Xatirchi tumanida tugʻilganman. Ikki akam va singlim bor edi. Maktabga olti yoshimda bordim. Muallimlar hali kichkinasan, kelgusi yil kelasan, desalar rosa yigʻlaganman, ahvolimni koʻrib mayli, oʻqiyversin, deyishgan.
Har bir harf, kitob menga moʻjiza kabi tuyulardi. Sheʼrlarni jonu dilim bilan yod olardim. Otam mulla Bobomurodga yod olganlarimni aytib berardim. Otam balli qizim, deb meni ragʻbatlantirib turardilar.
– Dadajon, faqat aʼlo baholarga oʻqisam, meni oʻqishga qoʻyasizmi? – deb soʻrardim.
– Ha, qizim, Toshkentga oʻqishga borasan, katta doʻxtir boʻlasan, – derdilar.
Biz ilk ertaklarni sandal atrofida koʻsak chuvib, uzo-oq tunlarda dadamdan eshitganmiz. Oʻsha paytlarda har bir xonadonga dekabr oylarida hatto, qor, yomgʻir ostida hoʻl boʻlgan koʻsaklarni tashlab ketishardi. Ertalabgacha paxtasini chuvib qoʻyishimiz shart edi. Akalarim va men ertak eshitishga qiziqib, koʻsak chuvirdik. “Chor darvesh”ni ham ilk bor dadamdan eshitganmiz. Navoiy va Fuzuliy gʻazallarini ham aytib berardilar. Dadam Buxoro madrasasida tahsil koʻrgan, bilimdon kishi edi. Arab imlosida bitilgan koʻp kitoblari boʻlardi. Oʻsha paytlar u kitoblarning qadriga yetmagan ekanmiz.
Oʻn toʻrt yoshimda otam dunyodan oʻtdi. Hammamizga onajonim Fotima Qosimboy qizi va katta akam Murodulla bosh boʻlib qoldilar. Akam juda madaniyatli, oʻqimishli kishi edi. Avval oʻqituvchi, soʻngra rahbarlik ishlarida ishlagan. Maktabda bizga kimyodan dars bergan.
“Nega suvsiz sahrolarda ham tikan oʻsaveradi?” deya toʻsatdan savol berib qoldi bir kun muallim akam. Biz jim edik.
– Negaki, uning tomiri juda uzun boʻladi, suv izlab daryolar qadar ketaveradi. Buning nomini HAYOT UCHUN KURASH deydilar. Sizlar ham orzularingiz yoʻlida tinimsiz kurashdan erinmanglar, – deya oʻzi javob berdi akam.
Biz oʻquvchilar sehrlangan kabi jim oʻtirardik.
Har gal kurashlarga duch kelsam ham otam, ham akam, ham oʻqituvchim boʻlgan akajonimning shu gaplari yodimga tushadi.
Maktabda sheʼrlar yozib, tadbirlarda oʻqib berib, Xatirchi tumanidagi “Yangi hayot” gazetasida ilk sheʼrlarim chop etilib qolgan edi. Maktabni oltin medal bilan bitirdim. Oʻsha kunlarda enamdan, yangamdan tez-tez meni akam oʻqishga qoʻyarmikin, deb soʻrardim. Chuniki akajonim oʻqituvchilik maoshi bilan katta oilani tebratardi. Kichik akam Toshkentda talaba edi, uni ham oʻqitardi. Bizga hech qachon ovozlarini balandlatib gapirmas edilar. Shunday boʻlsa ham salobatlari bosib, choʻchib turardik. Maktabda ham barcha oʻquvchilar hurmat qilardi.
“Xosiyat hujjatlarini tayyorlasin, Toshkentga ketamiz”, – degan kunlari yuragimga olov tutashdi. Shirin orzularga gʻarq boʻlib tong qadar uyqum kelmadi. Mening yuragimni sezgan kabi koʻkda chaqmoqlar chaqdi.
Boshimni yuvdim, yangam sochlarimni maydalab oʻrib qoʻydi. Qattiqroq oʻrgin, u yoqda kim oʻrib qoʻyadi, dedi onajonim koʻzlari namlanib. Yangam bisotimizdagi yagona bir kiyimlik shtapeldan menga yangi kuylak tikib berdi. Akam talabalik paytida ishlatgan katta chamadonga kitoblar va koʻylakni joyladik. Yangam katta yoʻlgacha kuzatib chiqib, ortimdan yigʻlab qoldi…
Yoʻlda yurak yutib soʻradim:
– Aka, qaysi oʻqishga topshiraman?
– Toshkent Davlat Pedagogika institutining matematika fakultetiga.
– Adabiyotga emasmi?
– Isteʼdodi bor odam boshqa kasbda boʻlsa ham yoza oladi. Qishlogʻimizda matematika oʻqituvchilari kam.
Akamning soʻzi oilamizda hammamiz uchun qonun edi. Chindan avvalo isteʼdod zarur ekan. Talabalik baxtiga muyassar boʻldim. Institutning “Sovet pedagogi” degan gazetasida sheʼrim bosildi:
Yonib-yonib yashasam deyman,
Uchqun sochib, shuʼla taratsam.
Yonib qoʻngan uchqunlarimdan,
Oʻzga qalbda gulxan yaratsam.
Kul boʻlsam ham roziman keyin,
Faqat-faqat qola olsa bas.
Minglab otash, pok yuraklarda
Oʻzim yoqa olgan ehtiros…
Ikkinchi kursga oʻtib, oʻqishimni sirtqi boʻlimga koʻchirib, qishloqqa qaytdim. Oʻzim oʻqigan 14-maktabda boshlangʻich sinf oʻqituvchisi boʻlib ishlay boshlaganimda oʻn yetti yoshda edim. Mashqlarimni oʻquvchilarimga oʻqib berardim. Ular bilan qoʻshilib orzularga berilardim. Oʻsha ilk oʻquvchilarim bilan hamon bir-birimizni eslab yuramiz.
