Oʻzbekiston xalq yozuvchisi Togʻay MUROD bilan suhbat
Xalqimizning atoqli adibi, Oʻzbekiston xalq yozuvchisi Togʻay Murod oʻzligimiz, milliy qadriyatlarimiz haqida gapirish oson boʻlmagan shoʻro zamonida – oʻtgan asrning 75-yillarida “Yulduzlar mangu yonadi” nomli qissa yozib, oʻzbek kurashi haqida bor dardu armonini toʻkib soldi. Koʻp oʻtmay, mustaqillik tufayli oʻzbek kurashi dunyoga chiqdi!
Adib 2003 yilda – oʻlimidan bir oy avval “Maʼrifat” gazetasi muxbiri bilan suhbatda insonning tafakkur olamini boyitish, shaxs sifatida shakllanishi faqat va faqat badiiy mutolaaga bogʻliq ekanini juda taʼsirchan ochib berdi. Yozuvchining ichki intuitsiyasini qarangki, yurtimizda kitobxonlikni kuchaytirishga davlat miqyosidagi masala sifatida qaralmoqda – yaqindagina Prezidentimiz farmoyish chiqarib, odamlarni kitobga, mutolaaga qaytarish zarurligini taʼkidladi. Shu maʼnoda, badiiy mutolaaning bir ulkan shaxsni yaratganiga misol – ushbu suhbatni qayta-qayta oʻqish, koʻngilga jo qilish foydadan holi boʻlmaydi, degan umiddamiz.
Tahririyat
– Men Surxondaryo viloyati, Denov tumani, Xoʻjasoat qishlogʻida dunyoga keldim. Onamiz ogʻiroyoq boʻladi. Bir oqshom ogʻir oyogʻi bilan bir devor qoʻshnimiz – togʻamiznikiga boradi. Togʻamiznikida onamizni toʻlgʻoq tutadi. Momochi izlab, yugur-yugur boʻladi, chop-chop boʻladi. Ammo momochi topilmaydi. Onamiz yengil koʻz yoradi. Ogʻir oyogʻidan yengil qutuladi. Men ana shunday dunyoga kelaman. Yillar oʻtadi, birinchi sinfga oʻqishga boraman. Bir kuni Vaxshivor qishloq sovetidan maktabimizga vakillar keladi. Birinchi sinf bolalari uchun tugʻilish guvohnomasi toʻldirmoqchi boʻladi. Qishloq soveti vakili onamiz Tojixol Qurbonovani soʻroq qiladi: “Oʻrtoq Qurbonova, oʻgʻlingiz qachon tugʻilgan?” “Oʻgʻlimizmi? Oʻgʻlimiz… Normurod chavandoz otdan yiqilgan yili tugʻilib edi”.
“U chavandoz qachon otdan yiqilgan?”
“Normurod chavandozmi? Shu, besh-olti yil boʻp qoldi-yov?”
“Xoʻp, yilini ayting, oyini, kunini ayting”.
“Men oy-kunini qayerdan bilayin? Ana siz, ana Normurod chavandoz, uyiga borib soʻrab bilavering”.
“Xoʻp, oʻsha yillarni taxminan ayting”
“Tusmollab aytsam, oʻsha yili… yoʻlbars yili edi. Qora uzumlar qorayib pishib edi. Kuni? Kuni… Hafta boshi kuni edi, togʻasinikida bir toʻda ayollar bilan gurunglashib oʻtirib edik. Ayollar, Normurod chavandoz otdan yomon yiqilibdi, oʻlar holatda emish, deb gurung qildi. Shunda, birdan toʻlgʻoq tutib qoldi. Soʻng, mana shu bola dunyoga keldi. Togʻasinikida tugʻilgani uchun otini Togʻay qoʻydik, murodiga yetib yursin deb Togʻaymurod qoʻydik”.
“Oʻrtoq Qurbonova, bizga aniq datalari kerak, datalari”.
