Avlodlarga nima deymiz?

Eski koʻlyozmalarni varaqlab oʻtirib, dafʼatan shu soʻzlarga koʻzim tushdi: “Avlodlarga nima deymiz?” Ostida: “Fantastik qissa”… Bir varaq kogʻozda boshqa soʻz yoʻq edi.

Har bir qalamkashda shunaqa holatlar boʻladi. Yozilajak asarning dastlabki niyati xayolingizda paydo boʻladi, uzoq muddat oʻylab yurasiz. Hatto uning dastlabki sahifalarini qogʻozga ham tushirasiz. Ammo asar yozilmay qoladi. Buning sabablari koʻp. Tugʻilajak asar hali yetilmagan, yaʼni chidab boʻlmas zaruratga aylanmagan boʻlishi, siz aynan shu narsani qogʻozga tushirishga ikkilangan boʻlishingiz mumkin… Xullas, ish chala qoladiyu xayolingizning bir chekkasida uzoq vaqt “yashirinib” yotaveradi.

Endi oʻylab qarasam, bu qissani oʻn yilcha ilgari yozmoqchi boʻlganman-u, fantastika janrida tajribam yoʻqligi uchun asar qogʻozga tushmay qolgan ekan. Niyat esa (xomaki syujet) bunday boʻlgan. Oʻz sayyorasining hamma imkoniyatlaridan foydalanib boʻlgan odamlar boshqa bir sayyorani kashf etishadi. Jannatsimon bu joyda hamma narsa muhayyo. Yer-suv ham, hayvonotu nabotot ham. Odamlar tabiatga tagʻin hujum boshlaydilar. Yerlar oʻzlashtiriladi, daryolar boʻgʻiladi. Yer charchay boshlashi bilan kimyoviy dorilar tiqishtiriladi. Xullas, eng oson yoʻldan borib tabiatning suvini siqib ichish avjga chiqadi. Bora-bora yerlar kulga aylanadi, dengizlar quriydi. Oxir-oqibat bu oʻlkada ham shamol esmaydigan, yomgʻir yogʻmaydigan, qushlar uchmaydigan boʻlib qoladi. Bir vaqtlar gullab-yashnab yotgan joy qip-qizil sahroga aylanadi. Odamlar: “Bu joydan ham oladiganimizni olib boʻldik, endi boshqasini izlaymiz”, degan qarorga kelishadi. Shunda donoroq bir kishi oʻz ajdodlari koʻp yillardan beri qilib kelgan ishlari tabiatga xiyonat ekanini, shu fojialarni koʻrib turgan yoshlar oʻz otalarini kechirmasliklarini, mabodo boshqa sayyora kashf etilgudek boʻlsa ham, endi eski yoʻldan bormaslik kerakligini tushunadi. Kelajak avlod oldida maʼnaviy javobgarlikni his etadi.

Shunday qilib, bu asar qogʻozga tushmagan. Ammo shunga oʻxshash manzarani fantastikada emas, real hayotda bugun koʻrib turibmiz. Yillar davomida yerlar pala-partish oʻzlashtirildi, zaharli moddalar ayovsizlik bilan ishlatildi. Agar Orol dengizi ham halokatga uchrasa, oʻsha notanish sayyorada boʻlib oʻtgan ayanchli hodisalar Oʻrta Osiyoda roʻy bermaydi, deb hech kim kafolat bera olmaydi!..

Hozir Orolni asrab qolish muammosi ustida koʻp bahsli fikrlar aytilyapti. Men iqtisod, quruvchilik, miroblik, geografiya, gidrogeologiya, mineralogiya va yana talay “giya-giya” sohalaridan uzoqman. Orolni saqlab qolish uchun ishni nimadan boshlash kerak, qayerdan kanal qazish kerak: Sibir daryolaridanmi, Kaspiy dengizidanmi, agar kanal qurilmasa nima boʻladi, dengizni asrab qolishga qancha mablagʻ ketadi, bu mablagʻni qayerdan olamiz?.. degan koʻp savollarning birontasiga joʻyaliroq javob berolmayman. Orol masalasida aytilayotgan minglab taklif va tavsiyalarga aqalli bitta ham yangilik qoʻsholmayman. Men boshqa narsani aytmoqchiman. Yozuvchi sifatida oʻzimning aqlim ozmi-koʻpmi yetadigan masala yuzasidan – bu muammolarning maʼnaviy tomoniga oid fikrlarni aytgim keladi.

“Yozuvchi – xalq vijdoni”, deydilar. Bu shunchaki chiroyli ifoda uchun aytilgan gap emas. Ch. Aytmatov, A. Nurpeisov, T. Qaipbergenov singari mashhur adiblar dengizni asrab qolish uchun oʻz jamgʻarmalaridan birinchi boʻlib pul oʻtkazdilar. Shuning oʻzi ham yozuvchining xalq dardiga sherik ekanligini ifodalaydi. Shuning oʻzi ham maʼnaviyat degan tushunchaga borib taqaladi. Atoqli rus olimi, akademik Fyodorov bundan koʻp yillar ilgariyoq Orol dengizini ayanchli qismat kutayotganini, bu qismat bora-bora Oʻrta Osiyo mintaqasi hayotini xavf ostida qoldirishini kuyunib yozgan ekan. Bu ham maʼnaviyat belgisi!

Afsus, Sibir daryolarining arzimagan bir ulushini Orolga burish loyihasiga, birinchi boʻlib bizning hamkasblarimiz – yozuvchilar qarshi chiqdilar. Oʻzbekiston Fanlar akademiyasining vitse-prezidenti Erkin Yusupovning kuyunishi bejiz emas. “Sibir daryolarining bir qismini Oʻrta Osiyoga yuborish masalasini olib koʻraylik. Soʻnggi yillarda markaziy matbuot sahifalarida “Sibir daryolarini Oʻrta Osiyoga burish”, “Sibir daryolari suvini Oʻrta Osiyoga oqizish” degan vahimali gaplar koʻpayib ketdi. Ayrim kishilar vahimaga tushib, mamlakatning shimoliy hududlarida roʻy beradigan ekologik falokatlar haqida ayyuhannos sola boshladilar. Axir, masalaning mohiyati bunday emas-ku! Sibir – Oʻrta Osiyo kanali qurilganida bu kanaldan Ob daryosi yillik oqimining faqat olti foizigina yuborilishi haqida hech kim gapirmayapti” (“Doʻstlik – bebaho boyligimiz”. “Toshkent oqshomi” gazetasi, 1987 yil 5 noyabr.)

