Attorga taʼzim

Shayx Fariduddin Attor bashariyat adabiy-ilmiy, maʼnaviy-maʼrifiy tafakkuri rivojida bemisl rol oʻynagan allomalardan biri hisoblanadi. Attor tavalludi boʻyicha bir toʻxtamga kelinmagani bois olimlarimiz tadqiqotlarida turfa maʼlumotlarga duch kelamiz. U kishi 1145 yillar chamasida Nishopur biqinidagi Kadkana qishlogʻida tugʻilgan. Asli oti Muhammad boʻlib, otasi Abubakr ibn Ibrohimdan qolgan doʻkonda attorlik, goho tabiblik ham qilgan. Manbalarda uning 114 yil yashagani qayd etiladi. Bu maʼlumot manqabaviy xarakterga ega. Attor 1220 yildagi moʻgʻullar isyoni chogʻida vahshiylarcha oʻldirilgan. Shunda u 75 yosh atrofida umr koʻrgan boʻladi. Professor Najmiddin Komilov allomaning vafoti haqida quyidagilarni yozgan: “Attorning oʻlimi fojiali sodir boʻlgan. U oʻz ajali bilan oʻlgan emas, balki laʼnati moʻgʻullar qoʻlida halok boʻlgan. Moʻgʻullar balo-qazoday Eron yerlarini talaydilar, shaharlarni yondiradilar, kitoblarni kuydiradilar, ulamolarni qator qilib soʻyadilar. Har bir moʻgʻul askari qoʻliga tushgan narsani oʻmarib ketar, istagan odamni asir qilib, qul sifatida sotar yoki qilich bilan chopib tashlar edi.

Rivoyat qiladilarkim, bir moʻgʻul askari Attorni asir olib, bogʻlab, sudrab borardi. Yoʻlda shoirni taniydigan bir odam uchrab qoladi. U shoirga rahmi kelib, moʻgʻulga qarab, qulingni menga sot, ming dinor beraman, deydi. Moʻgʻul rozi boʻlib turganda, Attor, bu kam, sotma, men juda qimmatman, deb aytadi. Moʻgʻul ming dinorga bermay, yana sudrab ketaveradi. Yoʻlda boshqa bir odam uchrab qoladi. Moʻgʻul oʻz “moli”ni unga taklif qiladi. U odam: mayli, roziman, bir qop somon beraman, deydi. Shunda Attor moʻgʻulga qarab, tezda rozi boʻlgin, men bundan ortiqqa arzimayman, degan ekan. Jahli chiqqan badbaxt moʻgʻul shu zahotiyoq Attorni qilich bilan chopib tashlaydi… Uni Nishopurga dafn etadilar. Oʻn beshinchi asrga kelib, uning maqbarasi xarobaga aylanadi, buni eshitgan Alisher Navoiy Attorning sagʻanasini yangidan tiklab, salobatli maqbara qurdiradi”. Maqbara oʻshandan beri ulugʻ ziyoratgohga aylangan.

Alisher Navoiyning ustodi Attorga ehtiromi nihoyatda baland boʻlgan. Bu bejiz emas, albatta. Odatda Navoiyni Attorning “Mantiqut tayr” dostoni bolaligidayoq rom qilgani, shoir butun umri davomida ushbu asar taʼsirida boʻlib turganligi tilga olinadi. Bu fikrda jon bor. Biroq Navoiy buyuk shayx qalamiga mansub boshqa asarlardan ham yaxshi xabardor boʻlgan, ulardan ham katta zavq va ilohiy ragʻbat olgan. Shoir “Lisonut tayr” dostonida Attorning bir necha asarlarini tilga oladi, baʼzilariga qisqacha sharh beradi. Jumladan “Ilohiynoma” xususida “ilohiy sirlar sharhidin iboratdur” degan eʼtirofni qayd etadi. Davlatshoh Samarqandiy esa “Tazkirat ush shuaro”da Attorning Navoiy tilga olgan asarlaridan tashqari “Asrornoma”, “Haydarnoma”, “Mazharul ajoyib”, “Javohiruz zot”, “Hayloj”, “Muxtornoma”, “Xusravnoma”, “Sharhul qalb”, “Bulbulnoma” singari dostonlar yozganini, nazmiy merosining umumiy hajmi 250 ming baytga yaqin ekanligini yozib qoldirgan. Davlatshohning mana bu eʼtirofi ham diqqatni tortadi:”Attor shariatu tariqatda yagona, shavq va niyozmandlik, oʻrtanish-yonishdan shamʼi zamona, irfon dengiziga choʻmgan va haqiqat daryosiga shoʻngʻib, durlar tergan kishidur”.