“Nimasi-nimasi?”
“Data! Yili…”
“Yili… Mulla Qarshi armiyadan kelgan yili edi. Mulla Qarshini ayoli Turdixol momo chaqaloqqa momochi boʻlishi kerak edi… Dastyor yuborib edik, kelmadi. Erim armiyadan keldi, borolmayman, debdi. Agar ishonmasangiz, ana mulla Qarshi, ana Turdixol momo, borib soʻrab keling”.
Vakillar ogʻizlarini ushlab kuladi, yuzlarini chetga burib kuladi.
– Keyin?
– Keyin, maktabimizda katta kutubxona boʻlar edi. Unda Xadicha opa degan tatar ayol kutubxonachi edi. Xadicha opa Qozon shahridan kelib qolgan edi. Ana shu Xadicha opa bolalarni kutubxonaga aʼzo qilolmay sarson edi. Xadicha opa bolalarni qoʻlidan yetaklab, kutubxonaga olib keladi. Bolalar kitob olmay qochadi. Olsa-da, kitobni tashlab qochadi. Bir kuni koridorda oʻynab yurib edim, Xadicha opa meni qoʻlimdan yetaklab, kutubxonaga olib kirdi. Koʻlimga bir kitob berdi.
“Ertak kitob, – dedi. – Shuni bir hafta ichida oʻqib kelib, menga mazmunini gapirib berasan”.
Men maydagina ertak kitobni… bir oycha oʻqidim. Har kuni besh-olti satrdan oʻqidim. Ikkinchi oy deganda kutubxonaga gerdayib kirib keldim. Xadicha opa meni peshonasiga oʻtirgʻizib qoʻyib soʻradi:
“Qani, bir boshidan boshlab aytib ber-chi!”
Men kitob mazmunini oʻzimcha aytib berdim. Esimdan chiqqan joylarni Xadicha opani oʻzi aytib turdi. Men takrorladim. Birimiz qoʻyib, birimiz hikoya qildik. Xadicha opa hikoya qilsa, men bosh irgʻab tasdiqlab turdim, men hikoya qilsam, Xadicha opa bosh irgʻab tasdiqlab turdi. Keyin men uchun alohida bir jurnal ochdi. Kitob olingan-topshirilgan kunlarni yozdi. Menga ilk bor… baho qoʻydi. Tagʻin bir ertak kitob berdi. Keyin, bolalar kitobini berdi, doston berdi. Undan keyin hikoyalar kitobini berdi. Koʻplariga tushunmasam-da, oʻqib chiqdim. Xadicha opaga kelib gapirib berdim. Opani jurnali men oʻqigan kitoblar nomiga toʻldi, men olgan baholarga toʻldi. Xadicha opa yangi jurnal ochdi. Toʻqqizinchi sinfga borib, maktab kutubxonasidagi kitoblarni… oʻqib boʻldim! Shunda, Xadicha opa qoʻlimga toʻrtta kitob roʻyxatini berdi. Yangi chiqqan kitoblar, dedi. Shaharga borib olib kel, dedi. Men shahardan ushbu kitoblarni koʻtarib keldim. Bir boshidan oʻqib chiqdim. Xadicha opaga gapirib berdim. “Besh” baho oldim. Oʻn birinchi sinfni bitirgunimcha shahardan kitob olib kelib oʻqidim, Xadicha opaga oʻqiganlarimni hikoya qilib berdim, qoʻsha-qoʻsha baholar oldim. Men matematikadan yo fizikadan “ikki” olishdan qoʻrqmas edim. Men kutubxonachi Xadicha opadan “ikki” olishdan qoʻrqar edim.
– Demak, sizni ilk bor adabiyot olamiga yetaklab kiruvchi ustozingiz tatar xalqi vakili, kutubxonachi Xadicha opa ekan-da?
