AXLOQ TUZATISH ISHLARI — OʻzRda jinoiy jazo turi. Mahkumni axloqan tuzatish — unda qonunga itoatkor xulq-atvorni, inson, jamiyat va mehnatga, jamiyat turmushi qoidalari hamda anʼanalariga hurmatni shakllantirishdan iborat. Axloq tuzatish ishlari ish hakining 10% dan 30% gacha miqdorini davlat daromadi hisobiga ushlab qolgan holda shaxsni mehnatga majburan jalb qilishdan iborat. Axloq tuzatish ishlari faqat asosiy jazo sifatida 6 oydan 3 yilgacha, jinoyat sodir etish paytida 18 yoshga toʻlmaganlarga nisbatan esa bir oydan bir yilgacha muddatga tayinlanadi. Bu jazo ijtimoiy xavfi katta boʻlmagan jinoyat sodir qilgan shaxslarga nisbatan, ularni jamiyatdan ajratmasdan ham tarbiyalash mumkin boʻlgan taqdirda tayinlanadi, pensiya yoshiga yetgan, mehnatga qobiliyatsiz shaxslarga, homilador yoki yosh bolasini boqish uchun taʼtidda boʻlgan ayollarga va harbiy xizmatchilarga nisbatan qoʻllanilmaydi (OʻzR JK, 46 – va 83-modda). Qonunda Axloq tuzatish ishlarining ikki turi nazarda tutilgan boʻlib, bular jazoni mahkumning oʻz ish joyida oʻtashdan yoki jazo ijrosini nazorat qiluvchi organlar belgilab beradigan boshqa joyda oʻtashdan iborat. Sud shaxsga Axloq tuzatish ishlarini tayinlaganda jazo turini hukmda koʻrsatadi. Jinoyat-ijroiya kodeksida Axloq tuzatish ishlarini ijro etish tartibi (26-modda), ichki ishlar organlarining jazolarni ijro etish inspeksiyasining nazorat ishlari (27-modda) belgilangan. Mahkum ishlaydigan korxona, muassasa, tashkilot maʼmuriyatiga ham hukmni ijro etish borasida qonun bilan tegishli majburiyatlar yuklatilgan (28-modda).
Подписаться
авторизуйтесь
0 комментариев
Старые