Aylandingmi qizil gullarga

YASHAMOQ ZAVQI

 

Kokilidan zar sochilar tillosoch quyosh,

Toshlarga nurnaqsh chizguvchi, ey naqqosh quyosh.

 

Yomgʻirsoʻzin maysalarga yoʻllagan bulut,

Koʻkda turib maysa bilan kuylagan bulut.

 

Yalpizdan ham, rayhondan ham chaqqon lolalar,

Qaro yerdan olov boʻlib chiqqan lolalar.

 

Yigitlarga uchmoq ilmin bergan duldullar,

Lol bogʻlarning tilin ochgan biyron bulbullar.

 

Varrak bilan parvoz qilgan bola yuraklar,

Bagʻrin qushga vatan qilgan saxiy teraklar.

 

Tol shoxasin “Dilxiroj”ga oʻynatgan shamol,

Oshiqlar deb oqshom shamga aylangan hilol.

 

Beshik bilan teng tebrangan koʻzday koʻzmunchoq,

Momolardan meros qolgan qumgʻon, oʻt-oʻchoq…

 

Tiriklikning har suvrati, har bir nafasin

Jon ichiga solib olib hamma-hammasin,

 

Sevib-sevib, ishq ichida yashnagim kelar,

Yuz yosh, balki, undan koʻproq, yashagim kelar.

 

 

SEN YAXShILAR ONASI

Olimpiada chempionlarining onalariga

 

Sen onalar yaxshisi, yaxshilarning onasi,

Bugun sening kuningdir, tilagin tilagingni.

Sulton xotin boʻlding sen, oʻgʻlonning bahonasi,

Koʻhiqofdan boʻlsa-da, topaman keragingni.

 

Atirgul shoxasiga bogʻlab tillosimli tor

Qolgan barcha gullarga “Omon yor” kuylataymi?

Oqshomlarda osmonni poyingga toʻshab bir bor,

Yulduzlarni qizlardek dastalab oʻynataymi?

 

Shaʼningga tiklaymi yo Tojmahal misol qasr,

Xino sharbati bilan unga yozib gʻazallar.

Malika maqomiga munosibsan sen, axir,

Oldingdan oʻtaversin pariroʻylar, goʻzallar.

 

Jayhunni Sayhun bilan boshlab kelaymi Shoshga,

Tabarruk qilib bersang tekkizib barmoq uchin.

Suvdan qudrat oʻtarmish, senga oʻxshasak, koshki,

Qoʻling tekkan daryodan hovuch-hovuch suv ichib.

 

Or sabogʻin oʻqitar sening ona maktabing,

Shundan tahsil olmoqqa yugurgayman, shoshgayman.

Ustoz oʻtrusidagi eng sodiq shogird kabi

Har bir imo-ishorang bajo etmoqqa shayman.

 

Qadr topgan yurt qadrin oʻgʻling koʻtardi tugʻday,

Baland koʻtarilgan yurt beklikka qodir boʻlgay.

Yoʻlbarsyurak tugʻibsan, shunchaki farzand tugʻmay,

Ista, istaging uchun har oʻzbek Xizr boʻlgay.

 

 

BIRING ChINOR, BIRING GULMISAN…

 

Qizil gulni suyarding, ona,

Aylandingmi qizil gullarga.

Koʻrgim kelib ichlarim yonar,

“Qizim…” dermi borsam ularga…

 

Ota, qadrlarding terakni,

Terak boʻlib qayta koʻkarding.

Sogʻinch tilkalaydi yurakni,

Ayriliqni ogʻir koʻtardim.

 

Gulbarglarga labimni qoʻydim,

Gulxating – bu, menga yozding-da.

Ona, zorlik bagʻrimni oʻydi,

Yigʻlab turdim gulning ostinda.

 

Sensiz yillar oʻtmay oʻtgandek,

Bir soʻz degin, mayli, koyigin.

Yaktagingning barin oʻpgandek,

Ota, choʻkdim terak poyiga.

 

Hech narsadan kamim yoʻq goʻyo,

Boshimda uy: jonim salomat.

Dunyo ichra boʻshday bir dunyom,

Kunim, tunim, umrim omonat.

 

“Farzandlar bor”. Bu taskin yolgʻon,

Omon boʻlsin farzandlar, biroq.

Oʻgʻling otang boʻlmas hech qachon,

Qizing onang boʻlolmas sira.

 

Biring terak, biring gulmisan,

Ota-onang, koshki, oʻlmasa…

 

 

SAMO – MENING TILSIMIM

Nabiralarimga

 

Samo – mening tilsimim,

Solih esa tumorim.

Ikki-uch kun koʻrmasam

Tuta boshlar xumori.

 

Samo ertak “oʻqiydi”,

Gohi ertak “toʻqiydi”.

Bexos kitobin yirtsa,

Ukasini choʻqiydi.

 

Vijirlashib, chopishsa,

Tor uyimda bazm boʻlar.

Chala-yarim soʻzlari

Dilda butun nazm boʻlar.

 

Tugab qolsa ertaklar,

Zeriktirsa oʻyini,

“Ketamiz”ga tushishar,

Qoʻmsab qolib uyini.

 

Qiz bolaning bolasi

Bola ekan birovga.

Mehmon qushchalar kabi

Kelib-ketar birrovga.

 

Koʻngli osmonda boʻlsin,

Tulpor, duldul minishsin.

Men qattiq sogʻinsam ham,

Oʻz uyida tinishsin!

 

Qutlibeka RAHIMBOYEVA

 

“OʻzAS”dan olindi

https://saviya.uz/ijod/nazm/aylandingmi-qizil-gullarga/

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Старые
Новые Популярные
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x