– Shunday, menda adabiyotga havas ham ixlos uygʻotuvchi kutubxonachi tatar xalqi vakili edi. Biz xalqlar doʻstligi deganda ikki xalq bir-birlarini non-tuz tutib kutib olishini tushunamiz. Yoʻq, xalqlar doʻstligi poydevorini mustahkamlashni turmushni oʻzidan izlash kerak. Turmushni chuqurroq qatlamidan izlash kerak. Chor hukumati, keyin Qizil hukumat tatarlardan vositachi – tarjimon sifatida foydalanib, tatarlarni baloga qoldiradi. Tatarlar Qizil hukumat bilan oʻzbek xalqi oʻrtasida tilmochlik vazifasini bajargan, xolos. Shu bilan oʻzbek xalqi koʻziga yomon koʻrinib qolgan. Aslida tatarlar oʻzbek xalqi taraqqiyotida beqiyos rol oʻynagan. Shu bois, men “Otamdan qolgan dalalar” romanimda tatar xalqi obrazini yaratdim. Bu obraz kino boʻlib ekranga chiqdi. Ushbu obraz tatar xalqi olqishiga sazovor boʻldi. Xalqlar doʻstligi, ayniqsa, turkiy xalqlar doʻstligini mustahkamlash uchun masalani ana shunday tag-zaminidan koʻtarish kerak.
– Ana shu kutubxonachi sizni adabiy ijodga boshlagan ekan-da?
– Shunday, ana endi adabiy lavhalar mashq qil, dedi Xadicha opa. Men adabiy lavhalar mashq qildim. Rayon gazetasiga joʻnatdim. Gazeta lavhalarimni bosmadi. Men konvert betlariga gullar chizib joʻnatdim. Adabiy lavha chekkalariga bulbullar rasmini chizib joʻnatdim. Adabiy lavha tepasiga ogʻzida gul tishlab turgan kaptar rasmini chizib joʻnatdim. Baribir gazeta adabiy lavhalarimni bosmadi. Bir kuni rayon gazetasida ilk bor meni ismi sharifim bilan bir maqola paydo boʻldi. Hayron boʻldim. Men bunaqa maqola joʻnatmagan edim. Hamma meni tabrikladi. Men bildirmay, gerdayib yuraverdim. Biz shunaqa yozamiz, deb qoʻydim. Adabiyot oʻqituvchimiz Hamza Hamroyev meni chetroqqa olib bordi.
“Gazetani koʻrdingmi? – dedi. – Oʻshani seni nomingdan men qildim. Gazeta xodimlariga ham tayinlab keldim. Ana endi gʻayrat qil”.
Darhaqiqat, Hamroyev rayon, oblast gazetalarini shtatsiz muxbiri edi. Ana shundan keyin gazetada muntazam chiqib turdim. Yaqinda uyimizga oriq bir chol kirib keldi. Oppoq soqollari koʻksiga tushadi. Bu chol oʻsha adabiyot muallimimiz Hamza Hamroyev boʻldi.
“Umrim pedagoglik bilan oʻtdi, – dedi Hamroyev. – Sizni oʻqitganim uchun pedagoglik umrimdan mingdan-ming roziman”.
– Surxon vohasi – kindik qoningiz toʻkilgan yurt. Yurtingizga borsangiz, sizni yaxshi kutib oladilarmi?
