Badialar

KOʻChAGA QARAGAN GULLAR

 

Pardalarni tushiraman-da, koʻchaga otilaman, goʻyo najot koʻchadadek. Havo issiq, shabadaning yerga tushgisi yoʻq. Daraxtlarning ustki yaproqlarini ermakka oʻynaydi u.

Yoʻl boʻylab ketarkanman, ariqchada jimir-jimir oqayotgan suvga tikilaman. Yaxshiyamki, obihayot bor, tozalik bor. Shu payt qayoqdandir bolakay paydo boʻladi. “Odamzotning tozasi” deya xayolimdan oʻtkazaman, uning shabnamdek nigohiga qarab. U boʻlsa yonimga choʻk tushadi-da ariq labida boyagina koʻzim quvontirayotgan maysalarni birdan tortqilay boshlaydi. Yulib-yulib suvga otarkan, oʻz ishidan mast qiyqiradi. Lahza oʻtmay bir toʻp ayollarning ichidan biri chiqib oyogʻi ostidagi toshni jahl bilan suvga itqitadi-da, farzandining ishigamas qoʻlini kir qilganiga achchiqlanib, bolasini koʻtargancha yana gʻiybatga shoʻngʻiydi. Uf-f deyman, yoʻlimni burib, najot yoʻldadek.

Mahallamiz bogʻi nomi “Bobur”. Koʻpchilik nomini eshitganda bogʻni eslashadi, bogʻni aytganda Boburni emas. Biroq haykal qoʻlida oʻrogʻlik qogʻozi bilan olislardagi togʻlarga tikilaveradi-tikilaveradi, najot togʻlardadek. Pastda esa odamlar bola-chaqasi bilan pista chaqishadi, saqich chaynashadi. Baʼzilar shundayam zeriksa tosh haykalga rasm soladi. Haykal uni “eslab” turishi uchun. Ana, bittasi telefonini tinglayapti. Yigit boʻlsayam qizlardek ekan deyman oʻzimga. Har gapida suhbatdoshining qulogʻini chimdigandek archa barglarini chirt-chirt uzadi. Bu nimasi, shu ham ishmi? Uning oyoq kiyimimga bir qur nazar solgani-yu hiringlab, bukchayib qolguncha kulgani koʻz oʻngimda xira manzara boʻlib qoladi xolos.

Yoʻlda bozorga burilaman. Bu yerda dunyo bozorda-mi, bozor dunyoning ichidami anglash qiyin. Anglaganim, bu joyda toshbosar tuygʻular koʻp. Yolgʻon koʻzingizga qarab turib halollikni bosib ketaveradi. Vijdon-chi, u taroziga ishonadi, najot tarozidadek.

– Anorlar qanchadan? – soʻrayman sotuvchi kishidan.

– Yetti ming, sizga besh mingdan bervoraman, – deydi u yaltoqlanib.

Nari ketaman. Rastalar boʻylab kezarkanman, yaqin atrofni shovqin bosadi.

– Oʻgʻlimga kichkina tuxumdan berib yuboribsiz, uyalmaysizmi nevara-evarali xotin! – deydi ayol zorlanib.

Tuxumchi ham boʻsh kelmaydi.

– Har gal shunday qiladi, – deydi yonidagilar pichirlashib. Suron va uning tomoshabinlari koʻpaygan sari menda nimadir tugaydi. Chiqib ketarkanman, ortidan tanib qolaman uni. Tarozini egasiz qoldirib Vijdon ildamlab ketadi.

Qogʻoz xaltalarni tokchaga qoʻyib, bolakayning asta asliga qaytayotgan chehrasiga boqib koʻnglim ravshan tortadi.

– Bugun ancha tuzuk, – deyman chin dildan xalatli kishining koʻzlariga boqib. U esa qoʻllarimga qaraydi, najot qoʻldadek.

Qaytishda bogʻcha hovlisidan oʻtaman. Tarbiyachi opalar allaqanday yaltir-yultir haqida bir-biriga gap bermaydi. Hovlida qoʻlidagi supurgisi bilan xayolga choʻmgancha farrosh amaki kuymalanadi, najot xayoldadek. Uh tortaman. Muvozanat qani, deyman atrofga alanglab. Qizim esa qoʻlimdan tortqilayveradi: “Yuring oyi, hozir oʻrtoqlarim qoʻngʻizchani oʻldirib qoʻyishadi!”