Orol koʻz oʻngimizda oʻlayotgani haqiqat-ku! Keling, birgalashib oʻylab koʻraylik. Dengiz nega halok boʻlyapti? Ochigʻini aytgan-da, paxta rejasi osmon baravar koʻtarilib ketgani, koʻplab yangi yerlar oʻzlashtirilgani, pala-partish omborlar qurilgani, daryolar boʻyida talay sanoat korxonalari bunyod etilgani olib keldi bu oqibatlarga!

Moskvalik olim, professor I. Stepanov kuyunchaklik bilan bunday deydi: “Bizning davlatimizdagi millatlar tabiatning umumiy resurslaridan birgalashib va samarali foydalanish uchun uyushmaganmidi? Axir, Sirdaryo va Amudaryo suvlarining katta qismi paxta plantatsiyalariga, mamlakatimizning paxta mustaqilligi uchun kurashga, togʻlardagi konlarda mavjud rudalarni ishlab chiqarishga, poʻlat eritishga sarflandi-ku! Mana shu odamlar, mana shu yer va suv ogʻir urush yillarida xalqni asrab qolishga xizmat qildi-ku!” (“Zvezda Vostoka” jurnali, 1987 yil 7-son).

Insoniyat aqlini tanibdiki, tabiat ishiga aralashadi. Uchib ketayotgan qushni ovlash ham, daryo yoki dengizdagi baliqni tutish ham, yerga ketmon urish ham – aslida tabiatga aralashish. Inson bolasi busiz yashay olmaydi. Ammo tabiatdan foydalanishning ham oʻz qonuniyati, oʻz maʼnaviyati bor. Ov mavsumi yilda bir marta boʻladi. Okeandagi baliqlar rejasiz tutilmaydi. Aql bilan qazilgan, asrlar mobaynida tabiat muvozanatining buzilishiga olib kelmagan sunʼiy daryolar ham, sunʼiy dengizlar ham oz emas. Afsus, bizda koʻp ishlar keyingi 20-30 yil mobaynida mavsumiy manfaatni koʻzlab qilindi.

Sovet hokimiyati yillarida Oʻzbekistonning oʻzida deyarli uch million gektar sugʻoriladigan yer oʻzlashtirildi.

1924 yilda Oʻzbekistonda 200 ming tonna paxta tayyorlangan boʻlsa, hozir bu raqam besh million tonnadan oshdi. Tarixchilar paxta mustaqilligi uchun kurash degan shior birinchi darajali masalaga aylangan davrlarni yaxshi bilishadi. Paxta mustaqilligi degani, mamlakatni shunchaki mato bilan taʼminlash degani emas edi. Bu – Sovet davlatini chet ellarga qaram qilib qoʻymaslik, ham iqtisodiy, ham maʼnaviy qudratini yuksaltirish demak edi. Biroq keyingi oʻn yilliklarda koʻp ishlarda pala-partishlik, kelajakni oʻylamasdan “tabiatga hujum qilish” avjiga chikdi. Aytaylik, tuz konining ustiga 8,3 milliard kubokilometrlik Tuyamoʻyin suv omborini qurish loyihasini chizganlar, shuni amalga oshirganlar, oxir-oqibat atrofdagi ulkan maydonning shoʻrlab ketishiga, qanchadan-qancha yaxshi yerlarning ishdan chiqishiga sababchi boʻlganlar nima uchun xalq oldida, jilla qursa, maʼnaviy javobgarlik hissini tuymaydi! Aql bovar qilmaydigan dalillar. Keyingi yigirma yil ichida Oʻzbekistonda har yili yuz ming gektar yangi yer oʻzlashtirilgan. Ayni paytda yiliga sakson ming gektar yaroqli yer yaroqsiz holga kelgan. Mutaxassislarning hisobiga koʻra, yerdan notoʻgʻri foydalanish tufayli sugʻoriladigan maydonlarning toʻrtdan bir qismi ishdan chiqqan. Davlat xazinasidan millionlab pul olib, yangi yerlar ochgan irrigatorlar nimaga bu yogʻini oʻylamagan?!

Melioratsiya va suv xoʻjaligi ministrligidagi ayrim shaxslar olimlar va yozuvchilar bilan suhbatda: “Orolga bir gramm ham suv bermaymiz, bizga bu dengizning keragi yoʻq”, deb baralla aytganda nimani oʻyladi ekan? Qachondan boshlab ularning dardi xalq dardidan ayri tushadigan boʻlib qoldi? Kresloga yopishib olish shunchalik boʻladimi?

Albatta, melioratorning vazifasi – yangi yer ochib, yangi kanal, yangi suv ombori qurish. U shuning uchun pul oladi. Lekin kelajakni oʻylamasdan bugungi huzur-halovatni, bugungi unvonni, bugungi shon-shuhratni bayroq qilib olish – “Jahonga oʻt ketsa-ketsin – olovida mening shoʻrvam pishsin”, degan vahshiyona qarashga oʻxshamaydimi?

Alam qiladigan joyi shundaki, oltmishinchi-yetmishinchi yillarda subʼyektivizm, volyuntarizm illatlari, ayniqsa, avjiga chiqdi. Tezroq planni oshirib bajara qolsam, tezroq orden ola qolsam, nom chiqara qolsam, degan niyat koʻplarning shioriga aylandi. Menga desa dengiz qurib-qaqshab ketmaydimi, men koʻproq paxta beraman. Menga desa yer kulga aylanib ketmaydimi, men dori solaveraman. Menga desa bolalar gʻirt savodsiz boʻlib qolmaydimi, men rejani birinchi boʻlib bajarib, mukofot olaman. Erta bilan ishim yoʻq, men bugunni bilaman. Mana, ularning shiori qanday edi! Bunday qarash kaltabin, chalasavod odamlardagina boʻlsa, hay mayli, desa boʻlar. Tuppa-tuzuk mutaxassislar ham dengiz qurishi tufayli yigirma ming kvadrat kilometr maydonda yangi sahro paydo boʻlganidan, Orolning suvsiz qolgan sathida oʻn milliard tonna tuz toʻplanib qolganidan, atrofdagi har gektar ekin maydoniga yiliga yetti yuz kilogramm tuz shamol bilan yopirilayotganidan hamon koʻz yumishga, “u yogʻi bir gap boʻlar”, deyishga urinyapti.