– Borib turaman. Ogʻaynilar bagʻriga bosib yigʻlaydi, peshonamdan oʻpib yigʻlaydi. Qoʻylar soʻyib siylaydi. Oʻqimishli yurtdoshlar: “buyugim”, deb erkalatadi, “ulugʻim”, deb suyadi. Yurt raislari: “Elimizning faxri va gʻururi”, deya yelkamga qoqadi. Afsus, oʻz uyida paygʻambar boʻlmas, deydilar. Ushbu gapni barcha ulkan zotlar hayotiga qoʻllasa boʻladi. Ayniqsa, men uchun. Bir yaxshiga bir yomon har yerda bor. Qadamimni sanaydilar, ichkiligimni poylaydilar, salom-aligimni muhokama qiladilar. Gʻiybat, igʻvo, fisq-fasod qiladilar. Zimdan nomimga yorliq yopishtiradilar, shaʼnimga loy chaplaydilar. Bu hasad, ichi qoralik, koʻrolmaslik, kuyganlik oqibati. Maqsad – yelkamdan pastroqqa bosib qoʻyish, popugimni pasaytirib qoʻyish, oʻzi qatori qilib qoʻyish. Keyin, ketidan ergashtirib yurish, burnimdan ip oʻtkazib, yetaklab yurish. Ular bu gʻalamisliklarini oʻzbekchilik, odamgarchilik, oshna-ogʻaynigarchilik, qoʻni-qoʻshnichilik niqobi ostida qiladilar.
– Siz esa bilib turasiz?
– Nafaqat bilib turaman, bunday gʻalamisliklarini… ich-ichimdan his etib turaman. Juda koʻplar hayron boʻlar emish. Bu yozuvchi uyida ishlaydi, koʻchaga chiqmaydi, koʻcha-koʻydagi gaplarni qayerdan biladi, der emish. Xudo menga kamdan-kam bandasi uchun ato etajak qudrat ato etdi. Xudo men uchun… intuitsiya, deya atalmish qudrat ato etdi. Badiiy asarlarim ana shu… intuitsiya mahsuli boʻldi. Men uyimda oʻtirib… bor dunyoni kalbimda his etib oʻtiraman. Dunyoning yurak urishini eshitib oʻtiraman. Masalan, koʻnglim… qachon yomgʻir, qachon qor yogʻishini shivirlab aytib turadi. Men uchun kim dushman, kim doʻst, koʻnglim pichirlab aytib turadi. Biror odamni koʻrsam, shu odamni dilida menga nisbatan nima gapi bor, miyasida nima gapi bor, tilida nima gapi bor – barchasini koʻnglim aytib turadi. Masalan, biror voqea boʻldi, deylik. Shu voqeani oqibati bir-ikki yildan keyin, hatto, besh-olti yildan keyin nima boʻladi – barchasini koʻnglim aytib turadi. Men koʻnglimni tilimga chiqarmayman. Men tilimga erk bermayman. Meni kuchim tilimda emas, meni kuchim dilimda. Men faqat bir vaziyatda koʻnglimdagini yuzaga chiqaraman. Men koʻnglimni… badiiy asarlarimda koʻz-koʻz qilaman. Shu bois, men koʻnglimni yaxshi-yomon koʻzlardan bekitib yuraman – hech kimga qoʻshilmayman, hech narsaga aralashmayman. Qafasdagi bulbulni koʻz oldingizga keltiring. Ana shu bulbulga erk bering, mansab-martaba bering, deputatlik mandati bering, minbar bering… Boʻldi, bulbul uzoqqa borolmaydi. Biror korihol boʻlib, halok boʻladi. Bulbulga qafas ichida-da qiyin. Yaxshi bor, yomon bor. Birov qafas teshigidan choʻp tiqib oʻynaydi. Birov barmogʻini tiqib oʻynaydi. Birov bulbulni mayna qilib sayraydi. Birov bulbulga puflab oʻynaydi. Birov bulbulga ishshayib kuladi. Bir soʻz bilan aytsak, bulbulga tinchlik bermaydi. Bulbulni qafas ichida-da, avaylamasa boʻlmaydi. Adib qalbi… ana shu qafasdagi bulbulga oʻxshaydi! Adib oʻz qalbini oʻzi qafasga solib avaylashi kerak. Meni qudratim-da intuitsiyam, meni… fojiam-da intuitsiyam.
– Fojia?