Attorning mashhur “Ilohiynoma” asarini yaqinda Oʻzbekiston Xalq shoiri Jamol Kamol oʻzbek tiliga tarjima qildi. 2007 yil “Musiqa” nashriyoti mazkur tarjimani nashrdan chiqardi. Tarjimaga nodir kitobning eronlik sharqshunos Fuod Ruhoniy tomonidan fors tilida nashr etilgan Tehron (2006) nusxasi asos boʻlgan. Taʼkidlash joizki, Jamol Kamol yirik irfoniy asar tarjimasiga kirishar ekan, imkon qadar asliyat ruhini taʼminlashga harakat qilgan va bunga erishgan ham. Goʻyo mutarjim noyob asar tarjimasiga “bismilloh” deb kirishar ekan, avvalo Yaratgandan, undan soʻng ulugʻ shayxning pokiza arvohidan imdod tilaydi. Aftidan tarjimonni ulugʻ shayx hazratlarining ruhi poklari himoyatiga olgan, goʻyo olis va mashaqqatli safarga chiqqan yoʻlovchiga yoʻl koʻrsatgan kabi shoirni qoʻllab-quvvatlab turganga oʻxshaydi. Boʻlmasa, Attor bilan bizning davrimizni qariyb ming yillik tarix ajratib turadi. Shuncha vaqt oʻtib, ulugʻ shayxning bizga “oʻzbekcha soʻzlagani”, garchi bu ish zamondosh shoirimizning shaxsiy iqtidori va mahorati hosilasi boʻlsa-da, qip-qizil moʻjiza, nozik aql va tabʼ egalari uchun oliy saodat deb baholashga arzigulik noyob adabiy va madaniy hodisadir.

Kitob taniqli olim Ibrohim Haqqulning “Koʻngil kimyosi” nomli salmoqdor maqolasi bilan ochiladi. Unda domla buyuk alloma shaxsiyati, shayxlik martabasi, asarlarining, ayniqsa, ushbu asarning irfoniy nazokatidan soʻz ochar ekan, maʼnaviyatga tashna zamondoshlarimizni “Ilohiynoma” mutolaasiga hozirlaydi.

Attorning “Ilohiynoma”si insoniyat ichki maʼnaviy-ruhiy olamidan bahs etuvchi ikki yuz ellikdan ortiq naql, hikoyat, rivoyat va nazmiy qissalardan iborat. Uni oʻqib XI asr odamining badiiy-irfoniy olami behad keng, naqadar yuksak boʻlganiga tasannolar aytgingiz keladi. Tarjimaning til va badiiy nafosati haqidagi mulohazalarni tarjimashunos doʻstlarimizga qoldirib, biz “Ilohiynoma” tarkibidagi baʼzi hikoyatlar bilan sizni yaqindan tanishtirish istagidamiz. Zero, bu asar hazrat Navoiy aytmoqchi “ilohiy sirlarning tuganmas xazinasi”dan tarkib topgan noyob durdona asardir.

 

Koʻrishni koʻrdan oʻrgan

“Ilohiynoma”da saxovat, himmat va jasorat ishqiy kamolotning muhim bosqichlaridan ekanligini koʻrsatuvchi bir necha hikoyatlar bor. Shulardan biri Sulaymon alayhissalomning chumoli bilan qilgan oʻzaro muloqoti xususida.