Tor manfaatdan kelib chiqib fikrlash odamni maydalashtirib koʻyadi. Biroq tagʻin bir kasallik borki, bu xastalik muqarrar tarzda maʼnaviy inqirozga olib boradi. Bu kasallikning nomi – qoʻrqoqlik. Koʻp yillar jamiyatimizda bu xastalik, tibbiy ibora bilan aytganda, surunkali tus oldi. Buning uchun odamlar ham, jamiyat ham aybdor emas edi. Buning uchun oʻttizinchi yillar oʻrtasida boshlanib, Stalin vafot etguncha davom etgan shaxsga sigʻinishning dahshatli oqibatlari aybdor. Hozir yoshi oltmishning nari-berisida boʻlgan odamlar bilan suhbatlanib koʻring. Oʻsha zamonlar haqida “uchlik” degan mudhish ibora haqida, “xalq dushmani” degan tamgʻaning dahshati, yarim kechasi uyidan olib chiqib ketilgan koʻyi qaytib kelmagan begunoh odamlar toʻgʻrisida haliyam ovozini pasaytirib gapirishadi.

Gruzin kinematograflarining “Tavba-tazarru” deb nomlangan ramziyatga toʻliq ajoyib filmi, A. Axmatovaning insoniy iztiroblarga toʻlib-toshgan, bundan ellik yil ilgari yozilgan “Marsiya” asari, A. Tvardovskiyning ayovsiz realizm ruhi bilan sugʻorilgan, bundan yigirma yil ilgari yaratilgan “Xotira huquqi” dostoni, nihoyat, A. Ribakovning Stalin shaxsiga sigʻinishning xalq boshiga solgan sanoqsiz kulfatlarini fosh etuvchi “Arbat bolalari” romani yaqindagina dunyo yuzini koʻrdi. Oʻsha asarlarda tasvirlangan voqealarni oʻz koʻzi bilan koʻrgan, hatto oʻz boshidan kechirgan odamlarda qanday shijoat boʻlsin?! Odam haqiqatni aytolmagan joyda qanday qilib maʼnaviy barkamollik namoyon boʻlsin?! Chala haqiqat chinakam haqiqat emas-ku!

Eng yomoni shundaki, koʻp yillar davomida “biz hammamiz ulkan ishning ijrochilarimiz, buyruq berildimi, bas, bajarishga majburmiz”, degan qarash qon-qonimizga singib ketdi.

Oqibat nima boʻlganini koʻrib turibmiz. Paxtadagi qoʻshib yozishlar rejaning oshib ketishiga, toʻgʻrirogʻi, rejaning oshib ketishi qoʻshib yozishlarga olib keldi! 80-yillar boshida gʻalati hodisalar boʻlgan edi. Biron xoʻjalikka borib qolsak, uchrashuv oxirida raykom sekretari yoki kolxoz raisi qiziq gap aytar edi: “Qarang, hurmatli kolxozchilar, xoʻjaligingizga sevimli yozuvchilarimiz tashrif buyurishdi. Keling, shu yozuvchilar hurmati uchun gektaridan tagʻin 2 sentnerdan qoʻshimcha paxta topshiramiz, deb majburiyat olamiz. Qani, bir qarsak boʻlsin!” Odamlar qarsak chalishardi… Qiziq, nega endi allaqanday yozuvchilarning mehmon boʻlib kelishi paxtakorga qoʻshimcha majburiyat yuklashi kerak? Uchrashuvdan keyin tipirchilab qolardim. Raykom sekretari yoki kolxoz raisiga yalinardim: “Qoʻying shu gaplarni, gektaridan qoʻshimcha 2 sentner paxta olish osonmi?!” Raykom yoki kolxoz raisi esa kulib, qoʻl siltar edi: “Parvo qilmang, bu ham bir ragʻbat-da!” Xoʻsh, bu “ragʻbat” “past”dan boʻldimi yoki “yuqori”danmi? Allaqanday yozuvchining tashrif buyurishi bilan qoʻshimcha majburiyat qabul qilish orasida nima aloqa borligini oddiy paxtakor bilmasdi-ku! “Ragʻbat” shu boʻldiki, minglab begunohlar hozir qamoqda yotibdi. Men hammadan koʻra, yemagan somsaga pul toʻlayotgan oʻsha “vintchalar”ga achinaman.

Bu ham yetmagandek, baʼzi markaziy gazetalarda “oʻzbek ishi” degan uydirma gap oʻrmalab qoldi. Goʻyo bu hangoma uchun butun oʻzbek xalqi aybdordek…

1982 yilning kech kuzi edi. Noyabrning oxirlari. Gʻafur Gʻulom nomidagi Adabiyot va sanʼat nashriyotida ishlardim. Jamoamiz Piskent rayoniga hasharga chiqqan. Uch kun avval qor yoqqan. Yerda tizza boʻyi qor, azamat paxtakorlar va shaharlik hasharchilar viloyat boʻyicha hamon kuniga kamida bir foizdan paxta “topshirib”, dalada javlon urib yotibdi. Xoʻjalikka jamoadan xabar olgani bordik. Dala ship-shiydam. Qordan boshqa narsa yoʻq. Hasharchilar shtabining boshligʻi – tuman ijroqoʻmi rahbari bizni qoshini chimirib kutib oldi. “Sizning jamoangiz tekinxoʻr, kolxoz nonini bekorga yeb yotibdi, paxta termaydi!” dedi. Men chidab turolmadim: “Qani oʻsha teradigan paxta?” Shunday deyishim bilan vakil yonib ketdi: “Bunaqa gapni faqat ashaddiy xalq dushmani aytadi!”

Rostini aytsam, etim jimirlab ketdi. 37-yillardagi, 50-yillardagi “xalq dushmani” degan sovuq ibora yana chiqib qoldimi? Axir, yoʻq paxta deb bu yerda minglab odamlarning ivirsib yurishi, kasal boʻlishi kolxoz uchun ham, shahar korxonasi uchun ham koni ziyon-ku?! Rost gapni aytib, xalq manfaatini himoya qilish “dushman”ligu yolgʻon plan uchun odamlarni laqillatish doʻstlikmi? Men bu gaplarni aytolmadim. Xoʻsh, bunday kayfiyat bor joyda qanaqa maʼnaviyat boʻlishi mumkin?