– Shunday, intuitsiyamni qudrati – men hech bir yozuvchi koʻra olmovchi hayot nozikliklarini koʻraman, hech bir yozuvchi eshita olmovchi hayot ohanglarini eshita olaman, hech bir yozuvchini yetti uxlab tushiga kirmovchi asarlar yarata olaman. Intuitsiyamni fojiali tomoni – men uyda oʻtirib… yerni tagida ilon qimirlasa bilib oʻtiraman, his etib, koʻnglimda kechirib oʻtiraman. Ana bu… yomon, yomon! Oqibat, ruhiy azob chekaman. Dunyo nega bunday, deb asabiylashaman. Odamlar nega bunaqa, deya hayajonlanaman. Dunyodan bosh olib ketgim keladi. Shu bois, men toifalarga yashash qiyin, qiyin!
– Unda kim yaxshi yashaydi?
– Dovdir-sovdir odamlar yaxshi yashaydi, telba-teskari odamlar yaxshi yashaydi, esi kirar-chiqar odamlar yaxshi yashaydi, tomi koʻchib ketgan odamlar yaxshi yashaydi. Boisi, bunday odamlarni koʻp narsalarga aqli yetmaydi, fahm-farosati yetmaydi. Dunyo shunaqa ekan, deya uzun-qisqa boʻlib yuraveradi.
– “Yulduzlar mangu yonadi” asaringiz Surxon polvonlari hayoti haqida. Asardagi bosh obrazlar – Boʻri polvon, Nasim polvonlarning prototipi hayotda bormi?
– Surxon polvonlari asarni oʻqib, asardan oʻzlarini topib edilar, asarda oʻzlarini koʻrib edilar. Necha-necha polvonlar meni bagʻriga bosib: “Yasha, uka, meni yozibsan”, deb edilar. Darhaqiqat, asardagi deyarli barcha polvonlarni hayotda oʻz prototipi bor edi. Oʻsha polvonlar hozir ham hayot. Qarilik gashtini surib yotibdi. Asarda oʻzim ham bor. Oʻzim ham baholi qudrat davralarda kurashib edim. “Yulduzlar mangu yonadi” asarim 1976 yili “Sharq yulduzi” jurnalida chop etilib edi. Asar, yilning eng yaxshi asari, deb tan olinib edi. Men oʻshanda 25 yashar bolakay edim. U vaqtlarda kurash, koʻpkarilarga yomon koʻz bilan qaralar edi. Oʻshanda Oʻzbekiston sport komiteti huzurida respublika kurash federatsiyasi tashkil etmoqchi boʻldilar. Ammo sport komitet rahbarlari ogʻrindilar. Sambo bor, boʻladi, dedilar. Hatto, yigʻilish oʻtkazish uchun… majlislar zalini ham ochib bermadilar. Keyin, kurash ahli sport komitet podvaliga tushdilar. Podvalda kichkinagina… bufet bor edi. Ana shu bufet polvonlarga liq toʻldi. Oʻzbekiston kurash federatsiyasi ana shu podvalda, ana shu… bufetda tashkil etildi!
Rahbariyat saylandi, prezidium saylandi. Federatsiya nizomi tasdiqlandi. Ana shunda professor Nazarov degan bir kishi meni joyimdan turgʻazib, shunday dedi:
“Oʻrtoqlar, kurash bilan koʻpkari soʻzlarini aytib boʻlmaydigan, hatto kurash federatsiyasi tashkil etish yigʻilishi uchun majlislar zali ochib berilmaydigan bir zamonda mana shu ukamiz oʻzbek kurashi haqida goʻzal bir asar yaratdi. Kelinglar, mana shu ukamiz uchun bir qarsak chalaylik!”. Hozirgina tugʻilgan kurash federatsiyasi ahli joyidan turib, men uchun qarsak chaldi. Men federatsiya ahliga qulluq qilib, tashqari chiqdim. Bir burchakka oʻtirib… hoʻng-hoʻng yigʻladim.
