Avval oʻzimizga boqaylik yoxud toʻylardagi isrofgarchilik nega kamaymayapti?

Olovni suv bilan oʻchirib boʻlmaydi. Shuning uchun uni asosan koʻpik va shunga oʻxshash narsalar bilan bartaraf etish mumkin. Suv tarkibidagi vodorod oʻtni oʻchirishga intilgani bilan undagi kislorod olovni battar alangalatadi.

Ayrim toʻy va marosimlardagi ortiqcha dabdaba va isrofgarchiliklar haqida toʻlib-toshib gapirayotganlarni koʻrsam, shu oddiygina hayotiy haqiqat xayolimga keladi. Bular haqida shuncha koʻp soʻzbozlik qildikki, oxir-oqibatda oʻzimiz ham endi nima qilishga boshimiz qotdi. Quruq gap bilan biron natijaga erisha olmasligimizga haliyam fahmimiz yetmayotgani baʼzan meni oʻylantiradi.

Oʻsha dabdababozlikni oynai jahonda keskin tanqid qilib gapirayotganlar shunday toʻylarga ham bosh-qosh boʻlib kelayotganini koʻrganda beixtiyor yoqa ushlaysiz. Ularning qaysi gapiga ishonishni bilmay boshingiz qotadi. Aslini olganda dabdabalar oddiy xalq uchun emas, ayrim kattakonlarning nazariga tushish uchun uyushtirilayotganday tuyuladi. Bunday toʻylarda mahalla oqsoqolidan boshlab, yana ancha kazo-kazolarni koʻrasiz. Ular toʻyda indamay qoʻl qovushtirib turishadi. Dabdabali toʻy muhokamalarida esa hech kimga gap bermay “toʻyni unday oʻtkazish kerak, bunday qilsak, yaxshi boʻladi”, deb soatlab bahslashishadi.

Oqsoqol, mahallaning obroʻli kishilari, gapiga hamma quloq soladigan nuroniylar toʻydan oldin qutlugʻ boʻlsinga kirganda marosimni ortiqcha isrofgarchiliklarsiz oʻtkazish haqida toʻy egalariga bir ogʻiz maslahat berishi mumkinmi? Mumkin, albatta. Lekin toʻy egasi: “bu mening toʻyim, qanday oʻtkazishni oʻzim bilaman”, desa, mahallaning kayvonilari unga qanday munosabat bildirishadi? El-yurt va mahalladoshlarining gapini bir tiyinga olmasdan, azaliy qadriyat va urf odatlarni oyoqosti qilgani uchun kayvonilar uning oʻziga ham shunga yarasha muomala qilishganida mahalla-koʻydan ajralib qolgan oʻzbilarmon balki bir kun kelib, oʻz xatosini tushunib yetarmidi?..

Qarindosh-urugʻ ichidagi kayvonilar ham xuddi shunday yoʻl tutib, marosimni oʻzaro bamaslahat, kelishilgan holda oʻtkazilishiga koʻmak bersa, orzu-havaslarga emas, baʼzan behuda chiranishlarga yoʻl berilmasa, nur ustiga nur boʻladi.

Baʼzi bir kishilar koʻp qatori shunday-shunday qilib toʻy bermasam, odamlar gapiradi, shuncha mol-dunyosi boʻla turib, ziqnalik qilibdi, deb gap qilishadi, degan xavotirdan choʻchishadi. Bu samimiy mulohaza emas. Axir, odamlarning gapi dabdabali marosimlar haqida ham tinmayapti-ku! Nega xalqning gapi ularga taʼsir qilib, muammomiz yengillashmayapti? Demak, behuda gap-soʻzlardan hech bir foyda yoʻqligini tan olishimiz kerak.

Biz oʻzimiz bilgan biron narsalarni boshqalarga aytib qildirish emas, avvalo shuni oʻzimiz bajarishimiz muhimligini esdan chiqarib qoʻyamiz. Mahallamizdagi boobroʻ kishilar, oqsoqol va faollar, kayvonilarning oʻzi qanday toʻy berayotganini el-yurt koʻrib, guvohi boʻlib turibdi-ku! Shundan keyin ular boshqa birovga toʻyingni sal ixchamroq qilaver, deb ayta oladimi? Agar aytsa, uning gapini birov eshitadimi?

Xatoni hamisha oʻzimizdan qidirishga oʻrganishimiz kerak. Ikki quda oʻzaro kelishib oʻtkazadigan toʻyda, albatta, isrofgarchilik boʻlishi zarur, deb bizga hech kim buyruq berayotgani yo majburlayotgani yoʻq. Faqat oʻzaro kelishuv asosida chiroyli oʻtkazishni uddasidan chiqa olsak, bas.

 

Saidqosim MIRVALIYEV

 

“Oila davrasida” gazetasidan olindi.

https://saviya.uz/hayot/nigoh/avval-ozimizga-boqaylik-yoxud-toylardagi-isrofgarchilik-nega-kamaymayapti/

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Старые
Новые Популярные
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x