AVAZ OʻTAR — Avaz Polvonniyoz (Oʻtar) oʻgʻli (1884.15.8 – Xiva-1919) — oʻzbek maʼrifatparvar shoiri. Dastlab maktabda, soʻng Xivadagi Inoqiy madrasasida oʻqidi. 18 yoshlarida shoir sifatida xalq oʻrtasida tanildi. Muhammad Rahim Soniy (Feruz) A. Oʻ. isteʼdodiga katta eʼtibor bergan, uni saroyga taklif qilib Tabibiyni unga ustoz tayin etgan. Ammo, Avaz Oʻtar saroy hayoti bilan chiqisholmay, uni tark etadi. 20-a. boshlarida koʻzga tashlanayotgan milliy uygʻonish, istiqlol gʻoyalari Avaz Oʻtar ijodiga kuchli taʼsir koʻrsatadi. Avaz Oʻtar ijodida erkparvarlik, ozodlik, maʼrifatparvarlik gʻoyalari, turmush illatlariga qarshi qaratilgan hajvlar paydo boʻla boshlaydi, bu davrda shoir yuksak insoniy fazilatlarni, chinakam insoniy muhabbatni tarannum etuvchi lirik sheʼrlar, qitalar, ruboiylar yezdi. Avaz Oʻtar ijodida alohida oʻrin tutgan hajviy sheʼrlar turkumi — «Faloniy» ham shu davr mahsuli. Avaz Oʻtar «Millat», «Hurriyat»; «Topar erkan, qachon», «Xalq», «Zamon» va b. sheʼrlarida millat taqdiri va kelajagini yangicha talqin etadi. Ayrim sheʼrlari oʻsha davr vaqtli matbuoti («Oyina», «Vaqt», «Mulla Nasriddin» va b.)da bosilgan. 2 devoni («Saodat ul-iqbol», «Devoni Avaz») va qator bayozlarga kiritilgan gʻazallari yetib kelgan. Devonlarining qoʻlyozma nusxalari Oʻzbekiston FA Sharqshunoslik in-tida (inv. № 942, 7102, 3451) saqlanadi. Respublikada maktablar, koʻcha va xiyobonlarga Avaz Oʻtar nomi berilgan. Xivada uy-muzeyi tashkil etilgan, haykali oʻrnatilgan. U haqda badiiy asarlar yaratilgan (E. Samandar «Erk sadosi» dostoni, A. Bobojon «Fazal fojiasi» dramasi, S. Siyoyev «Bir chora zamon istab» qissasi va b.).
Подписаться
авторизуйтесь
0 комментариев
Старые