– Hurmatli adibimiz Said Ahmad bir kitobingizga yozgan soʻzboshisida: “Togʻay Murod adabiyotga tutab emas, yonib kirdi”, deb yozadi. Siz ushbu bahoni qanaqa qabul qildingiz?
– Men bu gapni Said Ahmadona mardlik va halollik, deb qabul qildim. Ayrim nopok adiblar asarlarimni oʻqib: “Qadam olishingiz yomon emas”, “Tengdoshlaringizdan kam emassiz”, “Anavi asaringizni bir oʻqisa boʻladi” qabilida sassiq gaplar qildi. Hatto: “Adabiyotga aralashib qolibsiz? Obbo, siz-yey”, deguvchi ichi qora adiblar ham boʻldi. Said Ahmad esa: “Togʻay Murod oʻzbek tilini kuylatdi, oʻzbek tilining jami jilvalarini oftobga solib koʻrsatdi”, deb yozdi. Har bir asarimni halollik bilan koʻz-koʻz etib ulugʻladi. Mukofotlar, unvonlar olishimda bosh-qosh boʻldi. Said Ahmad ana shu halolligi, ana shu mardligi uchun, mana, toʻqson yoshni qoralab borayapti.
– “Otamdan qolgan dalalar” romaningiz toʻrt seriyali kino boʻldi. Romanning ekran koʻrinishi sizga yoqdimi?
– Men romanni ekran uchun yo teatr uchun yaratmadim. Men romanni oʻzbek adabiyotini boyitish uchun yaratdim. Shu bois, asarlarim ekran yo teatrga qoʻyilishini juda yomon koʻraman. Mutlaqo qarshi boʻlaman. Ammo… bundan oʻn besh yillar muqaddam oʻzbek adabiyoti va sanʼati… nonkoʻrlik davrini boshdan kechirdi, muttahamlik davrini boshdan kechirdi. Betga choparlik, yuzsizlik, surbetlik davrini boshdan kechirdi. Oʻzbek adabiyoti va sanʼati algʻov-dalgʻov kunda qoldi. Oʻzbek madaniyatini yaratgan sanʼatkorlar bir burchakka tiqib tashlandi. Oʻzbek adabiyotini boyitgan adiblar bir chetga surib qoʻyildi. Ulkan adabiyot va sanʼat namoyandalari misoli… chiqitga chiqarib tashlandi. Bu – bir toʻda qayta quruvchi niqobi ostidagi guruhlar edi. Demokrat niqobi ostidagi toʻdalar edi. Vatanparvar niqobi ostidagi vatanfurushlar edi. Men ushbu davrni “Bu dunyoda oʻlib boʻlmaydi” romanimda toʻlaqonli tasvirlab berdim. Ana shunday burchakka tiqib tashlangan sanʼatkorlardan biri – kinorejissyor Shuhrat Abbosov edi. Oʻzbek kino sanʼatida toʻrtta manaman degan film boʻlsa, ana shuning uchtasini ana shu Shuhrat Abbosov yaratib edi. Bilasiz, “Mahallada duv-duv gap”, “Sen yetim emassan”, “Toshkent – non shahri”. Nahotki, ana shunday filmlar yaratgan sanʼatkor… chiqitga chiqarib qoʻyilsa? Biz ana shu filmlarni koʻrib oʻsdik-ku? Bir soʻz sanʼatkori sifatida meni ana shu tuygʻular qiynadi. Men Shuhrat Abbosov bilan tanish emas edim. Hatto, hayotda qoʻl berib koʻrishmagan edim. Ammo men soʻz sanʼatkori sifatida oʻz soʻzimni aytishim kerak edi. Oʻshanda “Otamdan qolgan dalalar” romanimni besh-oltita kinorejissyor kino qilmoqchi boʻldi. Men hammasiga rad javobini berdim. Kinokompaniya bosh muharriri telefon qilib, bir rejissyor bilan shartnoma tuzishga