Tunda unga yigʻlayman, najot yigʻidadek. U boʻlsa “Muvozanatni kim buzdi” deydi jiddiy boqib. Javob bera olmay uxlab qolaman.

Darvoqe pardalar. Shart turib ularni chetga suraman. Bu shashtimdan tokchadagi havorang gullar uygʻonib ketadi. Derazalarni keng ochib, ularni koʻchaga qaratib qoʻyaman. Yorugʻlik, tong otibdi. Yaxshiyam u bor, olamning ozodasi.

Kuzatar chogʻi “men…” deyman. U esa “Roʻmolchalarimni yuvib qoʻy, ertagacha kir qolmasin” deydi chiqib ketarkan.

 

QIZIL ChIROQ BAXTGA UNDAYDI

 

Tong. Boyagina yogʻib oʻtgan yomgʻirdan keyin atrof yanada yorishgan, ravshan tortgan.

Nam hidi taralgan ravon koʻchadan turnaqator boʻlib avtomashinalar ketmoqda.

Dam olib chiqqan odamlar yuz-koʻzida oʻzgacha shijoat seziladi, iloji boricha bir-biriga xushmuomala boʻlishga, tabassum ulashishga intiladi ular. Bu paytda vaqt shu qadar tigʻizki, transportlar bir-biriga yon beray demaydi. Goʻyo shu lahzada kimoʻzarga oʻynagandek, manzil tomon oshiqishadi. Ammo… shu payt birdan qizil chiroq yonadi-yu, koʻchadagilar bir dam tin olishadi.

Qizil chiroq – nafaqat avtoulovni, odamlarni ham bir zumga toʻxtatishga, yoʻldagi ixtiyorini bir muddat jilovlashga qodir u. Bir qaraganda, bu rang goʻyo kishi umrining, oʻtayotgan lahzalari qadrini bilishga chorlayotgandek, jimgina, faqat ishora bilan undayotgandek. Yoʻl chetida toʻxtab qolgan kishiga qizil chiroq bir dam xayol surishga, nimanidir yaxshilab oʻylab, toʻgʻri qaror qilishga imkon beradi, nazarimda.

Kuzatganmisiz, yoʻl belgilari oldida safdagi askarlardek tizilishgan mashinalar ham goʻyo shu rang oldida ildam odim tashlashga ojizdek, shu taxlit turib oʻylayotgandek, soniya yilga tatiyotgandek tuyuladi kishiga. Bunda ular borayotgan manzilning qanday tasodiflarga duch etishini, sogʻinchlarga yoʻgʻrilganligini, ortida qolayotgan yoʻlning esa qanday bosib oʻtilganligini mushohada qilayotgandek.

Olamda esa ranglar koʻp. Birgina kamalakning oʻzida yetti xil rang jilolanadi. Ular hayot atalmish buyuk neʼmatni rango-rang qilib koʻrsatish va yashash mohiyatini anglatishda bizga yengillik beradi chogʻi. Biroq qizil chiroq, baxt rangiga timsol boʻlgan holda, yoʻl boshidanoq yaxshilik va yaxshilarni sevishga, demak ezgulik sari qadam tashlashga sizni, bizni, hammamizni mudom undayveradi.

Birdan yashil chiroq yonadi-yu, xayol tugab, hayot boshlanadi. Endi yoʻlda oʻzingizni yaxshilar uchun ehtiyot qiling, yoʻlovchi…

 

HURLIK RAMZI

 

Mavj bilan otilayotgan, shoshiqib, oshiqib koʻkka intilayotgan favvora qilayotgan ishidan oʻzi mast boʻlib qiqirlab kulayotgan bolakayga oʻxshaydi. Qiziquvchanligi bilan hamma narsaga qoʻl choʻzgan murgʻak yangligʻ har bir harakatida begʻuborlik mujassam uning. Yuqoriga sachragan shaffof suvlari bilan kishi qalbini mudom hurlikka, dunyoning jami pokizaligini asrab-avaylashga chorlaydi goʻyo. U shu tobda erk va ozodlik sharafiga ovoz bergan insonga mengzansa, otilib, shasht bilan yuqoriga chiqayotgan suvlari bilan yaxshi kunda ichiga quvonchi sigʻmay, hayqirib yuborgan odamdek.