Bir kuni Sulaymon alayhissalom qayergadir shoshib borayotgan ekan, yoʻlda bir gala chumoliga duch kelibdi. Chumolilar jam boʻlib paygʻambarga taʼzim qilishibdi. Paygʻambar qarasa, minglab chumoli unga peshvoz chiqqan, ular orasida faqat bittasi unga eʼtibor bermay, katta bir tepalikni qoʻliga siqqancha olib, misqollab tashir, uni yer bilan bir tekis qilishga urinardi. Buni koʻrgan paygʻambar: “Agar senda Nuhning umri, Ayubning sabri boʻlganda ham bu ishni uddalay olmas eding. Shunday ekan, behuda urinishning maʼnisi nima?” deb soʻrasa, chumoli: “Sen mening fitnat (oʻziga tortish, urinish)imga eʼtibor berma, niyatimga boq. Niyat xolis va toʻkis boʻlsa, Xudoning oʻzi madad beradi. Mening niyatim shu tepalikni yer ila yakson qilish. Chunki men bir chumolini sevib qoldim, u esa menga tegish uchun shu shartni qoʻydi. Men bu yoʻlda qurbon boʻlsam ham niyatimdan chekinmayman”, degan ekan. Soʻng Attor qissadan hissa sifatida oʻquvchiga murojaat qiladi:

Azizim, ishqni sen shu moʻrdan oʻrgan,

Koʻrishni koʻzi ojiz, koʻrdan oʻrgan.

 

Shahzodaga oshiq bir ayol

“Ilohiynoma” da Attor ayol kishining shaxsiy feʼl-atvoridan bahs etuvchi hikoyatlarga koʻp oʻrin ajratadi. Koʻpincha oqila va fozila ayollarning aqlu zakovatiga tahsinlar oʻqiydi, ularni hatto erkaklarga ham ibrat qilib tasvirlaydi. Bir yurt podshohining gʻoyat aqlli va koʻrkam oʻgʻli boʻlgan ekan. Uni shu yurt ayollaridan biri sevib qolibdi:

Yonib ul ishq aro sargashta boʻldi,

Kuyib jonu tani otashda boʻldi.

Shahzoda qayerga borsa, ayol ham oʻsha yerga chopar, hatto uni soʻrab saroyga borishdan ham hayiqmas ekan. Nihoyat, shahzoda otasiga: “Meni bu bedavodan qutqaring”, deb shikoyat qilibdi. Shoh amr etibdiki, ayolni otning dumiga bogʻlab, sudrasinlar, toki bu kabi yengiltaklik boshqa ayollarga ibrat boʻlsin. Hukm ijrosi chogʻida hamma yigʻilgan, ayol esa:

Menga, ey podshoh, bir himmat ayla,

Sochimni sevgilim otiga boyla.

 

Uning oti oyogʻi ostida jon

Berar boʻlsam, dilimda qolmas armon.

 

Uning yoʻlida oʻlmoq menga pesha,

Uning koʻyida qolgaymen hamisha…

deya nola qilibdi. Bu soʻzdan shohning dili yumshab, oʻgʻli bilan oʻsha ayol oʻrtasidagi nikohga rozilik bergan ekan.

Hikoyatda shoir ayol emas, balki uning pokiza muhabbati va uni himoya qilishdagi jasorati haqida soʻzlamoqda.

 

Taʼmagirlik – yomon illat

Bir odam ibodat qilish uchun xufton chogʻida masjidga boribdi. Qorongʻu tushgach, endi ketaman deb tursa, masjidga kimdir kirgandek bir sharpa sezibdi. Xayolidan kechibdiki, kelgan kishi taqvodor yo shariat peshvolaridan boʻlsa kerak, shuning uchun ibodatni davom ettirganim maʼqul. Shu oʻy bilan haligi odam koʻzini yumgancha tuni bilan ibodat qilibdi. Tong yorishgach:

Ochib koʻz, boqdi ul atrofga uygʻoq,

Chu koʻrdi it edi bir chetda uxloq.

 

Tushib joniga oʻt, jismini yoqdi,

Koʻzidin qatra-qatra yoshi oqdi.

 

Xijolat otashida yondi joni,

Dili oʻrtandi, chun kuydi zaboni.

Hikoyatda alloma Allohdan boʻlak biror zotning eʼtiborini qozonishga urinish va bu yoʻldagi har qanday yumush – taʼma, buning evaziga bandadan nimadir umid qilish tamaʼgirlikdir, degan gʻoyani ilgari surgan.

