Axsikentning uchar argʻumoqlari

Sankt-Peterburgning markazida, mavjlanib oqayotgan Niva daryosi sohilidagi xiyobonni kezish odamga oʻzgacha kayfiyat bagʻishlaydi.

Kamina shu odatga amal qilib katta suvlik boʻyidagi soʻlim manzillarni ortda qoldirib, Ermitajning muhtasham zallarini aylanib yuribman. Ermitajda dunyoning bor osori-atiqasi, ajoyibotlari jamlangan. Shulardan biriga sanʼat koshonasini sinchiklab kezish asnosida duch keldim. Bu Axsikentdan topilgan noyob gʻishtlardir. Ularning soni xiylagina koʻp ekan. Gʻishtlarki, pishiq va oʻta chidamli qilib tayyorlangan. Nazarimda, ularning qaddini na tabiat, na oradan kechgan yillar toʻfoni buka olgan. Bu qadimiy topilma yonidan bir zum boʻlsa-da, sayyohlar arimaydi. Ana oʻshanda qalbimni ajdodlarimizning shavkatli nomi bilan faxrlanish hissi chulgʻaydi. Buni ochiqcha sezgan boshqa millat vakillari menga havasu hayrat bilan qaraydi. Shu-shu ota-bobolarimizning aql-tafakkuri bilan II–III asrlarda tiklangan, jahon ahlini lol qoldirgan Axsikent qalʼasiga qiziqish battar olovlandi.

Axsikent qalʼasi. Uning shundoqqina yaqinidan pishqirib, oʻynoqlab azim Sirdaryo oqib oʻtadi. Suv boʻyi ham, qalʼa atrofi ham jarliklardan iborat. Bu gʻanimlarni qalʼaga yaqinlashtirmaslik uchun, ayniqsa, juda qoʻl kelgan. Shamol dimoqqa turfa xil giyohlarning muattar va xushboʻyini keltirib uradi. Qushlar chugʻur-chugʻuri zum ham tinmaydi. Aslida II-III asrda barpo etilgan qalʼa toʻrt yuz gektardan oshiq maydonni egallagan. Qalʼaga kiradigan beshta darvoza boʻlgan, devorning qalinligi besh yarim metrni tashkil etgan. Yer osti yoʻli qattiq qoʻriqlangan, suv sopol quvirlar yordamida togʻdan keltirilgan ekan.

Maʼlumotlarga koʻra, 1620 yildagi kuchli va dahshatli zilzila qalʼaning vayron boʻlishiga sabab boʻlgan. Shundan soʻng bu maskanda hech kim istiqomat qilmagan.

Bunday qaraganda mazkur qalʼaning taqdiri ham Dabusiya va Shohruhiya qalʼalari tarixiga oʻxshab ketadi. Negaki, har ikki qalʼa katta suvlik boʻyida, yaʼni daryoning shundoqqina yoqasida tiklangan. Qiziq, hayotda insonlar qismatiga qalʼalar kechmishi ham juda yaqin boʻlar ekan-da. Bundan hayratlanmay iloj yoʻq.

… Ana, Umarshayx Mirzo oʻgʻli kichkina Bobur Mirzo bilan oldinma-keyin kelyapti. Har ikkisining ham ostida afsonaviy Fargʻona argʻumogʻi. Ularni sal narida kuzatib kelayotgan suvoriylarning qoʻlida Axsikent zaminida mehr bilan tayyorlangan Damashq qilichlari yaltillab turibdi. Chindan ham oʻsha kezlari bu joyda ishlangan qilich va Fargʻona tulporlarining dovrugʻi olam aro yoyilgan edi.

Ota va oʻgʻilning maqsadi bir mahallar Temuriyzodalar sulolasining munosib davomchisi Mirzo Ulugʻbek xiyla vaqt boʻlgan, u hayrat va oʻzgacha hayajon ila sitoralarni kuzatgan Axsikent qalʼasini obdon tomosha qilish edi. Shundan keyin ham Umarshayx Mirzo oʻgʻli bilan bu joyda koʻp bor boʻldi. Hatto, Bobur oradan yillar oʻtib dunyoning eng katta va qudratli davlatlaridan biri – Hindistonga hukmron boʻlganida ham Axsikentni va bu zamin bilan bogʻliq uygʻoq xotiralarini aslo unutmadi. Tushlarida daryo sohillarini koʻrib chiqardi. Ota yurtidan kelgan karvonboshidan Axsikent manzaralarini qayta-qayta soʻrashdan sira erinmasdi. “Boburnomada” ham Axsikent manzarasi, Band soluv yoʻli yorqin boʻyoqlarda tasvirlanganidan ham Mirzo Boburning bu maskanga ishqi nechogʻli ekanini anglash qiyin emas.

Sollanib, shitob bilan oqayotgan daryo yaqinidagi (Namangan viloyatida) Axsikent qalʼasiga tegishli boʻlgan yer maydoni yetmish olti gektar ekani tarixiy manbaalarda aniqlangan. Uzoq vaqt eʼtiborsizlik va loqaydlik tufayli zavol topib yotgan bu manzil mahalliy va xorijiy sayyohlarning qadami arimaydigan, ularga olam-olam zavq ulashadigan tabarruk, qadimiy maskanga aylanib ulgurdi. Axir, ota-bobolaridan qolgan osori-atiqalarni, bitmas-tuganmas merosni asraydigan xalq aslo zavol topmagay.

 

Ulugʻbek AKTAMOV

 

od-press.uz

https://saviya.uz/hayot/nigoh/axsikentning-uchar-argumoqlari/

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Старые
Новые Популярные
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x