Qadrdon maskanga yaqinlashar ekanman, xayol kengliklaridan qaytaman, shunda onamning “Goʻzallikni koʻra ol, yoʻq boʻlsa izla, top” degan fikrlari qulogʻim ostida jaranglaydi.

 

TAYANCh NUQTASI

 

Issiq tafti pasaya boshlagan peshonasini ushlarkanman, deraza tomondan oqarib kelayotgan tongni ilgʻayman. Darchadan kirgan shabada bir zumda kechagi gʻurbatni oʻzi bilan qaygadir olib chiqib ketdimi, harqalay, endi yuragimning urishi bir oz sekinlashgan, koʻnglimga sokinlik va yorugʻlik enmoqda edi. Dilbandimning manglayiga yopishgan sochlari, qayrilma kipriklarida qotgan yosh tomchisi orom qoʻynidagi vujudiga hamohang ruhimga ham oroyish berar, shu tobda koʻnglimdan, onam qanday bardoshli ayol ekanlar, degan fikr kechardi. Bir kechada totgan sitamim, bedorligim volidamning butun umrlik tashvishlari oldida hech narsa emasligini tushuna boshlayman.

Qizimning uxlaganiga ishonch hosil qilib, yozuv stoli yoniga boraman. Unda oʻtgan kuni ish yuzasidan qoralagan narsalar, rejalarga bagʻishlab bitilgan allanimalar qalashib yotardi. Bular mening hayotimda qanchalik ahamiyatga ega? Roʻzgʻorimning shirin tashvishlari, farzandimning salomat boʻlishi oldida. Jamiyatda ayol qanchalik oʻzini kerak sanamasin, uyga kirganda yolgʻizlik uni yutib yuborsa eng yomoni shu. Uning-chun hayotda dadil odim tashlashi, har qanday musibat oldida oʻzini tutishi uchun ishongan hamrohi, duosini qilguvchisi, qolaversa hayot deb atalmish boʻstonga umid bilan qadagan niholi boʻlsa unga yana nima kerak? Shular emasmi axir uning bu dunyoda ushlab turgan tayanch nuqtasi… Boshqasi qanchalik koʻtarinki, jimjimador koʻrinmasin, bu burchdorlik yonida hech narsa emas.

Xayolimdan kechgan fikrlarni qogʻozga qoralarkanman, ortimdan juda mayin va orombaxsh ovoz eshitiladi. Ilkis qayrilaman. Qizim munchoq koʻzlarini ishqalagancha tabassum qiladi. Uni anchadan buyon bunday shodon koʻrmaganim uchun quvonib bagʻrimga bosaman. Shunda ona-bola derazaning ikkala tabaqasini baralla ochib yuboramiz va kuzgi tong nurlariga yoʻgʻrilgan yangi kun istiqboliga chiqamiz.

 

YOʻL

 

Bir qarasam, kimsasiz daraxtdekman. Soyada turib, pinhon tosh otadilar!

Daraxtga ham oson dema, bolam…

Duch kelsam, shodon qarshi oladilar. Oʻzlarini yondosh, doʻstdek tutib, olgʻa yursam, goʻrimga gʻisht qalaydilar!

Odam boʻlish oson dema, bolam…

Biroq, yashash kurash demak. Horsam, tolsam bosh qoʻyar yelkam, iqbol tilovchi duogoʻyim, ishonch bilan bu hayotga qadagan quvonchim-niholim bor!

Shunday ekan, onangga bu yoʻl qiyin dema, bolam!

 

Nargiza ASADOVA

 

“Yoshlik”, 2013 yil, 9-son

https://saviya.uz/ijod/adabiyotshunoslik/badialar/

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Старые
Новые Популярные
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x