Paxta – qishloq xoʻjaligi ekinlari orasida eng ogʻir mehnat talab qiladigan, ayni paytda, eng qimmatbaho xomashyo sanaladi. Buni olimlar yaxshi biladilar. Paxta ilmidan uzoqroq odamlarga tushunarli boʻlishi uchun bir misol keltirishim mumkin. Bilasiz, asrimiz boshida Tunguskaga meteorit tushgan. (Olimlar, keyinchalik oʻsha narsa meteorit emas, juda katta qor massasi deyishadi. Mayli, hozir gap bunda emas). “Samoviy mehmonlar” tushgan joyda juda katta maydondagi oʻrmonlarni oʻt olgan. Qattiq zilzila boʻlgan. Yuz chaqirim naridagi asriy qaragʻaylar choʻrt uzilib ketgan. Oradan koʻp yillar oʻtgach, odamlar oʻsha joylarni borib tekshirib hayron boʻlishgan. “Vokrug sveta” jurnalining yozishiga qaraganda, “Tunguska fojiasi”dan keyin daraxtlar shiddat bilan oʻsa boshlagan. Mutaxassislar bu gʻayritabiiy holat ustida uzoq bosh qotirgach, bir narsani aniqlashgan. “Samoviy mehmon” kosmosdan Yerda uchramaydigan mikroelementlarni olib tushgan ekan. Olimlar oʻsha elementlarni laboratoriya usulida sintez qilishgan. Maʼlum boʻlishicha, bu moddalar har qanday oʻsimlikning unumdorligini ikki-uch hissagacha oshirib yuborar ekan. Muxbirlar: “Bunaqa minerallarni koʻplab ishlab chiqarsa boʻlmaydimi?” deb savol berishganida olimlar: “Boʻladi, ammo bunday oʻgʻit juda qimmatga tushadi, oʻzini oqlamaydi, mabodo xarajatini qoplasa ham, faqat ingichka tolali paxtada qoplaydi”, deb javob qilishgan.

Qimmati jihatidan oq paxta ham ingichka tolali paxtadan qolishmaydi. “Oq oltin” degan ibora bejiz aytilgan emas. Biz esa koʻp yillar paxtakorni “oltin qoʻllar” deb ogʻiz koʻpirtirdig-u, masalaning boshqa tomonini chetlab oʻtaverdik. Paxta haqida koʻp balandparvoz gaplarni gapirdig-u, paxtakorning oʻzini unutdik.

Keyingi yillarda xalq xoʻjaligining hamma sohalarida mehnat qiluvchilarning oʻrtacha ish haqi bir yarim-ikki hissa oshdi. Faqat paxtakor mehnatiga toʻlanadigan haq deyarli oʻzgarmay qoldi. Dehqon esa arzimagan maosh olib, bola-chaqalarini qanday qilib boqishni bilmay garangsib qoldi. Bunday paytda qanaqa maʼnaviyat boʻlishi mumkin?

Albatta, bu oʻrinda ayrimlar eʼtiroz bildirishi mumkin: “Paxtani judayam oltinga tenglashtirib qoʻydingiz, u siz aytganchalik qimmatli xomashyo emas”. U holda haqli savol tugʻiladi. Nega boʻlmasa qishli-qirovli kunlarda odamlarni toʻrtinchi nav paxtani ham yigʻib olishga daʼvat etamiz? Axir, bunaqa paxta oʻz tannarxini qoplash u yoqda tursin, xoʻjaliklarga koni ziyon-ku…

Professor K. Taksir “Pravda” gazetasining 1987 yil 28 iyul sonida eʼlon qilingan maqolasida yozadi: “Paxtaning zonal narxini qayta koʻrib chiqish masalasi – pishib yetilgan masala. Negaki, paxtaga toʻlanadigan haq eskirdi. Va u yoki bu sohadagi real sharoitga mos kelmay qoldi. Mehnatga haq toʻlashning rayonlashtirilgan koeffitsiyentlari ham oʻzgartishga muhtoj. Bularning hammasi SSSR Narx-navo davlat komiteti tomonidan, SSSR Mehnat davlat komiteti tomonidan zudlik bilan choralar koʻrishni taqozo etadi”.

Yozuvchilar, jumladan, rus yozuvchisi Vladimir Sokolov Oʻzbekiston dalalarida zaharli moddalar Ittifoq miqyosidan yigirma besh marta koʻp ishlatilayotgani, yer zaharga toʻyib ketgani, odamlar ogʻir xastalikka yoʻliqayotgani haqidagi masalani birinchi boʻlib koʻtardi.

Biz esa yaqin-yaqinlargacha kuzda kasalxonalar jigar xastaligi bilan ogʻrigan bemorlarga toʻlib ketishi, bu kasallik ayniqsa, bolalarga yomon taʼsir qilayotgani, doʻxtirlar esa kimyoviy moddadan zaharlangan odamga “zaharlandi” deb tashxis qoʻyolmasligi haqida gapira olmas edik.

Bir viloyatda antiqa “tashabbus” boshlanganini eshitganim bor. Bogʻcha bolalariga bir doʻppidan paxta terish majburiyatini yuklashibdi. “Axir bu zolimlik-ku, bogʻcha bolasi paxtada nima qiladi?” desam, iljayishgan edi. “Buning oti, muhtaram yozuvchimiz, mehnatga koʻnikma hosil qilish, deyiladi”, deyishdi. Biz yozuvchilar maktab bolalarining oylab paxta terishi haqida ham yoza olmasdik. Juda jurʼat qilsak, “Yuqori sinf oʻquvchilari qalb amriga boʻysunib, ota-onalariga koʻmaklashyapti”, deb qoʻya qolardik. Baʼzan markaziy matbuotda Oʻrta Osiyodan armiyaga chaqirilgan yigitchalarning nimjonligini, jigari, buyragi, oshqozoni xastaligini yozishadi. Nachora, odam oʻzi xohlab kasal boʻlmaydi. Bugun armiya safiga chaqirilayotgan yigitchalar dalalarga kimyoviy dorilar ayamasdan tiqishtirilgan xuddi oʻsha davrda – keyingi yigirma yil orasida tugʻilib oʻsgan bolalar. Koʻpincha qishloq bolasi rus tilini yaxshi bilmaydi, deb shikoyat qilamiz. Avval soʻrab koʻring, qishloq maktabini bitirib oliy oʻquv yurtiga kelgan bola ona tilida yozgan inshoda nechta xato qilarkin? Oʻttiztami, elliktami? Biz buning sabablarini bilar edik, ammo ularni ayta olmasdik. Shu gaplarni aytmagan, ayta olmagan yoki aytishi mumkin boʻlmagan sharoitda qanday maʼnaviyat boʻlsin?