Bir kuni hamqishlogʻim, filologiya fanlari doktori, professor Toʻxtamurod Boboyev (goʻrlari nurga toʻlsin) Toshkentdan qishloqqa keldi. Qishloq ahli u kishi bilan faxrlanardi. Akam domlani mehmonga chaqirdi. Daftarimni domlaga koʻrsatsam maylimi, deb soʻradim akamdan. U kishi rozi boʻldi. Ketar chogʻlarini poylab darvozada turdim. Uyala-uyala salom berib, daftarimni qoʻllariga tutqazdim. Domla men bilan soʻrashdi, akam kulimsirab turardi. Men oʻqib koʻraman, dedi, domla. Xudoyjonim-ay, oʻqib koʻrib nima derkinlar deb yuragim dukkilab qolaverdim… Oradan bir necha kun oʻtib kolxoz idorasidan xabar keldi, domla qoʻngʻiroq qildilar, Toshkentga borar ekansiz deb. Uydan ruxsat tegib, uchiblar bordim. Domlani topib oldim. U kishi meni “Oʻqituvchilar gazetasi”ning muharriri Sh. Maqsudovga olib kirdi. Muharrir daftarimni oʻqib, yaxshi, gazetada chiqaramiz, suratga tushib, berib keting, dedilar.
Toʻxtamurod Boboyev Yozuvchilar uyushmasiga olib bordi. Normurod Narzullayev bilan kursdosh ekan. Ular maslahatlashib meni Oydin Hojiyeva bilan tanishtirdilar. Oydin opa mehr bilan kutib oldi, daftarimni olib qoldi. Tez orada “Guliston”, “Sharq yulduzi” jurnallarida, “Oʻqituvchilar gazetasi”da, “Oʻzbekiston madaniyati” gazetasida sheʼrlarim bosildi. Dunyolarga sigʻmay qoldim.
Birinchi toʻplamimga ham Oydin Hojiyeva muharrirlik qildi. Qachon Toshkentga kelsam, eng avvalo Oydin opanikiga kelib, ularning maslahatlarini oladigan boʻldim.
Yozuvchilar uyushmasi aʼzosi boʻlish uchun kamida ikkita toʻplam nashr qilinishi talab etilardi. Samarqandda uyushmaning koʻchma kotibiyati boʻldi. Men ham ariza topshirdim. Shoir, Oʻzbekiston Qahramoni Erkin Vohidov soʻz olib:
– Men suyib gul uzsam emasman jallod,
Men uzmagan gullar qilsinlar faryod,
– degan ikki satr sheʼri uchun Xosiyat Bobomurodovani uyushma aʼzoligiga qabul qilishlaringizni soʻrayman, deb taklif kiritdilar. Bu ishonch va mardlik oldida hayajonlanib qoldim.
Ustozlarimdan anglaganlarim, taqlid qilishga harakat qilganlarim: bagʻrikenglik, fidoyilik, maqsad yoʻlida qatʼiy harakat qilish va isteʼdodli yoshlardan yordamingni ayamaslikdir.
* * *
Shu paytgacha “Daryodan qatra”, “Qalb titrogʻi”, “Samarqandga maktublar”, “Men uzgan gullar”, “Murod qasri”, “Jonimning egasi”, “Vatan yagonadir”, “Toʻylar muborak” nomli sheʼriy toʻplamlarim, “Bola koʻtargan ayol” nomli drama, “Mehr”, “Hayqiriq” dostonlarim va “Qizilqum malikalari”, “Samarqand sanamlari”, “Qirq yigit qissasi”, “Sahrodagi jannat” nomli publitsistik kitoblarim nashrdan chiqdi. Ularning umumiy adadi yetmish ming.
* * *
Adabiyotsiz hayot – ertaklari yoʻq bolalik, orzulari yoʻq yoshlik – umidlari soʻngan keksalikdir. Qoʻshiqlari yoʻq zulumotdir. Oʻtmishi, buguni, kelajagi yoʻq tarixdir. Yovvoyi hayotdir. Inson kimligini anglamogʻi uchun albatta ADABIYOT KERAK!
* * *
Bozor adabiyoti adabiyot emas. Bugungi eng goʻzal quvonchlarimizni, iztiroblarimizni nafis shakllarda kelajakka yetkazib beradigan soʻz kerak deb oʻylayman. Qolganlari oʻz-oʻzidan yoʻqolsa kerak. Inson tanasini mahv etadigan, vahimaga toʻla bayonlar emas, inson ruhiga kuch bagʻishlaydigan asarlar kerak.
* * *
Ikki oʻgʻil, ikki qiz berdi yaratgan Egam. Keragini oldi. Men suygan gulni bagʻrimdan oldi. Bolalarimning hammasi adabiyotni tushunishadi, ammo turli kasb egalari. Nabiralarim mashq qilib turishadi. Ammo hali bu haqda gapirishga erta.
* * *
Butun umrimni parvona kabi SOʻZga urib, SOʻZ izlab oʻtkazibman. Quvonchlarimdan, gʻamlarimdan soʻz teribman. Bilmadim, men soʻzniki boʻldimmi, yo soʻz meniki boʻldimi? Xato qildimmi, toʻgʻri yoʻl tanladimmi…
Xosiyat BOBOMURODOVA
“Yoshlik”, 2012 yil, 3-son
https://saviya.uz/hayot/suhbat/avvalo-istedod-zarur/