Matonatning dilrabo qoʻshigʻi

“Ilohiynoma” tarkibida ishq va oshiqlik sifatlarini ulugʻlovchi katta-kichik hikoyatlar bisyor. Ular orasida “Pokiza ayol sadoqati” nomli bir asar borki, u hajman va mazmunan juda salmoqdor boʻlgani bois tadqiqotchilar uni “ayol sadoqatining betimsol durdonasi” deya yuqori baholaydilar. Chindan ham Attorning ushbu hikoyatini ayol kishining sabru bardoshi, vafodorlik fazilatini tarannum etuvchi noyob asarlardan biri desa boʻladi. Alqissa, sohibjamol ayollardan birining eri hajga ketayotib, ayolini yot koʻzlardan himoya qilishni ukasidan iltimos qiladi. Ukasi esa, afsus, omonatga sadoqat koʻrsatolmaydi. Yangasiga siymu zarlar inʼom etib, “uylanmoqchi” boʻladi. Ayol taklifga rozi boʻlmaydi. Yigit esa yangasini zinokorlikda ayblab, qoziga shikoyat qiladi. Uni sahroga chiqarib, toshboʻron qiladilar. Joni uzilmagan ayolni bir arab sayyohi olib ketadi va davolaydi. Koʻrsa, bu topib olingan ayol chunonam chiroyli ekanki, esi bor erkak unga oshiq boʻlib qolishi tayin ekan. Biroq ayol sharʼiy eri borligini aytib, uning taklifini ham inkor qiladi. Ular aka-singil tutinadilar. Ammo arab sayyohining bir quli bor edi. U ham pokiza ayol bilan hech boʻlmasa bir marotaba birga boʻlishni juda istab qoladi. Taklifi rad etilgan qul tun pallasida arabning beshikda yotgan chaqalogʻini pichoqlaydi va qonli yarogʻni begunoh ayolning yostigʻi ostiga qoʻyadi. Arab esa qotillikni bu ayol qilmaganini, shunga qaramay, uni uyida olib turish nojoizligini bilib, qoʻliga uch yuz dirham beradi va tong qorongʻusida kuzatib qoʻyadi. Ayol bir manzilga yetib, qarasa, koʻp odam yigʻilgan, oʻrtada dor, odamlar kimnidir osishga hozirlik koʻrishyapti. Ayol surishtirsa, bir odam boj toʻlamagan, yurt egasi boshqalarga turtki boʻlsin uchun shunday jazo qoʻllayotgan ekan. Ayol uning bojini toʻlab, oʻzini olib ketadi. Endi uning yoʻlida navbatdagi oshiq paydo boʻlgan edi. Gunohkor yigit “senga mubtalo boʻlib, yetolmagandan koʻra boya osilib oʻlib ketganim yaxshi edi” deb gina qiladi. Soʻng yoʻlda toʻgʻri kelgan savdogarlarga ayolni sotib yuboradi. Savdogarlar bir dengizdan oʻtishlari lozim edi. Ular kemada suzayotib, pokiza ayol bilan navbatma navbat ishrat qilmoqchi boʻladilar. Ayol esa: ey Xudo, meni bu koʻrguliklardan oʻzing qutqar, najotkorim yolgʻiz Sensan, deya Yaratganga iltijo qiladi. Shunda kutilmagan qiyomat qoʻpadi. Avval toʻfon, soʻng alanga paydo boʻladi. Savdogarlar shu alangada yonib kul boʻladilar. Ayol kemadagi barcha buyumlarni olib, erkaklar libosida yurt podshosining huzuriga boradi va undan ibodatxona qurib berishini iltimos qiladi. Endi u ibodat qilish bilan birga tabiblik ham qila boshlaydi. Ittifoqo ayolning eri hajdan qaytsa, ukasining koʻzi koʻr, oyoq-qoʻli shol boʻlib yotgan emish. Hoji ukasini davolatish uchun qoʻshni yurtlardan birida ovozasi chiqqan tabibga olib boradi. Qarasa, tabib huzurida shunga oʻxshagan dardga yoʻliqqan uch-toʻrt bemor bor emish. Tabib ularni chorlab, qilgan gunohlari haqida surishtiribdi. Kasallar oʻz ayblarini boʻynilariga olishga majbur boʻlibdilar va tabib oldida Allohga tavba-tazarru qilibdilar. Xuddi shu paytlarda yurt podshohining qazosi yetib, vasiyat qilgan ekanki, oʻrnimga tabib yigitni podshoh etib saylanglar. Endi ayolning “sir”ni oshkor etishdan oʻzga chorasi qolmaydi. Erini podshoh qilib koʻtaradi, uch yuz dirham berib, kuzatib qoʻygan arab akasini vazir qilib saylaydi. Oʻzi esa ibodatni davom ettiradi.