taklif etdi. Men bu rejissyorni-da rad etdim. Kinokompaniya raisi yana bir rejissyorni tavsiya etib, shartnoma tuzishga chaqirdi. Men bu rejissyorniyam rad etdim. Ana shunda kinokompaniya rahbarlari men bilan shartnoma tuzmasdan kino qilmoqchi boʻldi. Agar romanimni meni ixtiyorimsiz kino qilsalaring, sudga berib, jinoiy javobgarlikka tortaman, dedim. Senu menga borib qoldik. Unda, oʻz nomzodingizni ayting, deyishdi. Men Shuhrat Abbosov nomzodini aytdim. Hammasining peshonasi tirishib ketdi. Boisi… aynan ana shu zotlar Shuhrat Abbosovni bir chetga surib tashlab edilar. Men oʻz soʻzimda turdim. Ertasi kuni kinokompaniyaga borib, shartnoma tuzdim. Ana shunda Shuhrat Abbosov bilan umrimda ilk bor salom-alik qildim, qoʻl berib koʻrishdim. Meni maqsadim bitta edi – men bir burchakka tiqib qoʻyilgan oʻzbek kinosining tirik klassigi Shuhrat Abbosovni kinosanʼat arenasiga qayta olib chiqish edi.
– Hozir maktablarda darsliklar milliylashtirilmoq-da. Jumladan, adabiyot darsi ham. Shu haqdagi fikringiz?
– Maktablarda adabiyot darsi oʻqitishda suhbatimiz boshida men aytgan kutubxonachi Xadicha opa usulini qoʻllashlarini taklif etar edim. Dunyoga kelmish har bir bola individual shaxsdir. Individual shaxs esa, albatta, biror narsaga qiziqadi, biror sohaga moyillik beradi. Bola qaysi sohaga qiziqadi – bolani ana shu sohaga yoʻnaltirib yuborish kerak. Bola uchun ana shu sohaga keng yoʻl ochib berish kerak. Ana shunda bola biror-bir sohani mukammal biladi, ana shu soha boʻyicha biror narsa yarata oladi. Ammo maktablarda har bir boladan barcha fanlar boʻyicha “besh” baho talab qiladilar. Toʻgʻri, bola barcha fanlar boʻyicha “besh” olib oʻqiydi. Voyaga yetgach esa, biror-bir fanni mukammal bilmaydi. Biror soha boʻyicha yetuk boʻlib yetisholmaydi. Oqibat, dunyoga individual shaxs boʻlib kelgan bola voyaga yetib… umumiy odam boʻlib qoladi, koʻp qatori odam boʻlib qoladi, el qatori odam boʻlib qoladi. Yuqorida aytilgan kutubxonachi Xadicha opa usulida dars yo mashgʻulot tashkil etish kerak. Dars nomini badiiy mutolaa, deb atash kerak. Boisi, badiiy kitob bola koʻzini ochadi, bola ruhiyatini oʻstiradi, bolalik his-tuygʻularini tarbiyalaydi. Oqibat, bola xayollar ogʻushida boʻladi, orzular ogʻushida boʻladi. Bola romantik boʻlib oʻsadi. Romantizm esa hayotga chorlaydi, kelajakka chorlaydi. Romantizm yetilib, realizmga oʻsib oʻtadi. Qarabsizki, bola toʻlaqonli, real shaxs boʻlib yetiladi. Oʻgʻil-qizlarimiz maʼnaviy barkamol boʻlsin, desangiz – badiiy kitob oʻqiting. Oʻgʻil-qizlarimiz qalban boy boʻlsin, desangiz – badiiy kitob oʻqing.
Hulkar TOʻYMANOVA suhbatlashdi.
2003 yil
“Oila davrasida”dan olindi.
https://saviya.uz/hayot/suhbat/badiiy-mutolaa-inson-kozini-ochadi/