Bundan koʻp yillar ilgari Oʻzbekiston Fanlar akademiyasida buyuk adib Abdulla Qodiriy ijodiga bagʻishlangan majlis boʻlgan edi. Oʻsha majlisda boshqa bir ustoz adibimiz Abdulla Qahhor juda obrazli misol keltirgan edi. Emishki, qadim zamonda bir filchani tutib olib, zanjir bilan qoziqqa bogʻlab qoʻyishibdi. Fil qirq yil qoziq atrofida aylanibdi. Oxiri oʻsha zanjir chirib, uzilib ketibdi. Fil jonivor boʻlsa, hamon qoziq atrofida aylanarmish…

Taassufki, hamon eskicha fikrlash, hamon eski qoziq atrofida aylanish psixologiyasi kuchli. Aytaylik, bir rus adibi Baykal koʻlining taqdiri uchun jon kuydirib maqolalar yozsa, uni toʻgʻri tushunamiz. Haqli ravishda ijodini ham, jasoratini ham qadrlab, qahramon darajasiga koʻtaramiz. Oʻzbek yozuvchisi “Orol oʻlyapti, yerlarimiz ishdan chiqyapti, ertaga nima boʻladi?” desa, “Qoʻy, mahalliy manfaatni oʻylash yaxshi emas”, deb aql oʻrgatuvchi korchalonlar paydo boʻladi.

Orol fojiasining “mahalliy manfaat”ga nima daxli bor? Axir bu butun mamlakat miqyosidagi muammo-ku. U yogʻini soʻrasangiz, mutaxassislar Hindikush togʻlariga yogʻadigan qor ham bir chekkasi Orol ustida roʻy beradigan bugʻlanishlarga bogʻliq ekanini aytyapti.

Ha, koʻp yillar biz rost gapni aytish oʻrniga, “yoqadigan” gaplarni doston qildik. Maqsadga eng qisqa, eng oson yoʻldan borishni oʻrgandik. Holbuki, eng oson yoʻl har doim ham eng toʻgʻri yoʻl boʻlavermaydi. Pala-partish omborlar qurdig-u, irrigatsiya va melioratsiya tizimlarini takomillashtirmadik. Koʻproq yangi yer ochamiz dedig-u, yalpi hosilni koʻpaytirish payida boʻldig-u, eski, ishga yaroqli yerlarni shoʻrlantirib yubordik. Oshirilgan reja, qoʻshimcha reja, muqobil reja degan narsalarni oʻylab topdig-u, qoʻshib yozish xastaligiga duchor boʻldik. Almashlab ekish oʻrniga yerga zahar tiqishtirdik. Rejani tezroq bajaramiz deb bolalarimizni chalasavod qilib qoʻydik. Bu – paxta yakkahokimligining achchiq mevalari edi. Toʻgʻri, paxta strategik ahamiyatga ega boʻlgan juda kerakli oʻsimlik. Ammo faqat paxta uchun maydonlarni kengaytirib, bogʻlardan, yaylovlardan ayrildik. Paxta yakkahokimligi avj olmasidan ilgari respublikamiz maydonining oʻn besh foizi oʻrmonlar, bogʻ-rogʻlar boʻlgan. Hozir bu raqam uch foizga, sugʻoriladigan yerlarda esa bir foizga tushib qoldi. Hatto asosiy maydoni qumlikdan iborat boʻlgan qardosh Turkmanistonda ham bogʻlar bizning respublikamizga nisbatan koʻproq – oʻn toʻrt foiz ekan. Oxir-oqibat shu darajaga yetdiki, Sibirdagi doʻkonda shaftolining kilosi uch soʻm, Toshkent bozorida besh soʻmga chiqdi.

Paxtakor tumanlardagi dehqon bitta qovun yoki ikki kilo olma uchun tuman markaziga boradi. Bu qanaqa teskari haqiqat? Ustiga-ustak, katta-kichik minbarlardan “Oʻzbekistonni qachongacha goʻsht, sut, kartoshka bilan boshqalar taʼminlaydi?” degan taʼnalarni eshitib qolamiz. Odamlarning derazasi tagigacha paxta ekib tashlangan boʻlsa, nima qilish kerak? Artezian qazib yaylovlargacha quritib yuborgan boʻlsak, goʻsht-yogʻni, sutni qayerdan olaylik?! Imkoniyat yaratilsa, Oʻzbekiston bugʻdoy, chorva, meva, poliz mahsulotlari bilan butun mamlakatni taʼminlashga qodir. Ammo karamni paxtazor ichiga ekib boʻlmaydi-ku. Paxtazor oʻrtasida oʻrik yoki yongʻoq oʻstirib boʻlmaydi-ku!

V. Sokolov “Literaturnaya gazeta”ning 1987 yil 18 noyabr sonida bosilgan “Orol qismati” maqolasida kuyunchaklik bilan shunday dalillarni keltiradi. Iqtisodchilar taklifi: “Kelgusida (15-20 yil) respublika oʻsib borayotgan aholisini goʻsht, sut, kartoshka, sabzavot, meva-cheva, uzum bilan (umumittifoq fondiga tushadigan qismini ham hisoblaganda) taʼminlay olishi, qishloq xoʻjalik yalpi mahsulotini boshqa har qanday variantdagidan koʻra 2-2,3 milliard soʻmlik koʻp ishlab chiqarishi mumkin, biroq buning uchun u bor-yoʻgʻi bir million tonna paxta xomashyosi tayyorlashi kerak”.

Bugungi kunda paxta degan qimmatbaho xomashyoga jahondagi oʻttiz mamlakat koʻz tikib turibdi. Ular tolani valyuta – sof oltinga sotib oladi. Koʻp davlatlarda yuzlab korxona paxta bilan ishlaydi.

