Azlarov Turg‘un Rahmatovich

Tarjimai hol

Azlarov Turg‘un Rahmatovich 1953 yil 2 avgust kuni Toshkent shahrida tug‘ilgan. U 1975 yilda Toshkent Davlat Universiteti (hozirgi kunda O‘zbekiston Milliy Universiteti)ni tamomlagan. Matematika fani va shaxsiy kompyuterlarning matematik ta’minoti mutaxassisligi bo‘yicha ta’lim olgan. Fizika-matematika fanlari nomzodi, dotsent unvonini olgan.

Ish faoliyatini 1975 yilda O‘zbekiston Milliy Universiteti amaliy matematika va mexanika fakultetida o‘qituvchi sifatida boshlagan va 1988 yilgacha matematika, informatika fanlaridan talabalarga saboq bergan. 1988 yildan 1999 yilgacha Toshkent shahar Shayxontohur tumanidagi 40-sonli umumiy o‘rta ta’lim maktabining matematika va informatika fanlari o‘qituvchisi bo‘lib ishlagan.

1999 yildan 2002 yilgacha Toshkent Islom Universitetining informatika va tabiiy fanlar kafedrasi mudiri lavozimida faoliyat yuritgan. U, shuningdek, Xalq ta’limi vazirligi muassisligidagi “Xalq ta’limi” jurnalida 1992 yildan 2004 yilgacha va “Fizika, matematika va informatika” respublika ilmiy-metodik jurnalida 2000 yildan 2003 yilgacha tahrir hay’ati a’zosi bo‘lgan.

Turg‘un Rahmatovich Azlarov katta tajribaga ega, yuqori malakali, o‘qitishning zamonaviy usullarini qo‘llovchi, izlanuvchan, ijodkor o‘qituvchi. U informatika fanini chuqur o‘qitishga qaratilgan dastur va rejalar tuzgan bo‘lib, ular asosida respublika maktablarida 1988-1989 o‘quv yilidan informatikaga ixtisoslashgan sinflar, 1992-1993 o‘quv yilidan boshlab informatika fanini chuqur o‘rganuvchi litsey sinflari tashkil etilgan. T.Azlarov 1991 yilda Farg‘onada o‘tkazilgan respublika pedagoglari o‘qishlarida “Informatika va hisoblash texnikasi asoslari fanini o‘qitishning metodik tizimi”, 1-o‘ringa sazovor bo‘lgan. 1992 yilda o‘tkazilgan o‘quv ko‘rsatmali qurollari bo‘yicha respublika ko‘rigida hammualliflikda ishlagan “Elektron tekshiruvchi” dastur vositasi bilan qatnashib, 1-o‘ringa loyiq ko‘rilgan. Shu mavzuda 1995 yili Samarqandda o‘tkazilgan Respublika tanlovida “RS sirlari” dastur vositasi bilan qatnashib, g‘olib bo‘lgan. U 2002 yili “Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi”, “Xalq ta’limi vazirligi”, “Ustoz” Respublika jamg‘armasi tomonidan o‘tkazilgan “Yilning eng yaxshi darsligi va o‘quv adabiyoti muallifi” tanlovida g‘oliblikni qo‘lga kiritgan.

T.Azlarovning 90 dan ortiq ilmiy-metodik risolalari nashr qilingan.

Umumiy o‘rta ta’lim maktablarning 8-9 sinflari uchun nashr etilgan “Informatika” fani bo‘yicha Davlat ta’lim standartlari, dastur va darsliklarning mualliflaridan biridir. Ishlanmalari Respublikamizda ushbu fan bo‘yicha me’yoriy hujjatlardan biri bo‘lib xizmat qilib kelmoqda. Uning “Informatika va hisoblash texnikasi asoslaridan davlat ta’lim standarti va o‘quv dasturi”, “Informatika ta’limining tabaqalashgan mazmuni”, “Informatika va hisoblash texnikasi asoslarini o‘qitishning jahon tajribalari”, “Bank sinflarida informatika ta’limi”, “Informatika ta’limining tayanch mazmuni”, “Informatika va hisoblash texnikasi asoslaridan ta’lim standartlarini ishlab chiqish texnologiyasi” kabi ishlari informatika ta’lim tizimidagi fundamental izlanishlar sirasiga kiradi.

T.Azlarov tomonidan “Informatikadan olimpiada masalalarini yechish”, “Sbornik olimpiadnix zadach i uprajneniy po informatike”, “Informatika va hisoblash texnikasi asoslaridan olimpiada testlarini tuzish”, “Informatika va hisoblash texnikasi asoslari kursidagi murakkab masalalarni yechish”, “Informatika fanidan mashqlar to‘plami” kabi qator ilmiy asarlar chop etilgan.

T.Azlarov 1999 yili “Shuhrat” medali, 2006 yili “O‘zbekiston Respublikasi mustaqilligiga 15 yil” esdalik nishoni, 2008 yili “O‘zbekiston Respublikasi xalq o‘qituvchisi” faxriy unvoni, 2011 yili “O‘zbekiston Respublikasi mustaqilligining 20 yilligi” esdalik nishoni, 2013 yili “O‘zbekiston Qahramoni” oliy darajadagi unvoni, 2016 yili “O‘zbekiston Respublikasi mustaqilligining 25 yilligi” esdalik nishoni — davlat mukofotlariga sazovor bo‘lgan.

T.Azlarovning o‘qituvchilik sohasidagi unvonlari: “O‘zbekiston xalq maorifi a’lochisi” (1988y.), “Metodist-o‘qituvchi” (1989y.), “Novator-o‘qituvchi” (1991y.), “Ixtirochi-o‘qituvchi” (1992y.), “Xalq ta’limi fidoiysi” (1994y.). Bundan tashqari T.Azlarov O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi Vazirligining 9ta faxriy yorlig‘i bilan mukofotlangan.

T.Azlarovning aholi o‘rtasida olib borgan faoliyati samarasi natijasida 2014 yili dekabr oyida Toshkent shahar Xalq deputatlari Kengashi deputatligiga (46-“Kattabog‘” okrugidan) saylangan. Hozirda u Toshkent shahar Shayxontohur tumanidagi 40-umumiy o‘rta ta’lim maktabining matematika va informatika fanlari o‘qituvchisi bo‘lib ishlab kelmoqda.

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Старые
Новые Популярные
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x