Post Views:
43
BADRIDDIN CHOCHIY (taxalluslari: Chochiy, Badr, Shoshiy) (1285–1344) – shoir. Toshkentda tug‘ilgan. Misrda va Bag‘dod shahrida tahsil olgan. Turkiy va fors tillarida ijod etgan. 1332 yildan Dehlida yashab, Sulton Muhammadshoh Tug‘luq saroyida xizmat qilgan. Asosan qasidalar yozgan. Qasidalarida ijtimoiy turmushdagi kamchiliklarni hajv ostiga olgan, ushbu janrni yuqori bosqichga ko‘targan. Qasidachilikda vasfni qayta tiklagan. «Qish qasidasi» («Qasidai shitoiya»), «Yoz qasidasi» («Qasidai sayfiya»), «Bahor qasidasi» («Qasidai rabbiya») asarlarida tabiat go‘zalliklari madh etilgan. 70 ga yaqin qasida, ruboiy, qitʼa va g‘azallarni o‘z ichiga olgan «Sharhi qasoidi Badri Chochiy» («Badri Chochiy qasidalari sharhi», 1343) asari saqlanib qolgan. Shuningdek, Badriddin Chochiyning “Shohnoma” asarini yozganligi ham manbalarda keltirilgan. Shoir uslubi murakkabligi uchun keyinchalik uning asarlariga maxsus sharhlar bitilgan (Fiyosiddin Mustafo, «Kashf ul-asror», 1840–41; Muhammad Usmon Qays, «Nusxai Usmoniy», 1848 va boshqalar). «Malik ush-shuaro» («Shoirlar shohi»), «Faxr uz-zamon» («Zamon faxri») unvonlariga musharraf bo‘lgan. Badriddin Chochiy qasidalari to‘plamining 2 nusxasi O‘zbekiston FA Sharqshunoslik institutida saqlanadi (inv. №1051, №151).
“Toshkent” ensiklopediyasi. 2009 yil
https://shosh.uz/uz/badriddin-chochiy-1285-1344/