Oʻzbekiston Fanlar akademiyasi ishlab chiqarish kuchlarini oʻrganish kengashining raisi, akademik S. Ziyodullayev keltirgan dalillar respublikamiz dehqonlari, ayniqsa, paxtakorning mehnati butun mamlakat miqyosida chuqur maʼnoga ega ekanini yana bir bor tasdiqlaydi. Hozir Oʻzbekistonda yetishtirilayotgan paxta tolasining deyarli toʻqson foizi umumittifoq uchun, qolaversa, eksport uchun ishlatiladi. Bu degani milliondan ortiq odam, ikki million gektar sugʻoriladigan maydon, oʻttiz kubo-kilometr suv umumittifoq manfaati uchun, bir qismi eksport uchun xizmat qiladi.

Afsuski, paxtakor mehnati nima ekanini hamma ham yaxshi bilavermaydi. Buning uchun biz ijodkorlar ham aybdormiz. Goʻyo oʻzbek dehqoni itining tuvagi oltindan boʻlib ketgandek, “oq oltinni oltin qoʻllar yaratadi” (umrida bir kilo paxta terib koʻrmagan, lekin negadir “Oʻzbek paxtakorlarining otasi” degan unvon olgan Brejnevdan chiqqan gap!) qabilida balandparvoz ocherklar yozgan yozuvchilar aybdor. Paxta terish deganda atlas koʻylakli qizlarning ashula aytib, dalada kezib yurishini namoyish qilgan televizorchilar aybdor. Oʻzbek deganda nuqul nos chekadigan, eshak minib yuradigan chollarniyu soya-salqin choyxonada yonboshlab, bedananing pit-pildigʻi ostida palovni urayotgan qingʻir-qiyshiq odamlarni “milliy kolorit” deb tasvirlagan vijdonsiz kinochilar aybdor!

V. Sokolov oʻz maqolasida bunday deydi: “Oʻrta Osiyoni badavlat oʻzbeklar (tojiklar, turkmanlar, qirgʻizlar) palovu qovun yeb “oq oltin” tufayli boylik orttirayotgan subtropik jannat hisoblash oʻta noinsoniylikdir”.

Bu adolatli gaplarga yana nimani qoʻshish mumkin? Taassufki, Sibirgami, Uzoq Sharqqami borsangiz, oʻzbek deganda bozorda uzum sotadigan chayqovchini tushunadiganlar bor. Oʻzbek dehqonining mehnati ayrim kaltafahmlar oʻylaganchalik oson emas. Terimchi bir kilo paxta terishi uchun ikki yuz ellik chanoqqa qoʻl yuborishi lozimligini, bir kunda yuz kilo paxta teradigan odam gʻoʻza ustiga yigirma besh ming marta taʼzim qilishini hammayam bilavermaydi.

Modomiki, Sibir daryolarining suvi kelmas ekan (koʻp yillar shunga umid qilingan, hatto omborlar qurilishida ham shimoldan suv kelishi hisobga olingan), modomiki, Kaspiydan Orolga kanal qazish rejasi mavhum ekan, Sokolov yozganidek, paxta maydonlarini ekologik fojiaga olib kelmaydigan darajada qisqartirish, daryo suvlarining bir qismini Orolga tashlash, almashlab ekishni, deqqonchilikning boshqa turlarini kengroq yoyish kerak boʻlar.

Takror aytaman, men mutaxassis emasman, nima qilsa yaxshi boʻlishini isbotlashga ojizman. Ammo yaqin 20-25 yil ichida roʻy berishi muqarrar boʻlgan fojiadan koʻz yumish ham mumkin emas.

Bugundanoq jiddiy bosh qotirish kerak boʻlgan yana bir masala. Respublikamiz aholisi oʻsib boryapti. 1913 yilda hozirgi Oʻzbekiston hududida 4,3 million kishi yashagan boʻlsa, hozir 19 million jon istiqomat qiladi. Bu oʻrinda aholi tabiiy oʻsishini ham, boshqa mintaqalardan kelayotganlar va ularning oilasini ham qoʻshib hisoblash kerak. Afsuski, eng toʻgʻri yoʻldan emas, eng qisqa yoʻldan borish psixologiyasi hamon unutilgani yoʻq. Orol oʻlsa oʻlaversin, degan mudhish qarashdagi “olimlar” bugun yanayam antiqaroq gap aytishyapti.

Emishki, Orol havzasi atrofidagi hududlar qum ostida qolsa, eng oson yoʻli bor ekan. Shu atrofda yashayotgan yuz minglab aholini Sharqiy Sibirga koʻchirsa, olam guliston emish. Mohiyat eʼtibori bilan bu gapda mantiq yoʻq. Shu boisdan bunaqa “nazariyalar” hozircha shunchaki taklif tarzda aytilayotgan ekan, unga hozirdanoq nuqta qoʻyish kerak. Birinchidan, gap odamlarni koʻchirish-koʻchirmaslik ustida emas, dengizni saqlab qolish haqida borishi shart. Ikkinchidan, yuz minglab odamlarni ota yurtidan koʻchirishning psixologik jihatini esdan chiqarmaslik kerak. Qolaversa, koʻplab odamlarni bir joydan ikkinchi joyga olib borishdagi xarajatlar, oʻsha yerni oʻzlashtirishdan keladigan foydaning shubhaliligi nazardan qochmasligi kerak. Tibbiyot xodimlari aytadigan “adaptatsiya” – moslashuv degan tushuncha ham bor. Bunday ishlarni ogʻizning bir chekkasi bilan hal qilib boʻlmaydi. Sharqiy Sibirning tabiiy sharoiti Oʻrta Osiyo yerlarinikidan yaxshi emasdir, axir?! Shunga ketadigan mablagʻ Orolni saqlashga yetib ortib qolsa, ajab emas.

Professor K. Taksirning maqolasiga murojaat qilaylik. “Iqtisodchilar Oʻrta Osiyoda odamlarga ish joyi yaratish uchun ketadigan mablagʻ mamlakatimizning boshqa joylaridagiga nisbatan ancha kam boʻlishini aytmoqdalar. Har bir odam hisobiga kompleks yashash sharoitini yaratish uchun bu yerda 1200 soʻm mablagʻ kifoya. Bu esa Gʻarbiy va Sharqiy Sibir hududlaridagiga nisbatan uch hissa arzon, demaqdir. Yana qanaqa dalil kerak?”

