asrlar toʻqigan ertaklarini.

Qizishib tinglaydi qotgan toshlar ham,

Daraxtlar yozadi kurtaklarini.

Samoviy bir hisda yonadi har yon,

Qiziydi zaminning yuz ming tomiri,

Hech narsa qolmaydi pinhonu nihon,

Borliq ochib tashlar yoʻgʻu borini:

 

Olamga oshkora boʻladi butkul

Qushchalar labida qimtingan sirlar;

Yorilib ketadi momoqaldiroq,

Toʻkilib-toʻkilib yigʻlar abrlar…

 

Dillar sof yomgʻirlar yuvgan havoday,

Baxtiyor nafaslar kuy boʻlar nayda.

Sharobga uzangan xushnud podshoday

Yaqinlab boramiz dilkusho Mayga!

 

* * *

Dilshodman, gar rangi somondirman men,

Kim aytdi egildim, tamomdirman men?

Uzoqni koʻzlagan oʻq bor koʻksimda,

Egilgan esam-da kamondirman men!

 

BUGʻDOYNING TAQDIRI

 

Maysa edi, ona oftob

Boshidan nur toʻkardi.

Yuvar edi yomgʻirlar goh,

Yellar silab oʻtardi.

 

Oʻsib kamol topdi durkun,

Rosa pishib yetildi.

Sinovlardan oʻtkazmoq-chun

Bir kun olib ketildi:

 

Avval, avval bilmoq lozim

Chidamu bardoshini.

Yuritdilar boshidan zil

Tegirmonning toshini.

 

Endi uning pokligin ham

Bir tekshirmoq kerak-da.

Mayin, oppoq un boʻlsa-da,

Oʻtkazdilar elakdan.

 

Suv quydilar, mushtladilar,

Ming bir kuyga soldilar.

Qizib turgan tandirga ham

Bir kiritib oldilar.

 

Non boʻlgach u sabr qilib

Bor sinov-otashlarga,

Eʼzoz qilib koʻzga surib,

Koʻtardilar boshlarga.

 

TUNGI OSMONGA BOQIB

 

Bahor kezar yeru koʻkda,

Hatto osmon toqi gullar.

Yulduzlar – koʻk maysazorda

Bodrab chiqqan qoqigullar.

 

DARYo

 

Ikki yoqdan ikki qirgʻoq

Iskanjasi yomon-da.

Nima qilsin shoʻrlik, ketmay

Boshi oqqan tomonga.

 

* * *

Bahor kelar muzaffar, gʻolib,

Yelkalarda ogʻir gʻam kabi

Bosgan poʻstinlarni dast olib,

Osib qoʻyar boʻgʻzidan barin!

 

Jun roʻmollar iskanjasidan

Xalos boʻlar bandi sochlar ham.

Oʻsma tegib yarashib qolar

Oralari ochiq qoshlar ham.

 

Paranjidan qutulgan kabi

Gul-gul yashnar qizlar, ayollar.

Yelkasiga tekkancha oftob

Ishlar dehqon ozod qarolday.

 

Hayajondan lovullar quyosh,

Dov-daraxtlar sigʻmas poʻstiga.

Shamol tegar gʻarib uylarning

Zaxlar quchib yotgan koʻksiga.

 

Dilshod RAJAB

 

“Yoshlik”, 2013 yil, 3-son

https://saviya.uz/ijod/nazm/bahor-kelar-muzaffar-golib/

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Старые
Новые Популярные
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x