Attorning bu kabi hikoyatlarining ildizi folklordan ozuq olgan va bu haqda olimlarimizning eʼtiroflari oz emas. Biroq Attor tayyor asarni shunchaki bayon qilmaydi, uni boʻyab, bezaydi, pardozlaydi, badiiy-mantiqiy jihatdan takomiliga yetkazadi. Shoirning bosh maqsadi ayol kishining sevgisi va sadoqatini ulugʻlashga qaratilgani koʻrinib turibdi. Biroq mutafakkir ayol sadoqati haqidagi fikrini shunchaki bayon qilib qoʻya qolmaydi, balki pokiza va dilbar ayolni bir emas, bir necha jismoniy va ruhiy qiynoqlarga giriftor qiladi. Bu esa ishq yoʻlidagi sinov bosqichlari edi. Bu bosqichlarning ramziy-tafsiliy vositasini taʼminlash uchun Attorga hayotiy zamin zarur edi. Xuddi shu zaminni taʼminlamoq uchun shoir bir necha erkaklarning nafsga tobeligini, bu esa ularni kutilmagan koʻrgiliklarga yetaklashi mumkinligini badiiy tasvirlab beradi. Bundoq qaraganda chiroyli ayolning oshigʻi koʻp boʻladi. Attor buni inkor qilmaydi. Biroq Attorning suyukli qahramoni birovning sharʼiy xotini. Unga koʻz olaytirish esa shahvoniy hirsni jilovlay olmaslik, bu esa katta gunohdir. Shu bilan birga ojizaga bir emas, bir necha kishining shahvoniy hirs ila yondoshishga harakat qilishi umuman kechirib boʻlmashdigan katta gunoh ekan. Shuning uchun ham kemadagi savdogarlar Allohning qudrati bilan kuyib kul boʻladilar. Binobarin Attor tarannum etgan ishq takomiliga yetgan, endi ilohiy qudrat kasb etgan edi.

Shunday qilib Attorning ushbu hikoyati ayol kishining ishqi, sadoqati, jasorati va matonatini yaqqol namoyish etuvchi koʻzgu, mardlik madhiyasi, matonatning dilrabo qoʻshigʻi sifatida mudom qalblarga farah bagʻishlab kelmoqda.

Attorni anglash mashaqqatli jarayon. Uning mutolaasiga kirishish yo shunga intilish kishi qalbida tozarishga, poklikka mayl qoʻyishning ibtidosidir. Alloma asarlarida, ayniqsa, “Ilohiynoma” bagʻrida irfoniy va ilohiy haqiqatlar mashʼalasi tinimsiz porlab turadi. Biroq bu nur tafti saviyasi nochor, dunyoqarashi tang, fikru oʻyi boylik toʻplash, shaxsiy manfaatga qaratilgan xudbin va gʻofil bandalarning toshga aylangan yuragini ilitmaydi. Uni oʻqish, oʻrganish, oʻzgalarga targʻib qilish uchun kishi qalbida Attor shaxsiyatiga chinakam ixlos tuygʻusi, sof muhabbat hissi boʻlishi kerak. Shunda Attor nazarda tutgan sirlar xazinasi noziktabʼ oʻquvchilarga oz boʻlsa-da yuz koʻrsatadi. Attor asarlarini oʻqish, uqish, hayotda unga sidqidildan amal qilish maʼnaviy-ruhiy kamolotning muhim, tayanch belgilaridan biri boʻlib, bunga erishmoq biz va bizdan keyingi avlod uchun chinakam omad, oliy saodatdir.

 

Abdurahmon PIRIMQULOV

 

“Yoshlik”, 2015 yil 1-son

https://saviya.uz/ijod/adabiyotshunoslik/attorga-tazim/

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Старые
Новые Популярные
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x