Bu oʻrinda yana bir dalildan koʻz yumish ham yengiltaklik boʻlur edi. Respublikamizda aholi zich yashaydi (Orol dengizi atrofidagi roʻy berishi mumkin boʻlgan vaziyatni hisobga olmagan taqdirda ham). Masalan, Andijon faqat mamlakatimizda emas, jahon boʻyicha aholi eng zich joylashgan viloyatlardan sanaladi. Hozirning oʻzida Oʻrta Osiyoda mehnatga layoqatli odamlarning beshdan bir qismini ish bilan taʼminlash muammosi koʻpchilikning boshini qotiryapti.

V. Sokolov “Orol qismati” maqolasida bu muammoni hal etishning eng oqilona yoʻli haqida toʻxtalib oʻtadi: “Bizda koʻp narsa qayta koʻrishga muhtoj. Shu jumladan, Oʻrta Osiyoga mamlakatning texnik va suvsevar ekinlarini yetishtirish peshonasiga yozilgan agrar mintaqaday qarashni ham qayta koʻrish kerak… Nafaqat paxta maydoni, balki mamlakat ustaxonasi – Oʻzbekiston uchun munosib kelajak mana shu”.

Dono gap. Orol dengizini, demakki, butun Oʻrta Osiyoni ekologik halokatdan saqlab qolish, ikkinchi tomondan esa koʻpayib ketayotgan odamlarni ish bilan taʼminlashning yoʻli bitta: sanoat korxonalari qurish kerak. Korxona boʻlganda ham, ortiqcha suv talab kilmaydigan, havoni buzmaydigan, aholini ish bilan taʼminlaydigan, eng muhimi, xaridorgir mahsulotlar ishlab chiqaradigan korxonalar yaratish lozim. Noxush boʻlsa ham, bir dalilni aytishga toʻgʻri keladi. Turgʻunlik yillarida Oʻzbekistonda kimyo korxonalari koʻpayib ketdi. Ular orasida mamlakatning boshqa hududlari qatʼiy rad etgan zavodlar ham bor. Yana qizigʻi shundaki, bunday ekologik zararli korxonalar aynan katta shaharlarning oʻzida yoki biqinida qurilgan. Allaqayerdan xomashyo keltirib, Oʻzbekistonda kimyoviy mahsulotlar ishlagandan koʻra, shu yerdagi xomashyo hisobiga boshqa mahsulot ishlab chiqarish har tomonlama foydali emasmi?

Nima uchun oʻzimizda ming mashaqqat bilan yetishtiriladigan paxta tolasidan oʻzimiz eng zamonaviy kiyimlar tikmaymiz? Nega fotoplyonka, kord ishlab chiqarmaymiz? Boshqa yerlarda chiqarilayotgan tikuv mashinalari, kiryuvgichlar, boringki, avtomobil ishlab chiqarishga bizning aqlimiz yetmaydimi? Oʻzbekiston oʻz mahsuloti – paxtaning toʻqson toʻrt foizini xomashyo sifatida arzonga sotsa, undan olinadigan soʻnggi mahsulotga nisbatan yuz karra kam haq olaveradi. Deyarli suv tekin!

Bundan xomashyo va oʻsha xomashyodan olinadigan oxirgi mahsulot, yaʼni odamlarga sotiladigan tayyor narsaning tannarxi va real foyda masalasida oʻylab koʻrish kerak boʻlgan katta muammolar kelib chiqadi. Oʻzbekistonda koʻplab shirin-shakar mevalar yetishtirish mumkin. Xoʻsh, tonnalab mevalarni boshqa joyga nisbatan arzon bahoda sotgandan koʻra (meva egasiga yetib borguncha baribir sifati buziladi, natijada yana oʻsha mevani yetishtirgan xoʻjalik ziyon koʻradi), oʻshandan bir qismini marmelad, kompot, konserva, konfet qilib sotish mumkinmi? Shunaqa mahsulotlarni mamlakatimizga, hatto chet ellarga sotsak, birov qoʻlimizni ushlab turmaydi-ku. Odamlar ham ish bilan taʼminlanadi-ku. Yoki pillani oʻzimiz yetishtiramiz, qorakoʻl oʻzimizda koʻp, shunday ekan, nima uchun aʼlo darajali, bichimi bejirim qorakoʻl paltolari, shohi matodan tikiladigan kiyimlarni oʻzimizda ishlab chiqarish mumkin emas?

Nihoyat, yana bir masala. Paxta va undan olinadigan, toʻgʻrirogʻi, paxtadan ishlab chiqariladigan mahsulotlar masalasi. Uzr, ezmalik boʻlsa ham, baʼzi raqamlarni keltirishga toʻgʻri keladi. Bir tonna xom paxtadan 340 kilogrammgacha tola, 580 kilogrammgacha chigit olinadi, 580 kilogramm chigitdan 112 kilogramm yogʻ, 10 kilogramm sovun, 270 kilo kunjara, 170 kilo sheluxa, 8 kilo lint, plastmassa, porox, linoleum, kinoplyonka, fotoplyonka, kort, nitroglitsirin, boʻyoq materiallari chiqadi. Mayli, chigitga oid boʻlgan yogʻ, sovun, lint va boshqalarni gapirmay koʻyaqolaylik-da, tola masalasini oʻylab koʻraylik. (Holbuki, tagʻin bir narsani aytmaslik, baribir noinsoflik boʻladi. SSSRda ishlab chiqariladigan barcha oʻsimlik yogʻining 25 foizi – rosa toʻrtdan bir qismi oʻzbek paxtasining chigitidan olinadi!) Hisobimizni soddalashtirish uchun tonnani kilogrammga aylantirib koʻyaqolaylik. Bir tonna paxtadan 340 kilo tola olinsa, 340 kilo toladan 35000 kvadrat metr gazlama ishlansa, demak, bir kilo toladan 340 gramm tola, shuncha toladan 3,5 kvadrat metr gazlama ishlab chiqariladi. Aytaylik, bir zavod bir kilo paxtadan 340 gramm tola oldi, boshqa bir fabrika shuncha toladan 3,5 kvadrat metr gazlama ishladi, tagʻin bir fabrika shuncha gazlamadan erkaklarning ikki koʻylagini ishlab chiqardi. Sifatli, chiroyli tikilgan ikkita koʻylak oʻrtacha 40 soʻm turadi. Bir kilo xom paxtaning xarid narxi-chi? Oʻrtacha 60 tiyin. Mayli, bir kilo paxtadan tola ajratib olish, ip yigirish, mato toʻqish, boʻyash, nihoyat, koʻylak holiga keltirish uchun odamlar mehnatiga toʻlanadigan haq, energiya, stanoklar, moylar, transport, yana boshqa narsalar uchun ketadigan mablagʻ 20 soʻm boʻlsin, boringki, 30 soʻm boʻlsin. Qoladigan naqd foyda 10 soʻm boʻlaqolsin. Lekin baribir 60 tiyin bilan 10 soʻm oʻrtasida katta farq bor (chigit va undan ishlanadigan mahsulotlarni bu hisobga kiritmadik. Paxta tolasi faqat mato emasligini, pul va obligatsiya kogʻozlari (gosznak) paxta tolasidan ishlanishini ham aytmay qoʻya qolaylik).

