POKIZA NOM
Vatan koʻp asrlar, kurashlar hamda
Nomaʼlum dehqonlar ijodi erur.
Uni yuksaltirmish yorugʻ olamda
Hazrat Navoiylar baxsh etgan gʻurur.
Alanga tiliday beqaror hislar
Sheʼrga aylangandek nogoh ilhomdan,
Vatan boshlanadi siz bilan bizlar
Avaylab-asragan pokiza nomdan.
BEGʻUBORLIK HAQIDA
Koʻksingdan joy bersang zarra riyoga,
Kirishing mushkuldir yangi dunyoga.
Shuning-chun, ehtimol,
Zaminni oftob
Aylantirib koʻrar,
Tutib ziyoga.
QALBIMIZ QONUNI
Farzanding xoh oʻgʻil, xoh barno qizdir,
Qalbiga muhabbat suvratin chizdir.
Har ozod yurakdan taralsin navo:
Elimga saodat — qonunimizdir!
Koʻkda kezib borar yer shari bedor,
Xavotir olmagay bu yashil diyor:
Sarhadlar mustahkam, posbonlar hushyor,
Vatanga sadoqat — qonunimizdir!
Umr garchi emas — sayru sayohat,
Hech kim taqdiridan qilmas shikoyat.
Qoʻlga qoʻl beraylik: yoshlik — shijoat,
Keksaga farogʻat — qonunimizdir!
Zaminni ardoqlab yurtim dehqoni,
Bogʻlari soʻlimdir, butundir noni.
Jannatni koʻrganday yayrar mehmoni,
Mehr va saxovat — qonunimizdir!
Nur emgan gʻunchalar gulga aylanar,
Bu gul bir faslda bolga aylanar.
Soat ham biz bilan olgʻa aylanar,
Shu yoʻlda adolat — qonunimizdir!
DAHOLAR KELGAY
Hayot ishqi yonar jonimda,
Bosib hovrim, sabolar kelgay.
Umr magʻzin chaqar onimda
Ulugʻlardan nidolar kelgay:
«Iymoningni avaylab, Inson,
Etar boʻlsang muhabbat ehson,
Nasibangdir halol, totli non
Va haqqingga duolar kelgay!»
Bu soʻz oltin barobar, doʻstlar,
Koʻngil qushday havolar, doʻstlar,
Alam-dardim davolar doʻstlar,
Nigohimga ziyolar kelgay.
Shukrlarkim, balanddir boshim,
Olisdan ham yaraqlar tojim,
Butun olam boʻlib qardoshim,
Qatorimga daholar kelgay.
Qulab togʻlar, gʻanimlar gʻoyib,
Bu yoʻldan ham oʻtarmiz gʻolib,
Agar yursang hayotdan nolib,
Samovatdan sadolar kelgay:
«Iymoningni avaylab, Inson,
Etar boʻlsang muhabbat ehson,
Nasibangdir halol, totli non
Va haqqingga duolar kelgay!»
BARDOSH
Uyat yo ayb emas egilsa kishi,
Ota farzand uchun qulluq qilar goh.
Peshonang tuproqqa tekkani yaxshi
Onani zaminga qoʻyayotgan chogʻ.
Sabab bagʻoyat koʻp bosh egmoq uchun,
Hech gapmas oʻtmogʻi umring bukilib.
Taajjub qilishmas,
Bir kunmas-bir kun
Umurtqa pogʻonang tushsa toʻkilib.
Oʻzing-chi?
Boʻlsang gar sifat noziri,
Umringga bosarding ne degan tamgʻa?
Esla oʻtmishingni,
Oʻyla hozirni:
Nimaga bosh egding?
Qanday odamga?
Bitta qullugʻingga arzirmidi u?
Bitta armoningga boʻldimi sherik?
Inson yolgʻiz ekan, ichadi ogʻu,
Inson hamdardlarning tafti-la tirik.
Sen, axir, ichingga yutsang-da yoshing,
Baribir, dardingdan etgali ogoh,
Qop-qora soch ila egilgan boshing –
Qayta tiklanguncha boʻladi oppoq.
OT IZIDAN
Ot izidan toyi kelar,
Bir oʻynoqi kuyi kelar.
Yorim oʻtgan bogʻkoʻchadan
Gullolaning boʻyi kelar.
Yoshlik degan yoʻl tozadir,
Pok sevgidan andozadir.
Muhabbatim ziyosida,
Dil gʻunchasi gul yozadir.
Kuylar bulbul gulzoriga,
Talpinar dil oʻz yoriga.
Taʼzim aylang, vafodorlar,
Chin muhabbat diyoriga.
Ot izidan toyi kelar,
Nay navosi, kuyi kelar.
Yorim oʻtgan bogʻkoʻchadan,
Gullolaning boʻyi kelar.
AHILLIK
Avlodlar safida shiddat yangidir,
Davr xotirini etgaydir obod.
Oʻshandan boshlagay: «Niyatlar ezgu!»
Degan shiorini har yangi avlod.
Kimdir arbob boʻlar, kim esa — ishchi,
Vaqt — bu uchqur tulpor, berolmagay dosh.
Baxtni ahillikdan izlagan kishi,
Baxsh eta oladi yurtga ham rivoj.
Hayot dostoniga huda-behuda,
Yozilmas hech qachon kimningdir ismi.
Goʻzal tush koʻrmoqchi boʻlsak uyquda,
Gul ekib bezaymiz kunduzimizni.
Chamamda, havomiz qozoni qizib,
Uch karra bollandi mevalar bu yil.
Ey qalbim gulobi, tomirdan sizib,
Joʻsh urgin, muhabbat nahriga quyil!
Husniddin ShARIPOV,
Oʻzbekiston xalq shoiri
https://saviya.uz/ijod/nazm/avlodlar-safida-shiddat-yangidir/