Shu paytgacha aytilmay kelingan, ammo endi gapirmasa boʻlmaydigan oddiy bir haqiqat bor: qaysi hudud, qaysi respublika, hatto qaysi mamlakat nuqul xomashyo bazasi boʻlib qolaversa, oʻsha yurtning kosasi hech qachon oqarmaydi. Negaki, tayyor mahsulotning narxi xomashyo narxidan hamisha bir necha baravar qimmat boʻlaveradi.

Nihoyat, yana bir masala. Qalamkash sifatida meni, ayniqsa, hayajonga soladigan maʼnaviyatga aloqador gap. Xorazm, Buxoro singari jahonshumul shaharlar xuddi oʻsha Orol dengizi atrofida joylashgan. Bular jahon sivilizatsiyasining noyob namunalari sanaladi. Xoʻsh, moʻgʻullaru arablar bosqinidan omon qolgan goʻzal obidalar nega endi kelib-kelib bizning zamonda vayron boʻlishi, qum ostida, tuz tagida qolishi kerak?!.

Orol halokati, Oʻrta Osiyodagi ekologik muvozanatning oʻzgarishiga bogʻliq tagʻin bir muammo haqida qisqacha toʻxtalishga toʻgʻri keladi.

Maʼlumotlarga qaraganda, Oʻrta Osiyoda, jumladan, Oʻzbekistonda, ayniqsa, Qoraqalpogʻistonda bolalar oʻrtasida oʻlim hodisasi koʻp. Ayrim mutaxassislar buning sababini ayollarimiz koʻp tugʻishida koʻradi va natijada tugʻishni cheklash kerak, degan fikrni ilgari suryapti. Lekin ruslarda yaxshi gap bor: “A” dedingmi, “B”ni ham ayt!”. Bu masalada nuqul biryoqlama oʻylash qanday boʻlarkin? Nazarimda, yana oʻsha eski kasal – eng yaqin va eng oson yoʻldan borish xastaligi bu sohada ham xuruj qilyapti. Ona-bolaga malakali tibbiy xizmat koʻrsatishdan koʻra, “Kamroq tugʻsang, oʻlasanmi?!” deb dagʻdagʻa qilish osonroq. Biroq bu oʻrinda ayollarimizning mehnat sharoitini, maishiy ahvolini ham hisobga olish kerakmi-yoʻqmi? Ayollar maslahatxonalari, akusherlik punktlari, bogʻcha va yaslilar boʻlmaganidan keyin, pediatriya xizmati, profilaktika haminqadar boʻlganidan keyin ahvol shu tarzda davom etaveradi-da!

Mutaxassislar, koʻp tugʻilish bolalarning koʻp oʻlishiga olib kelyapti, deganida masalaning faqat bir tomoniga eʼtibor berayotganini bir misol bilan isbotlash mumkin. Qoraqalpogʻiston bolalar tugʻilishi jihatidan birinchi oʻrinda turmaydi. Bolalarning xastalanishi va oʻlishi jihatidan esa “yuksak” oʻrinni egallaydi. Shuningdek, bolalarga pediatriya xizmati koʻrsatish, bogʻcha va yaslilar bilan taʼminlash jihatidan oxirgi oʻrinlarga tushib qolgan. Demak, yosh bolalarning xastalanishi faqat tugʻishga emas, tugʻilgan bolaga tibbiy xizmat koʻrsatish sifatiga ham bogʻliq!

Koʻp yillardan beri qalamkash sifatida, boringki, bir odam sifatida oʻzimni tashvishga solib kelgan bu muammolarni qogʻozga tushirayotganimda bir andisha hamisha xayolimda turdi. “Toʻsatdan shuncha masalalarni qalashtirib tashlash shartmidi?” degan savol tugʻilishi mumkin. Birinchidan, toʻsatdan emas, bu masalalar allaqachon pishib yetilgan. Ikkinchidan, ular bir-biri bilan shu qadar chambarchas bogʻlanib ketganki, bittasini oʻylasangiz, ikkinchisi chiqib kelaveradi. Shubhasiz, bular nihoyatda murakkab muammolar. Bir siltov bilan hal boʻla qolmaydi. Lekin nachora, hayotning oʻzi shuni taqozo qilyapti…

Stolim ustida hamon oʻsha bir varaq qogʻoz yotibdi: “Avlodlarga nima deymiz?” Yozilmagan fantastik qissaning sarlavhasi. Imonim komilki, men uni yozolmayman. Fantastika mening soham emas. Biroq bugungi real voqelik fantastikadan koʻra ham kengroq miqyosli, murakkabga oʻxshaydi. Orol dengizini saqlab qolish, hadeb reja ketidan quvmaslik, yerimiz oʻlib ado boʻlmasligi uchun samarali choralar koʻrish, respublikamizni nuqul xomashyo yetkazib beruvchi mintaqa emas, oqibat natijada xomashyodan koʻra bir necha barobar kattaroq moddiy foyda keltiradigan, sanoati rivojlangan oʻlkaga aylantirish, bolalarimizning salomatligini, ilmli boʻlishini oʻylash, qoʻli gul ishchi kadrlarni tayyorlash – bularning hammasi “Avlodlarga nima deymiz?” degan savolning oʻzak masalalariga borib taqaladi. Ehtimol, fantastik asar kahramonlari bir yerdan oladiganlarini olib boʻlganidan keyin boshqa joyga ketib qolar. Biz bunday qilmaymiz! Zero, Oʻzbekiston bizning Vatanimiz. Ona yurtimizdir.

 

 

Oʻtkir HOSHIMOV

 

1988 yil

https://saviya.uz/hayot/nigoh/avlodlarga-nima-deymiz/

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Старые
Новые Популярные
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x